Krеbs siklining biоkimyoviy funktsiyalari
Integrativ – Krebs sikli uglevodlar, lipidlar va oqsillar katabolizmi yo`llarini birlashtiruvchi o`ziga xos metabolik “kollektor” hisoblanadi.
Amfibolik – Krebs sikli 2 tomonlama vazifani bajaradi: katabolik, ya`ni atsetil qoldiqlarini parchalanishi va anabolik, Krebs sikli substratlari boshqa moddalar sintezi uchun foydalaniladi. Masalan, oksaloatsetat asparagin kislota va glyukoza sintezida, 2-oksoglutarat glutamin kislota sintezida, suktsinat gem sintezida foydalaniladi.
Energetik – Krebs sikli reaktsiyalarida 1 molekula atsetil-KoA ga 1 molekula ATF hosil bo`lishi to`g`ri keladi.
Vodoroddonor vazifasi – Krebs sikli nafas olish zanjiri uchun asosiy vodorod generatori hisoblanadi. Krebs siklida 4 juft vodorod atomlari hosil bo`lib, ulardan 3 jufti NAD bilan va bir jufti FAD bilan bog`langan.
Krebs siklining oxirgi vazifasiga alohida to`xtalib o`tish zarur. Avvalo, eslatish lozimki, Krebs siklini sirka kislota qoldig`i, ya`ni atsetil-KoA yoki siklning boshqa oraliq mahsulotlari, ya`ni di- va trikarbon kislotalar bilan “oziqlantiruvchi” hamma jarayonlari Krebs siklining ishini va uning nafas olish zanjiri uchun vodorod generatori vazifasini ta`minlaydi. Bunday jarayonlarga yog` kislotalari va piruvatning oksidlanishi (atsetil-KoA manbalari), aminokislotalarning uglerod skeletini parchalanishi (atsetil-KoA va dikarbon kislotalar manbai) reaktsiyalari kiradi. Atsetil-KoA yoki Krebs sikli metabolitlarining boshqa moddalardan hosil bo`lishini tormozlovchi jarayonlar Krebs siklini ishdan chiqaradi. Buning natijasida nafas olish zanjiri energiya hosil bo`lishida foydalaniladigan vodorod kirishining asosiy manbaidan mahrum bo`ladi.
Krebs sikli biokimyoviy vazifalarining ko`rsatishicha, uning bevosita komponentlari bo`lgan sirka kislotasi yoki istalgan moddasi yaxshi energiya manbai bo`la oladi va ularni ovqat bilan qimmatli energetik modda sifatida iste`mol qilish mumkin. Bu moddalar hujayra ichiga kirib, mitoxondriya ichida joylashgan Krebs siklining fermentlar sistemasiga yetib borishi kerak. Atsetat hujayrada faollanishi va atsetil-KoAga aylanishi mumkin, demak, bu taxmin sirka kislotasi uchun to`g`ri. Bunday taxmin siklning mitoxondriya membranasi orqali kira oladigan izositrat, 2-oksoglutarat, suktsinat, malat uchun ham tegishli. Ulardan energetik jihatdan qimmatli preparatlar sifatida tibbiyot maqsadlarida foydalanish o`rganilmoqda. Shu sababdan gipoksiya (to`qimalarda kislorod yetishmasligi)da glikoliz muhim energetik vazifani bajaradi. U hamma hujayra va to`qimalarda amalga oshadi. Mitoxondriyalari bo`lmagan eritrotsitlarda glikoliz ATF hosil qiladigan va uning yaxlitligini hamda funktsiyasini ushlab turadigan yagona jarayondir.
Do'stlaringiz bilan baham: |