VIII. Sport maktabini boshqarish
56. Sport maktabini boshqarish ushbu Nizomga va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, sport maktabining ustaviga muvofiq hamda yakka boshchilik, demokratiya, o‘zini o‘zi boshqarish va oshkoralik tamoyillarini uyg‘unlashtirish asosida amalga oshiriladi.
57. Sport maktabiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muassis tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
Sport maktabi direktori oliy ma’lumotli hamda jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan sportning sport maktabida rivojlantiriladigan turi bo‘yicha mutaxassislardan tayinlanadi.
58. Direktor sport maktabi ishiga umumiy rahbarlik qiladi, uning faoliyati barcha yo‘nalishlari bo‘yicha to‘liq javob beradi, pedagoglar jamoasi bilan birgalikda sport maktabini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, davlat va jamoat organlarida uning manfaatlarini ifodalaydi, sport maktabining xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etadi, kadrlarni tayinlaydi va joy-joyiga qo‘yadi, xodimlarni lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
59. Sport maktabi direktorining o‘rinbosarlari sport maktabi muassisi bilan kelishgan holda sport maktabi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
60. Direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari jismoniy tarbiya sohasida oliy ma’lumotli hamda jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarida kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan tajribali mutaxassislardan tayinlanadi.
Direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari o‘quv jarayoni va tarbiyaviy ishlar tashkil etilishi, sport bo‘yicha trener-o‘qituvchilar malakasi oshirilishi uchun javob beradi, sport maktabida sport musobaqalari o‘tkazilishi hamda maktabning o‘quvchi-sportchilarining tuman, shahar musobaqalarida va boshqa sport musobaqalarida qatnashishini ta’minlaydi, sportchilarni o‘qitish va ularning mashq qilishi metodikasini takomillashtirish chora-tadbirlarini ko‘radi, o‘quv-mashq mashg‘ulotlari sifatini, o‘quv rejalari va mashg‘ulotlar jadvali bajarilishini nazorat qiladi.
61. Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ma’muriy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan tayinlanadi.
Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari o‘quv-mashq jarayoni uchun moddiy-texnik shart-sharoitlar yaratilishi, sport maktabining mol-mulki, jihozlarining saqlanishi va sozligi, binolar va inshootlardan foydalanish, ularni zarur sanitariya holatida saqlash, transport ta’minoti va undan foydalanish uchun javob beradi.
62. Sport maktabida tashkiliy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish va metodik ishlarni jismoniy tarbiya bo‘yicha oliy ma’lumotli va kamida bir yil trener-o‘qituvchilik bo‘yicha ish tajribasiga yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli va kamida uch yil trener-o‘qituvchilik tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislardan tayinlanadigan instruktor-metodist amalga oshiradi.
Instruktor-metodist o‘quv-mashq mashg‘ulotlari o‘tkazilishi, sport turlari bo‘yicha dasturlar, o‘quv rejalari va mashg‘ulotlar jadvali bajarilishi, o‘quv-metodik hujjatlar yuritilishi, maktabning razryadchilari va sport rekordlari hisobi yuritilishini nazorat qiladi, sport maktabining metodik xonasi ishiga rahbarlik qiladi, o‘quv-tarbiya jarayoni masalalari bo‘yicha tibbiyot muassasalari, umumta’lim maktablari, boshqa ta’lim muassasalari va tashkilotlar, idoralar bilan aloqani ta’minlaydi.
63. Sport maktabining katta instruktor-metodisti instruktor-metodist lavozimida kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxslardan tayinlanadi.
Katta instruktor-metodist instruktor-metodistlar ishiga rahbarlik qiladi va o‘quv-mashq jarayoni o‘tkazilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi, metodik xona ishini tashkil etadi, sport maktabi tadbirlarini o‘tkazadi, o‘quvchi-sportchilarning jismoniy tarbiyasi bo‘yicha umummaktab tadbirlari o‘tkazilishi uchun javob beradi.
64. Sport maktabining trener-o‘qituvchilar tarkibi oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar jismoniy tarbiya ma’lumotiga hamda sport bo‘yicha trenyerlar yoki trener-o‘qituvchilar sifatida trenerlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan mutaxassislardan butlanadi. Bunda jismoniy tarbiya ma’lumotiga ega bo‘lish nazarda tutilmagan sport turlari bo‘yicha trener-o‘qituvchilar tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga hamda sport bo‘yicha trenyerlar yoki trener-o‘qituvchilar sifatida trenerlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslardan butlanishi mumkin.
Sport bo‘yicha trener-o‘qituvchilar o‘quv guruhlarini tanlaydi va to‘ldiradi, o‘quvchi-sportchilar bilan tarbiyaviy va o‘quv-mashq ishlari olib boradi, o‘quvchi-sportchilar tibbiy ko‘rikdan va dispanser ko‘rigidan o‘z vaqtida o‘tishini nazorat qiladi, o‘quvchi-sportchilar uchun ularning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘quv-mashq rejalarini ishlab chiqadi, o‘quv-mashq jarayonini takomillashtirish va unga eng samarali va zamonaviy shakllar va usullarni joriy etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
65. Sport maktabining sport turlari bo‘yicha bo‘limlarida sport maktabi direktorining buyrug‘i bilan yetakchi trener-o‘qituvchilardan, agar ularning har birining rahbarligi ostida kamida ikki nafar to‘liq yuklamali trener-o‘qituvchi ishlasa, sport bo‘yicha trener-o‘qituvchi lavozimida ish stajiga ega bo‘lgan sport bo‘yicha katta trener-o‘qituvchilar tayinlanadi.
Katta trener-o‘qituvchilar ham sport maktabining sport bo‘yicha bo‘limiga, ham sport tayyorgarligi bosqichlari bo‘yicha alohida o‘quv guruhlariga rahbarlik qilish uchun tayinlanishi mumkin.
Sport bo‘yicha katta trener-o‘qituvchi trener-o‘qituvchi uchun nazarda tutilgan funksiyalar bilan birgalikda trener-o‘qituvchilar ishi sifatini nazorat qiladi, o‘quv-mashq jarayoni tashkil etilishi, o‘quv guruhlari to‘liq butlanishi, o‘quv rejalari va dasturlari bajarilishi, o‘quvchi-sportchilarning qabul va nazorat sinovlari o‘tkazilishi, yuqori darajali sportchilar tayyorlashning yakka tartibdagi va istiqbolli rejalari ishlab chiqilishi, bo‘limlarning trenyerlar kengashlari o‘tkazilishi, trener-o‘qituvchilar malakasini oshirish tadbirlari tashkil etilishi uchun javob beradi.
66. Sport maktabida trenyerlar kengashi tashkil etiladi. Kengash o‘quv-mashq va tarbiyaviy ishlar, o‘quvchi-sportchilarni tanlash va o‘tkazish, sportchilar tayyorlashni yakka tartibda rejalashtirish, sport maktabining sport tadbirlarida ishtirok etishi, o‘quv-mashq jarayonini o‘tkazish metodikasi takomillashtirilishi masalalarini, shuningdek sport maktabi ustavida nazarda tutilgan boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.
67. Sport maktabini boshqaruv, yordamchi, xo‘jalik va tibbiyot xodimlari bilan butlash belgilangan tartibda tasdiqlangan normativlarga muvofiq amalga oshiriladi.
68. Sport maktabining barcha xodimlariga qo‘yiladigan malaka tavsiflari, lavozim talablari, ularning huquq va majburiyatlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
69. O‘quvchi-sportchilarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosadigan shaxslar) sport maktabida o‘tkaziladigan o‘quv-mashq va tarbiyaviy jarayon bilan tanishish, shuningdek unda sport maktabining ustavida nazarda tutilgan tartibda ishtirok etish huquqiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |