5- Seminar mashg`uloti haqida tushuncha va uning asosiy vazifalari.
Seminar mashg`uloti – bu ta’lim beruvchini ta’lim oluvchilar bilan faol suhbatga kirishishiga yo`naltirilgan, nazariy bilimlarni amaliy faoliyatda amalga oshirish uchun sharoitni ta’minlovchi, mashg`ulotni o`qitish shaklidir.
Seminar mashg`uloti darslarini ikki turga ajratish mumkin. Bular ma’ruza darsi mavjud bo`lgan va ma’ruza darsi mavjud bo`lmagan fanlardan (masalan, chet tillar) o`tkaziladigan seminar mashg`ulotlari. Seminar mashg`uloti darslari fan dasturlari va ishchi dasturlari hamda kalendar tematik rejalariga qat’iy amal qilingan holda o`tkaziladi. Seminar mashg`ulotilarni o`tkazish bo`yicha zarur adabiyotlar ro`yxati beriladi. Ma’ruza darsi mavjud bo`lgan seminar mashg`ulotilarda asosan ma’ruza darslarida o`tilgan materiallar mashqlar bajarish yordamida mustahkamlanadi.
Seminar mashg`uloti quyidagi maqsadlarga erishish uchun qo`llaniladi:
nazariy materialni tartibga solish.
ko`nikmalarni hosil qilish.
bilimlarni nazorat qilish.
Ta’lim beruvchi seminar mashg`ulotini samarali o`tkazish uchun quyidagilarni hisobga olish zarur:
o`zining tayyorgarligi, bunda savol va javob texnikasiga ega bo`lishi;
o`quv guruhining holati: uning motivasiyasi, uning tashkil etish xususiyati;
o`quv jarayonining texnik jihozlanishi.
Seminar mashg`uloti darslarida yangi pedagogik texnologiyalar yoki interaktiv usullardan foydalanish uchun imkoniyatlar katta bo`ladi. O`qituvchi darsga kirib, tashkiliy ishlarni o`tkazadi. Xonaning darsga tayyorgarligi, doskaga yozish va o`chirish vositalarining mavjudligi hamda talabalar davomati aniqlanadi. Darsda o`tiladigan mavzu e’lon qilinib, doskaga yozib qo`yiladi. O`tgan mavzuning asosiy mazmuni qisqacha bayon qilinib, yangi mavzu rejasi beriladi. Ma’ruza darslari mavjud bo`lgan fanlardan seminar mashg`uloti darslari albatta ma’ruza o`tilgandan keyin o`tkaziladi. Ma’ruzada o`tilgan materiallarning asosiy xulosalari tushuntiriladi, ma’ruza bilan seminar mashg`uloti bog`lanadi. Seminar mashg`ulotilar fanning, hattoki mavzularning xususiyatlaridan kelib chiqib, turli xil usullarda o`tkazilishi mumkin.
Seminar mashg`uloti darslarida savol javoblar, diskussiyalar tashkil qilinadi, faol ishtirok etgan talabalar rag`batlantirilib ball qo`yiladi. Seminar mashg`uloti darslarining qat’iy dastur bo`yicha sifatli o`tilishini, talabalar bilimining o`z vaqtida baholanishini fandan ma’ruza olib boruvchi o`qituvchi muntazam nazorat qilib borishi shart. Shuningdek amaliyot o`qituvchisi bilan dastur bajarilishi, amaliyot darslarida nimalarga alohida e’tibor qaratilishi, ma’ruzada mavzularni qaysi qismlari kam yoki ko`proq yoritilganini va boshqa o`quv-uslubiy masalalarda maslahatlashib, fikrlashib turishi lozim.
Ma’ruza darslari rejalashtirilmagan, faqat amaliy dars o`tkaziladigan fanlardan seminar mashg`ulotilar o`tkazishda nazariy bilimlar bilan amaliy mashqlar bajarish birgalikda olib boriladi. Dastlab mavzu bo`yicha nazariy bilimlar beriladi, o`qituvchi misol va mashqlar bajarib ko`rsatadi. Shundan so`ng talabalar mustaqil mashqlar bajaradi. O`qituvchi talabalar bilimini baholab boradi. Amaliy darsni o`qituvchi xulosalab yakunlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |