Ibn Sino qayd qilib o‘tgan badantarbiya turlariga:
o‘zaro tortishish (arqon tortish);
musht bilan turtishish (boks);
kamondan o‘q otish;
tez yurish (sportcha yurish);
nayza otish;
irqib osilish (gimnastika, uskunalarda osilish mashqlari);
bir oyoqda sakrash;
qilichbozlik;
nayzabozlik;
otda yurish;
ikki qo‘lini silkitish (umumiy gimnastika mashqlari);
bir vaqtda oyoq uchlarida turib qo‘llarini oldiga va orqaga cho‘zib tez harakat qilish mashqlari kiradi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, buyuk olim Abu Ali ibn Sino tavsiya qilgan badantarbiya mashqlarining turlari bugun bizga yetib kelibgina qolmay, balki shu turlardan xalqaro musobaqalar o‘tkazilib kelinayapti, ushbu harakat o‘yinlari Osiyo va Olimpiada o‘yinlari dasturidan ham o‘rin olgan. Bu tur musobaqalarini ta’lim muassasalari sharoitida ham o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
Demak, yosh avlodni hozirgi zamon talablariga tayyor bo‘lishi va muammolarni hal qilishga to‘g‘ri yo‘lni tanlashi uchun sog‘lom, baquvvat bo‘lishi kerak. Buning uchun biz, ta’lim-tarbiya jarayonida shaxsni har tomonlama jismonan baquvvat, barkamol qilib tarbiyalashda:
jismoniy mashqlar,
to‘g‘ri ovqatlanish,
uyqu,
badanni toza tutish qoidalariga amal qilishni, bularning barchasi inson sog‘ligini saqlashda muhim omillardan ekanligini ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muntazam tushuntirib borishimiz lozim.
Abu Ali ibn Sino o‘zidan ilgari yaratilgan barcha fan va madaniyat yodgorliklarini egalladi, ularning ko‘p tarmoqlarini rivojlantirdi, natijada uning ilmiy merosi jahon fani va madaniyatiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi.
Jismoniy tarbiyaga buyuk sohibqiron Amir Temur ham katta e’tibor bergan. Sharqda dilovarlik tarbiyasi, ya’ni yoshlarda mardlik, jasurlikni tarbiyalash asosiy masalalardan sanalgan. Yigitlar bolalikdan merganlik, chavandozlik, suvda suzish, ovchilik, qilichbozlik, shaxmat o‘yini kabilarni mohir murabbiylardan o‘rganib, bu borada mashq qilar edilar.
Buyuk sohibqiron shunday ta’kidlaydi: “Cherik tuzib, navkar olmoqda uch qoidaga amal qildim: birinchidan, yigitning kuch-quvvatiga, ikkinchidan, uning qilichni o‘ynata olishiga, uchinchidan, aql-zakovatiyu kamolotiga e’tibor qildim. Shu uch fazilat jamul-jam bo‘lsa, navkarlik izmatiga oldim. Negakim, kuch-quvvatli yigit har qanday qiyinchiliklarga, azobu-uqubatlarga chidamli bo‘ladi, qilich o‘ynata oladigan kishi raqibini mag‘lub eta oladi, oqil navkar har joyda aql-idrokini ishga solib, mushkulotni bartaraf etmog‘i mumkin”, - deb askarlarning faqat jismoniy emas, balki aqlan ham barkamol bo‘lishiga e’tibor bergan.
Ulug‘ adib Abdulla Avloniyning fikricha, yosh avlodning sog‘lom fikr, yaxshi axloq va ma’rifat egasi bo‘lishi uchun eng avvalo unga badan tarbiyasi nihoyatda zarur: “Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning o‘ng ila tersi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustini kuyub, astarini yuvib, ovora bo‘lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur”. Adib jism va ruh shakl va mazmunning bir-biriga mutanosibligi masalasiga alohida to‘xtaladi.
Mustaqil davlatimizning ertangi kuni, uning gullab-yashnashi va rivojlanishi ko‘p jihatdan o‘sib kelayotgan avlodning sog‘lom bo‘lishiga bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida Vatanimizning kelajagi — farzandlarimizning jismoniy, aqliy va ma’naviy kamol topishi uchun qulay sharoitlar yaratishni taqozo etadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov: «Biz sog‘lom avlodni tarbiyalab yetkazishimiz kerak. Sog‘lom kishi deganda faqat jismoniy sog‘lomlikni emas, balki sharqona axloq-odob va umumbashariy
g‘oyalar ruhida kamol topgan insonni tushunamiz»,— deydi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi majlisidagi ma’ruzasida. «Sog‘lom avlod uchun» ordeni ta’sis etilganligi, Xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil qilinganligi ham kelgusida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab yetkazishga xizmat qiladi.
Respublikamiz ilk bor mustaqillik maqomiga ega bo‘lgan tarixiy kundan boshlab jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan hisoblangan jismoniy tarbiya va sportga alohida e’tibor berila boshlandi. Respublikamizda birinchi bo‘lib «Sog‘lom avlod uchun» ordeni ta’sis etilganligining o‘ziyoq mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning kelajagi porloq ekanligidan dalolat beradi. Chunki aholisi sog‘lom mamlakatning taraqqiyoti ham, rivojlanishi ham sog‘lom bo‘ladi
Jismoniy tarbiya pedagogik jarayon bo‘lib, yosh avlodning sog‘ligi, jismonan yetuk, ijtimoiy faol, axloqan sog‘lom o‘suvchi avlodni shakllantirishni takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir tarbiyaviy vositadir.
O’zbekistonda jismoniy tarbiyaga qadim zamonlardan salomatlikni mustahkamlashning asosiy vositasi deb qaralgan. Zardo‘shtiylik dinining muqaddas kitobi bshlmish “Avesto”da inson tozalikka, sog‘lomlikka da’vat qilinib, ularga badantarbiya bilan shug‘ullanish, kunda yuzni bir necha marotaba yuvish, sochni toza tutib, tirnoqlarni olib, tozalab turish tavsiya etiladi. Inson me’yori bilan ovqatlanib, doimo to‘q yurishi lozimligi uqtiriladi.
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida 100 dan ziyod xalq o‘yinlari to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
“Alpomish” o‘zbek xalq qahramonlik dostoni, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”, Zayniddin Vosifiyning “Nodir voqealar”, Boburning “Bobirnoma” asari va boshqalarda jismoniy, jangovar mashqlar, kuchlilik bahs-munozaralarining xilma-xil namunalaridan hikoya qilinadi.
Demak, Sharq mutafakkirlarining asarlaridagi pedagogik g‘oyalardan ma’lum bo‘lishicha, jismoniy mashqlar, to‘g‘ri ovqatlanish, uyqu, badanni toza tutish tartibiga rioya etish inson sog‘ligini saqlashda muhim omillardan ekanligi ham ilmiy, ham amaliy jihatdan asoslangan.
Bitiruv malakaviy ishimizning keyingi bobida jismoniy tarbiya darslarida Sharq mutafakkirlarining asarlaridagi pedagogik g‘oyalari asosida ta’lim samaradorligini oshirishning pedagogik imkoniyatlari, jismoniy tarbiya darslarida ta’lim samaradorligini oshirishda sportning milliy turlaridan foydalanish usullari va vositalari haqida fikr yuritamiz.
Asosiy adabiyotlar:
1. Salomov R.S. Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati. Darslik. Т.: «ITA-PRESS», 2014. 269 бет.
2. Salomov RS., Sharipov A.K. Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati. Darslik. Т.: «ITA-PRESS», 2015.182 бет.
3. Гончарова О.В. “Ёш спортчиларнинг жисмоний қобилиятларини ривожлантириш” ўқув қўлланма Т.: ЎзДЖТИ нашриёти 2005 й
Internet saytlari
1.www.tdpu.uz
2.www.pedagog.uz
3.www.edu.uz
http://fayllar.org
Do'stlaringiz bilan baham: |