44-modul. Tiklanish holati va uning fiziologik ahamiyati
Charchash va uning yuzaga kelishi, sabablari. Davomli jismoniy faoliyat ma’lum vaqt davom etganidan keyin alohida fiziologik holatga, ya’ni charchashga olib keladi. Bunda organizmning ish qobiliyati keskin pasayib, tegishli dam olishdan keyin yana qaytadan tiklanadi.
Charchash muhim biologik jarayon hisoblanadi, u faol holatdir, ya’ni charchash oqibatida ro‘y beradigan murakkab fiziologik va biokimyoviy o‘zgarishlar oqibat natijada ish qobiliyatining ko‘tarilib borishiga olib keladi. Masalan, mashq qilib charchash va yaxshi dam olish tufayli kishining mehnat qilish qobiliyati o‘sib boradi, kuchayadi. Bajariladigan jismoniy harakatlar xilma-xil bo‘lganligi sababli charchash va uning kelib chiqish sabablari ham turlichadir. Masalan, atletikachi bilan futbolchida yuzaga keladigan charchash fiziologik va biokimyoviy nuqtayi nazardan bir-biridan farq qiladi.
Charchash jarayonining mexanizmlari bilan yaqindan tanishish uchun ergografda oddiy charchashni sinab ko‘rish kerak. Bunda ish bajarilishi davomida barmoq kuchi pasayib, qisqarish amplitudasi hamda qisqarish soni kamayib boradi. Bu muskul faoliyatida (alohida olingan muskul guruhlarida yuzaga kelgan charchashda) charchash nerv markazlarida, ner-muskul sinapslarida va muskulning o‘zida yuzaga kelgan o‘zgarishlar tufayli sodir bo‘ladi.
Charchashning paydo bo‘lishida muskullarning qon bilan ta’minlanishi muhim o‘rin tutadi. Statik ish bajarishida muskullarning doim bir xil holatda qisqarib turishi tufayli ularning qon bilan yomon ta’minlanishi tez charchashni yuzaga keltiradi (masalan, og‘irlik ko‘tarish). Uzoq masofalarga yuguruvchilarda charchash nerv tizimidagi markazlar bilan harakat a’zolari orasidagi boshqaruv koordinasiyasining buzilishidan kelib chiqadi. Bunday charchash yurak qisqarishining kuchsizlanib qolishi, qisqarish sonining esa ko‘payishi va natijada yurak ishi unumdorligining pasayishi bilan xarakterlanadi. Shu bois tananing kislorod bilan ta’minlanishi pasayib ketadi, qonda anaerob parchalanish mahsulotlari ko‘payib bu hol esa o‘z navbatida umuiy charchashni chaqiradi.
Maksimal quvvatlash ish (20-30 sek.) bajarishida charchash ancha tez yuzaga keladi, buning asosiy sababi markaziy nerv tizimida qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlarining juda qisqa vaqt ichida almashinib turishidir. Yana shu narsa muhimki, bu xil ish bajarilishida nerv markazlariga ishchi a’zolardan-muskullardan qisqa vaqt ichida ko‘p efferent impulslar boradi. Natijada nerv markazlarining ish qobilyati pasayib ketadi, charchash paydo bo‘ladi. Submaksimal quvvatli ish bajarilganida ham shunday charchash yuzaga keladi va nerv markazlari faoliyatining pasayishi hal qiluvchi rol o‘rin tutadi. Bu xil ishda muskullarda anaerob parchalanish kuchayib qonda sut kislotasi va boshqa qoldiq moddalar ko‘payadi va bu holat o‘z navbatida nerv markazlariga salbiy ta’sir etadi. Demak, submaksimal quvvatli ish bajarilishida charchash organizm uchun ichki muhitning o‘zgarishidan kelib chiqadi.
Katta quvvatli ish bajarilganida charchash, asosan, kislorodga nisbatan yuqori qarzdorlik tufayli paydo bo‘ladi.
O‘rtacha quvvatli ish bajarish natijasida yuzaga keladigan charchash tanada uglevodlar zahirasi kamayishi tufayli sodir bo‘ladi. Chunki bunda ish uzoq vaqt soatlab davom etadi va qonda glyukoza kamayib ketadi.
Jismoniy faoliyat ko‘p terlash natijasida sportchi tanasida suv va tuz almashinuvining izdan chiqishi ham oxir oqibatida charchashga olib keladi, sport gimnastikasi va kuch ishlatib bajariladigan harakatda charchash muskullar kuchsizlanishidan hosil bo‘ladi. Statik ish tufayli muskullarining taranglashishi ularga boradigan qonni keskin kamaytiradi, natijada to‘qimalariga O2 borishi ozayib ketib charchash yuzaga keladi.
Charchash bir qator biokimyoviy o‘zgarishlarga olib keladi, xususan, bu jarayon ancha og‘ir bo‘lganida ko‘pgina ferementlar faolligi pasayadi. Charchashning yuzaga kelishidagi asosiy sababchi nerv markazlari faoliyatining pasayib ketishdir. Buni I.M.Sechenov va N.ye.Vvedenskiy va L.A.Orbeli, A.G.Ginetsenskiy hamda I.P.Pavlov o‘z teshirishlarida to‘liq isbotladi.
I..M.Sechenov oddiy tajribaga (ergografda o‘ng va chap qo‘l bilan ishlash) asoslanib charchash nerv markazlari ish qobilyatining davomli suratda bir xil qitiqlanish ta’sirida qo‘zg‘aluvchanlikning pasayishi tufayli yuzaga kelishni isbotladi. Agar aynan shu haraktni boshqaradigan nerv markazi boshqa biron faoliyat bilan vaqtincha band bo‘lsa, yana qaytadan ish qobiliyatining tiklanishi, ba’zan esa oldingisiga nisbatan ham yaxshiroq natija olinishini kuzatish mumkin. Buni o‘ng qo‘l bilan charchab qolguncha ishlab keyin chap qo‘lni ishlatib, yana o‘ng ishga tushirilsa natija oldigisidan ham yaxshi bo‘lishida ko‘ramiz. I.M.Sechenovning bu g‘oyasi jismoniy mehnat qilib charchaganda aqliy mehnat qilish dam olishning eng yaxshi usuli (faol dam olish) ekanligiga ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Yosh bolaning kun uzog‘i yugurib yelib charchamasligi ham u bir xil ishni uzoq vaqt bajarib qolmasdan uni tez-tez almashtirib turishda deb tushunsa bo‘ladi.
I.P.Pavlov nerv tizimining charchashni yuzaga keltiradigan sabalarini umumlashtirib, hamma chap nerv markazlarning o‘z faoliyatini himoya qilishida, ya’ni ular ma’lum vaqt faollik ko‘rsatkichdan keyin (kelajakda yana ishlashi uchun) o‘z faoliyatini qo‘zg‘alishidan tormozlanishiga o‘tkazadi, shuning oqibatida charchash yuzaga keladi deb tushuntiradi.
Charchash odatda ma’lum ish bajarilishi bilan yuzaga keladigan jarayon va u kompensatsiya qilinadigan, ya’ni o‘rni qoplanadigan va kompensatsiya qilinmaydigan o‘rin qoplanmaydigan charchashlarga bo‘linadi. Charchashning bu turlarini tegishli holda o‘tib ketadigan va o‘tib ketmaydigan charchash ham deb aytish mumkin.
Kompensatsiya qilinadigan charchash davrida ish qobilyati sezilarli darajada pasayib ketmaydi. Lekin nerv muskul faoliyatida o‘zgarishlar kuzatiladi, natijada harakatning tarkibi o‘zgaradi, masalan davomli yugurish tufayli yuzaga keladigan charchash natijasida bajariladigan qadam qisqarib boradi, lekin bir vaqtning o‘zida ish bajarish, ya’ni vaqt birligidagi qadam soni oshadi. Shunday qilib, hosil bo‘lgan charchash tufayli qisqargan qadam uning tezlashishi bilan kompensatsiya qilinadi. O‘rni qoplanadi ya’ni erishilgan tezlik saqlab qolinadi. O‘rni qoplanadigan charchashning davom etishi sportchining mashq qilgan qilmaganligiga bog‘liq.
Sportchi qanchalik ko‘p mashq qilgan bo‘lmasin, u qanchalik yuqori mahoratli bo‘lmasin ish boshqarilishning ma’lum vaqtiga borib tezlik sezilarli darajada kamayib ketadi va bu narsa kompensatsiya qilinmaydigan, ya’ni o‘rni qoplanmaydigan charchashning yuzaga kelganligini ko‘rsatadi. Bunday charchash yuzaga kelganida yugurishning amalga oshiradigan qadami ham qisqaradi, ham siyraklashadi. Bu xil charchashda markaziy nerv tizimida himoya qiluvchi tormozlanish vujudga keladi va jismoniy faoliyat to‘xtaydi.
Charchashning oldini olish yo‘llari. Charchashning oldini olishda dastavval sportchida mahorat, ya’ni sport texnikasi yuqori bo‘lishi kerak. Bunday sportchilar o‘z kuch va imkoniyatlaridan oqilona foydalanib kam enargiya sarflab ko‘p ish bajaradigan bo‘ladi.
Yana tajribali sportchi ish bajarishida, masalan yugurish davomida inersiya kuchlaridan o‘rinli va mahorat bilan foydalanish tez charchamaydigan bo‘ladi. Masalan, uzoq masofaga yugurish payti qisqa vaqt davomida bevosita qisqarib ish bajarayotgan muskullar tarangligi bo‘shashtirilib sportchi bir oz o‘z mayliga yuguradi, ya’ni dam olganidek bo‘ladi, lekin bu paytida tezlik pasaymaydi, faqat taranglik pasayishi tufayli sodir bo‘ladigan charchash bir oz keyinga suriladi xolos.
Charchashning oldini olish uchun amalga oshiriladigan omillardan biri mashq qilish jarayonini kislorod kam bo‘lgan tog‘li joylarda o‘tkazishdir. Bunday mashq qilish sportchi organizimining ichki muhit sharoiti ma’lum me’yordan o‘zgargan holatda ishlashga o‘rgatadi. Yana ish jarayonida energiya sarflashni bir tekis olib borishi ham charchashning oldini olishda juda muhimdir.
Sportchidagi ruhiy, hissiy holatlar ham bu borada katta ahamiyat kasb etadi. Ijobiy ruhiyat tez charchashning oldini oladigan omildir. Salbiy ruhiyat esa sportchini tez charchatib qo‘yadi.
Sportchi organizimida yuzaga keladigan charchashni quyidagi mexanizimlar asosida tushuntirish mumkin. Birinchidan, jismoniy ish bajarilishida harakatni bevosita boshqaradigan nerv markazlari ishlovchi muskullardan (proprioretseptorlardan) doimiy suratda impulslar olib turadi. Bunday immpulsatsiya nerv markazlari va harakat apparatining funksional holatini o‘zgartirib yuboradi.
Ikkinchidan, muskul faoliyatini bu to‘qimalarda kuzatiladigan kimyoviy siljishlar o‘zgartirib yuboradi, bu hol o‘z navbatida yanada kuchayishiga olib keladi.
Uchinichidan, davomli muskul faoliyati tufayli metabolizm qoldiqlari qonga o‘tib, organizm ichki muhitini sezilarli darajada o‘zgarishiga olib keladi.
To‘rtinchidan, boshqaruvchi nerv marakazlari boshqa nerv markazlariga nisbatan (masalan, ichki a’zolar faoliyatini boshqaradigan) funksional jihatdan ancha kuchsiz bo‘ladi va shu sababli tez charchash xususiyatiga ega bo‘ladi.
Beshinchidan, muskul ishi davrida ichki sekretsiya bezlarining faoliyati o‘zgaradi. Jumladan gipofiz va buyrak usti bezlari dastlab (ish boshida) ancha jadal ishlab, muskul faoliyatini oshiradi, masalan, adrenalin kortikosteroid gormonlari ko‘plab ajraladi. Bir muncha vaqt o‘tishi bilan esa ular o‘z imkoniyatlarini maksimal safarbar qilib qo‘yishi tufayli muskul faoliyatidan pasayishi kuzatiladi.
Charchashning ahamiyati. Charchash qayd qilinganidek sportchi organizimida diskoordinatsiya (ma’lum jismoniy faoliyatini amalga oshirish jarayonida, organizimidagi barcha tizim va a’zolarning markaziy nerv sistemasi va endokrin tizimi tomonidan tegishli holda boshqarib borilishi koordinatsiya, uning izdan chiqishi - diskoodinasiya), chaqiruvchi va vaqtincha ish qobilyatini pasaytiradigan fiziologik jarayon bo‘lib, u muhimbiologik ahamiyatga ham ega. Charchash tufayli markaziy nerv tizimi va butun bir organizimning o‘ta darmon qurishi va bu tufayli sodir bo‘ladigan qaytarilmas o‘zgarishlardan tana saqlab qolinadi. Shu narsa muhimki, charchashda organizimdagi ishga sarflanadigan mavjud energiya, oldin aytilganidek, tamoman tugaydi deb xulosa qilish noto‘g‘ri, tegishli miqdordagi zahira energiya odam charchash oqibatida hushdan ketib yiqilganida ham tugamaydi.
Qaytarilib turiladigan va unchalik kuchli bo‘lmagan charchash organizm ish qobilyatining oshib borishiga zamin tayyorlaydi. Unchalik og‘ir bo‘lmagan charchashdan keyin dam olish paytida tananing energiya beruvchi zahira moddalari (masalan, ATF, krentinfosfat, glikogen va boshqalar) oldingisiga qaraganda ko‘proq to‘planadi. Bu holat esa navbatdagi mashq payti organizimning ancha faol ishlashiga olib keladi. Shu yo‘l bilan sport natijalarining asta-sekin oshib borishi kuzatiladi.
Charchash elementlari kuchli bo‘lganida ham, juda yuzaki bo‘lganida ham mashq qilish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. Ba’zan tezroq istalgan natijaga erishish uchun sportchi haddan tashqari ko‘p mashq qilib og‘ir charchaydi. Bunday mashq qilishdan ijobiy natija kutib bo‘lmaydi, boz ustiga sportchi organizimida qaytarilmas o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Oqibat natija unda mashq qilishga nisbatan bo‘lgan ishtiyoq yo‘qoladi, majburiy holda shug‘ullanish esa tana funksional holatlarda bir qator salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Qaytarilishi davrining fiziologik xaraktekristkasi. Sport amaliyotida qaytarilishi davri ham muhim fiziologik-biokimyoviy jarayon bo‘lib odatda jismoniy faoliyat to‘xtaganidan keyin ma’lum vaqt o‘tishi bilan yuzaga keladi. Qaytarilishi davrida uchta muhim fiziologik –biokimyoviy o‘zgarish sodir bo‘ladi. Birinchi sarf qilingan energiya qayta tiklanib uning o‘rni qoplanadi, ikkinchidan moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan keraksiz qoldiqlar organizimdan chiqaruv a’zolar orqali ajraladi va uchinchidan organizimning ichki muhiti tiklanadi.
Sportchilarda qaytarilishi davrining ertachi va kechikkan davrlari farqlanadi. Agar ertachi qaytarilishi bir nechta minut davom etsa, kechikkan qaytarilishi bir necha soat, hatto sutkalab davom etishi ham mumkin. Qaytarilish jarayoni bir tekisda bo‘lmasdan yo‘qotilgan energetik resuruslar dastlab ancha tez, keyinroq asta-sekin tiklanadi.
Qaytarilishi jarayonining notekis borishi ishdan keyin organizm ish qobilyatining qayta tiklanishda ham yaqqol ko‘rinadi. Odatda ish qobilyati ma’lum ish bajarilganidan keyin pasayib, keyin dam olish jarayonida o‘z holiga qaytadi va hatto oldingi darajadan kuchayishi ham mumkin. Bu davr ish qobilyatining kuchaygan davri yoki superkompensatsiya deyiladi.
Qaytarilish jarayoning turli davrlari va ularning qachon yuz berishi bajariladigan jismoniy ishning xususiyatlariga bog‘liq. Qaytarilish jarayonining turli davrlarda o‘tishi muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Ayniqsa sportchilarning mashq qilish holatlari qaytarilishining mana shu superkompensatsiya davriga to‘g‘ri kelsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu davr organizm ish qobiliyatining yuqori bo‘lishi bilan xarakterlanadi va mashg‘ulotlar kuchni ko‘payishiga hamda sportchi
mahoratning oshishiga olib keladi.
Qaytarilish jarayonining davriy bo‘lishiga asosiy sabab ish bajarilishini keyin organizm umumiy ish qobilyati, ayrim a`zolar faoliyati va moddalar almashinuvining har xil vaqtda dastlabki (boshlang‘ich) holatga qaytarishdir. Sport amaliyotida qaytarilishi davrlari pulsni sanash, nafas olishning minutlik hajmini aniqlash, muskullar kuchini o‘lchash bilan aniqlanadi.