4.3.1. Sog’liqni saqlash muassasalari tizimida jismoniy tarbiya va sportni tashkil qilish. Aholining sog’lig’ini nazorat va muhofaza qilish
Sog’liqni saqlash vazirligi keng tarmoqli tizimlardan hisoblanadi. Uning tarkibida quyidagi o’quv va davolash muassasalari mavjud:
1. Oliy va o’rta tibbiyot o’quv yurtlari.
2. Shifoxonalar, davolash markazlari.
Poliklinikalar.
Sanatoriyalar va aholi sog’lig’ini qayta tiklash, davolash markazlari.
Ilmiy-tadqiqot institutlari, markaziy laboratoriyalar.
O’quv yurtlari, ishlab chiqarish korxonalari tarkibidagi tibbiy yordam bo’limlari.
Jismoniy tarbiya dispanserlari va hokazolar.
Bularni tashkiliy jihatdan asosan ikki yo’nalishga ajratish mumkin:
barcha tur va toifadagi tibbiy o’quv yurtlarida jismoniy tarbiya darslari, sog’lomlashtiruvchi mashg’ulotlar hamda sport tadbirlarini tashkil qilish.
bemorlarni jismoniy tarbiya vositalari yordamida davolash hamda sportchilar salomatligini kuzatish, nazorat qilish, jarohatlarni davolashni uyushtirish va hokazo.
Yuqorida qayd etilgan sohalar va tizimlar Sog’liqni saklash vazirligi, viloyat va yirik shaharlardagi uning boshqarma yoki bo’limlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot bilim yurtlari, lisey va kollejlar hamda institutlardagi o’quvchi-yoshlar va talabalar jismoniy tarbiyaning umumtalab me’yorlarini darslarda, ommaviy sport tadbirlarida bajarib boradilar. SHu bilan birga, jismoniy tarbiya, sport, sayohat, xalq milliy o’yinlari va tabiatni sog’lomlashtiruvchi omillari: suv, havo, quyosh va boshqalar bilan davolash usullarini egallaydilar.
Shifoxona, davolash muassasalari va markazlarda shifokorlar tomonidan bemorlarni jismoniy mashqlar yordamida davolash faoliyatlari amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish korxonalari, o’quv yurtlari va turli muassasalar tarkibidagi tibbiy punktlar shifokori xodimlar va o’quvchi-yoshlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish, ularning salomatligini kuzatish, zarur bo’lganda tibbiy yordam kursatish va nihoyat salomatlik haqida targ’ibot ishlarini olib borish bilan shug’ullanadilar.
Sog’lomlashtiruvchi tibbiy markazlar, jismoniy tarbiya dispanserlarida sog’lomlashtiruvchi guruhlar va sport jamoalarida shug’ullanuvchilarning jismoniy tayyorgarligi, rivojlanishi ustidan nazorat, ko’rik, sinov-tajriba ishlari olib boriladi.
Umuman olganda, tibbiyot tizimidagi davolash muassasalari hamda sanatoriya-kurortlarda bemorlarga tibbiy yordam berish, ularning sog’lig’ini tiklash va mehnat faoliyatiga qaytarishda juda katta mahorat ko’rsatilmoqda. Tibbiyot tizimi va shifokorlar oldida «Sog’lom avlod uchun» davlat dasturida qo’yilgan vazifalarni astoydil, qunt va halol mehnat bilan ado etish burchi turadi. Bu, o’z navbatida, sog’lom avlodni tarbiyalash, onalar va bolalarning salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarga chalinishning oldini olish bilan bog’liq g’oyat muhim muammolarni hal qilishni taqozo etadi.
«Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»gi, «Sog’liqni saqlash to’g’risida»gi qonunlar asosida Sog’liqni saqlash vazirligi tizimidagi mutaxassislar Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasi tizimidagi tashkilotlar, Xalq ta’limi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tarmog’idagi jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari bilan o’z faoliyatlarini hamkorlik asosiga qurgan holda ish olib boradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |