III. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT JISMONIY
TARBIYA VA SPORT QO’MITASI
3.1. O’zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasining tuzilishi va taraqqiyoti
O’zbekiston sharoitida oila, bolalar bog’chalari va barcha toifadagi o’quv yurtlarida jismoniy tarbiyani tashkil qilish, aholi o’rtasida ommaviy sog’lomlashtiruvchi sport tadbirlarini uyushtirnsh hamda iqtidorli sportchilar mahoratini oshirish kabi turli-tuman faoliyatlarni tashkil qilishning o’ziga xos xususiyatlari bor. Boshqacha qilib aytganda, jismoniy tarbiya va sport harakati keng qamrovli tashkiliy-pedagogik jarayon bo’lib, uni boshqarish maxsus davlat va jamoat sport tashkilotlarining faoliyatini talab etadi. SHu sababdan, mamlakatimizda Davlat organi huquqiga ega bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasi mavjud. U o’zining tashkiliy va rivojlanish tarixiga egadir.
O’zbekiston o’z mustaqilligiga ega bo’lgach, barcha sohalar kabi jismoniy tarbiya va sport ishlarini tashkil qilish, ularni bajarishning tartib-qoidalari ishlab chiqildi va respublika sharoiti hamda davr talablariga moslashtirildi.
O’zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»gi Qonunida ta’kidlanishicha, «Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi tomonidan boshqariladi» deb /5-modda/ belgilangan. SHunga asosan, «O’zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasi jismoniy tarbiya va sportni boshqarishning vakolatli davlat organi hisoblanadi», – deyilgan.
Qonunda Respublika sport qo’mitasiga quyidagi vakolatlar berilgan:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning aniq maqsadga qaratilgan dasturini ishlab chiqadi va ro’yobga chiqaradi;
jismoniy tarbiya – sport jamoat birlashmalari bilan birgalikda O’zbekiston sportchilarini Olimpiya o’yinlari va boshqa xalqaro sport musobaqalariga tayyorlashning aniq maqsadga qaratilgan dasturini ishlab chiqadi va ularning bajarilishini ta’minlaydi;
sport turlari bo’yicha mamlakat terma komandalari tarkiblarini tasdiqlaydi va ularning xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishga tayyorgarlik ko’rishlarini ta’minlaydi;
aholi turli qatlamlarining jismoniy kamolot darajasini aniqlash uchun sport me’yorlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
jismoniy tarbiya – sport kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish va attestasiyadan o’tkazishni tashkil etadi;
sport tayyorgarligi markazlarini, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarini tuzadi;
jismoniy tarbiya va sport muammolari bo’yicha ilmiy, uslubiy va ommabop adabiyotlar yaratilishi va nashr etilishini tashkil qiladi;
o’z vakolatlari doirasida jismoniy tarbiya va sportga oid me’yoriy hujjatlarni, shu jumladan, jismoniy tarbiya - sog’lomlashtirish va sport inshootlaridan foydalanish me’yorlari hamda qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
jismoniy tarbiya va sportning ilmiy-axborot ta’minoti tizimini tashkil etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Yuqorida qayd etilgan ishlarni tashkil etish va ularni amalga oshirishda O’zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasi o’zining quyi tarmoqlari, ya’ni viloyat, shahar va tuman sport qo’mitalariga bevosita tayanadi. Shu bilan birgalikda, qonun acosida boshqa davlat hamda jamoat tashkilotlari, sport jamiyatlari bilan hamkorlik qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |