4.2. Mashg‘ulot vositalarini tanlash
Boshlang‘ich gimnastika mashg‘uloti mazmunini belgilovchi asosiy manba – bu “Ilk qadam” dasturidir. Biroq mashg‘ulot o‘tkazishda bitta umumiy dasturda nazarga olish mumkin bo‘lmagan sharoitlar uni uslubiy jihatdan yoritib berishni va ba'zi hollarda ayrim to‘ldirishlar kiritishni taqazo etadi.
Har bir mashg‘ulot jarayoni bosqichinig yakuniy maqsadini belgilab olish, qisqa vaqt uchun vazifalarni hamda ularga muvofiq bo‘lgan vositalarni aniqlash mumkin. Jismoniy tarbiya instruktori mashg‘ulotda bolalar amaliy va sof gimnastika mashqlarining oqilona bajarilishi uslublariga o‘rgatadi. Har qanday boshlang‘ich gimnastika mashqini o‘rgatish imkoniyatini ta'minlaydigan eng muhim shartlaridan biri bolalarning jismoniy sifatlari rivojlanish darajasining o‘rganilayotgan mashq qiyinchiligiga muvofiqligidir. Demak, gimnastika bo‘yicha mashg‘ulotlari tarkibiga jismoniy rivojlanishni ta'minlaydigan mashqlar kirishi zarur.
Boshlang‘ich gimnastika bilan bola, chaqqonlik va egiluvchanlik kabi jismoniy sifatlardan tashqari, o‘z harakatlarini uning yo‘nalishi, amplitudasi, vaqti, mushak kuchlanishlari darajasiga ko‘ra tabaqalashtira olishi, ya'ni o‘z harakatlarini boshqara bilishi zarur.
Shunday qilib, boshlang‘ich gimnastika bo‘yicha mashg‘ulotning asosiy vositalari quyidagilardan iborat:
bolalarning jismoniy rivojlanishini ta'minlaydigan mashqlar;
bolalarning muvaffaqiyatli o‘rgatishga yordam beradigan yaqinlashtiruvchi va qo‘shimcha mashqlar;
bolalarning koordinatsion imkoniyatlarini oshiradigan turli xil boshlang‘ich gimnastika mashqlari;
“Ilk qadam” dasturi ko‘zda tutilgan, bolalar kontingentiga muvofiq bo‘lgan mashqlar.
Boshlang‘ich gimnastika mashg‘ulotlarining tayyorlov qismida, odatda, past shiddatli mashqlar qo‘llaniladi: saflanish mashqlari, harakatlanishlarning (turli xil yurishlari, raqs harakatlari) har xil turlari, buyumlar va buyumlarsiz mashqlar, gimnastika devorchasi hamda o‘rindig‘idagi mashqlar. Haddan ortiq shiddatga ega bo‘lgan mashqlar mashg‘ulotning asosiy qismida bolalarning ish qobiliyatini pasaytirishi mumkin. Shu sababli, mashg‘ulotning tayyorlov qismida bolalar chaqqonlik va egiluvchanlik kabi harakat sifatlarini rivojlantirmaslik lozim.
Tayyorlov qismi uchun muayyan mashqlarni tanlash boshlang‘ich gimnastikaning o‘ziga xos xususiyati, mashg‘ulot o‘tish sharoitlari va birinchi navbatda, uning vazifalari, bolalar tarkibi hamda vaziyatga bog‘liq.
Boshlang‘ich gimnastika mashg‘ulotining tayyorlov qismiga kiritiladigan mashqlar har xildir. Faqat bitta mashg‘ulot davomida bolalar, odatda, xususiyatiga ko‘ra turlicha bo‘lgan ko‘p miqdorda harakatlarni bajaradi. Bu harakatlanishlarda bolalarning butun harakat apparati ishga tushadi, bola turli xil rejimda (zo‘riqish va bo‘shashish maromida) ish bajaradi.
Mashqlar mazmuni mashg‘ulot vazifalariga mos kelishi zarur. Agar unda ta'lim vazifalari hal etilayotgan bo‘lsa, unda mashqlar soni kam, ularning shakli esa oddiyroq bo‘ladi. Agar unday ta'lim vazifalari hal etilayotgan bo‘lsa, mashqlar soni ko‘paytiriladi va mazmuni o‘zgartiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |