2.3. Dastlabki tergovdagi yordamchi protsessual hujjatlarni tuzishning umumiy qoidalari.
Dastlabki tergov organlarining taqdimnoma, xabarnoma, yozma topshiriq, bildirish xati, yozma ko’rsatma, talabnoma, tilxat, yozma majburiyat, chaqiruv qog’ozi, yozma e`tiroz, iltimosnoma, ariza kabi hujjatlari sodir etilgan jinoyatning muayyan holati, ayblanuvchining shaxsi, to’plangan materiallardan kelib chiqib har bir jinoyat ishi bo’yicha tuziladigan protsessual hujjatlardir. Ushbu protsessual hujjatlar tergovchining to’g’ri qaror chiqarishiga, dastlabki tergov ishtirokchilarining huquqlarini ta`minlashga, ularning protsessual majburiyatlarini bajarishlariga, tergov harakatlarining o’z vaqtida va lozim darajada bajarilishiga, ashyoviy dalillarni saqlanishiga yordam beradi.
Dastlabki tergovni amalga oshirishda tergovchi jinoyatning sabablari va unig sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlaydi va ularni bartaraf qilish choralarini ko’radi. SHunday choralarni ko’rish taqdimnoma chiqarish va taqdim etish xisoblanadi.
Taqdimnoma – jinoyatni aniqlash, ochish, isbotlash va fosh etish topshirilgan javobgar shaxsning xulosasi natijasidir.38
Taqdimnoma protsessual hujjat bo’lib, u tergov qilish davomida aniqlangan sodir etilgan jinoyat sabablarini va uni keltirib chiqargan shart-sharoitlarni bartaraf etish zarur bo’lganda tuziladi. Tergovchining taqdimnomasi uning jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash bo’yicha qonunda belgilangan tartibda to’plangan va tekshirilgan dalillarga asoslangan xolisona xulosasi bayon etilgan protsessual hujjatdir.39
Taqdimnomaga – “surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan jinoyat ishini tergov qilish chog’ida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon beradigan shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralarini ko’rish to’g’risida, fuqaro ijtimoiy burchini namunali bajarganligi to’g’risida tegishli tashkilot, muassasaga, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga, jamoa yoki mansabdor shaxsga, shuningdek surishtiruvchi, tergovchi tomonidan amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to’g’risida prokurorga yuboriladigan yozma protsessual hujjatdir.
O’zbekiston Respublikasi JPKning 297-moddasiga ko’ra mazkur hujjat surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan muayyan jinoyat ishini tergov qilish chog’ida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarini aniqlab chiqish, tegishli davlat organiga, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga, ma`lum jamoa yoki mansabdor shaxsga aniqlangan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish va oldini olish choralarini ko’rish uchun kiritadi. Taqdimnomaning nusxasi ishga qo’shib qo’yiladi. Taqdimnoma ko’rilib chiqib, ko’rilgan choralarning natijalari to’g’risida kechi bilan bir oylik muddatda tegishli surishtiruvchi, tergovchi, prokuror xabardor qilinishlari shart. Taqdimnoma majburiy yuridik kuchga ega. Boshqacha aytganda, taqdimnoma surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qonunga muvofiq chiqarilgan, ishonchli dalillarga asoslangan, huquqbuzarliklarning oldini olishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan hamda barcha davlat, jamoat muassasalari, korxonalari, tashkilotlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarilishi shart bo’lgan qaroridir.
Surishtiruvchi, tergovchi va prokuror jinoyatning oldini olish maqsadida quyidagilarni isbot qilishlari shart:
a) jinoyatni sodir bo’lishiga sabab bo’lgan holatlarni;
b) jinoyatni sodir bo’lishiga imkon bergan shart-sharoitlarni.
SHundan keyingina ularni bartaraf qilish choralarini ko’radi, ya`ni asoslantirilgan taqdimnoma chiqaradi.40
Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to’g’risidagi taqdimnoma quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- jinoyat ishi bilan bog’liq bo’lishi;
- isbotlangan dalillarga asoslanishi;
- jinoyat sodir etilgan shart-sharoitlarning tavsifiga ega bo’lishi;
- yangi jinoyatlarning oldini olish maqsadida bu shart-sharoitlarga barham berish choralarini belgilashi;
- jinoyatlarni oldini olish yuzasidan tegishli takliflar bo’lishi;
- savodli yozilishi kerak.
Agar jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo’yicha kiritilgan taqdimnomadagi xulosalar isbotlanmagan va faqatgina taxminiy bo’lganda, bunday taqdimnoma qaytarib olinishi lozim. Faqatgina asoslantirilgan va aniq tavsiyalarga ega bo’lgan taqdimnomagina jinoyatchilikni oldini olishning ta`sirchan predmeti bo’lishi mumkin41. SHu sababli taqdimnoma tegishli xulosalar chiqarish uchun ishda etarli dalillar to’planganda chiqariladi. Aniqlangan shart-sharoitlar va sabablarni darhol bartaraf qilish zaruratini ko’rsatuvchi holatlar tergovchiga ish yuzasidan tergov tamom bo’lishini kutmasdan taqdimnoma chiqarishga imkon beradi42.
Qonunda taqdimnomaning protsessual shakli belgilab qo’yilmagan. U taqdimnoma yuboriladigan aniq manzilni hamda jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni ko’rsatgan holda, ixtiyoriy shaklda tuziladi. Amaliyotda, odatda, taqdimnomalarda jinoyat fabulasi tasvirlanadi hamda uni keltirib chiqargan aniq sabab va sharoitlar ko’rsatiladi. SHundan so’ng ushbu sabab va sharoitlarni yo’qotish yo’llari, usullari ko’rsatiladi va yo’qotish muddati belgilanadi43.
Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to’g’risidagi taqdimnoma uch qismdan, ya`ni kirish, tavsif-asoslantirish va xulosa qismlaridan iborat.
Taqdimnomaning kirish qismida quyidagilar ko’rsatiladi:
1) taqdimnoma kiritilayotgan manzilning nomlanishi;
2) hujjatning nomi;
3) tuzilgan vaqti va joyi;
4) taqdimnomani tuzuvchi mansabdor shaxsning familiyasi, mansabi va unvoni;
5) jinoyat ishining raqami;
Taqdimnomaning tavsif-asoslantirish qismida:
jinoyat ishi holatlarining qisqacha tavsifi;
aniqlangan jinoyatlarni sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni tavsifi;
jinoyatlarni sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni mavjudligini tasdiqlovchi dalillar.
Taqdimnomaning xulosa qismida jinoyatni sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralari, taqdimnomani darhol ko’rib chiqilishi va ko’rilgan chora-tadbirlar to’g’risida bir oylik muddat ichida yozma ravishda ma`lum qilinishi lozimligi haqidagi talab ko’rsatiladi.
Fuqarolarning ijtimoiy burchini namunali bajarganligi to’g’risidagi taqdimnoma jinoyatni oldini olishda, jinoyatni ochishda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchini fosh etishda muhim ahamiyatga ega. Bunday taqdimnoma fuqarolarning yuksak onglilik va jasorat ko’rsatilganligi, ijtimoiy burchini namunali bajarganligi va uning harakati e`tiborga loyiqligini ko’rsatib, u yashaydigan mahallaga, ishlaydigan korxona, tashkilot, muassasa raxbari va uning jamoasiga minnatdorchilik bildirib yoziladi.44 Ushbu turdagi taqdimnomalar fuqarolarning jinoyatlarning oldini olish va ularni fosh etishdagi faolligini rag’batlantirishga qaratilgan. Afsuski, amalda bunday taqdimnoma kam kiritilmoqda45.
Dastlabki tergov protsessual hujjatlari orasida xabarnoma, bildirish xati kabi hujjatlarga ham alohida to’xtalib o’tish kerak. Ushbu hujjatlar ba`zi bayonnomalar bilan bir qatorda, tergovchining jinoyat protsess ishtirokchilarining qonuniy huquq va manfaatlarini taminlashga qaratilgan harakatlarini aks ettiradi.
A.X. Raxmonqulov xabarnoma to’g’risida quyidagi fikrlarni bildiradi: “Tergovchi kechiktirib bo’lmas tintuvni prokurorning ruxsatisiz o’tkazganidan keyin prokurorga yuboradigan hujjat xabarnoma xisoblanadi. Xabarda tintuvning kechiktirib bo’lmasligi sabablari, qachon o’tkazilganligi (tintuv qilingan soat va sana, qaerda va kimning uyida amalga oshirilganligi) ko’rsatiladi. Xabarni tergovchi imzolashi va prokurorga 24 soat ichida jo’natishi kerak”46.
Bizning fikrimizcha quyidgicha mazmundagi ta`rifni qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi: Xabarnoma – sodir bo’lgan voqea-hodisa, uning ishtirokchilari, voqea-hodisa natijasida vujudga kelgan huquqiy holat xususidagi ma`lumotnoma qonun va qonun osti hujjatlarida belgilangan tartibda mas`ul shaxs tomonidan maxsus axborot tarzida taqdim etiladigan hujjatdir.
JPK moddalarining tahlili dastlabki tergovdagi topshiriq va ko’rsatmalarining quyidagi turlarini sanab o’tishga imkon beradi:
Topshiriq:
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan ichki ishlar organlariga ishda ishtirok etayotgan shaxslarning hayoti, sog’lig’i, sha`ni qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini ta`minlovchi barcha zarur choralarni ko’rish xususida beriladigan yozma topshiriqlar (270-moddaning 2-qismi);
qidiruv va tergov harakatlarini bajarish to’g’risida yozma topshiriqlar (36-moddaning 1-qismi, 355-moddaning 5-bandi);
tergovchining o’z yurituvida bo’lgan jinoyat ishi bo’yicha O’zbekiston Respublikasining hududida istalgan joydagi boshqa tergovchiga yoki surishtiruvchiga biror tergov harakatini o’tkazish haqidagi topshirig’i (347-modda);
jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo’lgan shaxs aniqlanmagan hollarda dastlabki tergov to’xtatilganida tergovchi tomonidan surishtiruv organiga ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo’lgan shaxsni aniqlash va uni javobgarlikka tortish choralarini ko’rish xususidagi topshirig’i (367-moddaning 2-qismi);
Ko’rsatma:
jinoyatlarni tergov qilish to’g’risidagi ko’rsatma (37-moddaning 2-qismi, 382-moddaning 3-qismining 3-bandi);
ehtiyot chorasini tanlash, o’zgartirish yoki bekor qilish to’g’risidagi ko’rsatma (382-moddaning 3-qismining 3-bandi);
jinoyat tavsifini belgilash to’g’risidagi ko’rsatma (37-moddaning 2-qismi, 382-moddaning 3-qismining 3-bandi);
shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to’g’rsidagi ko’rsatma (37-moddaning 2-qismi, 382-moddaning 3-qismining 3-bandi);
ayrim tergov harakatlarini o’tkazish to’g’risidagi ko’rsatma (37-moddaning 2-qismi, 382-moddaning 3-qismining 3-bandi);
jinoyat sodir etgan shaxslarni qidirish to’g’risida yozma ko’rsatmalar (382-moddaning 3-qismining 3-bandi);
protsessual majburlov choralarini qo’llash haqidagi ko’rsatma (219-modda);
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan bir jinoyat ishi bo’yicha yoki bir necha o’zaro bog’liq ishlar bo’yicha ayblanuvchilarni alohida-alohida saqlash to’g’risida tergov hibsxonasining ma`muriyatiga beriladigan ko’rsatmalar (244-moddaning 1-qismi);
A.X.Raxmonqulov topshiriqqa quyidagi ta`rifni bildiradi: “Topshiriq – tergovchi o’z yurituvida bo’lgan jinoyat ishi bo’yicha surishtiruv organiga zarur tergov va qidiruv harakatlarini bajarish majburiyatini yuklatadigan, shuningdek undan ba`zi tergov harakatlarini bajarishda yordam ko’rsatishni talab qiladigan protsessual hujjat”47. YUqoridagi JPK normalari tahlili shuni ko’rsatadiki ushbu ta`rif bizning fikrimizcha to’liq emas. Unda prokuror topshiriq berish vakolatlari xisobga olinmagan.
Topshiriq bu – qonunda belgilangan hollarda surishtiruv organiga, tergovchiga jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta`minlash, ayrim tergov harakatlarini bajarish, qidiruv ishlarini olib borish va boshqa qonunda ko’rsatilgan harakatlarni amalga oshirish to’g’risida tergovchi, prokuror tomonidan topshiriladigan protsessual hujjat48.
Ayrim adabiyotlarda “ko’rsatma” emas balki “ko’rsatuv” atamasi ishlatilgan va unga prokuror tomonidan bo’ysunuvchi prokurorlarga, tergovchi va surishtiruvchilarga ma`lum bir tergov yoki protsessual harakatlarni olib borishni talab qilib yozma ravishda yuboriladigan protsessual hujjat deb t`rif berilgan49.
JPK normalariga asoslangan holda “ko’rsatma” atamasini qo’llash va unga quyidagicha ta`rifni berish to’g’ri bo’ladi: Ko’rsatma – bu prokuror tomonidan bo’ysunuvchi prokurorlarga, tergovchi va surishtiruvchilarga, shuningdek, tergov boshqarmasi, bo’limi, bo’linmasi, guruhining boshlig’i va uning o’rinbosari tomonidan tergovchiga ma`lum bir protsessual harakatlarni olib borishni talab qilib yozma ravishda yuboriladigan protsessual hujjat.
Tergovchi tomonidan surishtiruv organiga topshiriq yuborilishi dastlabki tergovda keng tarqalgan holat. Biz tomonimizdan o’tkazilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, bu holat o’rganilgan jinoyat ishlarining deyarli barchasida uchraydi.
Jinoyat ishlari tahlili natijalari tergovchi topshiriqlarini ularning xarakteriga ko’ra quyidagi guruhlarga ajratish imkonini beradi:
dalillarni to’plash va tekshirishga oid topshiriqlar (masalan, guvohni so’roq qilish, ekspertiza o’tkazish, fotografiya bo’yicha tanib olish harakatini o’tkazish, olib qo’yish yoki tintuv o’tkazish to’g’risidagi, ekspertiza uchun na`munalar olish to’g’risidagi topshiriqlar);
tergovchining shaxsan o’zi bajarish imkoniyati bo’lmagan hollardagi jinoyat-protsessual faoliyatning ishtirokchilarining huquqlarini amalga oshirish, taminlash bo’yicha topshiriqlar (masalan, jinoyat ishi yuzasidan fuqaroviy davogar, jabrlanuvchi deb e`tirof etish haqidagi qarorlarni e`lon qilish va ularga huquqlarini tushintirish to’g’risidagi topshiriqlar);
protsessual majburlov chorasini qo’llash to’g’risidagi topshiriqlar (mol-mulkni xatlash, ushlab turish, munosib xulq-atvorda bo’lish haqida tilxat olish to’g’risidagi topshiriqlar);
qidiruv harakatlarini o’tkazish to’g’risidagi topshiriqlar.
Talabnoma – reabilitatsiya etilgan (javobgarlikdan ozod qilingan) shaxsga etkazilgan ma`naviy ziyon oqibatlarini bartaraf qilish, shuningdek jinoyat to’g’risidagi xabarni e`lon qilgan yoki tegishli joylarga yuborgan ommaviy axborot vositalari, shuningdek xabar mualliflaridan hujjatlarni va xabarni tasdiqlovchi boshqa materiallarni olish maqsadida tergovchi, prokuror tomonidan tegishli ommaviy axborot vositasiga, xabar muallifiga yuboriladigan protsessual hujjat. SHaxsning reabilitatsiya etilganligi to’g’risida xabar berish haqidagi talabnomada uning qaysi ommaviy axborot vositalariga yuborilayotganligi, reabilitatsiya etilgan shaxs ushlab turilganligi, qamalganligi, lavozimidan chetlashtirilganligi, tibbiy muassasaga joylashtirilganligi to’g’risidagi ma`lumotlar qachon, kim tomonidan e`lon qilinganligi, shaxs qachon va kim tomonidan reabilitatsiya qilinganligi, bu haqda ommaviy axborat vositasida xabar berilishi shart ekanligi ko’rsatilib, tergovchi yoki prokuror tomonidan imzolanadi.
O’zbekiston Respublikasi JPKning 327-moddasiga asosan Jinoyat to’g’risidagi xabarni e`lon qilgan yoki tegishli joylarga yuborgan ommaviy axborot vositalari, shuningdek xabar mualliflari o’z ixtiyorilarida bo’lgan hujjatlarni va xabarni tasdiqlovchi boshqa materiallarni taqdim qilishlari shart.
Bu haqdagi talabnomada uning qaysi ommaviy axborot vositalariga (xabar mualliflariga) yuborilayotganligi, jinoyat to’g’risidagi xabar qachon, kim tomonidan e`lon qilinganligi, o’z ixtiyorilarida bo’lgan hujjatlarni va xabarni tasdiqlovchi boshqa materiallarni taqdim qilishlari shart ekanligi ko’rsatilib, tergovchi yoki prokuror tomonidan imzolanadi.
Tilxatni – jinoyat protsessi ishtirokchilarining jinoyat-protsessual qonunida ko’rsatilgan hollarda o’z zimmasiga ma`lum majburiyat olganligini tasdiqlovchi hujjat. Tilxat munosib xulq-atvorda bo’lish yoki shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi tanlanganida; jinoyat ishidagi ma`lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyati yuklatilganda; xatlangan mulk saqlashga topshirilganida; voyaga etmagan shaxsni ota-onalari, vasiylari, homiylari, bolalar muassasasi rahbari qaroviga qabul qilganda, voyaga etmagan shaxsning munosib xulq-atvorini, shuningdek uning tergovchi huzuriga kelishini ta`minlash haqida yozma majburiyat olganda, shuningdek ayrim protsessual hujjatlar bilan tanishtirilganda yoki ulardan nusxalar berilganda tuziladi. Tilxatda u kimga berilayotganligi, kim qanday majburiyatlarni o’z zimmasiga olayotganligi, uning mazmuni va mohiyati, tilxatdagi majburiyat bajarilmaganda qonunda ko’rsatilgan javobgarlik, tilxatning tuzilgan joyi va vaqti ko’rsatiladi. Tilxat uni bergan va qabul qilib olgan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Munosib xulq-atvorda bo’lish haqidagi tilxat tarzidagi ehtiyot chorasini qo’llash protsessual jihatdan ikkita hujjat tuzish orqali rasmiylashtiriladi: tegishli davlat organi yoki mansabdor shaxs nomidan chiqariladigan munosib xulq-atvorda bo’lish haqidagi tilxat tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash to’g’risidagi qaror va ayblanuvchi imzo qo’yib, yozma ravishda o’z zimmasiga oladigan majburiyat. Munosib xulq-atvorda bo’lish haqidagi tilxat ayblanuvchi nomidan tuziladi. Tilxatda: tilxat berilgan kun, yil, joyning nomi; ayblanuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi; yashash joyi; JPKning 250-moddasi talablari bilan tanishib chiqqanligi; o’z zimmasiga tergovdan yashirinmaslik, jinoyat ishi bo’yicha haqiqatni aniqlashga to’sqinlik qilmaslik, jinoiy faoliyat bilan shug’ullanmaslik, tergovchi va prokurorning chaqiruviga binoan etib kelish, ularning ijozatisiz o’zi istiqomat qilayotgan aholi punktidan chiqib ketmaslik, shu aholi punkti doirasida o’z istiqomat joyini o’zgartirsa, bu haqda ularni xabardor qilish majburiyatlarini olganligi; ushbu tilxatni buzgan taqdirda, o’ziga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qo’llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirilganligi qayd etiladi. Tilxat ayblanuvchi hamda tilxatni olgan mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi. Tilxat ikki nusxada tuzilib, bir nusxasi jinoyat ishiga qo’shib qo’yiladi, ikkinchi nusxasi ayblanuvchiga topshiriladi.
JPKning 251-moddasiga asosan kafillikka berish to’g’risida bayonnoma tuziladi. Kafillar ushbu ehtiyot chorasi qo’llanilishiga sabab bo’lgan ayblovning mohiyati, ayblanuvchiga qo’llanilishi mumkin bo’lgan jazo, kafillarning javobgarligi haqida ogohlantirilganligi ushbu bayonnomada qayd etilib, u ehtiyot chorasini qo’llayotgan mansabdor shaxs, ayblanuvchi, sudlanuvchi va kafillar tomonidan imzolanadi. Bundan tashqari, har bir kafillikka oluvchidan kafillik to’g’risida tilxat olinadi.50
JPKning tegishli normalariga ko’ra narsalar va hujjatlar tergov harakatlari jarayonida olib qo’yilganligi haqidagi tegishli bayonnoma nusxasi narsa yoki hujjat egasiga (88-modda), olib qo’yish yoki tintuv to’g’risidagi qaror va bayonnomaning nusxasi (164-modda), mol-mulk xatlanganligi to’g’risidagi bayonnomaning nusxasi (292-modda) tegishli shaxsga yoki uning voyaga etgan oila a`zolariga, ular bo’lmagan taqdirda esa, tegishli hokimlik yoxud fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organi vakiliga topshirilib, namuna olinishi kerak bo’lgan shaxs namuna olish to’g’risidagi qaror bilan tanishtirilib (193-modda) tilxat olinadi.
YOzma majburiyat – jamoat birlashmasi va jamoa ayblanuvchining munosib xulq-atvorda bo’lishiga kafil ekanligi to’g’risida tergovchi, prokurorga taqdim qilinadigan yozma protsessual hujjat. YOzma majburiyat berish lozimligi JPKning 252-moddasining 2-qismida ko’rsatilgan51.
Mazkur hujjatning mazmuni va tuzilish tartibi tilxatga o’xshash. Majburiyat xuddi tilxat kabi tuziladi, faqat unga rioya qilinmaganda qanday oqibatlar yuz berishi ko’rsatilmaydi, chunki qonunda bunday hollarda huquqbuzarga nisbatan biron-bir huquqiy oqibat yuzaga kelishi nazarda tutilmagan52.
CHaqiruv qog’ozi – dastlabki tergovda guvoh, jabrlanuvchi, shuningdek ozodlikda yurgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchining surishtiruvchi, tergovchi va prokuror huzuriga kelishi kerakligini o’zida aks ettiruvchi hujjat. Unda: shaxsning to’liq familiyasi, ismi, otasining ismi, aniq turar joyi, qaysi tergov organiga kim sifatida chaqirilishi, qaerga, qaysi kun va qaysi soatga chaqirilgani, kim tomonidan va kimning huzuriga chaqirilgani, uzrli sabablarsiz so’roqqa kelmaganligi uchun qanday oqibatlar ro’y berishi ko’rsatiladi.
CHaqiruv qog’ozi chaqiriluvchiga topshirilib, kimga va qachon berilganligi ko’rsatilgan tilxat olinadi. (97-modda).
SHikoyat – surishtiruvchi surishtiruv organi boshlig’ining yozma ko’rsatmasiga norozi bo’lganda surishtiruvchi tomonidan, shuningdek, surishtiruv organi boshlig’i va surishtiruvchi prokurorning yozma ko’rsatmasiga norozi bo’lganda surishtiruv organi boshlig’i va surishtiruvchi tomonidan tuziladigan yozma shikoyat.
JPKning 39-moddasining 5-qismiga asosan surishtiruvchi surishtiruv organi boshlig’ining ko’rsatmasiga norozi bo’lsa, ko’rsatmani bajarishni to’xtatmay turib, bu ko’rsatma ustidan prokurorga shikoyat qilishga haqlidir.
Surishtiruv organining boshlig’i va surishtiruvchi prokuror ko’rsatmasiga rozi bo’lmagan taqdirda, ko’rsatmani bajarishni to’xtatmay turib, uning ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilishga haqlidir.
S.N.Mamadievning fikriga qo’shilgan holda surishtiruvchining surishtiruv organi boshlig’i yoki prokuror ko’rsatmalariga rozi bo’lmaslik “shikoyat” emas, balki prokuror, surishtiruv organi boshlig’i bergan ko’rsatmalar yoki chiqargan qarorlarga nisbatan “e`tiroz” deb nomlanishi lozim deb xisoblaymiz. U quyidagi fikrni ilgari suradi: “E`tiroz va shikoyat tushunchalari mazmunan turli xil bo’lib, quyidagi jihatlari bilan bir-biridan farqlanadi. SHikoyat fuqarolarning buzilgan qonuniy huquq va manfaatlarini tiklashga qaratilgan talablari hisoblanadi; e`tiroz esa, surishtiruvchining surishtiruv organi boshlig’i yoki prokurorning hamda surishtiruv organi boshlig’i prokurorning muayyan ko’rsatmalaridan norozi bo’lishi natijasida bildiriladi. “SHikoyat” fuqarolar va vakolatli davlat organlari (ularning mansabdor shaxslari) o’rtasida yuzaga keluvchi munosabatlar yuzasidan taqdim etilsa; “e`tiroz” o’zaro bo’ysunuvga asoslangan davlat organlari mansabdor shaxslari o’rtasida vujudga keladi”53. SHunga ko’ra S.N. Mamadievning JPKning 39-moddasidagi “shikoyat” so’zlarini “e`tiroz” atamasiga o’zgartirish taklifini54 qo’llab quvvatlaymiz. Bu bizning fikrimizcha maxsus atamalardan foydalanishdagi nomuvofiqlikni bartaraf etishga va protsessual hujjjatlarni tuzishni bir xillashtirishga yordam beradi.
E`tiroz – dastlabki tergovda tergovchi tergov guruhi boshlig’i yoki prokurorning hamda tergov guruhi boshlig’i prokurorning ko’rsatmasiga qo’shila olmasligi, noroziligi to’g’risidagi yozma hujjat. e`tiroz: tergovchi yoki tergov guruhi rahbari tomonidan prokurorning shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi, jinoyatni tavsif qilish va ayblov hajmi haqidagi, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo’llash to’g’risida iltimosnoma qo’zg’atish haqidagi, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo’zg’atishni rad qilish to’g’risida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to’g’risida prokurorga taqdimnoma kiritish haqidagi ishni sudga yuborish yoki ishni tugatish haqidagi, tugallangan ishni qo’shimcha tergovga qaytarish haqidagi ko’rsatmalariga rozi bo’lmaganda (36-moddaning 3-qismi, 355-moddaning 4-bandi); tergov guruhi a`zolari bo’lgan tergovchilar tmonidan guruh rahbarining topshirig’ini, ko’rsatmalarini qonunga xilof yoki asossiz deb hisoblanganda (356-moddaning 3-qismi) tuziladi.
Iltimosnoma. Jinoyat protsessual qonunchilikda dastlabki tergovda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo’llash, qamoqda saqlash muddatini uzauzaytirish to’g’risida, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritilishi nazarda tutiladi.
Ariza. Ishda ishtirok etishga monelik qiladigan holatlar bo’lganda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror ushbu jinoyat ishi bo’yicha ishtirok etishni rad etishi haqida ariza bilan murojaat etishi shart. Surishtiruvchi yoki tergovchini rad qilish masalasi surishtiruv va dastlabki tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror tomonidan hal etiladi. Prokurorni rad qilish masalasi ishni tergov qilish chog’ida yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal etiladi. YOzilgan arizada ishni yuritishdan voz kechishi uchun asos bo’lgan sabablar bayon etiladi. Ariza hujjat tuzilgan sana va joy ko’rsatilgan holda imzolanadi.
2.4. Ayblov xulosasini tuzishning umumiy qoidalari.
Dastlabki tergov davomida tergov organlari tomonidan tuziladigan, mazmuni va ahamiyatiga ko’ra muhim bo’lgan hujjatlardan biri bu ayblov xulosasidir. Ayblov xulosasida tergovchining asosiy to’xtami, xulosa va fikrlari bayon etiladi. Ayblov xulosasi sud muhokamasida odil sudlovning vazifalarini to’liq hal etishga yordam beradi55.
Ayblov xulosasi – dastlabki tergov natijalarini o’zida mujassamlashtirgan, ayblanayotgan shaxsning harakatlarini tegishli tartibda jinoyat qonunchiligini qaysi moddasi bilan kvalifikatsiyalanayotganligini va shu ayblov aynan qaysi dalil va isbotlar bilan tasdiqlanganligini, ayblanuvchini xatti-harakatlarini engillashtiruvchi, og’irlashtiruvchi holatlari nimalardan iborat ekanligini, umuman dalillar tahlilini o’zida aks ettirgan juda muhim protsessual hujjat hisoblanadi56.
A.X.Raxmonqulov ayblov xulosasi – dastlabki tergov natijalari chiqariladigan, ishning mohiyati, ayblanuvchining shaxsiga oid ma`lumotlar va ayblov ta`rifi bayon etiladigan protsessual hujjat deb ta`riflaydi va uni protsessual qarorlarning turi deb ko’rsatadi57.
Ayblov xulosasini protsessual qaror deb e`tirof etish noto’g’ri deb o’ylaymiz. CHunki ayblov xulosasi muhim yuridik ahamiyatga ega bo’lgan alohida protsessual hujjat xisoblanadi. U shaxsga hamda ayblov predmetiga nisbatan sud muhokamasi doirasini belgilaydi. Ayblanuvchiga sud muhokamasiga ishtirok etish uchun o’z vaqtida tayyorlanish imkonini berib, dastlabki tergovning barcha materiallarini tizimlashtiradi. Sud muhokamasining boshlanishidan oldin ayblov xulosasining yoki uning xulosa qismining o’qib eshittirilishi sud tarkibiga, protsess ishtirokchilariga, shuningdek, sud muhokamasida ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga qo’yilayotgan ayblovning mazmunini tushinib olishlarini taminlaydi.
Ayblov xulosasi jinoyat ochilgani va uni sodir etgan shaxs fosh etilgani haqida ishni sudga yuborish zarurligi to’g’risida yakuniy hujjatdir. Ayblov xulosasi deganda dastlabki tergov natijalari chiqariladigan, ishning mohiyati, ayblanuvchining shaxsiga oid ma`lumotlar va ayblov ta`rifi bayon etiladigan protsessual hujjat tushuniladi58.
Ayblanuvchilar sonidan qat`iy nazar har bir jinoyat ishi bo’yicha bitta ayblov xulosasi tuziladi59.
Ayblov xulosasining ahamiyati quyidagilardan iborat:
yuridik jihatdan u sud muhokamasining doirasini belgilab beradi;
texnik jihatdan u daliliy materiallarni ma`lum bir tizimga solib turadi;
tashkiliy jihatdan ayblanuvchini sodir qilgan jinoyatining mohiyatini tushuntiradi.
YUqoridagilarga asosan ayblov xulosasi tushunchasini quyidagicha ta`riflash to’g’ri bo’ladi: ayblov xulosasi deganda – dastlabki tergov natijalari asosida chiqariladigan, ishning holatlari har tomonloma va to’la o’rganilganligi hamda ishdagi dalillar etarligini tasdiqlovchi tergovchining ichki ishonchiga asoslangan ayblov fikri, xulosalari bayon etiladigan protsessual hujjat tushuniladi.
Ayblov xulosasi – aynan sud muhokamasida ko’rilishi lozim bo’lgan jinoyat ishining ayblov doirasini belgilovchi protsessual hujjatdir60. Ayblov xulosasi ob`ektiv bo’lishi, yuridik asoslangan bo’lishi shuningdek, stilistik va grammatik talablarga to’liq javob berishi kerak. Ayblov xulosasini tuzishning uch xil usuli mavjud: xronologik, tizimli(sistematik) va aralash usullar61. Xronologik usulda jinoyat ishi holatlari tergovda qanday aniqlangan bo’lsa, ana shunday bayon etildai.
Tizimli(sistematik) usul shundan iboratki, jinoyat ayblanuvchi tomonidan qanday sodir etilgan bo’lsa, shunday tartibda bayon etiladi. Bu usul unchalik murakkab bo’lmagan va to’g’ri dalillarga asoslangan jinoyat ishlarida qo’llaniladi. Aralash usulda esa xronologik va tizimli(sistematik) usullarning elementlari birga qo’shilib keladi.
Bizning fikrimizcha ayblov xulosasini tuzishda quyidagi asosiy talablarga rioya etilishi lozim:
1. Ayblov xulosasida jinoyatning barcha muhim holatlari bayon etilishi lozim;
2. Tergovchi xulosalari to’plangan dalillarga asoslangan bo’lishi va ularga muvofiq bo’lishi lozim;
3. Tergovchining xulosalari mantiqiy, ketma-ket izchil va to’la to’kis asoslangan bo’lishi lozim;
4. Ayblov xulosasida a) dalillar va xulosalar o’rtasida; b) asosalar va hujjatlar o’rtasida; v) tavsif-asoslantirish va xulosa qismlari o’rtasida; g) ayblovning mazmuni va jinoyatning kvalifikatsiyasi o’rtasida qarama-qarshiliklar bo’lmasligi lozim;
5. Ayblovning mazmuni barcha jinoiy qilmishlarni qamrab olishi, aniqlangan faktik holatlarga asoslanishi, sodir etilgan qilmishning hajmi va har bir ayblanuvchiga nisbatan har bir jinoyatning kvalifikatsiyasi to’g’ri aniqlanishi lozim;
6. Ayblov xulosasidagi ayblovning mazmuni va jinoyatning kvalifikatsiyasi ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish to’g’risidagi qarorda ifodalangan ayblov mazmuni va jinoyat kvalifikatsiyasi bilan o’zaro mutanosib bo’lishi lozim62;
7. JPKning barcha talablariga rioya etilishi lozim.
JPKning 379-moddasining ikkinchi qismida ayblov xulosasi tavsif-asoslantirish va xulosa qismlaridan iborat bo’lishi ko’rsatilgan. Ammo, JPKning 380-moddasiga binoan ayblov xulosasiga tergovchining fikricha sud majlisiga chaqirilishi lozim bo’lgan shaxslarning ro’yxati, shuningdek qo’llanilgan ehtiyot choralari, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi qancha vaqt qamoqda saqlanganligi to’g’risidagi, ashyoviy dalillar, fuqaroviy da`voni ta`minlash choralari, sud chiqimlari to’g’risidagi ma`lumotlar ilova qilinadi deyilgan. SHuning uchun bizning fikrimizcha ayblov xulosasini quyidagi qismlarga bo’lish maqsadga muvofiq bo’ladi: 1) kirish, 2) tavsif-asoslantirish, 3) xulosa, 4) yakuniy qism.
Quyidagilar kirish qismining elementlari xisoblanadi: 1) jinoyat ishi soni; 2) sarlavha; 3) ayblanuvchi(lar)ning familiya ismi-sharifi; 4) jinoiy qilmish kvalifikatsiyasi bo’lgan JK moddasi; 5) jinoyat ishi qo’zg’atilishining sabab va asoslari.
Sarlavhada hujjatning nomi ya`ni “Ayblov xulosasi” deb ko’rsatiladi. Undan keyin ayblanuvchining, agar ular bir nechta bo’lsa ularning har birining familiyasi ismi-sharifi ustun shaklida bayon etiladi. Agar bir nechta shaxs jinoyat sodir etishda ayblanyotgan bo’lsa va ularning har birining roli har xil, ya`ni biri – tashkilotchi, boshqasi – dalolatchi, uchinchisi - yordamchi bo’lsa, ayblanuvchilarning familiyasi va ismi-sharifining ketma-ketligi ham shu tartibda qayd etiladi. Ayblanuvchilarning qilmishlari har xil kvalifikatsiya qilingan hollarda qilmishlari bir xilda kvalifikatsiya qilingan aybdanuvchilarning familiya, ismi-shariflari bitta guruhda ko’rsatilishi mumkin. Ayblanuvchi turli xil ism-familiyalar bilan harakat qilgan holatlarda barcha ism-familiyalar byon etiladi.
SHu bilan birga kirish qismida shaxs sodir etganlikda ayblanayotgan jinoyatning tarkibini belgilovchi jinoyat qonunining moddasi (moddalari) ko’rsatiladi. Jinoyatning kvalifikatsiyasi ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to’g’risidagi qarordagisi bilan aniq mos bo’lishi kerak.
Tavsif-asoslantirish qismi ayblov xulosasining murakkab qismi xisoblanadi. Tavsif qismida 1) dastlabki tergovda aniqlangan holatlar (jinoyat sodir etilgan vaqt va joy, sodir etilish usullari, motivlari, oqibatlari va boshqa ahamiyatli holatlari); 2) jabrlanuvchi, shuningdek ayblanuvchi to’g’risidagi ma`lumotlar; 3) ayblanuvchining aybdorligini tasdiqlovchi dalillar; 4) ayblanuvchining javobgarligini engillashtiruvchi yoki og’irlashtiruvchi holatlar; 5) ayblanuvchining o’zini himoya qilish uchun keltirgan vajlari va ularni tekshirish natijalari bayon qilinadi.
Murakkab ishlarda ayblov xulosasining tavsif-asoslantirish qismini sodir etilgan jinoyatning, jinoiy guruhning, ishtirokchilar o’rtasidagi bog’liqlikning, jinoyat sodir etilgan usullarning tavsifini bayon etish boshlash tavsiya etiladi.
Vaqtni ko’rsatishning imkoniyati mavjud bo’lgan ishlarda jinoyat sodir etilgan vaqt aniq ko’rsatilishi lozim. Ayrim hollarda jinoyat sodir etilgan kun bilan bir qatorda uning soati va hatto daqiqasi ham qayd etilishi zarur.
Ayblov xulosasining xulosa qismida ayblanuvchining shaxsi to’g’risidagi ma`lumotlar keltiriladi hamda e`lon qilingan ayblovning mazmuni Jinoyat kodeksining shu jinoyatni nazarda tutgan moddasi yoki moddalarini ham ko’rsatgan holda bayon qilinadi.
Ayblanuvchining shaxsi to’g’risidagi ma`lumotlarga quyidagilar taluqli bo’ladi: familiya, ismi-sharifi, tug’ilgan vaqti va joyi, fuqaroligi, ish joyi, oilaviy ahvoli, sudlanganlik to’g’risidagi ma`lumotlar, yashash joyi manzili va ish uchun ahamiyatli bo’lgan boshqa ma`lumotlar.
Ayblov xulosasining xulosa qismi tavsif-asoslantirish qismi bilan uzviy bog’liq bo’lishi va mantiqan undan kelib chiqqan bo’lishi, xulosa qismi tavsif-asoslantirish qismi mazmuniga to’liq muvofiq kelishi talab qilinadi. Ayblanuvchi bir necha jinoyatni sodir qilishda ayblanayotgan bo’lsa, unda har bir sodir qilgan jinoyati uchun alohida yuridik baho berilishi kerak. Guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishi bo’yicha har bir ayblanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar, ayblov shakli va JKning tegishli moddasi alohida ko’rsatib berilishi shart63.
Ayblov xulosasining yakunlovchi qismining elementlari quyidagilardir: a) ish qaysi sudning sudlovina tegishliligi to’g’risidagi ma`lumot; b) ayblov xulosasini tasdiqlash uchun ish qaysi prokurorga yuborilayotganligi to’risidagi ma`lumot; v) ayblov xulosasini tuzgan shaxsning imzosi; g) ayblov xulosasi tuzilgan joy va sana.
JPKning 354-moddasiga ko’ra dastlabki tergov tergovchilar gurihi tomonidan amalga oshirilganda ayblov xulosasini kim imzolaydi degan savol tug’iladi. Bunday hollarda dastlabki tergovni amalga oshirish topshirilgan tergovchilar guruhi rahbari ayblov xulosasini imzolashi lozim64 degan yondashuvni to’g’ri deb xisoblaymiz. CHunki, tergovda bir nechta tergovchilar ishtirok etgan holatlarda guruh rahbari bo’lgan tergovchi jinoyat ishini o’z yuritishiga qabul qilib oladi va dastlabki tergovning umumiy yo’nalishi va pirovard natijasi uchun, shuningdek jinoyat protsessining shu bosqichida bajariladigan har bir harakat va qarorning qonuniy hamda asoslangan bo’lishi uchun to’la javobgar bo’ladi.
JPKning 380-moddasiga asosan ayblov xulosasiga tergovchining fikricha sud majlisiga chaqirilishi lozim bo’lgan shaxslarning ro’yxati, shuningdek qo’llanilgan ehtiyot choralari, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi qancha vaqt qamoqda saqlanganligi to’g’risidagi, ashyoviy dalillar, fuqaroviy da`voni ta`minlash choralari, sud chiqimlari to’g’risidagi ma`lumotlar ilova qilinadi.
Sud majlisiga chaqirilishi lozim bo’lgan shaxslarning ro’yxatida ayblanuvchining, jabrlanuvchining, fuqaroviy davogarning va fuqaroviy javobgarning hamda ularing vakillarining, guvohlarning, ekspertlarning, mutaxassislarning, tarjimonlarning familiyasi va ismi-sharifi, ularning turar joyi manzili hamda ko’rsatuvlari yoki xulosalari ishning qaysi sahifasida bayon qilinganligi ko’rsatiladi.
Qo’llanilgan ehtiyot choralari to’g’risidagi ma`lumotnomada har bir ayblanuvchiga nisbatan qachon va qanday ehtiyot chorasi qo’llanilgani to’g’risidagi ma`lumotlar ko’rsatiladi. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo’llanilgan bo’lsa, qamoqda saqlangan muddati aniq ko’rsatilishi lozim.
Ashyoviy dalillar to’g’risidagi ma`lumotnomada jinoyat ishiga ilova qilingan narsalar va hujjatlarning ro’yxati, ularning saqlanayotgan joyi ko’satiladi.
Fuqaroviy da`voni ta`minlash choralari to’g’risidagi ma`lumotnomada qachon, kim tomonidan, kimga nisbatan va qancha summaga fuqaroviy da`vo qilingani haqidagi, fuqaroviy davogar va fuqaroviy javobgar haqidagi hamda qoplanishi lozim bo’lgan mulkiy ziyonning miqdori haqidagi ma`lumotlar, shuningdek, ko’rilgan chorlar, kimning qancha summadagi mol-mulki xatlangani, uning saqlanish joyi manzili keltiriladi.
Sud chiqimlari to’g’risidagi ma`lumotnomada ish yuzasidan dastlabki tergov o’tkazish bilan bog’liq chiqimlar miqdori ko’rsatiladi.
Ayblov xulosasining ilovasi tergovchi tomonidan imzolanadi.
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, ayblov xulosasi dastlabki tergovni tamomlovchi muhim protsessual hujjat xisoblanadi. Sud muhokamasida o’qib eshittiriladigan yagona protsessual hujjat ekanligi ayblov xulosasining alohida ahamiyatliligini bildiradi. SHu sababli ayblov xulosasini to’g’ri tuzish zarurdir.
2.5. Dastlabki tergovdagi protsessual hujjatlarni rasmiylashtirishda texnik vositalarni qo’llash masalalari
Surishtiruv va dastlabki tergov bosqichidagi protsessual harakatlarni qayd etish uchun ilmiy-texnika taraqqiyoti natijalari, yutuqlaridan foydalanishning keng imkoniyatlari sababli jinoyat protsessida ilmiy-texnika vositalarini qo’llash aktual masala bo’lmoqda.
Jinoyatni tez va to’la ochish uchun ilmiy-texnika vositalarini qo’llashning maqsadga muvofiqligi to’g’risidagi masalaning ilgari qo’yilishi hech qarshiliklar o’yg’otmaydi. YUz yildan ko’proq vaqt oldin P.V. Makalinskiy qayd etish uchun fotosuratninig ahamiyati to’g’risida shunday yozgan edi: “Ko’zdan kechirish qanchalik puxta va sinchiklab o’tkazilmasin, u qanchalik aniq, izchil, tasvirli va hatto badiiy bayon etilgan bo’lmasin yozma tasvirlash, bayon etish hech qachon fotosurat ko’rsatadigan yaqqol tasavvurni bera olmaydi”1. Ushbu fikrning to’g’riligi allaqachon amaliyotda o’z isbotini topgan. Dastlabki tergov organlari faoliyatida bir muncha mukammal ilmiy-texnika vositalaridan foydalanilmoqda. SHu bilan birga ilmiy-texnika vositalaridan foydalanishning reglamenti, hajmi, chegaralari, qo’llash shart-sharoiti va ularning yuridik tabiatining talqin qilinishi, izohlanishi hozirgi paytgacha jinoyat protsessi fanida munozarali masala bo’lib, huquqiy adabiyotlarda hamda jinoyat-protsessual qonuchilikda har xil izohlangan. Bu tergov texnika vositalari bazasiga tegishli ilmiy-texnika vositalarini kiritilishiga ham, ulardan foydalanish imkoniyatlari kengayishiga ham salbiy ta`sir ko’rsatmoqda.
Tergov amaliyotiga ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning yutuqlarini faol tadbiq etishsiz jinoiy ishlarni o’z vaqtida va sifatli tergov qilish va tekshirishning ilojisi yo’q. Tergovchilar o’z faoliyatlarida ilmiy-texnikaviy yutuqlardan to’la foydalanishmaydi. Buning asosiy sababi maxsus bilimlar va ilmiy-texnika vositalaridan foydalanish bo’yicha tavsiyanomalarning etarlicha aniq emasligi, shuningdek tergov harakatlarini o’tkazishda qayd etishning ilmiy-texnika vositalarini foydalanishni reglamentlashtiruvchi amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilikning mukammal emasligi. Natijada, amaliyot ko’rsatayotganidek, maqsadi tergovchining ishini tezlashtirish va engillashtirish bo’lgan qayd etishning ilmiy-texnika vositalaridan foydalanish o’z samaradorligini yo’qotmoqda. Qayd etishning ilmiy-texnika vositalaridan foydalanish bilan va ularsiz o’tkazilgan tergov harakati bayonnomasining bir hil isbotlovchi ahamiyatini hisobga olib, tergovchilar ko’pincha ma`lumotni mustahkamlashning bu vositalaridan foydalanishni istashmaydi, chunki ularni qo’llanishi tergov harakatlarini yuritishni murakkablashtiradi va qiyinlashtiradi.
Tergov harakatlarini o’tkazishda ilmiy-texnika vositalarini qo’llanishining protsessual shartlarining murakkabliligiga qaramay, ba`zi olimlar ularni foydalanishning protsessual reglamentlashtirishni yanada detallashtirishni taklif etishgan65.
Boshqalar esa, qayd etishning texnik vositalarining rivoji, xususan, tergov harakatining borishi va natijalarini aks ettirishning “ekspress-usullari”ning rivoji, tabiyki, tergov harakati bayonnomasining tavsiflash qismining bayonnomaga ilova evaziga qisqarishi kerakligini ta`kidlashmoda66.
Qayd etishning ilmiy-texnikaviy vositalarini qo’llanishini reglamentlashtirishda jinoyat-protsessual qonunchilikning bugungi ahvoli bu vositalarni dastlabki tergov jarayonida qo’llanish amaliyotidan ortda qolmoqda. Bunday holat qaysidir darajada amaldagi qonunda aks ettirilmagan ilmiy-texnika vositalarini qo’llanishi natijasida olingan isbotlovchi ma`lumotning maqbulligini shubha ostiga qo’yadi.
YUridik adabiyotlarda jinoyat protsessida ilmiy-texnika vositalaridan foydalanish masalasiga olimlar har xil yondashishgan.
Jinoyatni tergov qilish faoliyatida texnika vositalaridan foydalanishni belgilab beruvchi jinoyat-protsessual qonunchilikning tahlili ushbu normalarda muayyan texnika vositalarini qo’llashning usullari, metodlari (ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish va boshqalar) va ularni qo’llashdan olingan natijalar (fotosurat, negativlar, izlarning qoliplari, nusxalari va boshqalar)ning daliliy ahamiyati to’g’risida aytib o’tilgan deb xulosa qilishga imkon beradi.
Tergovda qo’llaniladigan ilmiy-texnikaviy vositalar, bizning fikrimizcha, maqsadiga ko’ra tasniflanadi.
Maqsadi bo’yicha ular topish; qayd etish; mustahkamlash, olib qo’yish va saqlash; kriminalistik ob`ektlarni ekspert tekshirishning ilmiy-texnik vositalariga bo’linadi.
Ilmiy-texnikaviy vositalarning mazkur klassifikatsiyasi ularni tartibga keltirishi, u yoki bu vositani, ularni tegishli tergov xarakatida foydalanish zaruriyatini hisobga olib ratsional tanlashni ta`minlashi bilan ahamiyatli xisoblanadi.
Ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning rivojlanishi qayd etishning ilmiy-texnika vositalarini qo’llanishidan olingan natijalarni mazmunining ham o’zgarishiga olib keldi. Dastlab ilovalar bo’lgan bu materiallar hozirda o’zga ahamiyatga egadirlar. Ular ko’pincha bayonnomalar oldida o’zlarining samaraligi va tushunarliligi tufayli afzalliklarga ega.
S.A. SHeyfer to’g’ri ta`kidlaganidek, axborotni uzatish usullaridagi farq amaliyotda shunga olib keladiki, ilovalar o’zining axborot mazmuni bo’yicha bayonnomalardan farq qiladi67.
Tanib olish uchun ko’rsatilgan shaxslar guruhi va ob`ektlarning fotosuratlari bo’yicha qonunning ko’rsatilayotgan shaxslar (ob`ektlar) tashqi ko’rinishi bo’yicha bir biridan keskin farq qilmasliklari kerakligi to’g’risidagi talabining saqlanishini tekshirish mumkin. Agar sud tanib olish uchun ko’rsatish bayonnomasini va ko’rsatilgan shaxslarning fotosuratlarini birgalikda baholab, fotosuratlardan tanib oluvchiga o’xshash bo’lmagan ob`ektlar ko’rsatilganiga ishonch hosil qilsa, u bu bayonnomani dalil sifatida rad etishga haqli, garchi bayonnomada tanib oluvchiga tashqi ko’rinishidan o’xshash ob`ektlar ko’rsatilgani aytilgan bo’lsa ham.
Tergov harakatlarini qayd etishning ilmiy-texnik vositalari materiallarini qo’llash amaliyoti amaldagi qonunchilikda ulardan foydalanishga nisbatan o’zgartirishlar bu materiallarga isbotlovchi ahamiyat berilishini talab qiladi.
Qayd etishning texnik vositalarining qo’llanishi (ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish) tergovchining sub`ektiv fazilatlari tufayli sezilmay qolishi mumkin bo’lgan holatlarni mustahkamlanishiga yordam berishi mumkin. Ko’zdan kechirishda, tintuvda, olib qo’yishda va boshqa tergov harakatlarida atrofdagi sharoitni (vaziyatni), izlarni va narsalarni o’zining dastlabki shaklida aks ettirish emas, balki bayonnomada tavsiflash yo’li bilan aks ettirish yuz beradi, bayonnomada qayd etilayotgan ma`lumot tergovchining ongidan o’tadi va bu ma`lumot yozish uchun qulay jumlalarga aylanadi va shu erda uning muayyan qismini yo’qotish xavfi mavjud. Ma`lumot asosan – ko’p yoki oz darajada qabul qilingan ma`lumotlarni bayonnomada aks ettirish paytida yo’qotiladi. Ma`lumotning yo’qotilish darajasi – tergov harakatining borishi va natijalarini bayonnomada tavsiflashni amalga oshiruvchi tergovchining ishining sifatiga bog’liq.
Amaliyot ko’rsatayotganidek, xatolar va kamchiliklarga tergov harakati bayonnomasining nafaqat kirish va yakuniy qismlarining protsessual shaklini saqlashda, balki uning tavsiflash qismini tuzishda ham yo’l qo’yiladi68.
Videoyozuvga tushirish va ovoz yozish yordamida bo’lib o’tgan yoki tergov harakati o’tkazilayotgan joyda sodir bo’layotgan voqealarning ob`ektiv tasviri, tasvirlanayotgan shaxslarning ta`riflab bo’lmaydigan emotsional holatlari qayd etiladi. Bundan tashqari, tergov harakatini videoyozuvga tushirish va ovoz yozib olish tugaganidan so’ng, uni orqaga aylantirib ko’rib chiqqandan so’ng videokamera qayta yoqiladi va ishtirokchilarning hammasi to’g’ri yozilgani, fikrlar va qo’shimchalar yo’qligi (yoki ularning fikr va qo’shimchalari) to’g’risidagi bildirishlarini qayd etadi. So’ngida yozib olishning texnik sharoitlari ko’rsatiladi. Bularning hammasi tegishli ma`lumotlarni qabul qilishni engillashtiradi.
SHu bois tergov harakatlarini o’tkazishda mazkur harakatining borishi va natijalari qayd etiladigan videoyozuvga tushirish qo’llanilgan bo’lsa, videoyozuv ko’rib chiqilgach, unda ishtirokchilarning yozuvning to’g’riligi haqida bildirishlari yoki fikrlari va qo’shimchalari hamda yozib olishning texnik sharoitlari qayd etilgan video kassetani ilova qilish evaziga tavsiflash qismini biroz qisqartirish kerakligi to’g’risidagi masalani ko’tarish taklif etiladi. Bu avval qayd etishning texnik vositalarini qo’llamagan tergovchilar uchun turtki bo’ladi va ularni qo’llanishiga yordam beradi.
JPKda qayd etishning ilmiy-texnika vositalaridan foydalanish faqat so’roq qilish, ko’zdan kechirish, murdani eksgumatsiya qilish va tergov eksperimenti to’g’risidagi qoidalarida ko’zda tutilgan (JPK 106, 136, 151, va 155-moddalari). Ushbu holat amaliyotda ko’pchilik hollarda tergovchilar faqat shu tergov harakatlarini qayd etishda texnik vositalardan foydalanish lozim, boshqa hollarda mumkin emas degan fikrga kelishlariga sabab bo’lmoqda. Vaholanki, fotos`emka, videoyozuvga olish va tasvirlashning boshqa vositalarini tintuvda (mahfiy joylar joylashgan er, yashirib qo’yilgan buyumlarni topish jarayoni, bu buyumlarning o’zlari), guvohlantirishda (jinoyat izlarining, alohida belgilarning turlari), tanib olish uchun ko’rsatishda (taniladigan shaxslar guruhining belgilari, tanib olish yuz bergan belgilar va hokazo), ko’rsatuvlarni hodisa sodir bo’lgan joyda tekshirishda (harakat yo’nalishini, jinoyat sodir etilgan joyni) va boshqa tergov harakatlarida qo’llanishi maqsadga muvofiq bo’ladi. Bizning fikrimizcha, aytilganlar asosan so’roq qilish, ko’zdan kechirish, murdani eksgumatsiya qilish va tergov eksperimenti to’g’risidagi (JPK 106, 136, 151, va 155-moddalari) moddalardan texnika vositalardan foydalanishni ko’zda tutuvchi qoidalarni chiqarib tashlash lozim deb xisoblaymiz hamda JPKning 91-moddasini quyidagi tahrirda bayon etishni taklif etamiz:
“Dalillarni qayd etish uchun bayonnoma tuzish bilan bir qatorda ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish, qoliplar tayyorlash, nusxalar olish, rejalar, sxemalar tayyorlash va axborotni aks ettirishning boshqa usullari qo’llanilishi mumkin. Ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish vositalari shuningdek gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi va guvohning talabiga ko’ra qo’llanilishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi, sud dalillarni mustahkamlashning bu usullarini qo’llanishga ko’maklashish uchun mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Tergov harakatlari natijasida olingan ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish materiallariga bayonnomalar bilan bir qatorda teng daliliy ahamiyatning berilishi, hamda bayonnomalarda videoyozuvga tushirishning qo’llanishiga asoslanib bu harakatlarning mazmunini qisqa bayon qilish imkoni qaysidir darajada bayonnomalar sifatining oshishi uchun sabab bo’lishi mumkin.
Tergov amaliyoti tadqiqoti shuni ko’rsatadiki texnik vositalar qo’llash natijasi(maxsullari) har doim ham ko’rgazmali yoki ikkilamchi ahamiyat kasb etavermaydi (bayonnomaga ilova singari). Qator hollarda ularning o’zi ham mustaqil daliliy ahamiyatga ega bo’lishi mumkin. Amaliyotda tergovchilarning ko’pchiligi bayonnomalardagi informatsion bo’shliqni to’ldirish uchun har doim texnik vositalarni qo’llash maxsullaridan dalilning manbasi sifatida foydalanishadi. SHuningdek, texnika vositalari ba`zida dalillarni qayd etish protsessida asosiy vazifalarni bajaradi. Masalan, bayonnomada qayd etish imkoniyati bo’lmagan ma`lumotlarni: devordagi yozuvlar, so’zlashuv nutqining xususiyatlari, yurish, qadam tashlashlardagi o’ziga xos belgilar va boshqalarni qayd etishda.
XULOSA
Jinoyat-protsessual huquqiga oid ilmiy-nazariy va yuridik adabiyotlarni, bu boradagi sud-tergov amaliyotini hamda statistik ma`lumotlarni tahlil qilish asosida dastlabki tergov organlari protsessual hujjatlarini va ularni tuzishni takomillashtirish yuzasidan taklif va xulosalarga kelindi:
Jinoyat protsessual hujjat deganda vakolatli mansabdor shaxs tomonidan qonun bilan o’rnatilgan protsessual shaklga rioya qilgan holda ish uchun ahamiyatga ega faktik ma`lumot yoki qarorlar mustahkamlangan hujjat tushuniladi.
Dastlabki tergovdagi protsessual hujjat deganda dastlabki tergovni olib borishga vakolatli mansabdor shaxsning jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilangan harakat hamda qarorlari protsessual shaklga solingan holda ifodalangan protsessual hujjat tushuniladi.
Protsessual hujjatlashtirish deganda vakolatli shaxslar tomonidan, jinoyat-protsessual qonunchilik qoidalariga asoslangan, jinoyatlarni ochish va odil sudlovni amalga oshirish maqsadida, protsessual harakatlar va qarorlarni, shuningdek, jinoyat ishi bo’yicha tergovning butun jarayoni va natijalarini jinoyat-protsessual hujjatlarda yoritilishiga qaratilgan faoliyat tushuniladi.
Ayblov xulosasi deganda dastlabki tergov natijalari asosida chiqariladigan, ishning holatlari har tomonloma va to’la o’rganilganligi hamda ishdagi dalillar etarligini tasdiqlovchi tergovchining ichki ishonchiga asoslangan ayblov fikri, xulosalari bayon etiladigan protsessual hujjat tushuniladi. Ayblov xulosasi shaxsga hamda ayblov predmetiga nisbatan sud muhokamasi doirasini belgilaydi, ayblanuvchiga sud muhokamasiga ishtirok etish uchun o’z vaqtida tayyorlanish imkonini berib, dastlabki tergovning barcha materiallarini tizimlashtiradi. Ayblov xulosasi ob`ektiv bo’lishi, yuridik asoslangan bo’lishi shuningdek, stilistik va grammatik talablarga to’liq javob berishi kerak.
Protsessual harakatlarda bayonnomalarni tuzish bilan bog’liq normalar takomillashtirilishi bayonnomalarni tuzishni yanada osonlashtirishga va unga nisbatan qonunchilik talablarini yanada aniqlashtirishga xizmat qilishini xiobga olgan holda JPKning 90-moddasiga quyidagi mazmundagi 4-qismni quyidagicha qo’shicha kiritishni taklif qilinadi:
“Tergov harakatlari bayonnomalari tergov harakatini o’tkazish jarayonida yoki uning tugashi bilanoq tuziladi. Bayonnomalar qo’lda yoki texnik vositalarni qo’llash orqali tuzilishi mumkin.”
6. Qayd etishning ilmiy-texnika vositalaridan foydalanishning samaradorligini oshirish va tartibga soluvchi normalarni takomillashtirish maqsadida JPKning 91-moddasini yangi tahrirda bayon etish taklif etiladi:
“Dalillarni qayd etish uchun bayonnoma tuzish bilan bir qatorda ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish, qoliplar tayyorlash, nusxalar olish, rejalar, sxemalar tayyorlash va axborotni aks ettirishning boshqa usullari qo’llanilishi mumkin. Ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish vositalari shuningdek gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi va guvohning talabiga ko’ra qo’llanilishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi, sud dalillarni mustahkamlashning bu usullarini qo’llanishga ko’maklashish uchun mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Tergov harakati boshlanishidan oldin ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish vositalari qo’llanilishi haqida ishtirokchilar xabardor qilinadi. Ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish vositalari qo’llanilgan tergov harakati tugaganidan so’ng ishtirokchilarga yozib olingan ovoz qo’yib eshittiriladi, videoyozuv, kinotasvir ko’rsatiladi. Fonogramma, videoyozuv, kinotasvir yuzasidan bildirilgan qo’shimchalar, tuzatishlar, fikr-mulohazalar, e`tirozlar fonogramma, videoyozuv, kinotasvirga kiritiladi. Ovoz yozish, videoyozuv yoki kinotasvirga olish ishtirokchilarning uning to’g’riligini tasdiqlovchi fikrlari bilan tugatiladi.
Surishtiruvchi, tergovchi, sud tomonidan dalillarni qayd etishning qanday usullari qo’llangani, foydalanilgan apparatlar, asboblar, uskunalar, materiallarning texnikaviy tavsifi keltirilib, tegishlicha tergov harakati bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
SHu bilan birga, ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish bilan o’tkazilgan tergov harakati bayonnomasida ovoz yozish, videoyozuv yoki kinotasvirga olish qo’llanilganligi, bu haqda ishtirokchilar xabardor qilinganligi, texnik vositaning tavsifi, ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish sharoiti, agar to’xtalishlar bo’lgan bo’lsa uning qancha vaqt davom etgani va sababi, yozib olingan ovoz, videoyozuv, kinotasvir ishtirokchilarga qo’yib eshittirilganligi, ko’rsatilganligi va ular tomonidan yozib olingan ovoz, videoyozuv, kinotasvir to’g’risida bildirilgan qo’shimchalar, tuzatishlar, fikr-mulohazalar, e`tirozlar qayd etiladi. Fonogramma, videoyozuv, kinotasma ish materiallarida saqlanadi va dastlabki tergov tugaganidan so’ng muxrlanadi.
Tergov harakatining faqat ma`lum bir qismini ovozini yozib olish, videoyozuv yoki kinotasvirga tushirishga va oldin berilgan ko’rsatmalarni ovoz yozib olish, videoyozuv yoki kinotasvirga tushirish uchun takrorlashga yo’l qo’yilmaydi.
Fonogramma, videoyozuv, kinotasma boshqa tergov harakati jarayonida qo’yib eshittirilsa yoki ko’rsatilsa bu haqda tegishli tergov harakati bayonnomasida belgilab qo’yiladi.
Ish materiallari bilan tanishtirishda fonogramma, videoyozuv, kinotasvir ayblanuvchi va uning himoyachisiga, iltimosnoma bildirilganda protsessining boshqa ishtirokchilariga qo’yib eshittirilishi yoki ko’rsatilishi mumkin.
Tergov yoki sud harakatining borishi va natijalari aks ettirilgan fotosuratlar, fonogrammalar, videoyozuvlar, kinotasvirlar, qoliplar, nusxalar, rejalar, sxemalar va boshqalar bayonnomaga ilova qilinadi. Har qaysi ilovada tergov yoki sud harakatining nomi, o’tkazilgan joyi, sanasi ko’rsatilgan izohlovchi matn bo’lishi lozim. Bu izohlovchi matnni surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida surishtiruvchi yoki tergovchi va xolislar, sudda esa, raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi o’z imzolari bilan tasdiqlaydilar.”
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI
Rahbariy adabiyotlar:
Karimov I.A.O’zbekiston demokratik taraqqiyotining yangi bosqichida. T.: O’zbekiston, 2005. - 32 b.
Karimov I.A. Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir. – Toshkent: O’zbekiston, 2005. – 96 b.
Karimov I.A. Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir. – Toshkent: O’zbekiston, 2005. – B. 46-47.
Karimov I.A. O’zbekistonning 16 yillik mustaqil taraqqiyot yo’li. – T.: O’zbekiston, 2007. - 34-b.
Karimov I.A. YUksak ma`naviyat – engilmas kuch. – Toshkent: Ma`naviyat, 2008. – 176 b.
Karimov I.A.O’zbekiston Konstitutsiyasi – biz uchun demokratik taraqqiyot yo’lida va fuqarolik jamiyatini barpo etishda mustahkam poydevordir. – Toshkent: O’zbekiston, 2009. – 32 b.
Karimov I.A. Asosiy vazifamiz – vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdir. – Toshkent: O’zbekiston, 2010. – 80 b.
Karimov I.A. Bizning yo’limiz – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish yo’lidir // Prezident Islom Karimovning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasi. – “Inson va qonun” gazetasi. – 2011 yil 8 dekabr’.
Karimov I.A. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so’zlagan nutqi. – “Xalq so’zi” gazetasi. – 2012 yil 17 mart.
II. Normativ-huquqiy hujjatlar:
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: O’zbekiston, 12.
O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi. – T.: Adolat, 2010.
O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi. – Toshkent: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, 2012. -384 b.
O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga sharhlar. Mas`ul muharrir: prof. G’.A. Abdumajidov. – T.: TDYUI nashriyoti, 2009. 950 bet.
O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi organlari faoliyatini tashkil qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar va Bosh prokurorning buyruqlari to’plami. – T., 2006. - 428-b.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorlari to’plami. 1991-2006. 2 jildli. – T.: Adolat, 2006. Birinchi jild. – B. 62.
O’zbekiston Respublikasining “Prokuratura to’g’risida (yangi tahriri)” 2001 yil 29 avgust Qonuni // O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. 2001 yil. 9-10-son. 168-modda.
O’zbekiston Respublikasining “Sudlar to’g’risida (yangi tahriri)” 2001 yil 14 dekabr’ Qonuni // O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. 2002 yil. 1-2-son.
III. Maxsus adabiyotlar:
Abdumajidov G’. Jinoyat-protsessual qonunchiligi, uni takomillashtirish – zarurat. Huquq va burch ijtimoiy-huquqiy jurnal. 2009. №4. 52-bet.;
Abdurahmonov U.A. Dastlabki tergovda rasmiylashtiriladigan protsessual hujjatlar va ularga sharh. –T.: TDYUI, 2007. 317 bet.;
Abdurahmonov U.A., Bazarova YU.B. Dastlabki tergov va sud boqichlarida rasmiylashtiriladigan protsessual hujjatlar va ularga
sharh. –T.: TDYUI, 2010. 388 bet.;
Davletov A.J. O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi asosida jinoyat protsessining surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida tuziladigan protsessual hujjatlar (talablar va tuzilish tartibi). Uslubiy qo’llanma. T., 1995. 8-b.;
Davletov A.Dj. Prokurorskiy nadzor: Uchebnik.–Nukus, 1999.–169-b.
Dastlabki tekshirishda jinoyat ishini qo’zg’atish va ehtiyot chorasini tanlash to’g’risidagi protsessual aktlar. Mualliflar jamoasi. T., 1985. B. 6 .
Jinoyat protsessi: (Maxsus qism). YUridik institut va fakul’tetlar talabalari uchun darslik. Z.F. Inog’omjonovaning umumiy tahriri
ostida. -T.: TDYUI nashriyoti, 2008. 382 bet.
Jinoyat protsessi: (Umumiy qism). YUridik institut va fakul’tetlar talabalari uchun darslik. Z.F. Inog’omjonovaning umumiy tahriri
ostida. -T.: TDYUI nashriyoti, 2008. 596 bet.
Jinoyat protsessi. Darslik. Z.F. Inog’omjonovaning umumiy tahriri ostida. T., 2007. B.382.
Jinoyat protsessi: (Maxsus qism): YUridik oliy o’quv yurtlari va universitetlarining yuridik fakul’tetlari uchun talabalari uchun darslik (Z.F. Inog’omjonovaning umumiy tahriri ostida).-T.: “Adolat” 2008. ;
Jinoyat protsessi: (umumiy qism). YUridik oliy o’quv yurtlari va universitetlarining yuridik fakul’tetlari uchun talabalari uchun darslik (Z.F. Inog’omjonovaning umumiy tahriri ostida).-T.: “Adolat” 2008. ;
Inog’omjonova Z.F. Jinoyat ishlari bo’yicha protsessual hujjatlar.
–T.: TDYUI nashriyoti, 2009. 414 bet.
Inog’omjonova Z.F.; Abdurahmonov U.A. Jinoyat ishlari bo’yicha protsessual hujjatlar. T:. 2007. 19-b.;
Inog’omjonova Z.F., To’laganova. G.Z. Jinoyat protsessi muammolari. O’quv qo’llanma./ yu.f.d., prof Abdumajidov G’.A. umumiy tahriri ostida.
–T.: TDYUI nashriyoti, 2006. –B. 340.
Inog’omjonova Z.F., To’laganova G.Z. “Jinoyat-protsessual huquqi” fanidan o’quv-uslubiy qo’llanma. –T.: TDYUI nashriyoti, 2010. 441 bet.
Inog’omjonova Z.F., To’laganova G.Z. “Jinoyat protsessi” fanidan o’quv-uslubiy qo’llanma. –T.: TDYUI nashriyoti, 2008. 401 bet.
Inomjonov SH.X. Dalillar nazariyasi muammolari. O’quv qo’llanma. / yu.f.d., prof. G’.A. Abdumajidovning tahriri ostida. -T.: 2006 yil. –B. 25.
Mustafoev S. O’zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorligi // Zamonaviy xalqaro munosabatlar va O’zbekiston Respublikasida islohotlarning dolzarb muammolari: Ilmiy–amaliy konferentsiya materiallari to’plami. – Toshkent, 2007. – B. 60–64.
Muhammadiev A.A. Dalillar nazariyasi muammolari. YUridik oliy o’quv yurtlari va universitetlarining yuridik fakul’tetlari talabalari (magistrantlari) uchun darslik (yu.f.d., prof. Z.F. Inog’omjonovaning umumiy tahriri ostida). –T.: TDYUI nashriyoti, 2008. –B.39;
Po’latov YU.S., Xidoyatov B.B. Surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish. O’quv qo’llanma. – T.: TDYUI, 2007. – B. 30-31.
Raxmonqulov A.X. Ichki ishlar organlarida dastlabki tergov. Darslik. –T.: - Uz.R. IIV Akademiyasi, 2005. 80-b.;
SHodiev G’. Jinoyat ishlarini sudga qadar yuritish bosqichida sud nazoratining ob`ekti sifatida shaxsning huquq va erkinliklarini cheklovchi tergov harakatlari // Sud-huquq islohotlari: hozirgi holati va takomillashtirish istiqbollari. Ilmiy-amaliy konferentsiya materiallari.
– Toshkent: TDYUI, 2007. - B. 132.
Esanov M.G., Obidov M.H., Alaev SH.P. Tergovchi (tergovchining kasbiy sifatlari, protsessual huquq va vakolatlari, ayrim tergov harakatlarini o’tkazish usullari va dastlabki tergov protsessual hujjatlari na`munalari) M.A. Mirzaevning umumiy tahriri ostida. – T: G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. – 680 b.
O’zbekiston Respublikasi yuridik entsiklopediyasi. –T.: Adolat. 2009. – B. 655-656.
Huquqni muxofaza qilish organlari / M.X. Rustamboev, E.N. Nikiforova va b.; Z.F. Inog’omjonovaning umumiy tahriri ostida.
–T.: O’kituvchi, 2005. - 495 b.
Do'stlaringiz bilan baham: |