Janubiy Afrika Respublikasi
Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) (afrikaanscha: Republiek van Suid-Africa; ing: Republic of South Africa) — Afrika janubdagi mamlakat. Maydoni 1221 ming km². Aholisi 60 mln. kishidan ortiq (2021). Poytaxti—Pretoriya shahri Maʼmuriy jihatdan 9 viloyat (provinsiya)ga boʻlinadi.
Davlat tuzumi
Janubiy Afrika Respublikasi — federalizm nishonalari boʻlgan unitar respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. 1997-yil 4-fevraldan kuchga kirgan konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshligʻi — prezident. Milliy assambleya tomonidan uning aʼzolari orasidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 2 palatali parlament. U viloyatlarning Milliy kengashi (yuqori palata) va Milliy assambleya (quyi palata)dan iborat. Ijrochi xokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati
Janubiy Afrika Respublikasi hududining yer yuzasi, asosan, plato va yassitogʻliklardan iborat. Qirgʻoqlari deyarli tekis, sohil boʻylab togʻ tizmalari joylashgan. Oranj daryosidan shimolda Kalahari tekisligi bor. Platolarning sharqiy sohilidagi kambar pasttekislikka, janubda Katta Karru soyligiga tik tushgan qismi Katta Jarlik deb ataladi. Drakon togʻlari uning sharqiy qismidir. Drakon togʻlaridagi Tabana-Ntlenyana choʻqqisi (3482 m) Janubiy Afrikadagi eng baland nuqtadir. Katta Karru soyligidan janubda Kap togʻlari (balandligi 2326 m gacha) bor. Iqlimi, asosan, tropik, 30° j. k.dan janubda subtropik. Katta Jarlik Hind okeanidan esuvchi nam shamollarni tusib, ichki hududlarga oʻtkazmaydi. Sharqiy sohilda va Katta Jarlikning sharqiy yon bagʻrida dengiz iqlimi, yillik yogʻin 1000-2000 mm, eng issiq oyning oʻrtacha temperaturasi 25°, sovuq oyniki 18°. Kontinental iqlimli ichki platolarda yillik yogʻin sharqda 750 mm gacha, gʻarbda 150 mm gacha. Yoz oylarining oʻrtacha temperaturasi 27°, janubi-gʻarbida 18°. Subtropik iqlimli janubi-sharqida yillik yogʻin 600-1000 mm, yoz oylarining urtacha temperaturasi 21 — 24°, qish oylariniki 14—17°. Choʻl va chala chul iqlimli gʻarbiy sohili sovuq Bengela oqimi taʼsirida, yillik yogʻin 60-100 mm, yoz oylarining urtacha temperaturasi 15°, qish oylarniki 11°.
Eng yirik daryosi — Oranj (Vall va Kaledon irmoqlari bilan). Shimoli-sharada Limpopo daryosi bor. Hind okeaniga quyiluvchi boshqa daryolari qisqa, sersuv va serostona. Ichki platolardagi daryolar yilning koʻp vaqtida qurib yotadi. Mamlakat hududining 2 % oʻrmon. Mamlakatning sharqiy sohilida shimoliy chegaradan 30° j. k.gacha qizil va qizil-qoʻngʻir tuproqli yerlarda savanna, daryo vodiylarida palma oʻrmonlari bor. Togʻ vodiylarida tropik sernam oʻrmonlar uchraydi. Durbandan Mosselbay shahrigacha boʻlgan sohildagi qoʻngʻir tuproqli yerlarda subtropik oʻrmonlar, Kap togʻlari yon bagʻrida doim yashil butazorlar, platolardagi qizil-qungʻir va qora tuproqli yerlarda baobab va butali savannalar bor. Kalahari tekisligida chul oʻsimliklari oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan arslon, qoplon, yovvoyi mushuk, qashqir, kiyik, zebra, jirafa, fil, karkidon, hasharotlardan termitlar, setse pashshasi, bezgak chivini va boshqa bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |