6. Davlat korxonalari – yuridik shaxs sifatida
O`zbekiston Respublikasi FK, 70-modda muvofiq, unitar korxona deb o`ziga biriktirib qo`yilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor tomonidan mulk huquqi berilmagan tijoratchi tashkilotga aytiladi. Bu korxonaning mulki bo`linmasdir va u qo`shilgan hissalar (ulushlar, paylar) bo`yicha, shu jumladan, korxona xodimlari o`rtasida ham taqsimlanmaydi. Unitar korxonaning mol-mulki unga xo`jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida tegishlidir. Unitar korxona o`z majburiyatlari bo`yicha o`ziga qarashli mol-mulk bilan javob beradi. Unitar korxona o`z mol-mulk egasining majburiyati bo`yicha javob bermaydi.
FK, 71-moddada belgilanishicha, yuridik shaxs huquqiga ega bo`l-gan, xo`jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona mulkdorning yoki u vakil qilgan organning qaroriga muvofiq tashkil etiladi. Korxona-ning ta`sis hujjati belgilangan tartibda tasdiqlangan ustavidan iborat. Xo`-jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona o`z mol-mulkining bir qismini xo`jalik yuritish uchun belgilangan tartibda topshirish yo`li bilan yuridik shaxs bo`lgan boshqa unitar korxona (sho`ba korxona) tashkil etishi mumkin. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat orga-nining qaroriga muvofiq davlat mulki bo`lgan mol-mulk negizida operativ boshqarish huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi (davlat korxonasi) tashkil etilishi mumkin. Operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat korxonasining firma nomi uning davlat korxonasi ekanligini ko`rsatib turadi, korxonaning mol-mulki yetarli bo`lmaganida davlat korxona maj-buriyatlari bo`yicha subsidiar javobgar bo`ladi.
Davlat korxonasi uni tuzgan davlat organining qaroriga muvofiq qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin (FK, 72-modda).
Davlat korxonasining asosiy ta`sis hujjati bu – uning ustavidir. Davlat korxonasi ana shu ustav asosida ish olib boradi. Ustavda quyidagilar belgilanadi: korxonaning nomi, joylashgan yeri, mol-mulki va mablag`lari, xo`jalik faoliyati turi, faoliyat predmeti, mehnatni tashkil qilish va unga haq to`lash, korxona boshqaruvi, hisoboti, korxona faoliyatini qayta tashkil qilish va tugatish haqidagi qoidalar.
Ishlab chiqarish kooperativlari – yuridik shaxs sifatida
Fuqarolarning shaxsiy ishtiroki, a`zolarning (ishtirokchilarning) mulki bilan qo`shiladigan pay badallarini birlashtirish asosida birgalikda ishlab chiqarish yoki boshqa xo`jalik faoliyatini olib borish uchun a`zolik negizidagi ixtiyoriy birlashmasi ishlab chiqarish kooperativi hisoblanadi. Qonunda va ishlab chiqarish kooperativining ta`sis hujjatlarida uning faoliyatida a`zolik asosida yuridik shaxslar ham ishtirok etishi nazarda tutilishi mumkin (FK, 69-modda).
Ishlab chiqarish kooperativining a`zolari kooperativning majburiyat-lari bo`yicha qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan miqdorlarda va tartibda subsidiar javobgar bo`ladilar.
Kooperativning firma nomi kooperativ nomini va “ishlab chiqarish kooperativi” degan so`zlarni o`z ichiga olgan bo`lishi kerak. Ishlab chiqa-rish kooperativlarining huquqiy mavqei va a`zolarining huquqiy burchlari Fuqarolik kodeksi hamda boshqa qonunlar bilan belgilanadi. Kooperativ fuqarolar istagi bilan yoki yuridik shaxslarning tashabbusi bilan mutlaqo ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi. Kooperativ a`zolari bo`lgan fuqarolar-ning soni uch kishidan kam bo`lmasligi kerak.
Kooperativ mustaqil tarzda ham, mulkning har qanday shakliga mansub korxonalar, muassasalar, tashkilotlar huzurida ham tashkil etilishi va faoliyat ko`rsatishi mumkin.
Kooperativning ustavi kooperativ ta`sis etishni istagan fuqarolarning umumiy yig`ilishida yoki yuridik shaxslar muxtor vakillarining yig`ilishi-da qabul qilinadi va kooperativ joylashgan yerdagi tuman hokimligida ro`yxatga olinadi.
Kooperativning oliy boshqaruv idorasi umumiy yig`ilishi –konferen-siya, syezd bo`lib, ular kooperativ raisini (boshqaruvini), taftish komis-siyasini (taftishchini) saylaydi va ularga kooperativni boshqarish bo`yicha o`z vakolatlarini topshiradi.
Kooperativning mol-mulki o`z a`zolarining pul va moddiy badallari, banklarning kreditlari, o`zi ishlab chiqargan mahsulotlar, bu mahsulotlarni sotishdan, kooperativ ustavida nazarda tutilgan o`zga xil faoliyatdan kelgan daromadlar hamda qonunlarda man etilmagan boshqa manbalar hisobiga hosil bo`ladi.
Kooperativ o`z faoliyatini quyidagi hollarda tugatadi:
1. Mol-mulk egasining yoki u vakolat bergan organning qaroriga yoxud sudning hal qiluv qaroriga muvofiq;
2. Agar ro`yxatga olingandan bir yil o`tgach ishlab chiqarish, xo`jalik faoliyatini boshlamasa yoki amalda to`xtatib qo`yilgach, daromadlar to`g`risidagi deklaratsiyani topshirgan vaqtdan boshlab bir yil davomida faoliyatini boshlamasa;
3. Olti oydan ko`proq vaqt davomida to`lovga qobiliyatsiz bo`lsa;
4. O`zbekiston Respublikasi qonunlarida ko`zda tutilgan boshqa hollarda[51].
Kooperativ tugatilgan taqdirda unga nisbatan haqdorlar va yollanib ishlovchilarning da`volari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulki koope-rativ a`zolari o`rtasida ustavda ko`rsatilgan tartibda taqsimlanadi.
Matlubot kooperativi – yuridik shaxs sifatida
Ishtirokchilarning moddiy (mulkiy) ehtiyojlarini qondirish maqsadi-da fuqarolarning a`zoligiga asoslangan ixtiyoriy birlashmasi matlubot kooperativi hisoblanadi va birlashuv uning a`zolari tomonidan o`z mulkiy (pay) badallarini qo`shish yo`li bilan amalga oshiriladi (FK, 73-modda).
Matlubot kooperativi ustavida quyidagi ma`lumotlar bo`lishi kerak: kooperativ a`zolari qo`shadigan pay badallarining miqdori, kooperativ a`zolari pay badallarining tarkibi va ularning qo`shish tartibi, badalni qo`shish majburiyatini buzganlik uchun javobgarlik, kooperativni boshqa-rish organlarining tarkibi va vakolatlari, ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan, qarorlar bir ovozdan yoki ovozning ko`pchiligi bilan qabul qilinadigan masalalar va shuningdek, kooperativ ko`rgan zarar-larni kooperativ a`zolari tomonidan to`lash tartibi to`g`risidagi masalalar ko`rsatiladi[52].
Matlubot kooperativining nomida uning faoliyatini asosiy maqsadi ko`rsatilishi, shuningdek “kooperativ” so`zi yoki “matlubot jamiyati” degan so`zlar bo`lishi kerak.
Matlubot kooperativining a`zolari uning majburiyatlari bo`yicha har bir kooperativ a`zosi to`laydigan qo`shimcha badalning to`lanmagan qismi doirasida subsidiar javobgar bo`ladilar. Bu holda kooperativ a`zolari solidar javob beradilar (FK, 73-modda, 5-band).
Matlubot kooperativining tijorat faoliyatiga nisbatan Fuqarolik kodeksining tijoratchi tashkilotlar to`g`risidagi qoidalari qo`llaniladi.
O`zbekiston Respublikasi Matlubot kooperatsiyasi xalqaro koope-rativ alyansida va boshqa xalqaro tashkilotlarda qatnashishi mumkin[53].
Jamoat birlashmalari – yuridik shaxs sifatida
O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida belgilangan huquqlari, erkinliklarini va siyosat, iqtisod, ijtimoiy rivojla-nish, fan-madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda ro`yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolar-ning xohish-irodalarini erkin bildirishi natijasida vujudga keladigan ixtiyo-riy tuzilma jamoat birlashmasidir. Siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar, yoshlar va bolalar tashkilotlari, faxriy va nogironlar uyushmalari, ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma`rifiy va boshqa ko`ngilli jamiyatlar, ijodiy uyushmalar, yurtdoshlar birlashmalari, fondlar, assotsiatsiyalar va fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmasi deb ataladi.
Faoliyati jamiyatning axloqiy negizlarini, umumbashariy insonparvar-lik qadriyatlarini buzishga qaratilgan, shuningdek, konstitutsion tuzumni g`ayriqonuniy yo`l bilan o`zgartirish yoki O`zbekiston Respublikasi xudu-dining birligini buzish, urushni, zo`ravonlikni va shafqatsizlikni, jamiyatni parchalashga olib boradigan ijtimoiy, shu jumladan, sinfiy; shuningdek, irqiy, milliy va diniy adovatni avj oldirish, qonun bilan ta`qiqlangan bosh-qa xatti-xarakatlar qilish maqsadini ko`zlaydigan jamoat birlashmalarining tuzilishiga yo`l qo`yilmaydi. Harbiylashtirilgan jamoat birlashmalari va qurolli tuzilmalar, shuningdek, diniy xarakterga ega partiyalar, ularning filiallari va boshqa struktura bo`laklari tashkil etish ta`qiqlanadi.
Jamoat birlashmalari qonunda ko`rsatilgan miqdordan kam bo`lma-gan tashabbuskor guruh tomonidan tuziladi[54]. Buning uchun ta`sis qurul-toyi yoki umumiy yig`ilish chaqirib, unda ustav va rahbar organlari tasdiqlanadi.
Ustavda quyidagilar ko`rsatiladi:
1. Jamoat birlashmasining nomi, maqsadi va vazifasi.
2. Jamoat birlashmasining o`z faoliyatini amalga oshiradigan hudud ichki tuzilishi.
3. Jamoat birlashmasiga qabul qilish shartlari va tartibi.
4. Jamoat birlashmasi a`zolarining huquq va burchlari.
5. Jamoat birlashmasidagi uning tashkilotlari, rahbar organlarining vakolatlari va ularni tuzish tartibi.
6. Jamoat birlashmasi mablag`lari va uning vujudga kelish manbalari.
7. Jamoat birlashmasining manzilgohi.
8. Ustavga o`zgartirishlar kiritish tartibi.
9. Jamoat birlashmasi faoliyatini to`xtatish tartibi.
Xalqaro jamoat tashkilotlarining, respublika, viloyatlararo birlashma-larning ustavlari O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro`yxatga olinadi. Viloyat, tuman, shahar hududlarining doirasida amal qiluvchi birlashmalar viloyat hokimligi Adliya boshqarmalarida ro`yxatga olinadi. Jamoat birlashmalari va ularning tashkilotlari ustavi ro`yxatga olingandan boshlab yuridik shaxs huquqini oladi. Siyosiy partiyalar xo`jalik faoliyati bilan shug`ullanishlari mumkin emas.
O`z oldiga siyosiy maqsadlarni qo`ygan jamoat birlashmalari esa xo`jalik faoliyati bilan shug`ullanishi mumkin, lekin bu haqda ularning ustavlarida ko`rsatilishi kerak.
Jamoat birlashmalari faoliyati asosan O`zbekiston Respublikasining «Jamoat birlashmalari to`g`risida[55]»gi, «Siyosiy partiyalar to`g`risida[56]» gi, «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to`g`risida[57]» gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida»[58]gi qonunlari va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Jamoat fondi – yuridik shaxs sifatida
FK, 75-moddada jamoat fondlarga quyidagicha ta`rif berilgan: fuqa-rolar va(yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo`shish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma`rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko`zlaydigan, a`zolari bo`lmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi hisoblanadi[59].
Jamoat fondiga uning muassislari(muassisi) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan o`tkazilgan mol-mulk fondning mulkidir. Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma bo`yicha tashkil etilganda vasiyatno-mani ijro etuvchi fondning majburiyatlari bo`yicha javob bermaydilar. Fond esa, o`z muassislari(muassisi) ning yoki vasiyatnomani ijro etuvchi-ning majburiyatlari uchun javob bermaydi.
Jamoat fondining mol-mulkidan o`z ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda ma`muriy xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi. Jamoat fondi qonun hujjatlariga muvofiq, o`z ustavida na-zarda tutilgan maqsadlarga to`g`ri keladigan doirada tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga haqli. Jamoat fondlar tijorat tashkilotlari ustav fondidagi(ustav kapitalidagi) ishtiroki qonun hujjatlarida belgilangan tar-tibda amalga oshiriladi. Jamoat fondlari har yili o`z faoliyati to`g`risida hisobot e`lon qilishi shart.
Jamoat fondini boshqarish tartibi va uning organlarini shakllantirish tartibi ustavi bilan belgilanadi.
Jamoat fond ustavida quyidagi ma`lumotlar bo`lishi kerak: Jamoat fondining ustavida fondning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), jamoat fondi faoliyatini boshqarish tartibi, fond organlarining tuzilishi, akolatlari va shakllantirilish tartibi, fond organlarining mansabdor shaxs-larini tayinlash(saylash) va ularni lavozimidan ozod qilish tartibi, fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari, fondning, uning vakolatxonalari hamda filiallarining mol-mulkini boshqarish borasidagi huquq va majbu-riyatlari, fond vakolatxonalarini ochish va filiallarni tashkil etish tartibi, fondni qayta tashkil etish va tugatish tartibi, fond tugatilganida uning mol-mulkidan foydalanish tartibi, fondning ustaviga o`zgartirish va qo`shim-chalar kiritish tartibi kabi masalalar.
Jamoat fondining ustavida fondning belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazilgan ramziy belgisining tavsifi, shuningdek, qonun hujjatlariga zid bo`lmagan boshqa qoidalar ham bo`lishi mumkin.
Jamoat fondlari asosan, FK va O`zbekiston Respublikasining «No-davlat notijorat tashkilotlari to`g`risida»gi qonuni bilan tartibga solinadi. Ushbu qonunlarning samarasi sifatida bugungi kunda mamlakatimizda yuzlab jamoat fondlar, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda joylashgan fondlarning filiallari yoki vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.
Muassasalar – yuridik shaxs sifatida
Davlat muassasalari yuridik shaxs sifatida davlat budjetida turadigan va mustaqil smetaga ega bo`ladigan davlat muassasalari ishlab chiqarish bilan bog`liq bo`lmagan faoliyat, chunonchi, ma`muriy idora etish yoki ijtimoiy-ma`naviy ishlarni boshqarishni amalga oshiradi. Bular jumlasiga mustaqil smetaga, rahbarlarni kredit taqsimlash huquqiga ega muassasalar (shifoxonalar, oliy o`quv yurtlari, teatrlar, sud-prokuratura va boshqalar) kiradi. Yuridik shaxs hisoblangan davlat muassasalari o`z nizomlari doira-sida o`zlari yuritayotgan vazifalarni amalga oshirib, turli fuqarolik bitim-lari tuzadilar, o`zlariga biriktirilgan mulkdan operativ boshqarish huquqi asosida foydalanadilar. Davlat organlari o`z qarzlari uchun javobgar bo`ladi. Biroq mablag`i yetmasa, belgilangan tartibda davlat ham uning uchun javobgar bo`lishi mumkin.
Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari – yuridik shaxs sifatida
O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida”gi qonuni takidlanganidek, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarishi – bu fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlan-gan, ularning o`z manfaatlaridan, tarixiy xususiyatlaridan, milliy va ma`na-viy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an`analardan kelib chiqqan holda mahalliy ahamiyatga ega bo`lgan masalalarni hal qilishlaridir.
Mahalliy o`zni o`zi boshqaruv organlari ichida mahalla alohida o`rinni egallaydi. O`zbekiston Respublikasida 1990-yil 31-oktabrda qabul qilingan «Mulkchilik to`g`risida»gi qonunning 10-moddasida “Mahallalar egalik qiladigan, foydalanadigan va tasarruf etadigan mol-mulk mahalla aholisining birgalikdagi mehnat faoliyati yoki ularning mushtarak daro-madlari, shuningdek mazkur mol-mulkdan xo`jalik maqsadlarida foydala-nishdan kelgan tushumlar, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari moddiy va xayriya yo`sinidagi yordamlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari beradigan moddiy va moliyaviy resurslar asosida vujudga keltirilgan mol-mulkdan iborat”, – deyiladi.
Mahallada istiqomat qiluvchi aholi mahalla mulkining subyektidir. O`zi saylab qo`ygan organlar mahalla mulkini to`la xo`jalik yuritish asosida egallaydi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Yuqorida ta`kidlangan qoidalarga ko`ra mahallaga to`la yuridik shaxs huquqi berildi. Binobarin, mahalla turli fuqarolik-huquqiy munosabatlarida ishtirok etishi mumkin.
Yuridik shaxslarning filiallari va vakolatxonalari
Yuridik va jismoniy shaxslar o`z vazifalarini amalga oshirish va aholiga yaqindan xizmat ko`rsatish maqsadlarida o`z filiallari (bo`limlari, idoralari, agentliklari)ni tashkil etishlari mumkin. Filial yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida bo`linmasidir (FK, 47-modda, 2-band).
Filial yuridik shaxsning tarkibiy qismi bo`lib, mustaqil yuridik shaxs hisoblanmaydi va muayyan bir joyda yuridik shaxsning vazifalarni bosh-qarishga xizmat ko`rsatish maqsadida tuziladi.
Filiallar o`zlariga berilgan vakolatlar doirasida ba`zi yuridik harakat-larni qilishlari mumkin. Ammo bunday harakatlar natijasida olingan maj-buriyatlar yuzasidan yuridik shaxs mulkiy javobgar bo`ladi.
«Chet el investitsiyalari to`g`risida»[60]gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida ko`rsatilishicha, chet el investitsiyalari ishtiroki-dagi korxona ushbu Qonun talablariga rioya etgan holda O`zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs huquqiga ega bo`lgan sho`ba korxonalar, filiallar, shuningdek yuridik shaxs bo`lmagan vakolatxonalar va boshqa alohida bo`limlar ochishi mumkin.
Vakolatxona yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylash-gan, yuridik shaxs manfaatlarini ifodalaydigan va ularni himoya qiladigan alohida bo`linmadir. Qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo`lsa, vakolatxona va filiallar yuridik shaxs hisoblanmaydi. Ular o`zlarini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan mol-mulk bilan ta`minlanadilar hamda u tasdiqlagan nizomlar asosida ish olib boradilar. Vakolatxona va filiallar-ning rahbarlari yuridik shaxs tomonidan tayinlanadi hamda uning ishonch-nomasi asosida ish olib boradi (FK, 47-modda).
Vakolatxona va filiallar ularni tashkil etgan yuridik shaxsning ta`sis hujjatlarida ko`rsatilgan bo`lishi kerak.
Yuridik shaxslarning tovar belgilari, xizmat ko`rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlariga bo`lgan huquq
O`zbekiston Respublikasida tovarlar ishlab chiqaradigan, xizmatlar ko`rsatadigan va xo`jalik-tijorat faoliyati bilan shug`ullanadigan hamda fuqarolik muomalasida qatnashadigan har bir yuridik shaxs o`zigagina xos tovar belgisi va xizmat ko`rsatish belgisiga ega bo`ladi. Bu belgilar bir yuridik shaxsning tovarlari va xizmatlarini o`zga yuridik shaxslarning turdosh tovarlari va xizmatlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan belgilardir.
ovar belgisi sifatida so`zlar, tasvirlar, qabariq va boshqa belgilar yoki ularning jamlama ifodasi ro`yxatdan o`tkaziladi.
Tovar belgisini ro`yxatdan o`tkazish to`g`risidagi talabnoma yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan shaxsan yoki patent idorasida ro`yxatga olingan patent vakili orqali berilishi mumkin.
Jamoat manfaatlariga, insoniylik va axloq qoidalariga zid bo`lgan belgilar tovar belgisi yoki tovar belgisining qismi sifatida ro`yxatdan o`tkazilishiga yo`l qo`yilmaydi.
Tovar belgisining egasi ushbu belgidan foydalanishda va uni tasarruf etishda, shu jumladan, undan o`zga shaxslar foydalanishiga ruxsat berish yoki ta`qiqlab qo`yishda mutloq huquqqa egadir.
Tovar belgisidan qonunga zid ravishda foydalangan yuridik va jismoniy shaxslar O`zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq javobgar bo`ladilar.
O`zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari tovar belgilarini boshqa davlatlarda ro`yxatdan o`tkazish yoki xalqaro miqyosda ro`yxatdan o`tkazish huquqiga ega.
Xulosa
Chet el yuridik shaxslari xalqaro shartnomalarga yoki o`zaro ham-korlik asosida tovar belgilari va xizmat ko`rsatish belgilari to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi qonunida nazarda tutilgan huquqlardan O`zbe-kiston Respublikasining yuridik shaxslari bilan bab-baravar foydalana-dilar. Agar O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida O`zbe-kiston Respublikasi tovar belgilari va xizmat ko`rsatish belgilari to`g`-risidagi qonundan farq qiluvchi o`zgacha qoidalar belgilangan bo`lsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari qo`llaniladi.
Har bir mamlakat, mintaqa, ma`lum bir hudud o`z iqlimi, havosi, tuproq tarkibi, o`simlik va hayvonot dunyosi va boshqa tabiiy sharoitlari bilan o`ziga xosdir. Ba`zan bu o`ziga xoslik o`sha hudud doirasida ishlab chiqariladigan tovarlar, bajariladigan ishlar, ko`rsatiladigan xizmatning o`ziga xos alohida sifat belgilariga ega bo`lishini ta`minlaydi. Boshqa joydagi aynan o`shanday ishlab chiqilgan tovarlar, bajariladigan ishlar yoki ko`rsatiladigan xizmatlar o`shanday sifatga, belgilarga ega bo`lmaydi. Binobarin, ma`lum geografik hududning tabiiy sharoitlari yoki boshqa omillar (asosan o`sha joyda yashovchilarning kasbi malakasi, mahorati) bilan uzviy bog`liq ravishda tayyorlangan tovarlar boshqa joyda tayyor-langan aynan shunday tovarlarga nisbatan xaridorgir, yuqori sifatli, alohida xususiyatli, raqobatbardoshli hisoblanadi. Bozorda ushbu tovar tayyor-langan joyning nomi tovarning ma`lum sifati, xususiyatga ega ekanligi haqida o`ziga xos sertifikat hisoblanadi. Masalan, «Borjomi», «Yessen-tuki», «Toshkent» suvlari, Uchqora mayizi, Urgut tamakisi, Yangiqo`rg`on anjiri, Quva anori va h.k. Ba`zan tovar tayyorlangan joyning tabiiy shart-sharoitlari emas, balki o`sha joyda yashovchi aholining ma`lum bir kasb-xunarga, mahsulot tayyorlashga bo`lgan alohida mahorati, malakasi ushbu tovarning sifatini belgilashda alohida muhim omil bo`lishi ham mumkin. Masalan: Chust pichog`i, Samarqand noni, Xiva gilami va h.k.
Tovar chiqarilgan (tayyorlangan) joy nomi sifatida mamlakat nomi ishlatilishi (Braziliya kofesi, Eron gilami, Gruziya choyi), aholi punkti yoki mintaqaviy hudud nomi (Toshkent suvi, Chust pichog`i) umuman, qandaydir geografik obyekt nomi (masalan, Tyan-Shan suvi) qo`llanilishi mumkin. Bunday maqsadlarda o`sha geografik obyekt tarixiy nomi ishlatilishi mumkin (Shampan sharobi, Kogor sharobi va h.k.) Bunda eng asosiysi o`sha joyda ishlab chiqarilgan tovarning yuqori sifati, alohida belgilarga ega ekanligi va xuddi shu holat tovarlar bozorida, xaridorlar orasida ma`lum ahamiyatga ega ekanligidir[61].
Tovarlarning kelib chiqish mamlakatlarini aniqlash qoidalari 1988-yil 8-aprelda Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olingan [62].
Tovar kelib chiqqan joy nomi O`zbekiston Respublikasi Patent ido-rasi ro`yxatidan o`tkazdiriladi[63]. Bunda asos bo`lib FK 1108-moddaning ikkinchi qismida belgilangan talablarga ishlab chiqariladigan tovarning javob berishi va ayni o`shanday tovar ishlab chiqaruvchining o`sha hudud doirasida faoliyat yuritishi hisoblanadi (Masalan, Surxondaryoda faoliyat yuritayotgan hunarmand o`z mahsulotini Chust pichog`i deb bozorda sotishi maqsadga muvofiq emas).
Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi guvoxnomasi 10 yil muddatga beriladi, bu muddat tugagach uzaytirilishi mumkin.
Dunyoning deyarli barcha davlatlarida tovarlarni chiqarilgan joylar nomlaridan g`ayriqonuniy foydalanish, bu joylar nomlari haqida noto`g`ri yoki yolg`on ma`lumot berish g`irrom raqobatning ko`rinishlaridan hisoblanadi va tegishli javobgarlik choralari (zararlarni to`latish, hududiga olib kelishni ta`qiqlash, arest solish, tovarlarni yo`q qilib tashlash va h.k.) qo`llaniladi. O`zbekiston Respublikasining «Tovar bozorlarida monopolis-tik faoliyatni cheklash va raqobat to`g`risida»gi 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan qonunning 8-modda asosan yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalarida va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vosita-laridan qonunsiz foydalanib tovar sotish, tovarning xususiyati, uni tayyor-lash usuli va joyi xususida iste`molchini chalg`itish insofsiz raqobat hisob-lanadi va ta`qiqlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Baratov M.X. Yuridik shaxslar. – T.: TDYuI, 2008. -B.320.
2. Imomov N. F. Yuridik shaxslarning xuquqi va asoslari . –T.: 2012. -B.270.
3 .Oqyulov O. Intellektual mulkning huquqiy maqomining nazariy va amaliy muammolari. –T.: TDYuI, 2004. -B.431.
4. Rahmonqulov H. , Ro‘zinazarov Sh. , Oqyulov O. , Azizov X. , Imomov N.. –T. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, 2007. -B.220.
Do'stlaringiz bilan baham: |