Aim.uz
Jamoat birlashmalari tushunchasi va tizimi
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasiga asosan kasaba uyushmalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmasi sifatida e'tirof etilgan.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jamoat birlashmalariga o`z ustavlarida nazarda tutilgan asosiy maqsad va vazifalarni bajarish imkonini kafolatlaydi. Bu kafolat fuqarolarning ixtiyoriy uyushishga bo`lgan huquqlarini ro`yobga chiqarish uchun huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.
O`zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalarining huquqiy asosi yaratilgan- Konstitutsiyaning XIII bobi hamda fuqarolarning jamiyat va davlatni boshqarishda ishtirok etish (32-modda), kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga, jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda qatnashish (34-modda) huquqi kafolatlangan
O`zbekiston Respublikasining 1991 yil 15 fevralda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to`g`risida”gi Qonunida jamoat birlashmasi tushunchasi, maqsadi, shakllari, faoliyat doirasi va huquqlari, maqomi va ro`yxatga olinishi kabi normalar o`z ifodasini topgan.
O`z huquqlari, erkinliklarini hamda siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, fan, madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda ro`yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasi hisoblanadi.
Jamoat birlashmalari ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun tashkil etiladi. “Jamoat birlashmalari to`g`risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko`ra, “Jamoat birlashmalari fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar hamda erkinliklarni ro`yobga chiqarish va himoya qilish, fuqarolarning faolligi va tashabbuskorligini, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ularning ishtirok etishini rivojlantirish kasbkor va havaskorlik qiziqishlarini qondirish; ilmiy, texnikaviy va badiiy ijodkorlikni rivojlantirish; aholining sihat-salomatligini saqlash, xayriya faoliyatida qatnashish; madaniy-ma'rifiy, fizkultura-sog`lomlashtirish va sport ishlarini o`tkazish; tabiatni, tarix va madaniyat yodgorliklarni muhofaza qilish; vatanparvarlik va insonparvarlik tarbiyasi; respublikalararo va xalqaro aloqalarni kengaytirish, xalqlar o`rtasida tinchlik va do`stlikni mustahkamlash; qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish maqsadida tuziladi”.
Jamoat birlashmasi deganda uning mohiyatiga e'tibor berish kerak bo`ladi. Jamoat birlashmasi biron-bir shaxsni yoki oilani yoxud ayrim guruhlarning shaxsiy foyda olish istagini ifodalamaydi. Jamoat birlashmalari odatda g`oya, iroda bilan harakatga keladi, ularning yagona maqsadi-jamiyatni takomillashtirish. Ular o`z oldiga nazorat qilish yoki foyda olish vazifasini qo`ymaydi, balki ular jamiyatni mukammallashtirish yo`nalishi va istagida faoliyat yuritadi. Demak, jamoat birlashmalari fuqarolarga o`zlariga o`zlari yordam berishlari, o`z hayotlarini jamiyatni takomillashtirish orqali yaxshilashlari imkonini beradi.
Jamoat birlashmalari o`z a'zolarining ixtiyoriyligi, teng huquqliligi, o`zini-o`zi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik tamoyillari asosida tuziladi va faoliyat ko`rsatadi.
Jamoat birlashmalari o`zlarining ustav faoliyatiga hamda tashkiliy-huquqiy maqomiga ko`ra uchta turga bo`linadi:
1. Xalqaro miqyosdagi jamoat birlashmasi
2. Respublika miqyosdagi jamoat birlashmasi
3. Mahalliy miqyosdagi jamoat birlashmasiga
Do'stlaringiz bilan baham: |