Siyosat. Jamiyatni boshqarishni amalga oshiruvchi davlat faoliyati va ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar va muassasalarning o‘z ijtimoiy muhim manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun xalq hokimiyati institutlaridan foydalanish borasidagi faoliyati siyosat sohasini tashkil qiladi. Davlat siyosatining asosiy vazifasi – jamiyatning yaxlitligini ta'minlash, aholini jipslashtirish, qarama-qarshi manfaatlarni ilgari suruvchi ijtimoiy birliklar va guruhlarning munosabatlarini oqilonalashtirish, mazkur vazifalarni hal qilish uchun huquqdan foydalanishdir. Davlat jamiyatning xo‘jalik, iqtisodiy, ijtimoiy va ma'naviy jabhalarini mazkur jamiyat normal faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan darajada tartibga soladi.
Partiyalar va harakatlar siyosatining asosiy vazifasi – xalq hokimiyati institutlariga izchil ta'sir ko‘rsatishdir. O‘z siyosati bilan ular hokimiyat tuzilmasini yaratishda ishtirok etadilar, ularni qo‘llab-quvvatlaydilar yoki vayron qiladilar. Jamiyat rivojlanishining inqirozli davrlarida siyosatning asosiy vazifasi – hokimiyat uchun kurashish va uni turli ijtimoiy guruhlar o‘rtasida taqsimlashdan iborat. Shunday qilib, siyosat boshqaruvchilar va boshqariluvchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa shakli sifatida amal qiladi. Davlat va ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar faoliyati huquq bilan, shuningdek jamiyatda hukm suruvchi odatlar va an'analar bilan tartibga solinadi.
Siyosat – ongli yoki stixiyali harakatlar sohasi. U ijtimoiy guruhlar o‘z manfaatlarini, hokimiyat esa – o‘z siyosiy vazifasini anglab yetishini nazarda tutadi. Siyosiy jarayon mazmuni va yo‘nalishi asosan fuqarolarning siyosiy mentaliteti bilan belgilanadi. Shu sababli siyosiy ong siyosiy tizimning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. U fuqarolarning hokimiyat institutlari bir-biri bilan jamiyat va davlatni boshqarishda o‘z ishtirokiga doir aloqalari haqidagi hissiy va oqilona, qadriyatlarga doir va normativ, oqilona va intiutiv tasavvurlarini qamrab oladi. U fuqaro o‘zining muayyan guruhga mansubligini va bundan kelib chiqadigan manfaatlarni anglab yetishini, hokimiyatga, o‘z fuqarolik maqomiga, o‘z huquqlari, erkinliklari va burchlariga nisbatan siyosiy nuqtai nazarini anglab yetishini nazarda tutadi. Siyosiy ong ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini va ularning ijtimoiy rivojlanish ehtiyojlari tizimidagi ahamiyatini anglash sifatida mafkurani o‘z ichiga oladi. Siyosiy mafkura nazariy, dasturiy-siyosiy va empirik darajalardan tarkib topadi. Xususan, empirik daraja jamiyatning ayrim guruhlari siyosiy dasturlarni qay darajada o‘zlashtirganini tavsiflaydi. Siyosiy psixologiya siyosiy ong elementi sifatida ommaning siyosiy xulq-atvorini, ularning kayfiyati, mo‘ljallari va odatlarini tavsiflaydi. Ijtimoiy guruhlarning siyosiy psixologiyasi ommaning siyosiy xulq-atvorida onglilik va stixiyalilikning, oqilona va nooqilona harakatlarning o‘zaro nisbati bilan ajralib turadi.
Siyosiy ong ommaning siyosiy xulq-atvoriga bevosita ta'sir ko‘rsatadi. U stixiyali tarzda shakllanishi ham, izchil shakllanishi ham mumkin. Shu sababli davlat o‘z vazifalariga mos keladigan siyosiy ong shakllanishidan manfaatdor. Siyosiy ongning shakllanishida ommaviy axborot vositalari ayniqsa muhim rol o‘ynaydi. Ular «to‘rtinchi hokimiyat» deb nomlanishi bejiz emas.
Kommunikatsiya – siyosiy tizimning zaruriy elementi. U, birinchidan, siyosiy tizim institutlari o‘rtasidagi aloqa vositalarini, ikkinchidan, hukumatga axborot uzatish yo‘llarini, uchinchidan, ommaviy axborot vositalarini o‘z ichiga oladi. Mazkur axborot tizimlari o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. Ommaviy axborot vositalari nafaqat aholiga axborot beradi, balki hokimiyat vakillari, partiyalar va harakatlarning u yoki bu siyosiy bayonotlarini sharhlaydi, ularga baho beradi, informatsion materiallarni tegishli tarzda saralaydi, fuqarolarning kayfiyati va siyosiy mo‘ljallarini shakllantiradi. Umuman olganda siyosiy tizim ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarga juda kuchli ta'sir ko‘rsatadi. U o‘z vazifalarini bajarish uchun nafaqat o‘zining huquq va davlat majburlovi institutlaridan foydalanadi, balki jamiyatda vujudga kelgan qadriyatlar va me'yorlar tizimiga tayanadigan va o‘z fuqarolarining siyosiy va huquqiy ongini shakllantiradigan ishontirish vositalarini ham ishga soladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |