Aim.uz
JAMIYAT, DAVLAT VA HUQUQ.
Asosiy so’z va tayanch tushunchalar: jamiyat va uning rivojlanish bosqichlari, davlatning paydo bo’lish sabablari, davlatning paydo bo’lishgi haqida turli nazariyalar.
Reja.
-
Jamiyat, davlat va huquq tushunchalarining nazariy asoslari.
-
Kishilik jamiyatining paydo bo’lishida urug’-qabila shakllari.
-
Davlatning vujudga kelishi.
-
Davlatga xos belgilar.
Jamiyat, davlat va huquq tushunchalarining nazariy asoslari.
Jamiyat tushunchasi. Insoniyat tarixida murakkab xodisa sifatida jamiyat, davlat, huquq to’g’risida turli fikrlar mavjud bo’lib kelgan. Inson yaralibdiki, har doim jamiyat bilan alohida bo’lib, u jamiyatdan tashqarida yashay olmaydi.
Jamiyat insonsiz mavjud bo’lmasligi kabi inson ham jamiyatsiz mavjud emas. Jamiyatning yuksalishida, rivojlanishida, ulkan yutug’larga ega bo’lishida eng birinchi o’rinni inson egallaydi. Inson vujudga kelishi bilan u yashashga intiladi, oldidagi to’sqinliklarni, qiyinchiliklarni yengishga harakat qiladi, izlanadi, tirishib-tirmashib hayot uchun kurashadi. Bu kurash, yashash jarayonida davlat, jamiyat insonga yordam beradi.
Inson o’z fikr, hayot tajribasi orqali jamiyatda o’zining yashash tarzini, huquqiy holatini o’rganishi zarurligini bilib boradi. Davlat idoralarida ishlovchi insonlar maxsus tartib doirasida qonun - qoidalar qabul qilinishini amalga oshiradilar. Bu qonun - qoidalarni ham inson taklif etadi, davlat organlari tasdiqlaydi. Inson juda katta kuchga, salohiyatga ega.
Jamiyat esa odamlarning o’zaro bog’liqligi, hamkorligi asosida tashkil topadi, shakllanadi, rivojlanadi. Jamiyat bugun birlashib ertaga tarqalib ketadigan uyushma emas. Bu mustahkam, bir-biriga bog’langan, doim yashash imkoniyatiga ega jamoa uyushmasidir. Jamoa esa insonlardan tashkil topadi. Demak inson – jamiyat asoschisi. Jamiyatni insonsiz tasavvur qilib bo’lmaydi.
Inson vujudga kelishi davridan boshlab jamiyatda o’z xulqi, yurish-turish tartibini shakillantirib borgan. Odamlarning birinchi munosabatlari tartib, ahloq qoidalari asosida namoyon bo’lgan.
Jamiyatda insonlar ma’lum bir qiziqish, ehtiyoj, manfaatlarga ko’ra birlashadilar va o’zaro munosabatda bo’ladilar. Jamiyatda biologik qonunlar emas, balki ijtimoiy qonunlar amal qiladi va bu qonunlar insonlar bilan bog’liq bo’ladi.
Inson - birlashgan jamiyat murakkab, tobora rivojlanib, takomillashib boradigan oilaviy, milliy, sinfiy, tabaqaviy, diniy, ahloqiy munosabatlarni keltirib chiqaradigan ijtimoiy taraqqiyot mahsulidir.
Jamiyat ilmiy adabiyotlarda ko’p jihatdan ijtimoiy munosabatlar tizimi nuqtai nazaridan o’rganiladi, uning negizini iqtisodiy munosabatlar tashkil etish va uning asosida turli ustqurmalar, maslan, siyosat, davlat, huquq, sa’nat, adabiyot va boshqalar qurilishi e’tirof etiladi.
Jamiyat vujudga kelganidan boshlab bugungi kunga qadar rivojlanib kelmoqda. Jamiyatda turli ijtimoiy yoki siyosiy vazifani bajaruvchi tashkilotlar, uyushmalar, birlashmalar paydo bo’ladi.
Jamiyatning birinchi tabiiy bo’g’ini sifatida oila paydo bo’lgan. Oila jamoasi qarindoshlik munosabatlariga asoslangan. Oila jamoasi tashqi hujumdan himoyalanib, harbiy yurishlar tashkil qilish, jamoa bo’lib ov qilish uchun qarindoshlik asosida yirik uyushmalarga birlashishi mumkin bo’lgan. Sekin-asta mehnat, oziq-ovqat, oila-nikoh munosabatlari vujudga kelgan.
Kishilarning dastlabki uyushmasi umumiy mehnat, mulk, qon-qarindoshlikka asoslangan tashkilotlarga bo’lingan. Bu tashkiliy tuzilish urug’ deb atalgan. Urug’ kishilarning shaxsiy uyushmasi bo’lgan. Urug’ni obro’-e’tiborli, izzat-hurmatga sazovor shaxs ijtimoiy asosda boshqargan va kishilar ustidan hokimlik qilgan. Ushbu hokimiyat ijtimoiy hokimiyat bo’lib, jamiyatni tartibga soladi. Hokimiyat tufayli jamiyat hayotida sodir bo’ladigan ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi va ular ma’lum bir maqsad va vazifalarning bajarilishiga yo’naltirilgan bo’ladi.
Jamiyatning ilk davrida hokimiyatning oliy organi barcha urug’ a’zolarining yig’ini, majlisi bo’lgan. Urug’ rahbari-oqsoqolning urug’ga rahbarlik qilishi imkoniyatlari cheksiz bo’lgan. U zarur bo’lganda urug’ a’zolarining umumiy yig’ilishlarida muhim masalalarni hal qilgan. Ayrim qoida va odat normalarini buzganlarga nisbatan chora ko’rgan.
Urug’larning ko’payishi, hayotning rivojlanishi insoniyat tomonidan kashf etilgan jamiyatning yangi tarixiy bosqichga o’sib o’tishiga olib keldi. YAngi brsqichning o’ziga xos xususiyati davlat va huquqning paydo bo’lishidir.
Jamiyat- (arabcha “jamiyat”-jamlangan, birlashgan). Keng ma’noda: tarixan qaror topgan, muayyan ehtiyoj va manfaatlar asosida o’zaro birlashgan guruhlar sinflar, qatlamlar. faoliyatlarining majmuidir. Tor ma’noda: ijtimoiy munosabtlarning muayyan shaklidir.
Jamiyat va davlatni aynan bir narsa deb qaramaslik lozim, jamiyat tushunchasi davlat tushunchasiga qaraganda keng ma’noni ifodalaydi.
Davlat paydo bo’lguniga qadar jamiyatda ijtimoiy hokimiyat bo’lib, uning o’ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
Ijtimoiy hokimiyat faqatgina urug’ doirasida amal qilgan va qon-qarindoshlik urug’ning irodasini ifoda etgan;
Ijtimoiy hokimiyat ilk demokratiyaga asoslangan bo’lib, o’z-o’zini boshqarishni amalga oshirgan;
Ijtimoiy hokimiyatning organi bo’lib, oqsoqollar, harbiy boshliqlarning urug’ yig’ini bo’lgan;
Davlat paydo bo’lguniga qadar jamiyatda munosabatlar ijtimoiy normalar bilan tartibga solingan;
Ijtimoiy munosabatlar urf-odat qoidalari bilan tartibga solingan;
Ijtimoiy normalar kishilarning ongida va ularning xulqida namoyon bo’lgan;
Ijtimoiy qabila va urug’ a’zolarining qiziqishini ifoda etgan va uni yozib qo’yilmagan;
Ijtimoiy normalar asosan odat kuchi bilan ta’minlangan, shuningdek, ishontirish (e’tiqod) va majburlash choralari bilan amalga oshirilgan;
Normalar asosan taqiqlash usuli bilan ta’minlangan.
Kishilik jamiyatining paydo bo’lishida urug’-qabila shakllari.
Kishilik jamiyati taraqqiyotidagi eng uzoq vaqt, hozirgi zamon fani ma’lumotlariga qaraganda, ikki million yildan ortiq vaqt hukm surgan ibtidoiy jamoa tuzumi odamzodning paydo bo’lishidan to davlatning tashkil topishigacha bo’lgan davrni o’z ichiga olib, bu vaqtda hali davlat va huquq bo’lmagan edi. Bu davr ibtidoiy jamiyat deb nomlangan. Lekin davlat va huquqning paydo bo’lish jarayoni aynan shu davrdan asta-sekin shakllana boshlangan.
Jamiyatning asosiy bo’g’ini va uni boshqarishning birlamchi shakli urug’ bo’lib, unda ishlab chiqarish urug’ a’zolarining birgalikdagi mehnatiga asoslangan va ishlab chiqarish vositalari, mehnat qurollari, iste’mol mahsulotlari hamda barcha mulklar umumiy bo’lgan.
Urug’ bu ekzogamiya nikoh tartibi va qarindoshlikning bir tomonlama (ota yoki ona tomonidan) hisoblanishi bilan, jamoaviy mehnat, hududning umumiyligi, e’tiqodning birligi,ijtimoiy hayotdagi demokratik talab tartiblari bilan ta’riflanadi..
Neolit inqilobi iste’molchilar jamoasini ishlab chiqaruvchilar jamoasiga aylantirdi. Ularni o’troq turmush tarziga o’tishga va ma’lum hududda joylashishga tayyorladi. Urug’ jamoasida mehnat taqsimoti, oziq - ovqat taqsimoti va nikoh-oila munosabatlari aniq va qat’iy belgilab qo’yilgan edi. Taqsimot odamlarning yoshiga, jinsiga va boshqa belgilariga ko’ra amalga oshirilar edi. Urug’ jamoasiga urug’ oqsoqollari boshchilik qilardi. Ular jamoaning yaxshi yashashi uchun sharoitlar yaratish, manfaatlarini himoya qilish, o’lja qilib olingan mahsulotlarni taqsimlash bilan shug’ullangan. O’ziga yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etgan rahbarlarning jamoa ichida obro’-e’tibori ortib borgan.
Urug’chilik tuzumida hokimiyat urug’ jamoasiga tegishli edi. Birgalikda hayot kechirishning hamma masalalari: ishlab chiqarish faoliyati, urush olib borish, diniy marosimlar o’tkazish, kishilar o’rtasidagi nizolarni hal qilish va boshqa jamoa ishlari urug’ a’zolarining umumiy yig’ilishida qarab chiqilar va hal etilardi. Urug’ a’zolarning majlisi (umumiy yig’ilishi) uning oliy hokimiyat organi edi.
Oqsoqollar va harbiy boshliqlar hech qanday imtiyozlardan foydalanmasdilar, alohida boshqarish yoki majbur etish apparatlariga ega emas edilar va ularning qo’llaridagi hokimiyat birdan-bir shaxsiy ma’naviy obro’lariga hamda barcha urug’ a’zolarining ularga bo’lgan hurmatiga tayanardi. Jamoa yig’inida urug’ oqsoqoli yoki harbiy boshliq, ya’ni barcha ijtimoiy ishlarni boshqaruvchi saylanardi. Urug’ oqsoqollari va harbiy boshliqlar istalgan vaqtda umumiy yig’ilish tomonidan almashtirilishi mumkin bo’lgan. Ular o’z funksiyalarini urug’ning nazorati ostida amalga oshirganlar. Urug’ yig’ilishining qarori uning hamma a’zolari uchun majburiy bo’lgan. Oqsoqolning o’zi ham boshqa jamoa a’zolari kabi jamoa an’analarini, urf-odatlarini, yurish-turish qoidalarini so’zsiz bajarishi lozim edi. Aks holda, u o’z o’rnini boshqasiga bo’shatishga majbur bo’lar edi, ya’ni uning o’rniga boshqasi saylanar edi.
Urug’ jamoasida ibodat qilish va u bilan bog’liq urf-odatlar, diniy marosimlar, an’analar va ahloq qoidalari yuzaga kelgan. Kishilar xulq - atvor va yurish-turish qoidalariga rioya qilganlar. Bordi-yu bu qoidalar buzilsa, uni butun urug’da, uning yig’ilishida muhokama qilar edi. Qoidalarni buzgan kishini izza qilish, unga tanbeh berish, ogohlantirish, urug’dan quvib yuborish kabi jamoat ta’sir choralari qo’llanilgan.
Davlatning vujudga kelishi.
Ishlab chiqarishni tashkil etish va nazorat qilish, oziq-ovqat va boshqa resurslarni saqlash, taqsimlash, qo’shni guruhlar bilan ayirboshlash, yer uchastkalarini qayta taqsimlash zaruriyati kerakli bilimlarga va mahoratlarga ega bo’lgan maxsus qatlamlarning ajralib chiqishiga olib kelgan.
Boshqaruvchilar faoliyati asta-sekin ixtisoslashib doimiy kasbga aylanib bordi. Ijtimoiy hokimiyat jamiyatni boshqaruvchilar - ma’muriy oqsuyaklar, zodagonlarning hukmronligiga aylandi. Urushlar himoya vositasidan qo’shimcha ishchi kuchini qo’lga kiritish vositasiga aylandi. Asirlar qullarga aylantirildi. Mulkiy tengsizlik bilan bir qatorda ijtimoiy tengsizlik yuzaga keldi.
Davlat bu ma’lum hududda yuqori hukmronlikka ega tashkilotdir. Italiyalik tafakkur Nikkola Makkavelli (1469-1527) dalatga stato (lotin tili statis – status) degan ma’no bergan. Aristotel – davlat aql idroki, haqiqat, chiroy va umumiy huzur-halovat, degan edi. T. Gobbs – davlatni jahannomga teng deb, uning og’zidan olov chiqadi, burnidan tutun, nafasi ko’mirni kuydiradi, bo’ynida kuch bor va uning oldida daxshat ham yordam beraolmaydi, degan edi.
O’z mavqelaridan foydalanib tobora ko’proq yer, mol –mulk, harbiy o’ljalarni egallab ola boshlagan dohiylar, lashkarboshilar, kohinlar - ruhoniylar guruhi ajralib chiqa boshladi. Ularning hokimiyati shaxsiy manfaatni himoya qilishga, qullar va boshqariluvchilarni ushlab turish va bo’ysundirishga tobora ko’proq xizmat qila boshladi. Dohiylar va lashkarboshilar hokimiyati saylab qo’yilmasdan, asta-sekin meros bo’lib qola boshladi. Ularning atrofida doimiy harbiy drujina jamlana boshladi.
Urug’chilik demokratiyasi o’rniga harbiy demokratiya vujudga keldi. Urug’ a’zolari boshqaruvda ishtirok etishda davom etdilar, lekin hukmronlik qilish yo’lboshchilar va harbiylar qo’liga o’tdi. Iqtisodiyotda va jamiyat tuzilmasida yuz berayotgan o’zgarishlar keskin nizolarni keltirib chiqardi. Urug’-qabila tashkiloti sharoitida ularni hal etish imkoni bo’lmay qoldi. Boshqa siyosiy tashkilot zarur edi. Mana shu siyosiy tashkilot davlat bo’lib chiqdi.
SHunday qilib, hozirgi zamon tarixiy, etnografik, arxeologik va boshqa ma’lumotlarning yorqin guvohlik berishicha, ibtidoiy jamoa tuzumining tabiiy rivojlanishi natijasida paydo bo’lgan jamoa tepasida turuvchi tuzilmalardan davlat tashkil topgan. Davlatlar tarixiy taraqqiyotning notekis rivojlanishi natijasida turli qit’alarda va turli xalqlarda turli vaqtlarda sodir bo’lgan hamda asrlar davomida, ba’zan ming yillab davom etgan.
Davlatlarning tashkil topishi bu - insoniyatning ibtidoiy jamiyatdan sivilizatsiyaga yorib o’tishi edi. Dunyoda birinchi sivilizatsiya va davlatlar qadimgi SHarqda miloddan avvalgi IV-III ming yillikda tashkil topgan. Markaziy Osiyo hududida miloddan avvalgi I yillikning boshlarida ilk davlat uyushmalari paydo bo’la boshlagan. yevropaning ko’pgina xalqlarida ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi va davlatning tashkil topish jarayoni o’rta asrlarda nihoyasiga yetgan. Afrika va yer yuzining boshqa ba’zi joylarida to XIX-XX asrlargacha davlatdan oldingi oila-urug’ munosabatlari yashab kelgan va bu yerlarda davlatning tashkil topishi tabiiy rivojlanish natijasida emas, balki yevropa mustamlakachiligi oqibatida vujudga kelgan.
Davlat yaxshi ham yomon ham bo’lmaydi. U qonun va qoidalarga suyangan xolda odamlar, gruhlar o’rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga solib turish uchun zarur.
Davlat jamiyatning muhim tarkibiy elementidir. U jamiyatda asosan siyosiy funksiyalarni bajaradi. Davlat jamiyat rivojining muayyan bosqichida yuzaga kelgan bo’lib, u o’zining shakllanishi va rivojlanishida uzoq va murakkab yo’lni bosib o’tgan. Dastlabki bosqichda davlat eng avvalo majburlashga asoslangan. Demokratiya sharoitida, ya’ni insoniyat XXI asrga qadam qo’ygan bugungi kunda davlat sivilizatsiya talablariga mos tarzda rivojlanmoqda. Davlat hokimiyatni amalga oshiruvchi vositadir. Uning faoliyati hayotning hamma sohasiga ta’sir qiladi.
Islom Karimov davlat tushunchasiga shunday ta’rif beradi: “Davlat inson manfaatlari va huquqlari, uning tinch-totuv hayoti va kelajagini tashkil etish va himoyalash kabi ulug’vor maqsadlarga xizmat qiluvchi tashkilotdir”.1
Bugungi kunda huquqshunos, sotsiolog olimlar davlat tushunchasini ta’riflashda turlicha yondoshmoqdalar. Ularning ilmiy ishlarida, kitoblarida davlat tushunchasiga yangicha qarash vujudga kelgan:
“Davlat - suverenitetga, boshqaruvning hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning maxsus apparatiga ega bo’lgan, shuningdek, huquq normalari (qoidalari) ni yaratishga qodir bo’lgan, ommaviy hokimiyatning siyosiy-hududiy tashkilotidir”.2
“Davlat bu - muayyan hududni ishg’ol etgan va yagona hokimiyatga uyushgan xalqdir, davlat bu - insonlarning yashash qoidasi shakli”.
Davlat bu siyosiy hokimiyat tashkilotidir. U jamiyat rivojlanishining industrlashtirishgacha bo’lgan davrida (yangi davrgacha) hukmron sinfning irodasini ifodalagan va himoya qilgan. Industrlashtirishdan keyingi davrda esa, davlat hokimiyat tepasida turgan demokratik ko’pchilik va xalqning manfaatlarini ifodalagan.
Jamiyatda yashash uchun ilk vujudga kelgan kishilar birgalikda yashashi shart edi. Endi hayvoniylikdan odamiylikka o’tyayotgan insonlar tashqaridan ularga keladigan zarbalarni yengish, ular bilan kurashish uchun birga yashashga majbur edilar. Zarbalarni qaytarish qurollari, ovqat topish muammolari odamlarga osonlikcha yetib kelmagan. Ilk insonlar boshlaridan qanchadan - qancha musibatlar o’tkazgan.
Jamiyatda ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi bilan jamiyat boshqaruvining urug’ jamoa shakli munosabatlarida jiddiy o’zgarishlar ro’y bera boshladi. Miloddan avvalgi VII-V ming yilliklarida jamiyat hayotida yirik mehnat taqsimotlari ro’y berdiki, bu chuqur oqibatlar keltirib chiqardi. Mehnat taqsimoti chorvachilik dehqonchilikdan ajralib chiqdi. SHu davrgacha ishlab chiqarilgan mahsulotlar qatoriga sut, go’sht, jun, yog’, teri kabi mahsulotlar qo’shildi. Dehqonchilikda ham, chorvachilikda ham ixtisoslashishning kuchayib borishi oqibatida mehnat unumdorligi oshib bordi. Bu voqea neolit davrida yuz berganligi uchun neolit inqilobi deb ataldi. U o’zida o’zlashtiruvchi iqtisodiyotdan ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotga o’tish davrini ifodalaydi. Ishlab chiqaruvchi xo’jalik urug’chilik jamoalari a’zolarining nafaqat eng zarur ehtiyojlarini qondirgan, balki ortiqcha mahsulotning paydo bo’lishiga olib kelgan.
Ekologik muhit qulay mintaqalarda (issiq iqlim, tuproqning hosildorligi, suv resurslari) o’troq dehqonchilik jamoalari paydo bo’lgan, aholining soni va zichligi o’sib borgan.
Oila-urug’ guruhlari ajralib chiqqan. Bu davrdagi nikoh va oila munosabtlari oilaning matriarxal (yunoncha- “ona urug’i”) shakli ajralib turadi. YA’ni unda ayollar xukmron mavqega ega bo’lgan, mulk va nasab ona urug’i bo’yicha o’tgan. Bir necha uylar, chorva-mollari, ishlab chiqarish mulkiga aylanib borgan. Jamiyatda inson ongi, qarashlari, mehnat rivoj topgan sari nikohiy munosabatlarda ham o’zgarishlar yuzaga keldi. Urug’chilik davrida matriarxatdan patriarxat (yunoncha – “ota urug’i”)ga o’tila boshlandi.
Bu davrga kelib erkaklarda topilgan daromadlarni oilasiga, o’z xotini va undan tug’ilgan farzandlarga olib kelish tuyg’usi vujudga keldi. Bu davr sivilizatsiya deb atalib, yakka nikohning kelib chiqishiga asos bo’ldi. Monogam (yunoncha “bir nikohlilik”) oilaning birinchi tarixiy shakli patriarxal oiladir. Bu oilaning asosida ishlab chiqarish qurollari va boshqa mulklarga egalik otaning qo’lida edi. Neolit inqilobi tufayli kelib chiqqan jarayonlar chuqurlashib kengayib borgan.
Metall eritish va metall qurollar tayyorlash ishlab chiqarish vositalarining takomillashish omili bo’ldi. Temirdan yasalgan buyumlarning paydo bo’lishi, mehnat unumdorligining o’sishi, ishlov beriladigan yer maydonini kengaytirish ishlab chiqarishni takomillashtirish imkonini berdi. Metall asboblar quyish va kulolchilik hamda to’qimachilikning rivojlanishi ijtimoiy mehnatda ikkinchi yirik bo’linishga, mehnat taqsimotiga olib keldi.
Dehqonchilikdan hunarmandchilik ajralib chiqdi. Bu hunarmandchilik ishlab chiqarish buyumlarini ozik-ovkat mahsulotlariga almashtirishni keltirib chiqardi. YA’ni tovar ishlab chiqarish paydo bo’ldi. Tovar ishlab chiqarish ortiqcha mahsulotning ko’payishiga, boylikning to’planishiga, mulkiy tengsizlikning kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Savdo-sotiq, tovar ayirboshlash rivojlandi. Kishilik jamiyatning bu tariqa rivojlanishi uchinchi yirik mehnat taqsimotiga olib keldi.
Ishlab chiqarish bilan shug’ullanmasdan mahsulotlarni sotish, ayirboshlash bilan mashg’ul bo’ladigan savdogarlar qatlami vujudga keldi. Bu davrga kelib yer ham xususiy mulkka aylandi. qo’shimcha ishchi kuchiga bo’lgan ehtiyoj o’sib bordi va qulchilik ijtimoiy tuzumning muhim qismiga aylandi. Jamoa tuzumining rivojlanishi natijasida yangi oila-urug’ jamoalari vujudga kelgan. Bu esa ancha yirik ijtimoiy tashkilotlar - ittifoqlar (fratriyalar) va qabilalarning, qabilalar ittifoqining paydo bo’lishiga olib keldi. Qabilalar o’z hududiga, nomiga, tiliga (shevasiga) diniy va maishiy urf-odatlariga ega bo’lgan.
Asta-sekin qabilaning o’zini-o’zi boshqarish organlari, qabila kengashi tashkil topa boshlagan. Uning tarkibiga barcha urug’larning oqsoqollari (dohiylari) kirgan. qabila kengashi a’zolari, qabila yo’lboshchisi qabila a’zolari tomonidan saylangan va almashtirilgan.
YUqoridagilardan kelib chiqib, davlatga quyidagicha ta’rif berish mumkin:
Davlat – majbur qilish kuchiga, ya’ni hokimiyatga ega bo’lgan, o’z fuqarolariga, hududiga, shuningdek, shu hududida istiqomat qiluvchi barcha insonlarning manfaatlarini himoya qiladigan, boshqa davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatga kiraoladigan mustaqil siyosiy toshkilotdir.
Davlat hokimiyati – davlat aparati bir-biri bilan o’zaro bog’liq bo’lgan muayyan tuzilmaga birlashgan davlat hokimiyatini amalga oshiruvchi davlat organlarining tizimidir.
Davlatga xos belgilar.
Davlat o’zining tashkil etilishi, maqsad va vazifalari bo’yicha ibtidoiy jamiyatdagi oqsoqollar, urug’ va qabila boshliqlari hamda diniy hokimiyat sohiblariga tegishli bo’lgan ijtimoiy hokimiyatdan ajralib turadigan belgilariga ega. Bular:
-
Davlat paydo bo’lgan jamiyatda fuqarolar davlat chegaralari doirasida ma’lum hududga birlashadilar. Davlat ilk jamiyatdan hududiy tashkil topishi bilan farq qiladi. Hududiy tuzilishning birinchi bosqichi shahar edi. SHahar odamlarini qarindoshlik asosida emas, balki ma’lum hududga ko’ra birlashtirgan. Davlat jamiyatini boshqarish uchun jilovni o’z qo’liga olish bilan xarakterlanadi. Davlat jamiyatda urug’lar, xalqlar millatlar, sinflar o’rtasida mavjud bo’lgan ijtimoiy tengsizlikni murosaga keltirish, jamiyatni yagona tuzum sifatida saqlab, idora qilish uchun xizmat qilish sifatida vujudga kelgan;
-
O’ziga xos ommaviy hokimiyat - davlat hokimiyatining paydo bo’lishi, ya’ni maxsus bilim va mahoratga ega bo’lgan boshqaruvchilar qatlami yuzaga keladi. Davlat apparati dastlabki bosqichlardayoq keng tarmoqli murakkab tizimga ega edi. U o’zini saqlash va faoliyat ko’rsatish uchun ma’lum manbaalarga muhtojlik sezgan. Bunday manbaalar soliqlar, yig’imlar va boshqa tushumlar edi. Davlat asosida tug’ilgan har qanday jamiyat samarali boshqarishga muhtoj bo’lib, uning keyingi rivojlanishi shunday boshqarishni izlash bilan bog’liqdir;
Davlat o’z vazifalarini bajarish uchun odamlarning alohida qatlami-davlat apparatiga ega bo’lgan. Bu muayyan hokimiyatga ega bo’lgan, ya’ni zaruriyat tug’ilganda majburlash, zo’ravonlik yordamida aholining boshqa tabaqalarini o’z erkiga bo’ysundirish, u yoki bu manfaatlarni ta’minlovchi kishilar guruhi bo’lgan. Buning uchun o’ziga xos davlat institutlari-sudlar, turmalar, politsiya, armiya paydo bo’lgan. Ular majburlashga moslashtirilgan organlar edi.
-
Soliqlarning mavjudligi. Soliq - davlatning aholidan davlat apparatini saqlash hamda aholining kam ta’minlangan qismiga yordam berish uchun zarur bo’lgan moddiy mablag’larning undirib olinishidir;
-
Huquq ijodkorligi, ya’ni davlat hududida yashovchi barcha kishilar tomonidan ijro etilishi umumiy majburiy bo’lgan qonunlar, huquqiy qoidalari ishlab chiqila boshlandi;
-
Davlatning eng muhim belgilaridan biri - siyosiy hokimiyatning mavjudligi.
Ma’lumki ibtidoiy jamiyatda ijtimoiy hokimiyat jamiyat a’zolari o’rtasidagi obro’-e’tiborga, ularning izzat-hurmatiga tayanar edi. Siyosiy hokimiyat esa, boshqaruv, majburlash apparatiga, kuchga tayanadi. Siyosiy hokimiyat - hokimiyatning eng muhim va murakkab ko’rinishlaridan biridir. U orqali muayyan xalq, sinf, guruh, shaxs o’zining xohish-istaklarini amalga oshiradi. Siyosiy hokimiyat davlat hokimiyati va boshqa siyosiy tashkilotlardan tashkil topadi.
Har bir davlatning o’z aholisiga ega bo’lishi;
Davlatning belgilaridan yana biri - umuminsoniy funksiya (vazifa)larni bajarish, ya’ni davlatni rivojlantirish, hududni qo’riqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, umumiy farovonlik maqsadlarini amalga oshirish;
Davlat suvereniteti, ya’ni davlatning ichki va tashki siyosatni o’tkazishda mustaqilligi;
-
Davlatni boshqa davlatlardan farqlab turuvchi ramzlar: nomi, bayrog’i, madhiya, tamg’a, davlat tili, oliy hokimiyat organlari, pul birligi, poytaxtiga ega bo’lishi;
-
Davlat boshqa ijtimoiy hokimiyatlardan farq qilib, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, xo’jalik va madaniy hayotiga rahbarlik qilishi va boshqalar.
Demak, davlat o’zidan oldin paydo bo’lgan ijtimoiy tashkilotdan quyidagi o’ziga xos belgilari bilan farq qilgan:
-
davlat fuqarolarning hududiy belgilariga qarab bo’linishi bo’lib, bunday bo’linish urug’doshlik tuzumida qon-qarindoshlik aloqalari tufayli bo’lgan. Urug’doshlik ittifoqlari buzilgach, fuqarolar o’zlarining ijtimoiy huquq va burchlarini qaysi urug’ va qabilaga mansub ekanliklaridan qat’i nazar yashagan joylariga qarab amalga oshira boshlaganlar;
-
davlat urug’doshlik tuzumi ijtimoiy tashkilotidan xalqdan ajralgan va unga boshchilik qiladigan davlat hokimiyatining mavjudligi bilan farq qiladi. Bunda davlat hokimiyati aholidan ajralgan bo’lib, iqtisodiy va siyosiy jihatdan faqat muayyan guruhga sinfga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati tizimida qurollangan kishilarning maxsus otryadi, armiya, politsiya, turma va har xil majbur etish muassasalari mavjud bo’ladi. Davlat hokimiyati mamlakat ichida ziddiyat keskinlashgan sari va qo’shni davlatlar kattalashib, aholi son jihatidan ko’payib borgan sari kuchayaveradi.
-
Davlat ishtirokining saqlash uchun zarur bo’lgan fuqarolardan olinadigan soliqlar va to’lovlar mavjud bo’ladi.
-
Davlat suvereniteti, ya’ni davlatning o’z hududi oliy hokimiyatga ega bo’ladi va xalqaro munosabatlarda mustaqil harakat qiladi.
Huquqning mavjudligi davlat-huquqsiz yashay olmaydi. Huquq davlatni, davlat hokimiyatini yuridik jihatdan mustahkamlaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Karimov I.A. Vatan sajdagoh kabi muhaddasdir.T., O’zbekiston, 1996,T.,3-8 betlar.
2. KarimovI.A. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod,siyosat,mafko’ra. T.O’zbekiston, 1993 .
3. Azizho’jaev A.A. Davlatchilik va ma'naviyat.T. 1997.
4. Saidov A.Tajihonov U. Davlat va huquq nazariyasi. T.1 “Adolat” 2001.
5. Teoriya gosudarstva i prava M. 1994.
6. Islomov Z. Davlat va huquq nazariyasi. Ma'ru’zalar matni.T.Universitet.2000 y.
7. Karimova O., hafforov Z. Davlat va huquq asoslari T.,O’hituvchi.1995 y.
8. Holmo’minov H.T. Davlat va huquq nazariyasi. O’huv qo’llanmasi. T. 2000.
9. Najimov M.K, Soburov N. «Davlat : asosiy tushuncha va atamalar». T. 2002 yil.
10.Abdulaev M.I. Teoriya gosudarstva i prava: Uchebnik.-SPb.: Piter, 2003. -
11.Vengerov A.B. Teoriya gosudarstva i prava: Uchebnik. – M.: Yurisprudentsiya, 2000.
12.Polyakov A.V. Vvedenie v obshuyu teoriyu prava i gosudarstva: Kurs lektsiy. 2000.
Do'stlaringiz bilan baham: |