TARAQQIYOT PSIXOLOGIYASI FANINING PREDMETI
Reja:
Taraqqiyot psixologiyasi fanining predmeti va vazifalari.
Taraqqiyot psixologiyasi fanining qisqacha rivojlanish tarixi va asosiy metodolagik tamoyillari.
Sharq allomalarining asarlarida yosh davrlari, ta`lim va tarbiya jarayoni va bilishga qiziqish masalalarining yoritilishi. oid qarashlari.
Tayanch iboralar: ontogenez, rivojlanish, evolyutsion o`zgarishlar, revolyutsion o`zgarishlar, situativ o`zgarishlar, bolalar psixologiyasi, psixogerontologiya.
Psixologiya fanining bir qator tarmoqlari, sohalari mavjud. Ular orasida taraqqiyot psixologiyasi alohida ahamiyatga ega. Taraqqiyot psixologiyasi psixik rivojlanish, shuningdek, bolalik, o‘smirlik, o‘spirinlik va etuklik davrida shaxs taraqqiyotining xususiyatlarini o‘rganadi. Juda ko‘p fundamental tadqiqotlar o‘tkazilganligiga qaramay bugungi kunda inson psixikasini uning butun hayotiy yo‘li bosqichlarida rivojlanishi xususiyatlarini yaxlit xolda tavsiflashga erishilmagan.
Taraqqiyot psixologiyasi har bir yosh davrining qaytarilmas xususiyatlarini, yillar o‘tgan sari, asta – sekinlik bilan bola qanday qilib inson bo‘lib shakllanishi, shaxs sifatida o‘zini ijtimoiy munosabatlarda namoyon qilishi, kasb tanlashi, muloqot jarayonida o‘zining erk, huquq va majburiyatlariga intilishi, qanday qilib sevishi, ishonchli do‘st bo‘lib tarkib topishi, o‘zi va boshqalar uchun ma’suliyatni xis qilishi kabi jihatlarni tadqiq etadi.
Taraqqiyot psixologiyasining bir qator muammolarini ajratib ko‘rsatish mumkin.Bular:
Inson psixik xusuciyatlari va xulq-atvori rivojlanishining organizm va muhitga bog‘liqligi muammosi.
Insonning rivojlanishga stixiyali ta’lim va tashkil etilgan ta’limning ta’siri muammosi.
Layoqat va qobiliyatlarning o‘zaro munosabati muammosi.
Bir tomondan psixik rivojlanish organizmga, ya’ni inson organizmining anatomik- fiziologik tuzilishiga bog‘lik. Nerv sistemasi va miyaning insoniy tuzilishi uni ong egasi, nutq va yuqori darajadagi intellekt sohibi sifatida rivojlanishiga imkon beradi. Nasliy yo‘l bilan yoki jiddiy kasallik oqibatida yuzaga keluvchi organizm anatomik fiziologik holatidagi buzilishlar psixik taraqqiyotga ta’sir etishi va rivojlanishdan orqada qolishga olib kelishi mumkin. Bolaning miyasi etilib bo‘lmaguncha unda verbal nutqni va u bilan bog‘liq bo‘lgan qobiliyatlarni shakllantirish mumkin emas.
Ikkinchi tomondan, organizmning psixik rivojlanishi muhitga ham bog‘liq. Chunki psixik taraqqiyotga ta’lim-tarbiyaning ta’siri juda beqiyos. Biroq, psixik taraqqiyotning u yoki bu bosqichida bu omillardan qaysi biri ko‘proq ta’sir etishini aniq aytish qiyin.
Stixiyali ta’lim-tarbiya maxsus ta’limiy maqsadlarsiz, hech qanday dasturlarsiz, insonning jamiyatda boshqa kishilar bilan munosabatlari natijasida amalga oshadigan ta’lim-tarbiya. Tashkil etilgan ta’lim-tarbiya esa maqsadga qaratilgan holda maxsus ta’limiy tizimda olib boriladigan ta’lim-tarbiyadir.
Shak - shubhasiz, inson stixiyali va tashkil etilgan ta’sirotlar ostida psixologik jihatdan taraqqiy etadi, lekin ulardan kay biri inson xulq-atvoriga kuchliroq ta’sir etishi masalasi muammoliligicha qolmoqda.
Keyingi muammo – layoqat va qobiliyatlarning o‘zaro munosabati masalasidir. Bolaning qobiliyatlari rivojlanishiga ta’sir etuvchi layokatlarning o‘zi nima? Layoqatlar tarkibi faqat organizmning nasliy xususiyatlari bilan bog‘liqmi yoki uning tarkibiga insonning orttirilgan xulq - atvor va psixik xususiyatlarni ham kiritish mumkinmi? Bola qobiliyatlarining taraqqiyoti ko‘proq mavjud layoqatlargi bog‘liqmi yoki unga to‘g‘ri tashkil etilgan ta’lim-tarbiyaning ta’siri kuchliroqmi? kabi savollar hanuzgacha to‘la-to‘kis o‘z echimini topmagan.
Taraqqiyot psixologiyasi psixika va xulq - atvorda bir yosh davridan ikkinchisiga o‘tishda yuzaga keladigan miqdoriy hamda sifatiy o‘zgarishlarni o‘rganadi. Odatda bu o‘zgarishlar hayotning muayyan bosqichlarini, bir necha oydan (go‘daklik davri) to bir qancha yillarni (katta yosh davrida) qamrab oladi. Ushbu o‘zgarishlar “doimiy ta’sir etib turuvchi ” omillar – biologik etilish hamda inson organizmining psixofiziologik holati; uning insonga xos bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar tizimida tutgan o‘rni; intellektual hamda shaxs rivojlanishida erishgan darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
Psixika va xulq – atvorda yuzaga keladigan bu turdagi yoshga xos o‘zgarishlar evolyusion o‘zgarishlar deb ataladi. Evolyusion o‘zgarishlarda miqdoriy va sifatiy qayta qurishlar nisbatan sekinlik bilan amalga oshadi.
Nisbatan qisqa vaqt oralig‘ida jadal yuz beradigan chuqur o‘zgarishlarni revolyusion o‘zgarishlar deb atash mumkin. Revolyusion o‘zgarishlar odatda bir yosh davrining tugallanishi, ikkinchi yosh davridan boshlanishi arafasida ro‘y berib, yosh taraqqiyotining inqirozlari bilan bog‘liq bo‘ladi. YOsh taraqqiyotidagi inqirozlar va ular bilan bog‘liq bo‘lgan psixika va xulq – atvorda ro‘y beradigan revolyusion qayta ( qurishlar) tuzilishlar yoshni davrlarga ajratishning asoslaridan biri sifatida qaralishi mumkin.
Rivojlanish belgilaridan biri bo‘lgan yana bir turdagi o‘zgarishlar aniq bir ijtimoiy vaziyatning ta’siri bilan bog‘liq bo‘lib, ularni situatsion (ya’ni vaziyat bilan bog‘liq bo‘lgan) o‘zgarishlar deb atash mumkin. Bunday o‘zgarishlar inson xulq – atvori va psixikasida tashkil etilgan yoki maxsus tashkil etilmagan ta’lim – tarbiya ta’sirida vujudga keladi.
Evolyusion va revolyusion o‘zgarishlar odatda barqaror hamda qaytarilmas bo‘lib, sistematik mustahkamlashni talab qilmaydi. Situatsion o‘zgarishlar beqaror, o‘zgaruvchan, ularni mashqlar orqali mustahkamlash talab qilinadi. Evolyusion va revolyusion o‘zgarishlar inson psixologiyasini shaxs sifatida qayta o‘zgartirsa, situatsion o‘zgarishlarda xulq – atvorning ba’zi ko‘rinishlari, bilim, malaka va ko‘nikmalar hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |