II bosqich V-VIII asrlarni o‘z ichiga oladi. Bu bosqich bilan shahar xarobasidagi (Balandtepa) va qabristondagi (Munchoqtepa), birinchi navbatda sag‘analardagi materiallar aloqador. Qurilish qoldiqlari va ularga bog‘langan madaniy qatlamlar arkda, ichki shaharda o‘rganilgan. Ishlab chiqarish kompleksining bir bo‘lagi ikki kamerali xumdon birga qazib ochildi. Bu xumdon Shimoliy Farg‘ona uchun yagona va o‘rta hamda yirik hajmli idishlarni pishirishga mo‘ljallangan. Bu bosqichda bir oz ta’mir etilgach, ark tashqi devori ishlatilgan.
Shahar xarobasi va qabristonda olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida tangalar aniqlangan. Ulardan uchtasining kelib chiqishi Xitoy bilan bog‘lanadi9: ikkitasi “u-shu” xilidagi, bittasi (yuqori qatlamlardan terib olingan) “kay yuan tun bao” xilidagi tangalarga kiradi. Ammo bu tangalar katta tarixiy davr bilan sanalanadi: masalan, “u-shu” – miloddan avvalgi 118 yildan to milodning 618 yiligacha, “kay yuan tun bao” esa – 621-874 yillarda muomalada bo‘lgan deyiladi. Bundan tashqari, er osti sag‘anada (№3) 63 tangadan iborat tangalar xazinasi topilgan. Ular ichida ikkitasi xili aniqlangan (M. Isxoqov va L. Baratovalar aniqlashgan) va VII-VIII asr boshlarida muomalada bo‘lgan. Qolganlari xili belgilari yo‘q va tangashunoslar fikricha hali o‘rganilmagan mayda chaqalardir (Baratova L.S, Matbabaev B.X., 1994. S.34-37). Demak, tangalardagi ma’lumotlar yodgorlikning bizlar taklif qilgan yuqori sanasini tasdiqlaydi.
V-VIII asrlarda Pop - G‘ovasoy irrigatsiya rayonining markazi sifatida katta shaharga aylanadi, Koson bilan raqobatlashib, undan yirikroq edi10. Bu davrda agar yozma manbalar xabariga tayansak, shahar Turk Xoqonligi tarkibiga kirgan bo‘lishi kerak. Chunki 627-649 yillari Farg‘ona vodiysida turklar hukmronligi o‘rnatilgan. Shimolda G‘arbiy Turk sulolasi vakili Ashena Shuni (Ashina SHeni) hokimlik qiladi. Xitoy yilnomasida shunday yozilgan: ”Shuni o‘limidan so‘ng o‘g‘li Yebojchi uning o‘rniga o‘tirdi, Kibining qarindoshi Alyaoshen hokim bo‘ldi. U Xumin shahrida yashadi, Yebojchi bo‘lsa Gyesay shahrida” (Bichurin N.YA., 1950. S. 319; Bernshtam A.N., 1951. S. 16-27). VIII asr ikkinchi yarmida arkda va ichki shaharda bir vaqtda hayot to‘xtaydi. Balandtepada keltirilgan vaqtdan keyingi davrga to‘g‘ri keladigan arxeologik materiallarning uchramasligi balki shu bilan izohlanar... Shahar endi bir oz shimolroqqa Ayrtom shahri o‘rniga ko‘chgan bo‘lishi xaqiqatga yaqindir.
I-II bosqichlardan olingan materiallar ark va ichki shahar Popning qadimgi qismi ekanligidan guvohlik beradi. Madaniy qatlamlar qalinligi 2-5 metrga borgan. Bu erdan birinchi asrlardan to VII-VIII asrlarga tegishli arxeologik materiallar aniqlangan. Saqlangan maydoni 6 gektar, ark mudofaa devori bilan himoyalangan. Qadimgi qal’a-qo‘rg‘on bir necha vazifani bajargan: hokim qarorgohi va xavf tug‘ilganda aholi uchun panagoh. Ichki shaharning mudofaa inshootlari masalasi ochiq qolmoqda, hozircha devor qoldiqlari topilgani yo‘q11. Qolaversa, devorlar hali maxsus o‘rganilmagan. Balandtepada va unga tegishli shahar qabristonida salmoqli ilk o‘rta asrlar arxeologik kompleksining topilishi o‘rganilayotgan davrda Pop shahri yirik markaz sifatida shakllangan edi degan xulosaga kelishga imkon beradi. Bu markaz, ya’ni Pop shahri ma’lum vaqt butun Shimoliy Farg‘onani iqtisodiy, madaniy va balki siyosiy salohiyatini belgilagan. Bu fikrni bir qadar bo‘lsa-da V-VI asrlar qurilish qoldiqlarining (qatlamlarini) Kosonda uchramasligi (Zadneprovskiy YU.A., 1983) va Axsiketda ham bu qatlamlarning sezilarli emasligi (Anarbaev A.A., 1988. S. 178) tasdiq etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |