Mingtepa ko‘hna shahri hozirgi Marhamat shahrining (Andijon viloyatidagi tuman markazi) Sharqiy chegarasiga tutashib ketgan. Mahalliy aholi uni Mingtepa deb ataydi. YOdgorlikni birinchi marta 1939 yili Katta Farg‘ona kanali qurilishi paytidagi tashkil etilgan M.E. Masson rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya qatnashchilari kelib ko‘radilar. Bir oz keyin A.N. Bernshtam rahbarligidagi Pomir-Oloy ekspeditsiyasi 1946-1947 yillari Mingtepani ko‘zdan kechiradilar, 1950 yili kichik qazuv ishlarini amalga oshiradilar. Bu yodgorlikda 1973 yili YU.A. Zadneprovskiy (Rossiya FA Moddiy madaniyat tarixi instituti), 1986-1987 va 2001 yillari B.X. Matboboevlar (O‘zbekiston Respublikasi FA Arxeologiya instituti) ish olib bordilar. Bu shahar xarobasi Farg‘ona antik yodgorliklari ichida eng yirigidir, maydoni 38 gektar (750X500 m). Shahar rejasi to‘g‘ri to‘rtburchak va qutb tomonlariga to‘g‘ri keladi va kishini ikki qator mahobatli mudofaa inshootlari hayratga soladi. O‘tgan asrning 50-yillarida A.N. Bernshtam olgan rejasida shaharning ikki qismga bo‘linishi aniq-ravshan ko‘rinadi, tashqi shahar maydoni 300 gektardan ortiq bo‘lgan (Bernshtam A.N., 1948. S.155-161, shaharni tashqi devor bilan tushirilgan rejasiga qarang). Bizgacha ichki shahar deyarli to‘liq saqlangan mudofaa devorlari bilan etib kelgan. Devorlardagi burjlar o‘rni yaqqqol ko‘zga tashlanadi: g‘arbiy va Sharqiy devorlarda – 20 tadan, shimoliy devorda 12 ta, janubiy devorda – 6 ta (Bernshtam A.N., 1952. S. 222-230, ris. 89). Ichki shaharga kirish to‘rt tomonlama bo‘lganga o‘xshaydi, asosiy darvoza esa janubi-g‘arbiy tomonda joylashgan. Ichki shahar xududida 1946-1947 yillari 16 ta tepalik saqlangan. Janubi-Sharqiy bo‘lakda qurilish qoldiqlari ko‘proq saqlangan. Shimoli-g‘arbiy bo‘lakda, ya’ni yodgorlik markazida alohida katta tepalik bo‘lib, u ark deb taxmin etiladi.
1973 yili YU.A. Zadneprovskiy uncha katta bo‘lmagan qazishmalar o‘tkazdi. Yuqori va quyi qatlamlar sopollar kompleksi ajratib olindi va ular sanalandi: quyisi mil. avv. II-I asrlar va yuqorisi eramizning birinchi asrlariga tegishli deb belgilaydi.
1986-1987 yillari B.X. Matboboev Mingtepaning ikki joyida qazishma o‘tkazdi. Birinchisi g‘arbiy mudofaa devoridagi 12 va 13 burjlar orasidagi devor ochildi va ikkinchisida 13-burj to‘la kovlab o‘rganildi (nomerlar yodgorlik janubidan boshlab hisoblagan). 14-burj o‘tgan asrning 50-yillarida kovlangan, materiallar e’lon etilmagan. Qazishmada mudofaa devori ikki tomondan kovlab ochildi: eni 3, 5 metr, balandligi 3,5 metr. Devor aralash paxsa+g‘isht usulida tiklangan, asosida tagkursi aniqlangan.
Burj uch tomondan tozalab ochildi. U to‘g‘ri burchakli rejaga ega, o‘lchamlari asosida 18X9 va yuqori qismida 18X6 metr. Burj mudofaa devoridan 6,5 metr tashqariga chiqib turadi. Burj o‘rtasida cho‘zinchoq xona qazib ochildi (o‘lchami 6,3X2,8 metr). Xona devorlari suvalgan. Polda yorg‘uchoq va katta toshlar uyumi qayd etildi. Janubiy devorda to‘rtburchakli shinak tozalandi (o‘lchami 62X25 sm). SHinak keyinroq yopib tashlangan. Burj ichki xonasiga kirish mudofaa devori ichki tomonidan bo‘lgan. Burjning shimoliy tomoni to‘laligicha kovlangani yo‘q, uning quyisi paxsadan, undan yuqorisi g‘ishtdan qurilgan (35X?X10? 37X28X8-10? 40X40X10 sm). Burj va devorni tozalash davomida qizil angob va sho‘rabashot davrining qo‘lda yasalgan va bo‘yalgan sopollari, sopol urchuq topildi.
2001 yili Mingtepada qayta qazishma ishlari olib borildi. 12 va 13 burjlar orasidagi devor to‘la qirqib ko‘rildi (o‘lchami 2X11 metr). Devor paxsadan tiklangan, ta’mirlash ishlari paxsa va qisman g‘ishtdan amalga oshirilgan. Stratigrafik jihatdan bir necha bosqichlardan iborat. Ular birin ketin qurilgan ikki devor va ikki ta’mir bo‘laklarini tashkil etadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |