FAN VA MADANIYAT.
Dunyoni hozirda uchinchi sanoat inqilobi qamrab olganki, u uch jihatdan ulkan global ta’sir ko’rsatmoqda:
1) fizika fanlari,
2) biologiya fanlari.
3) kommunikatsiya va axborotlar
Yadro fizikasi yadro texnologiyasini rivojlantirish uchun asos yaratdi. Lazer ta’sirining asosiy tamoyillari A.Eynshteyn tomonidan 1916-yilda bayon etib berilgan edi, biroq birinchi ishlovchi lazer generatori amerikalik muhandis Teodor Mayman tomonidan 1960-yilda yaratildi. Lazer texnikasi fan va texnikaning barcha sohalariga kirib bormoqda. Kosmosni amaliy tadqiq etish 1957-yilda boshlandi, o’shanda qudratli sovet raketasi kosmik orbitaga yerning birinchi sun’iy yo’ldoshini olib chiqdi. 1961-yilda Yuriy Gagarin kosmosga parvoz qildi. 1960-yildan Amerika va sovet olimlari o’rtasida kosmosni o’zlashtirishda `musobaqa boshlandi.
1969-yil 20-iyulda amerikaliklar birinchi bo’lib Oyga qo’ndi. 1970-yilda kosmik orbitaga yuzlab yo’ldoshlar va aloqa stansiyalari chiqarildi.Biologiya fanining genetika sohasida inqilobiy kashfiyotlar amalga oshirildi. 50-yillar boshlarida olimlar xromosomalar eng avvalo DNK kislotalaridan iboratligini va aynan DNK genetik axborot tashuvchi ekanligini aniqlashdi. 1953-yilda amerikalik olim Jeyms Vatson va ingliz olimi Frensis Krin Kembrij universitetida birga ishlagan chog’ida ilk bor DNK tuzilishi formulasini ma’lum qilishdi. 1962-yilda olimlar bu kashfiyot uchun Nobel mukofoti olishdi. Biroq, bu genetika sohasidagi buyuk kashfiyotlarning boshlanishi edi. 60-yillar o’rtalarida genetik kodning ishlashi tizimi ochildi. 90-yillarda esa yangi fan - gen injeneriyasi paydo bo’ldi, u bir organizm hujayralarini boshqasiga o’tkazish va irsiyatiga ta’sir etish, sun’iy urug’lantirishni amalga oshirishga qodir edi. 1998-yilda ilk bor sun’iy yo’l bilan yaratilgan hayvon paydo bo’ldi. Genetika muvaffaqiyatlari natijasida qizamiq, chechak, poliomiyelitni tugatishga yordam berdi. 60 va 70-yillarda buyrak ko’chirib o’tqazildi va sun’iy yurak yaratildi. XX asr texnologik mo’jizalari ichida kompyuter eng buyugi. 30-yillarda oddiy kompyuterlar mustaqil holda Germaniya, AQSh va Buyuk Britaniyada yaratildi. Inglizlar o’z kompyuterlarini Ikkinchi jahon urushi paytida nemis harbiy kodlarini o’qish uchun foydalanishdi. Birinchi haqiqiy kompyuter (elektron) 1946-yilda Pensilvaniya universiteti olimlari J. Moshli va J.Ekkert tomonidan yaratildi. Biroq, u nisbatan kam samarali ulkan mashina edi. Tranzistorlarning kashf etilishi bilan ishlar butunlay o’zgardi, chunki ular kompyuterlarni kichik apparatlarga aylantirib qo’ydi. 80-yillar boshlarida kompyuterlar endi hayotning barcha sohalarida foydalaniladigan bo’ldi. 80-yillar o’rtalarida 20 ming kompyuter robotlari ishladi. Kompyuterlar shaxmat o’ynash, she’r yozishga o’rgandi. Ular inson aqliy rivojlanishining muhim qismi bo’lib qoldi. Birinchi tajriba tarzidagi teleeshittirishlar 20-yillar oxirlarida (birinchilardan biri - Toshkentda) namoyish etildi. 70-yillarda butun dunyoga tarqaldi. Fan va texnikaning rivojlanishi ommaviy ong va madaniyatda haqiqiy inqilob yasadi. Radio va televideniye madaniyat xodimlarining alohida toifasini yaratdi. Radio va televideniye ommaviy madaniyat (popkultura) yaratdi. G’arb madaniyatini amerikalashtirish qariyb 20 yil: 1945-1965-yilgacha davom etdi. U har narsadan ozod, harakatchan, o’zini erkin tutuvchi, doimo auditoriya bilan aloqada tutuvchi bo’lgani uchun G’arb mamlakatlari aholisi, ayniqsa, yoshlarga katta ta’sir ko’rsatdi. Yevropacha gastrolga kelgan Dyuk Ellington va Lui Armstrong rahbarligidagi jaz orkestrlari, butun qit’aga tarqalgan, ularning musiqasi hozirgi zamon ommaviy madaniyatining durdonasiga aylandi. Amerika musiqasi ohangida (40-yillarda - "bugivugi, 50-60-yillarda - rok-n-roll) butun Yevropa, Sharq raqsga tushdi. Hali ham klassik (mumtoz) madaniyat - opera, balet, simfonik, klassik musiqa muvaffaqiyat bilan rivojlandi va olqishlarga sazovor bo’ldi. Uning o’choqlari Parijda "Grand opera", Milanda "La Skala", Londonda "Albert-xoll" mavjud. Biroq bu madaniyat badavlat kishilar uchun to’g’ri kelardi. Ommaviy madaniyat esa keng omma uchun mo’ljallangan edi. Estrada - o’z xonandalari, raqqosalari, ansambllari bilan oddiy va ohangdor qo’shiqlarni kuylab katta-katta auditoriyalarni o’ziga jalb etdi. "ABBA" shved va"Bittlz" ingliz ansambllari shunday yulduzlardan edi. Ommaviy madaniyat tomoshabop tadbirlarning ulkan tijorat majmuini yaratdiki, u amerikacha "shoubiznes" atamasi bilan nomlandi. "Farovonlik jamiyati", "texnotron jamiyat" , "iste’mol jamiyati" kabi nazariyalar paydo bo’ldi. Ularda gap asosan G’arb mamlakatlari haqida bordi. Endi g’arbcha jamiyat qadriyatlarini tanqid qilib chiqishga jur’at etmadi - ularni hech kim e’lon ham, reklama ham qilmas edi. To’g’ri, 20- va 30-yillar mumtoz adiblari hali tirik edi (J. Steynbek, M. Remark, E. Xeminguey va boshqalar), biroq ularda ilgarigi keskin tanqidiy kayfiyat jamiyatning axloqiy negizlarini fosh etish to’liq yo’q edi. Buyuk Steynbek esa Vyetnamdagi urushni qo’llab-quvvatladi ham. 30-yillarda G’arbda Ikkinchi jahon urushidan so’ng ustuvor bo’lgan falsafa paydo bo’ldi: Ekzistensializm. U ijtimoiy hayotning barcha turlariga kirib bordi, bunga asosan fransuz yozuvchisi, faylasufi va publitsisti Jan Pol Sartr (1905-1980) sababchi bo’ldi. G’arbning qariyb butun ommaviy ongi ekzistensializm falsafasiga asoslandi. Sartr o’zining "Borliq va yo’qlik" (1943) asarida shunday yozadi: Odamlar eng avvalo nima uchun yashayotganining mohiyatini tushunishini xohlashadi, biroq faqat sokin, xudosiz va maqsadsiz dunyoni topishadi, xolos. Shunday qilib, inson mavjudligi "absurd" bo’lib qoladi. Biroq, boshqa tomondan o’z hayotining absurdligini (ma’nosizligini) inson erkinlik bilan to’ldiradi. Hayotda ma’no va mutlaq qoidalar yo’q ekan, odamlarda mohiyat yoki tug’ma xarakteristika yo’q. Ular-"yo’qlik", erkinlikdan foydalangandagina "nimadir"ga aylanishadi. Odamlar bunda qanday xatti-harakat qilishni o’zlari tanlashadi. Shunday qilib, "mavjudlik mohiyatdan oldin yuradi", ya’ni odamlar mohiyatga ega emas ekanlar, ular o’zlarini har kungi mavjudlikda (ekzistense) qaror toptirmoqlari lozim. Sartrning fIkricha, to’g’ri odam hayotda faol qatnashuvchi, doimo mashg’ul kishi bo’lishi lozim. Ekzistensializm bir tomondan, tushkunlikka ega bo’lsa-da, - odamlarni mas’ul va faol yashashga undaydi. Uni ommaboplashtirishda fransuz adibi Albert Kamyu asarlarining ahamiyati katta bo’ldi. U bu oqimning AQSHda keng tarqalishiga imkon yaratdi. Yozuvchining "O’lat" (1947) romanida o’latning shaharga yopirilib kelishining dahshatli manzarasi tasvirlanadi. Hayotning absurdliligi begunoh odamlarning halok bo’layotgani bilan ta’kidlanadi. Biroq, oxir-oqibatda ular yovuzlikka qarshi kurash boshlashadi. Mashhur italyan rejissyori Federiko Fellini 1960- yilda "Shirin hayot" fIlmini qo’ydi. Bu fIlmda oliy jamiyat hayoti - mehr-muhabbati yo’q odamlar bir-birlarining yonlarida to’liq yolg’izlikda yashashadi. Kurt Vonnegut va Jozef Xeller kitoblarida urushning absurdligi ko’rsatilganki, ular Vyetnamdagi urush davrida katta muvaffaqiyatga sabab bo’ldi. Falsafiy tafakkurning boshqa muhim yo’nalishi "taraqqiyot doktrinasi" bo’ldi. Unda XX asr varvarlik va g’ayriinsoniylikning beshafqat hodisalarining guvohi bo’lganligi tan olinadi. Amerikalik faylasuf Charlz Frenkel "Taraqqiyot doktrinasi"ning eng yirik mafkurachisi va ifodalovchilaridan biri. Muallif o’zining "Zamonaviy odamning ishi" (1955) va "Demokratik kelajak" (1962) kitoblarida "odamzod taraqqiyoti"ni "modernizatsiya" (yangilanish) inqilobi, ya’ni moddiy va intellektual taraqqiyot natijasi deb hisoblaydi. Venger psixologi Zigmund Freydning psixoanaliz usuli san’at rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi, inson shaxsi haqidagi tasavvurlami to’liq o’zgartirib yubordi. Olimning tasdiqlashicha, inson psixikasida ko’plab "yashirin", "noaniq", "notiniq" narsalar borki, ularni oddiy yo’l bilan bilib bo’lmaydi, san’atkorning vazifasi inson qalbidagi bu ichki alg’ov-dalg’ovlikni tasvirlay ola bilishdir. Ular real hayotdan qarama-qarshi tomonda bo’lgan ongosti dunyosini izlashga kirishishdi. Realizm g’arb tasviriy san’atida yo’qola bordi, unda. "syurrealizm" (realizmning teskari tomonidan) ustutllik qila boshlaydi. Abstrakt (mavhum) ekspressionizm katta ta’sirga ega bo’ldi, uning taniqli namoyandalari Jekson Pollok (1912-1956), V.V.Kandinskiy (1866-1944), Maks Ernest edi. Ular chiziqlar, geometrik figuralar va hajmlardan tartibga solingan konstruksiyalar yaratishdi, shuningdek, rangli dog’lar va hajrnlaming tartibsiz, ayqashuyqash to’pida ijodiy ongsizlik, stixiyalikni ifodalashga intildilar. Syurrealizm asosida kubizm, dadaizm, fovizm, yangi obyektivizm kabi oqimlar rivojlandi. Kubizmning eng mashhur vakili ispan rassomi Pablo Pikasso (1881-1973) edi. U tabiat va insonni o’z ongida qanday tasavvur etsa shunday, ularning estetik yoki realistik tomonlari haqida qayg’urmasdan tasvirladi. Uning suratlari bitmas-tuganmas mazmunga ega bo’lib, ularning ma’nosi hech qachon topilmaydi. Syurrealizmning kubistik yo’nalishdagi boshqa taniqli namoyandasi Mark Shagal (1899-1985) edi. U Vitebskda tug’ildi. Sankt-Peterburgda o’qidi, biroq uning butun ongli hayoti Parij va AQSHda kechdi. Uning suratlari chek-chegarasiz tasavvur va yorqin bo’yoqlari bilan ajralib turadi. Bu suratlar realistik san’at ruhida tarbiyalangan kishilar uchun tushunilishi qiyin. Biroq mazmunan ular rus ertaklari va qadimgi yahudiy rivoyatlarini o’zida namoyon etadi. Syurrealistlar orasida ayniqsa ispan rassomi Salvador Dali (1904-1989) ajralib turadi. Mutaxassislarning fikricha, uning asarlarida gallyutsinatsiyalar (yo’q narsalarning ko’rinishi) va shayton vasvasalari ustivorlik qiladi. Yangi yo’nalishdagi rassomlar ijodida insonparvarlik, ezgulik, demokratiya, ya’ni umuminsoniy qadriyatlar ustun turdi.
AQSH.
Urush tugagach, harbiy kompleks hosil bo’ldi, u madaniy hayotda ham cheklashlar qilishga ham harakat qildi. Urushdan keyingi dastlabki yillarda davlat xizmatchilari va madaniyat arboblarini "loyallikka tekshirish" kompaniyasi boshlandi, zero ularning AQSHdagi ahvolga o’z qarashlari bar edi. Qo’poruvchilik toifasiga kiritilgan yozuvchilarning asarlari man etildi. J.Steynbek romantik samimiyligi bilan ajralib turuvchi yozuvchi bo’lsa-da, urushdan so’ng o’z iste’dodiga muvofiq keluvchi asarlarni yaratmadi. Biroq, u urushdan keyingi 23 yillik hayoti mobaynida oddiy odamlar dunyosidagi ezgulik va go’zallikka bag’ishlangan 22 kitobni e’lon qildi. Ular orasida eng muhimlari 27 marta nashr qilingan "Bizning xavotirlarimiz qishi" (1961) va 39 marta chop etilgan "Charli bilan sayohatlar" (1962) asarlaridir. Agar "Bizning xavotirlarimiz qishi" murakkab axloqiy va psixologik muammolari bo’lgan istehzoli roman bo’lsa, "Charli bilan sayohatlar"da yozuvchi oddiy amerikaliklar hayotiga yana qaytadi. U mamlakat bo’ylab o’z sayohatida o’rtacha amerikalikning ongini qamrab olgan jangovar militaristik ruhga duch keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |