Modernizm va Kafka ijodi (1883-1924). F.Kafka XX asr jahon adabiyoti rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan yozuvchilardan biri hisoblanadi. Vafot etganiga 90 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, uning asarlari yuzasidan olib borilayotgan bahslar hali-hanuz tugagani yo‘q. Ba'zilar uning asarlarini so‘zsiz qabul qilsalar, boshqalar ana shunday qat'iyat bilan rad qiladilar. Ba'zilar uni otashin insonparvar deb e'lon qilgan bo‘lsalar, boshqalar buning aksi ekanini isbot qilmoqchi bo‘ladilar. Uning ijodini ekspressionizm, syurrealizm, naturalizm estetikasi bilan bog‘lashga harakat qiladilar.
Millati – yahudiy, yashash joyi Praga, tili va madaniyati nemischa bo‘lgan Kafkaning tarjimai holi voqealarga boy emas. O‘rtahol yahudiy oilasida tug‘ilgan Frans nemis gimnaziyasini tamomlagach, 1901-1905 yillarda san'at tarixi va germanistika bo‘yicha ma'ruzalar tingladi. 1906-1907 yillarda Praga advokatlik idorasida ish o‘rgandi. Huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik darajasiga ega bo‘lishiga qaramay, katta mansablarga erisha olmadi. 1917 yili sil bilan kasallangach, tanaffuslar bilan 1922 yilgacha ishladi. 1923 yili Berlinga keldi va o‘zining qolgan umrini adabiyotga bag‘ishlashga qaror qildi. Yozuvchi 1924 yilning 3 iyunida Praga yaqinidagi Kirling sihatgohida vafot etdi. F.Kafka 1915 yildayoq adabiyot sohasidagi mukofotga sazovor bo‘lganligiga qaramay, mashhurlik unga o‘limidan keyin keldi.
Kafka o‘z asarlarini chop ettirishga qiyinchilik bilan rozilik bergan. Shu sababli, hayotligida uning faqat quyidagi asarlari nashrdan chiqqan, xolos: 1905 yili “Bir kurash bayoni” novellasidan ikkita parcha, 1908 yili asarlaridan sakkizta parcha, 1913 yilda birinchi hikoyalar to‘plami va “Amerika” romanining birinchi bobi, 1916 yilda “Hukm” va “Evrilish” novellalari, 1917 yili “Qishloq vrachi” to‘plami va “Axloq tuzatish koloniyasida” novellasi. Kafkaning tugallanmagan 3 romani “Jarayon”(1925), “Qasr”(1926), “Amerika”(1927) o‘limidan keyin chop etildi. Hozirgi paytga kelib yozuvchining adabiy merosi 10 jildni tashkil etadi.
Yozuvchi “Amerika” romani ustida 1911-1916 yillarda ishladi. Asarda ota-onasi tomonidan o‘n olti yoshida Amerikaga jo‘natib yuborilgan Karl Rossman haqida hikoya qilinadi. O‘ta kamtar, sodda, ishonuvchan, oqko‘ngil, hammaga hammavaqt yordam berishga tayyor Karl hayotda ko‘p qiyinchiliklarga uchraydi. Kemada suzib ketayotgandayoq u loqaydlik va adolatsizlikka duch keladi. Amerikaga kelgach, yigitcha birmuncha muddat taqdirning siyloviga sazovor bo‘lganday bo‘ladi. Ikki oyga yaqin u qandaydir badavlat amakisining uyida yashaydi, lekin amakisi hech qanday sababsiz Karlni ko‘chaga haydab yuboradi. Ko‘chada u ikki daydi – Delyamarsh va Robinson bilan tanishadi, ular bilan birgalikda mamlakatni kezib chiqadi.
“Oksidental” mehmonxonasining katta oshpazi Karlni ishga joylashtirishga yordam beradi, unga har tomonlama homiylik qiladi. Mast bo‘lib kelgan Robinsonga achinib, unga yordam qo‘lini cho‘zgan qaharamon 2-3 daqiqaga postini tashlab ketadi. Buning uchun Karl oberkelner, oberporte tomonidan qattiq so‘roqqa tutiladi. Hatto yigitchaga har doim iltifot ko‘rsatib kelgan oshpaz ayol ham uni jinoyatchi deb hisoblaydi. Bu qanchalik kulguli, mantiqsiz bo‘lsada, u ishdan haydaladi. Ko‘chada Karl yana Delyamarshning “tuzog‘iga” tushadi. Roman qahramonning ochlik, turli xuolanishlariga to‘la hayotining tugashi bilan uzilib qolgan(Roman qahramoni qandaydir sirli Oklaxoma teatriga ishga qabau qilinadi. Ishga qabul qilinayotganlar “tanlov komissiyasi” tomonidan juda qattiq tekshiriladi, lekin oxir-oqibat hamma ishga qabul qilinadi). Nemis tadqiqotchisi K.Xerasdorfning fikricha, roman bosh qahramon o‘limi bilan yakunlanishi kerak edi. Aksincha, Kafkaning yaqin do‘sti, yozuvchi Maks Brod esa asar “happy end” bilan, ya'ni Karl Oklaxomada ota-onasini uchratib baxtli, sokin hayotga qaytishi bilan o‘z nihoyasiga yetishi kerak edi, degan fikrni ilgari surgan. Ushbu romanda inson unga begona va dushman bo‘lgan dunyoga qarama-qarshi qo‘yilgan(Bunday holat Kafkaning deyarli barcha asarlarga xosdir). Yozuvchining fikricha, Karl shaxs sifatida hurmatga sazovor inson. Boshqa vaziyatda u hayot uchun bo‘lgan kurashda g‘alaba qozonishi, o‘z hayotini orzu qilganidek qurishi mumkin edi. U har qanday “pollunder” va “delyamarsh”lardan ijobiyroq, lekin afsuski, ulardan kuchsiz. Shuning uchun Karl jinoyatchi sifatida emas, balki taqdir qurboni sifatida halok bo‘lishi kerak. Yozuvchmga Karlning prototipi bo‘lganmi? – degan savol berilganda u quyidagicha javob qaytargan: “Men odamlarni chizmayman. Bular obrazlar, faqat obrazlar”.
“Jarayon”(1925). Yirik bankning xodimi Yozef K. kunlarning birida qandaydir maxfiy sud vakillari tomonidan hibsga olinadi. Ushbu sud(u chordoqda joylashgan) norasmiy bo‘lsa-da, juda qudratlidir(u barcha uylarning chordog‘ida mavjud). Tekshiruv-surishtiruv ishlari maxfiy olib boriladi va ayblov xulosalari ovoza qilinmaydi. Sudlanuvchi esa hukm ijrosi amalga oshirilishiga qadar ozodlikda qoladi. Bu sud uchun aybsizlarning o‘zi yo‘q, ertami-kechmi sudlanuvchi ustidan, albatta, hukm chiqariladi.
Hech qanday gunohi yo‘qligiga ishongan Yozef K. bu o‘ta yumshoq, deyarli his qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlikka qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lib, avval advokatga murojaat qiladi, so‘ngra o‘ziga yaqin ayollardan yordam so‘raydi, sud rassomi Titorelli huzuriga boradi. Ta'qibdan qutulishning eng oddiy yo‘lini rad etadi(amakisining qishlog‘ida yashirinish). Va nihoyat Yozef K. o‘zini hech narsa ro‘y bermaganday tutishi, ya'ni so‘roqqa bormasligi mumkin edi. Chunki u bilan suhbatlashgan ruhoniy(sud hay'atining a'zosi) sudga undan hech narsa kerak emasligi, sud u o‘zi kelganida qabul qilishi, ketmoqchi bo‘lganda esa, qo‘yib yuborishini uqtiradi. Lekin Yozef K. taqdirdan yashirinmaydi. Aksincha, u taqdirga qarshi chiqadi va borgan sari uning to‘rlarida ko‘proq o‘ralashib qolaveradi.
Uning sud bilan bo‘lgan bunday munosabatiga tayanib ba'zi adabiyotshunoslar, aslida hech qanday sud jarayoni bo‘lmagan, hamma narsa qahramonning xayolida, ongida bo‘lgan, degan xulosaga keladilar. Masalan, amerikalik tadqiqotchi Ingeborg Xenelning yozishicha, “Kafkada insonning o‘zi barcha azob-uqubatlarning bosh aybdoridir. Inson o‘zini o‘zi oqlash uchun faqat o‘ziga ko‘rinadigan olamni yaratadi”.
Roman davomida qahramon ikki xil hayot kechiradi: birida u ta'qib qilinayotgan, quvilayotgan “oddiy” odam bo‘lsa, ikkinchisida har qanday hodisa-yu noxushliklardan himoya qilingan yirik amaldor. Hibsga olingandan so‘ng Yozef K. frau Grubaxga: “bankda men bilan bunday voqea ro‘y bermas edi”, deydi, chunki bankda u doimio hushyor, sergak turadi. Demak, qahramoning o‘zi unga shaxs sifatida dushman bo‘lgan dunyoning bir bo‘lagidir. Aynan shu dunyoga aloqadorlik Yozef K.ni o‘zini ko‘z o‘ngida “gunohkor” ko‘rsatadi. Aynan shu “gunohkorlik” tuyg‘usi uni sudga borishga majbur qiladi, shuning uchun u suddan keta olmaydi. Shu sababdan uni qatl qilgani olib ketishayotganda hech kimni yordamga chaqirmaydi, hech qanday qarshilik ko‘rsatmaydi.
Yozef K. shaxs sifatida o‘zidagi “amaldor” ustidan hukm chiqaradi, shu bilan birgalikda amaldor Yozef K.ga “quyib qo‘ygandek” o‘xshash amaldorlar uni shaxs sifatida o‘ldiradilar. Asar qahramoni hibsga olinganidan bir yil o‘tgach qatl qilinadi, chunki u adolatsiz qonunlarga bo‘ysunishni xohlamaydi, “bo‘riday uvillash”dan bosh tortadi. Shunga qaramay o‘zligini saqlab qolgan Yozef K. dunyoga emas, birinchi navbatda o‘z-o‘ziga boqadi, o‘zi orqali dunyoga nazar tashlaydi. “Jarayon”ning dunyosi sub'ektiv bo‘yoq berilgan dunyo bo‘lib, o‘z iztiroblari, kuchsizligi va gunohkorlik hissi orqali ko‘rsatilgan dunyodir.
F.Kafkaning eng mashhur asarlaridan hisoblangan “Evrilish” hikoyasi 1912-yilning kuzida yozilib, 1915-yilning oktyabrida Leypsigda chop etildi. Asar qahramoni badavlat bo‘lmagan xonadon farzandi bo‘lib, otasi besh yil avval singanidan keyin tijorat ishlari bilan shug‘ullana boshlagan. Keyinchalik otasi ishni tashlagan. Onasi – xasta, singlisi Greta esa yosh bo‘lganligi sababli oilani boqish Gregorning zimmasiga tushadi. Voqea Pragada, 1912-yilda sodir bo‘ladi. Doimo safarlarda bo‘lgan Gregor navbatdagi xizmat safari oldidan uyda tunab qoladi. Ertalab uyg‘ongach, u qandaydir bahaybat, jirkanch qo‘ng‘izga aylanib qolganini anglaydi. Hali inson aqlini yo‘qotmagan Gregor-qo‘ng‘iz kech qolayotganini, narsalarinitezroq yig‘ishtirib stansiyaga yetib borish haqida o‘ylaydi. Uyidagilar allaqachon bir necha bor eshikni taqillatishga ulgurdilar. Gapirishi tobora qiyinlashib borayotgan Gregor ularga javob ham qaytaradi. Juda katta qiyinchilik bilan eshikni ochishni ham uddalaydi. Eshik ochilgach, oila a'zolari ham, qahramon ishlaydigan firma vakili ham dahshatga tushadilar.
Oradan bir qancha vaqt o‘tsa ham Gregor asl holiga qaytmaydi. U qo‘ng‘izga aylangach undan faqatgina singlisi xabar olar, shunda ham ovqat qoldiqlarini tashlab, tezroq chiqib ketishga harakat qilar, qo‘ng‘izdan jirkanayotganini yashirmas edi. Bu narsa Gregorga ruhiy azob beradi, chunki unda hali inson yuragi saqlanib qolgan edi. Qattiq lat yegan qo‘ng‘iz bir nechak oydan keyin o‘ladi. Oila a'zolari uni keraksiz narsani tashlaganday tashqariga chiqarib tashlaydilar. Shu kuni oilaga yana tinch va osuda hayot qaytib keladi. Qo‘ng‘iz qiyofasidagi inson – Gregor vafot etdi, odam qiyofasidagi qo‘ng‘izlar esa yashashda davom etadilar.
Kafka ijodini tatqiq etgan olimlarning aksariyat qismi uning uslubiga xos bo‘lgan tasvirning realistik usuli bilan markaziy voqealarning mutlaqo haqiqatdan yiroqligini ta'kidlaydilar. Darhaqiqat, fantastik, ishonish qiyin bo‘lgan voqealar haqida bunchalik ehtirossiz va sokin ohangda yozgan adibni topish amri mahol.
“Evrilish” hikoyasining qahramoni Gregor Zamzaning qo‘ng‘izga aylanishi ana shunday ohangda yozilgan. Qahramon, u bilan birgalikda muallifning o‘zi ham qahr-g‘azab, tushkunlikka tushish u yoqda tursin hatto ajablanmaydilar. Dunyo ostin-ustun bo‘lgani yo‘q: xona xonaligicha turibdi; mato namunalari stol ustida yotibdi; devorda osilgan arzongina narxga olingan rasm ham o‘z joyida. Aynan mana shunday osuda, lekin shafqatsiz uslub Kafkaga xosdir.
F.Kafkaning o‘limidan keyin Maks Brod tomonidan chop ettirilgan romanlari, novella va hikoyalari, xatlari va deyarli tayyor ko‘plabbadiiy matnlar mavjud bo‘lgan kundaliklari chop ettirilgach, yozuvchining butun ijodini yaxlit bir matn sifatida qabul qilish kerakligiga amin bo‘lamiz.
Bu ma'noda uning ilk yirik asari “Bir kurash bayoni” (1903-1904 yillarda yozilib, muallif tomonidan nashr ettirilmagan)namuna bo‘lib xizmat qiladi, chunki unda Kafka hayoti davomida yozganlari ixcham, siqiq holda berilgan. Adib yaxlit matndan bir nechta parchalarni ajratib olib, mustaqil asar sifatida turli turkumlar tarkibida chop ettiradi. Quyida keltirilgan “Bir kurash bayoni”ga kiritilgan “Daraxtlar” hikoyati(pritcha) ana shunday parchaga yorqin misol bo‘ladi:
“Illo, biz qishda kesilgan daraxtlar misolimiz. Go‘yo ular qorga shunchaki sirpanib tushgan-u, yengilgina turtib yuborilsa, ular o‘rnidan qo‘zg‘aladigandek. Yo‘q, ularni qo‘zg‘atib bo‘lmaydi, ular muzlab yerga mahkam yopishib qolgan. Biroq, taassufki, bu shunday tuyuladi, xolos” (S.Xo‘jaev tarjimasi).
Asar boshlanishi go‘yo undan oldin qandaydir mulohazalar aytilgan-u, endi undagi fikr davom ettirilayotganday tasavvur uyg‘otadi: “”Illo, biz qishda kesilgan daraxtlar misolimiz. “Biz – daraxtlar” hikoyatga xos bo‘lgan istioradir. Biroq obraz shu darajada mavhumki, agar paydo bo‘ladigan so‘niq, tushkunlik kayfiyati e'tiborga olinmasa( “qishda”, “kesilgan”), fikr hech qanday mazmun kasb etmaydi.
Bu yo‘nalish ikkinchi jumlada topilganday bo‘ladi: “Go‘yo ular qorga shunchaki sirpanib tushgan-u, yengilgina turtib yuborilsa, ular o‘rnidan qo‘zg‘aladigandek”. Aniq-ravshan ko‘rinib turibdiki, iboraning o‘zida uning mantiqiy davomi mavjud: agar tuyulsa, demak, uni qo‘zg‘atib bo‘lmaydi. Nima uchun? Eng oddiy taxmin: “Yo‘q, ularni qo‘zg‘atib bo‘lmaydi, ular muzlab yerga mahkam yopishib qolgan”. Agar birinchi va ikkinchi iboralarbir-biriga mantiqan bog‘langan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi iboralar bir-biriga sabab-oqibat aloqasi bilan uzviy bog‘lanadi.
Shu sababli uchinchi ibora kiritilgandek: “Yo‘q, ularni qo‘zg‘atib bo‘lmaydi, ular muzlab yerga mahkam yopishib qolgan”. Uning o‘z qonuniy joyida paydo bo‘lishi muayyan istiorani tahlil qilishdan ko‘ra kengroq fikrni talab etadi: hech qachon narsalarning tashqi ko‘rinishiga qarab baho berish kerak emas, ularning mohiyati, sababini aniqlash kerak. XIX asr realistlari ana shunday fikrlar, pozitivistlar esa bunda falsafaning mohiyatini ko‘rardilar. Aslida gap daraxtlar haqida emas, biz haqimizda.
Kafka to‘rtinchi iborani qo‘shadi: “Biroq, taassufki, bu shunday tuyuladi, xolos” va unda biz adibning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini, ya'ni yangicha tafakkurni ko‘ramiz. Yozuvchi barcha tomonidan qabul qilingan tafakkur qoidalariga zid qarash – paradoks yaratadi. Agar Oskar Uayld yoki Bernard Shou paradokslarini qiyinchilik bilan bo‘lsa-da “mag‘izini chaqish” mumkin bo‘lsa, Kafkada umuman boshqacha paradoksni ko‘ramiz. Ehtimol unga Tertullianning quyidagi mashhur fikri namuna bo‘lib xizmat qilgandir: “Iso Masih chormihga tortildi – uyat emas, illo , bu uyatsizlik. Va Iso Masih o‘ldi – bu butunlay aniq, shubhasiz, illo, bu safsata, tuturiqsizlik. Dafn qilingan bo‘lsa-da, u tirildi – bu rost, illo, mumkin emas”.
Kafkada buyuk fransuz modernist yozuvchisi Marsel Prustdan farqli o‘laroq, alohida ajratib olingan jumla matnning kichik bir zarrasi emas. Oldingi uch jumboqli jumlasiz to‘rtinchi jumboqli jumlani tushunib bo‘lmaydi – bu adib uchun xos jixatdir.
Frans Kafkaning ijodi, shaxsi, dunyoqarashi XX asrda eng ko‘p bahslarga, tortishuvlarga sabab bo‘lishidan qat'iy nazar adabiyotda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |