Yevripid (mil.av. 480-406 yy). Qadimgi yunon tragediyasining yana bir vakili yevripid Afina yaqinidagi Salamin orolida tug‘ilgan. Antik davr adabiyotining uch buyuk vakili haqida quyidagi rivoyat bog‘lab turgan: Salamin yaqinidagi g‘alaba nishonlanayotganda(m.o. 480) Esxil g‘olib askarlar safida bo‘lgan. G‘alaba bayramida uyushtirilgan o‘yinlarda Sofokl o‘zini ko‘rsatgan va xuddi shu kuni dehqon Mnesarx oilasida yevripid dunyoga kelgan. M. o. V asr oxirida komediyanavislar shoirga ko‘p ta'na va malomatlar yog‘dirdilar. U Makedoniyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi va shu yerda vafot etadi. Yevripid teatr musobaqalarida uch marta g‘olib chiqqan. O‘z davrida qadrlanmagan shoir keyingi asrlarda(ellinizm davrida) xalqning eng sevimli tragik shoiriga aylanadi. U jami 92 ta asar yozgan bo‘lib, bizgacha 19 tasi yetib kelgan. Masalan: “Alkestida”, “Medeya”, “Geraklidlar”, “Ippolit”, “Elektra”, “Andromaxa”, “Troyalik ayollar” tragediyalari. Bu asarlarning barchasi Sofokl va Esxil singari mifologik afsonalar mavzusida yozilgan. yevripid o‘z asarlarida zamonasining turli-tuman muammolari bilan birga psixologik muammolarni ham qo‘yadi. Yunon shoiri jahon adabiyotida avvalambor, ayollar obrazi va ularning psixologik qiyofasini mahorat bilan tasvirlagan adib sifatida mashhurdir. Uning eng kuchli tragediyalaridan biri m.o. 431-yili Afina sahnasida qo‘yilgan “Medeya” hisoblanadi. Asar syujeti “Argonavtlar” haqidagi afsonadan olingan. Bir qancha yunon pahlavonlari Yason boshchiligida oltin qo‘y junini olib kelish uchun “Argo” kemasida Kolxida eliga jo‘naydilar. U yerda podshoning qizi, quyosh ma'budi Geliosning nabirasi go‘zal Medeya Yasonni sevib qoladi, uni deb ota-onasi, vatanidan voz kechadi, akasini o‘ldiradi. Oltin qo‘y junini Yunonistonga olib kelgach, ular turmush quradilar. Bir qancha muddat o‘tgach, Yason Korinf shohi Kreontning qizi Glafkaga uylanmoqchi bo‘ladi. yevripidning asari xuddi ana shu joydan boshlanadi. Bevafolikdan g‘azablangan Medeya eridan qasos olishga ahd qiladi, kelin, uning otasi va o‘z farzandlarini o‘ldirib ajdaholar qo‘shilgan aravada uchib ketadi. Agar “Medeya” xaqoratlangan sevgi va rashk haqidagi asar bo‘lsa, “Ippolit” jinoyatkorona, qabih sevgi haqidagi tragediyadir. Afina podshosi Tezeyning oldingi xotinidan qolgan o‘g‘li Ippolitni o‘gay onasi Fedra sevib qoladi. Yigit uning sevgisini rad etgach, Fedra o‘z joniga qasd qiladi. O‘limidan oldin yozib qoldirgan maktubida u Ippolitni tajavvuzda ayblaydi. Otasi tomonidan la'natlangan Ippolit halok bo‘ladi. Yevripid juda katta maxorat bilan burch va ehtiros o‘rtasidagi kurashdan azoblangan qahramonlar ruhiyatini tasvirlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |