Sofokl (mil.av. 496-406 yy.) Sofokl m.o. 496 yili Afina yaqinidagi Kolon degan joyda, qurol-aslaxa korxonasi xo‘jayinining oilasida tug‘ilgan. Adabiy faoliyatini ancha erta boshlagan bo‘lib, m.o. 468 yili birinchi marta dramaturg sifatida maydonga chiqadi, 28 yoshida adiblar musobaqasida o‘z ustozi Esxilni mag‘lub etib, Plutarx qo‘lidan qimmatbaho sovrin olgan va hammasi bo‘lib musobaqalarda 24 marta g‘olib bo‘lgan.
Sofokl m.o. 441-yili oliy lavozim – strateglikka saylanadi. Xukmdor Perikl bilan yaqin do‘stona munosabatda bo‘lgan. U butun umrini shonu-shavkatda o‘tkazib, m.o. 406-yili vafot etgan. O‘limidan keyin buyuk zotlarga ko‘rsatiladigan izzat-ikrom ko‘rsatilib, har yili qabri ustida qurbonlik qilish taomilga aylangan. Shoirning 123 ta pyesasidan yettitasigina saqlanib qolgan. 1912-yili “Izquvarlar” satirlar dramasidan katta parcha topilgan.
Sofokl Esxil boshlagan ishni davom ettirib, tragediyani tantanali lirik qo‘shiqdan chinakam dramaga aylantirishda katta xissasini qo‘shdi. Agar Esxil asarlarida oliy kuchlar inson yurish-turishida faol ishtirok etgan bo‘lsa, Sofokl qahramonlari mustaqil harakat qilib, boshqa kishilarga nisbatan munosabatlarini ham o‘zlari belgilaydi. Shoirni to‘lqinlantirgan muammolar endi avlod taqdiri bilan emas, balki alohida shaxs taqdiri bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu mazmunan bog‘langan trilogiyalardan voz kechishga olib keldi. Sofoklda har bir asar alohida badiiy yechim va muammoga ega bo‘ldi.
Dramaturg o‘z ijodi davomida xorni chiqarib tashlamagan bo‘lsa ham unda xor qo‘shiqlari qisqarib bordi va bu voqealar sur'ati tezlashdi. Sofokl tomonidan kiritilgan yana bir yangilik – dramaga uchinchi akterning kiritilishi bo‘ldi. Aristotelning “Poetika” da xabar berishicha, buyuk dramaturg sahna san'ati nazariyasi bo‘yicha ham ko‘p yangiliklar kiritgan: xor tarkibini o‘zgartirgan, musiqiy parchalar joriy etgan, teatr dekoratsiyasi qo‘llagan. Gyotening aytishicha, “Sahna san'atini Sofoklchalik hech kim bilmagan”.
Uning “Shoh Edip”, “Antigona”, “Edip Kolonda” tragediyalarining syujeti afsonalarning Fiva turkumidan olingan. “Elektra”, “Filoklet”, “Ayaks” asarlari Troya afsonalari mavzusida yozilgan bo‘lsa, “Traxinalik ayollar” Gerakl haqidagi rivoyatlar asosida yozilgan.
Qahramonlarning tabiatini chuqurroq ochish maqsadida Sofokl turli usullarni qo‘llaydi. Ulardan biri taqqoslash usulidir. Ikki qahramonni yonma-yon qo‘yib tasvirlashning eng mohir namunasini “Antigona” tragediyasida ko‘ramiz. Sofokl ajoyib obrazlari bilan bir qatorda, dramatik voqealarni ustalik bilan bir-biriga bog‘lagan san'atkor sifatida ham mashhur.
Sofokl “Shoh Edip” tragediyasida yunon san'atining “kuch va vositasigina emas, zamini ham bo‘lgan” mifologiyadan keng foydalangan. Odatda miflarning bir qancha variantlari bo‘lib, dramaturglar ularni o‘zgartirib, o‘z g‘oyalariga moslab, ijodiy qayta ishlaganlar. “Shoh Edip” bunga misol bo‘la oladi. Edip haqidagi mif Homerning “Odisseya”sida ham bor edi. Ammo Sofokl unga juda aniq psixologik ishlov beradi, uni “qismat fojeasi”dan chinakam insoniy dramaga aylantiradi. Edipning o‘z umri sirlarini bilish jarayoni unga mudhish taqdirni ochibgina qolmay, o‘z aybiga iqror bo‘lishga ham olib keladi. Inson o‘z qilmishlariga o‘zi mas'uldir: inson bezavol va beajal tangrilardan shu bilan farqlanadiki, uning hayoti doimiy kurashlarda, har qanday g‘ovlarni, qismatni yengib o‘tish uchun intilishda o‘tadi.
Mifda mana shu qismat birinchi o‘rinda turadi. Sofokl tragediyasida esa taqdir qahramon yo‘lida bir rishta xolos. Edip umuminsoniy ahamiyatga ega bo‘lgan chuqur va murakkab obrazga aylanadi.
Antik davrdagi hech qaysi dramaturgning asari jahon adabiyotida “Shoh Edip” tragediyasi kabi chuqur iz qoldirmagan. Bu asar ta'sirida XVIII asr oxiri XIX boshlarida Yevropa adabiyotida “Taqdir tragediyasi” deb atalgan adabiy oqim paydo bo‘ldi va u Shekspirning “xarakterlar” tragediyasiga qarshi qo‘yildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |