Sapfo (m.av 612-yili tug‘ilgan). Alkeyning zamondoshi va vatandoshi bo‘lgan shoira Sapfo zodagon oilasida tug‘ilgan. Mitilana hukmroni Pittak davrida bir necha yil Sitsiliya orolida quvg‘inlikda bo‘lgan. Vataniga qaytib kelgach, maktab ochib, bu yerda yoshqizlarni turli bilimlarga: musiqa, ashula, raqs va she'r to‘qishga o‘rgatadi. Maktabda nafaqat Yunonistonning uzoq-yaqin yerlaridan, hattoki boshqa mamlakatlardan kelgan qizlar ta'lim olgan.
Qadimgi manbalarda Sapfoning o‘nta kitob yozgani haqida ma'lumotlar keltirilgan. Biroq bularning barchasi, nasroniy ruhoniylarining amriga ko‘ra, IX asrda yondirib yuborilgan. Alkey ijodi uchun asosan ijtimoiy-siyosiy voqealar zamin bo‘lgan bo‘lsa, Sapfo she'riyati asosiy mavzusi shaxsiy kechinmalar, yurak tuyg‘ulari bilan chegaralangan; deyarli yagona mavzu – sevgi va go‘zallikdir. Bizgacha yetib kelgan she'riy parchalarda muhabbat nash'asi, yor vasliga yetish shodliklari haqida hikoya qiluvchi misralar bor. Lekin Sapfoning aksariyat baytlaridan xotin kishining yurak dardlari – rad etilgan muhabbat, ayriliq, hijron, rashk va intizorlik sadolari eshitiladi, shoira o‘zining muhabbat yo‘lida chekkan iztiroblari, dog‘u hasratlari haqida nola qiladi. Antik davr kishilari ulug‘ shoirani faqat dardmand ma'shuqa sifatida taniganlar.
Sapfoning ikkita she'ri to‘la holda yetib kelgan. Afroditaga atalgan mazkur she'rlardan birida, shoira sevgi ma'budasiga iltijo qilib, ishq dardida o‘rtangan qalbiga tasalli berishini, musibatli damlarda ko‘makdosh bo‘lishini so‘raydi. Ikkinchi she'rda esa Sapfo mahbuba husnining sehrli jozibasini ta'riflaydi. Antik dunyoda o‘tgan qalam ahli orasida ishq sharorasini bunchalik jo‘shqin ifodalaganbirorta shoirni topib bo‘lmaydi.
Tangri ulkim, sening jamoling,
Husn ichra buyuk kamoling
Ko‘z oldida erur har zamon.
Bahra olur takallumingdan,
Lazzat topur tabassumingdan,
Muhabbating mulkiga sulton.
Sening chehrang, go‘zal dilrabo,
Ko‘z oldimda bo‘lganda paydo
Ko‘ksim yonur, tilim bo‘lur lol.
Goh muz titroq chirmashar tanga,
Goh vujudim chulg‘ar alanga,
Men behudman, men oshuftahol.
Borlig‘imda otash hayajon,
Ko‘z oldimni qoplab zimiston,
Oyog‘imda turolmam xasta.
Boshlarimdan quyar sovuq ter,
So‘lgan o‘tman, tortar meni yer,
Nafasim yo‘q, so‘naman asta...
(Erkin Vohidov tarjimasi)
Ishqiy she'rlardan tashqari Sapfo epitalamalar (nikoh to‘yi qo‘shiqlari) ham ijod qilgan. Qadimda o‘zimizning “yor-yor”lar qabilidagi bunday qo‘shiqlarni qiz-juvonlar, yigitlar aytib kelinchakni kuyovning uyiga kuzatib borganlar. Sapfo ijodining butun mohiyati, olamshumul tarixiy ahamiyati she'riyatda insonning ichki hissiyot dunyosini, go‘zallik olamini ochganligidadir. Shoira yunon she'riyatinina vazn doiralarini yanada kengaytirishi natijasida lirikaning ravon va ohangdor bo‘lishiga keng yo‘l ochildi. Sapfo she'rlari atoqli shoir E.Vohidov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |