Tayanch tushunchalar:
Mo'g'ul qabilalarining Temuchin-Chingizxon boshchiligida birlashuvi. Mo'g'ul davlati va uning ichki tuzilishi. Ijtimoiy- itisodiy munosabatlar. «Yaso» qonunlari. Chingizxonning bosqinchilik yurishlari. Mo'g'ullar xujumi arafasida Xorazm. Temur Malik, Jalollidin Manguberdining mo'g'ullarga qarshi kurashi va uning tariximizdagi o'rni.
Mo'g'ullar istilosining oqibatlari. Mahmud Tarobiy qo'zg'oloni.
XII asr oxiri va XIII asr boshlarida Mo'g'ulistonning o'zaro adovati va dushmanlik bilan yashovchi turli qabilalari (tatarlar, naymanlar, keremetlar, marketlar va boshqalar) o'rtasidagi sinfiy kurashda no'yonlar, ya'ni mo'g'ul ko'chmanchi feodal oqsuyaklari manfaatini ko'zlovchi davlatning tashkil topishi prosessi yuz bermoqda edi.
1206 yil Onon daryosi bo'yida o'tkazilgan umumiy qurultoyida Temuchinga mo'g'ul shomonlari tomonidan Dengizxon ya'ni okeanlar hukmdori nomi beriladi. Keyinchalik bu nom turli xalqlar tillarida o'zgarib Chingizxon deb yuritila boshlaydi. Shu quriltoyda «Yaso» ya'ni keyingi uch yuz yil mobaynida barcha ko'rinishdagi xuquqiy munosabatlar qoidasini o'zida mujassam etgan qonunlar to'plami qabul qilindi. Bu to'plam o'zining butun mazmun e'tiborini mo'g'ul aristokratiyasi, hukmdorlari va harbiy boshliqlarining manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan edi.
Chingizxon hokimiyat tepasiga kelgach, butun diqqat e'tiborini tez boyishning eng oson usuli bosqinchilik urushlarga qaratdi. Buning uchun esa ko'p sonli, yaxshi qurollangan, temir intizomga bo'ysungan va harakatchan armiya tuzish va bosqinchilik rejalarini amalga oshirish boshlanadi.
12II yilda Chingizxon uyg'ur xonini va Yettisuvning musulmon xonlarini o'ziga bo'ysundiradi. 12II-1215 yillar oralig'ida u Xitoyni bosib oldi. Mo'g'ullar uchun Xitoy yurishi muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Ular bu yerda shaharlarni qamal qilishda qo'llaniladigan harbiy qurollarini o'zlashtirdilar. Chingizxon endi Xorazmshoh davlatini bosib olishga tayyorlana boshladi. O'z navbatida Xorazmshoh ham chingiziylar davlatidagi xaqiqiy holatni bilish uchun Baxovuddin Roziy boshchiligidagi elchilar guruhini Mo'g'ulistonga jo'natdi. Chingizxon elchini yaxshi kutib oldi va Xorazmshohga yoqadigan so'zlarni unga yo'lladi. xuddi shu davrda Xorazmga Chingizxonning Mahmud Yalovoch boshchiligidagi elchilar guruhi keldi.
Ammo ikki tomon ham elchilar aloqalari bir-birini yaxshi aniqlash maqsadida ekanligini nihoyatda yaxshi tushunar edi.
1218 yil Chingizxon Xorazmga 450 musulmon savdogarlaridan iborat katta va boy savdo karvoni jo'natdi. Ammo karvon O'tror shahrida talandi, faqatgina bir tuyakash omon qoldi. Shundan so'ng Xorazmshoh huzuriga Ibn Kafroj Bug'ro rahbarligida elchilar guruhi keldi. Elchilar Xorazmshohdan O'tror hokimi Inalhonni jazolashni ya'ni Chingizxon xuzuriga jo'natishni talab qildi. Ammo Xorazmshoh elchini o'ldirib, uning xamrohlari soqol mo'ylovi olinib, vataniga qaytarildi, . Bu esa o'sha davrdagi ikki buyuk davlat o'rtasida savdo va diplomatik munosabatlar uzilganligini bildirdi.
1219 yilda Sharqiy Turkiston va Yettisuv territoriyasida joylashgan Kuchlukxon davlati chingiziylarga qo'shib olindi.
Chingizxonning Kuchlukxon davlatini tugatishi xorazmshohlarni tashvishga soldi. Harbiy kengash chaqirilib, unda chingiziylarga qarshi kurash rejasi muhokama qilindi. Ammo kengashdan noto'g'ri fikrga ya'ni mudofaa taktikasiga kelindi.
Xorazmshohning vaziri Shahobiddin Xivaqiy asosiy qo'shinni bir yerga to'plash va dushmanga birlashib zarba berish kerak deb yagona to'g'ri fikrni o'rtaga tashladi. Shunday qilingandagina Chingizxonning asosiy kuchlari bilan jang qilishning joyi va muddatini tiklash, dushmanni mag'lub qilish mumkin bo'lar edi.
Biroq mutahasislar tomonidan to'g'ri deb hisoblangan bu taklifni qabul qilmadi. Aksincha, u shaharlar yaxshi mustahkamlangani va gornizonlar yaxshi qurollanganligiga asoslanib, qo'shinini alohida shaharga bo'lib tashlashni taklif etdi. Xorazmshoh Muhammadning bunday xato yo'l tutishiga asosiy sabab, qo'shindagi eng oliy harbiy lavozimlarga turgan qipchoq sarkardalariga mutlaqo ishonmasligi edi. Uning bu ishonchsizligiga asos bor edi, chunki keyinroq Amudaryo bo'yidagi qarorgohda Xorazmshohni o'ldirishga urinish bo'lgan edi.
Shunday qilib, Muhammad halokatli yo'lni tanlab, u shaharlar mudofaasini kuchayishini buyurdi. Dushmanning asosiy zarbasi Samarqandga yo'naltiradi degan tahminda, u Samarqand mudofaasi uchun aholidan bir yil ichida uch marta soliq yig'di, ammo shahar devori mustahkamlanmaganicha qolaverdi. Mamlakat tashqi tomondan qudratli ko'rinsada, ammo ichkarida bir-biriga tish qayrash, sotqinlik, davlat mulkini talon-taroj qilish avj olgan edi.
1219 yili Chingizxon ko'p sonli lashkari bilan O'trorga qarab yurdi. Bir yil muqaddam uning karvoni talangan bu chegara shahar mustahkam qal'adan iborat edi. Chingizxon qo'shini yaxshi tayyorlangan, asosiy qismi otliqlardan tashkil topgan edi. O'ziga xos artileriya devor teshar va tosh otar qurollar, naftandozlar qo'shinda katta o'rin tutadi. Qo'shinga Chingizxonning o'zi janglarda tajriba orttirgan shahzodalar, Juba va Subutoybek lashkar boshchilik qiladi. Mo'g'ullar qo'shinida vataniga hiyonat qilib, Chingizxonga sotilgan musulmon savdogarlari ko'p bo'lib, unga O'rta Osiyodagi yo'llar, ko'priklar, tog' yo'llari, oziq-ovqat va yem-hashak xaqidagi, aholining kayfiyati xaqidagi jamiki ma'lumotni yetkazib turishardi.
Chingizxon urush olib borishning talonchilik, o't qo'yish, aholini ko'plab qirib tashlash, qo'rqitish kabi beshafqat va sinovdan o'tgan usulini qo'lladi.
1219 yil sentabrida qamal qilingan O'tror qal'asi, o'sha davr harbiy san'atining barcha qoidalari bo'yicha qamal qilindi. 1220 yilning yanvarida Qoracha lashkarboshining taslim bo'lishi, ya'ni sotqinligi tufayli mo'g'ullar tomonidan egallandi. Mo'g'ullar qal'a ahlidan dahshatli o'ch oldilar. Arab tarixchisi Abdulfayzning yozishicha «Insoniyat tarixi hali bunday yovuzlik va shafqatsizlikni ko'rmagan edi. Shahar talandi, uch kunda kunpayakun qilindi. Shaharliklarning bir qismi boshqa joylarni qamal qilishda mo'g'ul qo'shini oldida borish uchun saqlab qolindi.
O'tror qamalining boshlanishidayoq Chingizxon qo'shinini bir necha qismga bo'lgan edi. Shu sababli ham mo'g'ullar bir vaqtning o'zida turli tomonga qarab yo'l olishdi. Chingizxonning katta o'g'li Jo'ji ukalari Chig'atoy va O'qtoy bilan birgalikda lashkarni Sirdaryoning quyi oqimi bo'ylab, Sig'noq - O'zgan-Yorkent va boshqa shaharlar orqali Urganch tomonga yo'lladi. Besh ming kishilik boshqa qo'shin Sirdaryo bo'ylab yuqoriga Xo'jand sari yurish qildi. Chingizxonning o'zi esa asosiy qo'shin bilan, Xorazmshoh va uning sarkardalari mutloqo kutmaganda Buxoroga-Xorazmshohlar davlatining siyosiy va diniy markazi hisoblanmish shaharga yo'l oldi. U Buxoroga borish davomida Zarnuq va Nur (Nurota) shaharlarini ayrim xalqlar yordamida egalladi.
1220 yilning fevralida mo'g'ullar mudofaaga yaxshi tayyorlanmagan Buxoroning devori ostida turishardi. Fors tarixchisi Jurjoniyning yozishicha, Buxoro garnizoni jangchilari soni 12 ming kishidan iborat bo'lgan, ba'zi ma'lumotga ko'ra ximoyachilar soni 20 ming atrofida deb ko'rsatiladi.
Shahar himoyachilari qaxramonona qarshilik ko'rsatdilar, ammo din peshvolarining xoinligi va harbiy boshliqlarining o'quvsizligi natijasida Buxoro Chingizxon tomonidan egallandi. Uning shaharga kirishini Rashididdin quyidagicha ta'riflaydi: Chingizxon ot ustida jome' masjidiga kirib, shaharning nufuzli kishilarini to'plab olib kelishni buyuradi. Mo'g'ullar shahar omborlarini ochib g'allalarni olishdi, muqaddas diniy kitoblar, sandiqlarni, otlari uchun yem idishi qilindi, sharob to'la meshlarni masjid ichiga terib chiqishdi, xonandalaru, sozandalar o'yin kulgi qildilar,
Shahar boylarning mulki Chingizxon tomonidan olingandan so'ng mo'g'ul askarlari uni taladilar va shaharga o't ketdi.
Mo'g'ullar Buxoroning mashhur hunarmandlarini o'z yurtlariga olib ketdi. Sog'lom va baquvvat askarlar hashar ishlarida ishlatildilar.
Tarixchi Ibn al-Asirning yozishicha, otida ketayotgan mo'g'ullarning ortidan asirlar piyoda borishar, xas, shox-shabboda va turli xil narsalarni ko'tarib olishib, shahar qamalida xandaklar to'ldirilib, asirlarning o'zi esa mudofaachilarning dastlabki zarbasiga duchor bo'lishi lozim edi.
Mo'g'ullar Buxoroni ishg'ol qilganlaridan so'ng Camarqand sari yo'l oldilar. Ular Samarqandga 1220 yilning mart oyida yetib keldilar. Samarqandda 20-40 ming atrofida qo'shin va 20 ta jangavor fil ham bor edi. Shaharga Turkon xotinning ukasi To'qayxon boshchilik qilardi. Shaharda birlik yo'q edi. Mehnatkash xalq shaharni himoya qilishga tayyor turgani holda, amaldorlar, ulamolar xiyonat va sotqinlik qilishni ko'zlab payt poylashar edi.
Chingizxon shaharni qamal qilishni shahar boshqarmasidagi Ko'ksaroydan turib boshqardi. Chingizxonning zamondoshi Xitoy tarixchisi Li En xunning yozishicha, mo'g'ullar katta shaharlar qamal qilishda asirlardan ustalik bilan foydalanganlar.
Qamalning uchinchi kuni xalq lashkari jang qilish uchun shahardan chiqdi. Mo'g'ullar bu lashkarni tuzoqqa tushirib, bir kechada 10 ming kishini qirib tashladilar. Shundan so'ng shaharning oliy darajasidagi amaldorlari Chingizxon huzuriga yo'l olib, hozirgi Afrosiyob o'rnida bo'lgan Nomozgoh darvozasini ochib berib, shaharni mo'g'ullarga topshirdilar,
Mo'g'ullar shahardagi barcha mudofaa inshootlarini buzib tashladilar, shahar aholisi o'ldirildi. Mohir hunarmandlar Qoraqumga haydab ketildi. Mo'g'ul bosqiniga qadar shaharda 400 ming odam istiqomat qilgan bo'lsa undan so'ng 100 ming odam qolgan.
Sirdaryoning quyi oqimi bo'ylab yurish qilgan Jo'jining qo'shini 7 kunlik qattiq qarshilikdan so'ng Sig'nok shahrini, keyin O'zgan, Barchilig'kent va Jandni egallab, kelgusi 1221 yili Urganch sari yo'l oldi.
Chingizxon katta otryadini Sirdaryoning yuqori oqimi bo'ylab jo'natdi. Tarixchi Rashididinning guvohlik berishicha, otryadda 20 ming mo'g'ul va 50 ming asirga olingan kishilar bo'lgan. Mo'g'ullar Binkentni egallab, Xo'jandga qarab yurdilar. Xo'jand hukmdori Temur Malik nihoyatda qattiq qarshilik ko'rsatdi.
1220 yil yoziga kelib hozirgi O'zbekistonning markaziy va sharqiy hududlari mo'g'ullar qo'l ostiga o'tdi.
Muxammad Xorazmshoh bu vaqtda Amudaryo yaqinidagi Kelif va Andhud degan joylarda harbiy qarorgoh qurib turar va oxiri Amuning narigi betiga o'tib Erondan eng yaxshi sarkardalari Jo'bi va Subutoyni ta'qib etdi. Ular ta'qibidan qochgan Muhammad Xorazmshoh Kaspiy dengizining janubiy sohilidagi kichik bir orolga yashirinib, ko'p o'tmay o'pka shamollashidan o'lib ketdi. Xorazmshohni topa olmagan Jo'bi va Subutoy uning o'limi haqidagi xabarni eshitganlaridan so'ng Kavkaz orqali janubiy rus dashtlariga chiqib olishdi va 1223 yili Kalka daryosi bo'yida mo'g'ul qo'shinlari bilan rus knyazlari o'rtasida dastlabki qonli jang bo'ldi.
1221 yil qishida Xorazmshoh Muhammad yashiringan va o'lgan oroldan uning o'g'illari Jaloliddin, O'zlukshoh va Oqshoh kelishdi. Xorazmshoh o'limidan oldin o'g'li Jaloliddinni shoh deb e'lon qildi. Temur Malik uni qo'llab quvvatladi. Qipchoq sarkardalari esa norozi bo'lib, O'zlukshoh boshchiligida fitna uyushtiradi. Lekin fitna fosh bo'lib, Jaloliddin bunday vaziyatda Urganch himoyasini tashkil qilib bo'lmasligini anglab Temur Malik bilan birgalikda yashirin ravishda xurosonga o'tib ketib, mo'g'ullarga qarshilik ko'rsatishni davom ettirishdi.
Urganch esa turk amirlaridan biri xumortegin qo'liga o'tdi. U o'zini sulton deb e'lon qildi va Urganchni mo'g'ullardan himoya qilishga so'z berdi.
1221 yil qishida Urganch qamali boshlandi. Aholining mardonavor qarshiligiga qaramay shahar besh oylik qamaldan so'ng egallandi. Alamzada mo'g'ullar shaharni ayovsiz talon-taroj qilishdi, hunarmandlarni o'zlari bosib olgan yurtlarga jo'natishdi. Bolalar va qizlarni jangchilarga qul sifatida taqsimlab berishdi. Har bir jangchiga 24 tadan asir to'g'ri keldi. Juda ko'plab bolalar, ayollar va qarilar o'ldirildi. Mo'g'ullar to'g'onni buzib shaharni suvga bostirishdi.
1221 yili Chingizxon Balxni, keyin Marvni egalladi. Urganch qo'lga kiritilgandan so'ng O'rta Osiyoda mo'g'ullar hokimiyatidan boshqa hokimiyat qolmagan edi. Keyingi voqealar va qarshilik harakati Jaloliddin nomi bilan bog'liqdir.
Chingizxonning shaxsan o'zi Jaloliddin otryadini quvish va uni qo'lga tushirish harakatiga rahbarlik qildi. Chingizxon Jaloliddin o'lmay o'zini Movarounnaxrni zabt etgan hukmdor deb hisoblay olmas edi.
Jaloliddinning shaxsi va faoliyati xaqida bir-biriga qarama-qarshi fikrlarni uchratish mumkin. Masalan: Arab tarixchisi Ibn al- Asirning yozishicha « Jaloliddin yomon kishi bo'lib, davlatni yaxshi boshqara olmagan hamda o'ziga qo'shni bo'lgan barcha davlatlar bilan yaxshi munosabatda bo'lmagan «.
Tarixchi Nasaviyning yozishicha esa, u bug'doyrang, o'rta bo'yli turk lekin forscha gapiradigan kishi bo'lgan. Botirligiga kelganda u yo'lbarslarning yo'lbarsi bo'lgan «.
Yuqoridagi bir biriga qarama-qarshi fikrlarga qaramasdan Jaloliddin qobiliyatli lashkarboshi, dovyurak davlat arbobi va diplomant qo'rqmas jangchi bo'lgani aniq.
1221 yilning oktabr-noyabr oylarida uning otryadi Qandahor yaqinida mo'g'ullarga bir necha bor qaqshatqich zarbalar bergan. Parvona degan joy yaqinida esa 45 kishilik mo'g'ul armiyasi tor mor keltirildi. Lekin qo'lga kiritilgan boyliklarni taqsimlash borasida Jaloliddin sarkardalari o'rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi va otryad bo'linib ketdi. Chingizxon ularni birma bir tor- mor keltirdi. 1221 yilning noyabr oyida Hind daryosi bo'yidagi jangda Jaloliddin armiyasi yengildi. Shundan so'ng 1224 yilgacha Hindistonda, so'ngra 5 yil mobaynida, ya'ni 1231 yil O'rta Osiyo yerlarida mo'g'ullar hukmdorligi qaror topdi. Mo'g'ullar istilosi O'rta Osiyo uchun g'oyat qimmatga tushdi. Boy shaharlar talandi, sug'orish inshootlari buzib tashlandi. Aniq bo'lmagan ma'lumotlarga qaraganda O'rta Osiyo hududida bu davrda 1 mln 200 ming kishi qirilib ketgan. Turmush-tarzi va madaniyatida O'rta Osiyo halqlariga nisbatan orqada qolgan ko'chmanchi mo'g'ullar bosqinchilik yurishlari davrida mahalliy madaniy obidalari va yodgorliklarini xarob qildilar, xalqni ayovsiz qirdilar va zulm o'tkazdilar, uni soliqlar, o'lponlar solib qiynadilar.
Chingizxon hayotligi davrida ( 1227 yil 72 yoshida vafot etgan) bosib olgan yerlarini o'g'illariga taqsimlab berdi. Jumladan, Volga bo'yi, Janubiy Sibir, O'rta Osiyo dashtlari va Shimoliy Xorazm katta o'g'li Jo'jiga tegdi. Sharqiy Turkiston, Yettisuv va O'rta Osiyoni idora qilish ikkinchi o'g'li Chig'atoyga tegdi. Mo'g'ulistonni boshqarishni esa bevosita o'z tasarrufiga oldi. Xitoy yerlari uchinchi o'g'li O'qtoyga tegdi. Uning kenja o'g'li Tulu o'zi bilan birga edi. Qo'shin ham o'g'illar o'rtasida taqsimlangan edi.
Mo'g'ullar boy madaniy feodal markazlarini boshqarish tajribasiga ham ega emas edilar. Ular uchun bosib olingan mamlakatlardan qishlok xo'jaligi mahsulotlari, buyumlari va pul ko'rinishida o'lpon yig'ishning o'zigina muhim bo'lgan.
Movarounnahrni idora qilish xorazmlik savdogar Mahmud Yalavoch ixtiyoriaga berildi. Uning ixtiyorida mo'g'ullarning otryadi bo'lib, ularning boshlig'ini dorug'a deb atalardi. Xo'jand Mahmud Yalavochning qarorgohi edi. Shuni ta'kidlash kerakki, hisobga olganda mo'g'ullar O'rta Osiyodagi idora tartiblariga biron bir yangiliklar kiritgani yo'q. Bosqinga qadar bo'lgan amaldorlar va ruhoniylar yana o'zlarining ilgarigi mavqelarini egallashdi, hammadan og'iri oddiy xalq va hunarmandlar zimmasiga tushdi. Ular endi bosqinchilar bilan birga mahalliy feodallar va ruhoniylarni ham yedirib ichirishlari, zarur narsalarning bori bilan ta'minlashlari zarur edi.
Mahalliy aholi daromad solig'i va xirojdan tashqari dorug'a, sar tumor, tamg'a, qo'lchurmog'i, tog'or, begor va boshqa turdagi soliqlarni to'lashga majbur qilingan.
Og'ir feodal eksplutasiyasi, mo'g'ul hukmdorlarining beboshligi mexnatkash xalqning sabr kosasini to'ldirdi. Endi yo ochlik va butunlay xuquqsizlikdan qirilib ketish yoki mo'g'ul istibdodiga hamda mahalliy feodallar zulmiga qarshi kurashmoq kerak edi.
1238 yil Buxoroda Tarob qishlog'ida yashovchi hunarmand Mahmud Tarobiy qo'zg'olon ko'tardi. Mahmud Tarobiy tarafdorlarining ko'payib borishi mo'g'ullarni tashvishga soldi. Mahmud Tarobiyni o'z huzuriga chaqirib, uni o'ldirmoqchi bo'ldilar, lekni bu niyat amalga oshmadi. Mo'g'ullar Mahmud Yalavochdan yordam so'rashga majbur bo'ldilar.
Mahmud Tarobiy Buxoroda mashhur ruhoniy Shamsuddin Mahbubiy bilan birgalikda Mahmud Yalovach qo'shini kelgunga qadar qo'zg'olonni boshlashga qaror qildilar. Vatan uchun jonini fido qiluvchi, ammo yaxshi qurolanmagan kishilardan iborat qo'shin to'pladi. Mahmud Tarobiy o'z qo'shini bilan Buxoroga yurdi, amirlar qarshilik ko'rsata olmadilar. U o'z huzuriga sadrlar va Buxoroning boshqa nomdor kishilarini chaqirib, Buxoroda o'z hokimiyatini o'rnatish maqsadida o'zini xalifa deb e'lon qilishlarini talab qildi. . Shu tarzda Buxoro hukmdori bo'lib olgan Mahmud Tarobiy mo'g'ullarga va ularning gumashtalariga qarshi terrorni amalga oshirdi. Fors tarixchisi Juvayniy bu haqida shunday yozadi : Amaldor va mo''tabar zotlarning katta qismini u haqorat qildi, ayrimlarini o'ldirdi, qolganlari qochishdi. Oddiy fuqaro va daydilarga esa u izzat hurmat ko'rsatdi.
Mahmud Tarobiy Buxoroda bo'lajak jangga qattiq tayyorgarlik ko'rdi. Buxorodan Karmanaga qochgan amirlar yaqin rayonlardan barcha mo'g'ullarni to'plashdi va katta qo'shin bilan Buxoroga yurish qilishdi.
Bo'lib o'tgan jangda Tarobiy tarafdorlarining qo'li baland keldi. Mo'g'ullar Karmanaga qochishdi. Tarobiy tarafdorlari oshib bordi. Qo'zg'olonchilar soliq yig'uvchilar va mo'g'ullarni ushlab olib, belkurak va boshqalar bilan boshini yorishar edi. Shu tarzda Karmanaga qadar 20 ming kishini qirib tashlashdi. Bu g'alaba Tarobiy qo'zg'olonining eng yuqori nuqtasi edi. Ammo ushbu jangda Mahmud Tarobiy va Shamsuddin Mahbubiy halok bo'ldi. Qo'zg'olonchilar o'zlariga rahbar qilib Mahmud Tarobiyning ukalari Mahdum va Alini tayinladilar, ammo ular qo'zg'olonga rahbarlik uchun na tashkilotchilik qobiliyati, na obro'yi bor edi. Qo'zg'olonchilarning kuchi zaiflasha boshladi.
Bir hafta o'tib Yettisuv va Xo'jandda Ildizno'yon hamda Chukan Qurchi boshchiligidagi mo'g'ul qo'shini yetib keldi, Mahmud Tarobiy tarafdorlarini tor-mor qildi, g'o'zg'olonchilar 20 mingga yaqin odamini yo'qotdi. Mo'g'ullar Buxoroga kirib aholini alamzadalik bilan qira boshladi. Mahmud Yalovach zo'rovonlikni to'xtatishni talab qildi. Qo'zg'olonni bostirish davomida 90 mingdan ziyod mahalliy aholi vakillari ya'ni qo'zg'olonda ishtiroki bor deb gumon qilingan har qanday odam qirib tashlandi.
Mahmud Tarobiy qo'zg'oloni uyushmaganligi, tegishli harbiy tayyorgarlik yo'qligi sababli, hamda aniq maqsad va rejalar bo'lmaganligi sababli yengildi. Ammo bu qo'zg'olon mo'g'ullar hokimiyatining ko'zini ochib, shaharu-qishloqlardagi mehnatkash aholining xaqiqiy ahvoliga to'g'ri qarashga undadi. Mahmud Tarobiyning mo''tabar zotlarning katta qismini haqorat qildi, kamsitdi, ayrimlarini o'ldirdi, qolganlari qochishdi. Oddiy fuqaro va daydilarga esa u izzat-hurmat ko'rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |