232
7-MAVZU. TARIXIY JARAYONDA JAMIYATNING
MADANIY VA MA’NAVIY QADRIYATLARI.
JAMIYAT VA TARIX FALSAFASI.
Jamiyat va tarixning o‘zgaruvchanligining falsafiy
jihatlari
Ma’lumki, har qanday ijtimoiy hodisaning mohiyatini va uning
jamiyatning rivojlanish jarayonidagi o‘rnini faqat u butun
jamiyatning rivojlanish jarayoniga bog‘lab, ya’ni umumiy tarixiy
jarayon doirasida o‘rganilgan taqdirdagina tushunish mumkin.
Tarixning mazmun va mohiyatini anglab yetish borasidagi ilk
urinishlarga qadimgi faylasuflarning asarlarida duch kelish mumkin.
Tarix ularning talqinida oldinma-ketin yuz beradigan voqealar
majmui sifatida namoyon bo‘lgan. Tarix tavsifi ancha to‘liq bo‘lgan,
ba’zan bo‘yab ko‘rsatilgan, lekin ularning hikoyatlari tarix haqida
yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini bermagan. Bu narrativ tarixdir
(tarixchining talqini, interpretatsiyasi). Keyinchalik qadimgi
faylasuflar tarixni uzluksiz takrorlanib turadigan jarayonlar, «abadiy
ortga qaytish» (F.Nitsshe) sifatida tasavvur qilganlar.
Diniy an’ana tarixning butunlay boshqacha talqinini taklif qildi.
O‘rta asrlarda ilohiy taqdir asosiy tarixiy kuch sifatida e’tirof etildi.
Tarixiy voqealarning ichki mantiqi alohida mazmun kasb etdi: Xudo
nafaqat tarixiy jarayonni boshqaradi, balki adashgan insoniyatga
gunohlardan forig‘ bo‘lish, jannatdagi boqiy hayotga erishish yo‘lini
ko‘rsatadi. Avreliy Avgustin o‘zining «Ilohiy shahar haqida» asarida
boqiylik va muvaqqatlik, ilohiylik va dunyoviylikning birligi
to‘g‘risida so‘z yuritadi. Uning fikricha, Iso Masih insoniyatga
boqiylik sari yo‘l ko‘rsatgan. Tarixning mazmuni – boqiylikka
eltuvchi yo‘ldan borishda, inson hayotining mazmuni esa – Xudoga
xizmat qilish, gunohlardan forig‘ bo‘lishdadir.
Ibn Xaldun tarixning mazmuni haqida mulohaza yuritar ekan,
uni, inson hayotining mazmuni kabi, tarix tugaganidan keyingina
aniqlash mumkinligini qayd etadi. Ammo, shunga qaramay, tarixning
mazmuni haqida erkinlik, ijod tushunchalariga tayanib so‘z yuritish
mumkin, deb hisoblaydi. Tarixning harakatida ibn Xaldun
obyektivlashuvning inson ustidan hukmini kamaytiradigan, uning
233
erkinligi va ijodining tantanasini qaror toptiradigan jarayonlarni
aniqlashga harakat qiladi.
Tarixda mazmunning mavjudligi haqidagi tasavvur, shuningdek
O‘rta asrlar falsafasi ilk bor ta’riflab bergan insoniyatning taraqqiyoti
g‘oyasi ancha yashovchan bo‘lib chiqdi: u turli yo‘nalish va
oqimlarga mansub faylasuflar tomonidan muayyan falsafiy
ta’limotlar nuqtai nazaridan u yoki bu tarzda talqin qilingan. Masalan,
Ma’rifat davrida barcha tarixiy voqealarga oqilonalik mezoniga
muvofiq baho berilgan. Mazkur konsepsiya eng mukammal
ko‘rinishda D.Didro tashabbusi bilan yaratilgan «Ensiklope-
diya»ning faol ishtirokchilaridan biri, fransuz ma’rifatchisi Nikolay
Kondorse asarida o‘z aksini topgan. U o‘zining «Inson tafakkuri
taraqqiyotining tarixiy manzarasiga chizg‘i» deb nomlangan
risolasida kishilik jamiyatining barcha jabhalariga tafakkurning
kirishi g‘oyasini mazkur jamiyat rivojlanishining uzoq istiqboli
sifatida asoslashga harakat qiladi.
Tafakkurning tantanasi g‘oyasi insoniyat tarixining mazmuni
sifatida Gegel tomonidan ham asoslangan. U tarixga mutlaq ruh,
olamiy Aql taraqqiyoti sifatida yondashgan. Gegel fikriga ko‘ra,
mazkur taraqqiyot o‘zining alohida vazifasini ado etishi lozim
bo‘lgan ayrim xalqlar ruhi orqali amalga oshadi. Uning fikricha,
tarixiy jarayon «aqlga muvofiq», ya’ni tasodiflardan yoki ayrim
shaxslarning o‘zboshimchaligidan qat’iy nazar o‘ziga yo‘l ochadigan
obyektiv qonuniyatlar bilan belgilanadi. Tarixning mazmuni mutlaq
ruh o‘zini o‘zi anglab yetishidadir, deb qayd etadi Gegel.
Bugungi kunda jamiyatning globallashuvi munosabati bilan
tarixning mazmuni haqidagi masala yana kun tartibidan o‘rin
olmoqda. Zamonlar va xalqlar aloqasini, xalqlar o‘rtasidagi
hamjihatlikni qaror toptiradigan, ajdodlarning ma’naviy merosini
saqlash va ko‘paytirishni, hozirgi avlodlarning erkinligi va ijodiy
imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan qadriyatlar
tizimiga qarab mo‘ljal oluvchi g‘oyalar yana muhim ahamiyat kasb
etmoqda.
XIX asrda falsafadan sotsiologiya ajralib chiqa boshladi.
Mazkur fan jamiyatni tushunishga nisbatan falsafiy yondashuvlarni
asosan tan oladi va ayni vaqtda o‘z predmeti va tadqiqot metodlariga
ega.
234
O.Kont (1798-1857). Ijtimoiy tadqiqotlarning obyektivligiga
erishish lozim, degan g‘oyani himoya qilgan O.Kont fan sifatidagi
sotsiologiya asoschisi. U sotsiologiyani ikki qismga ajratadi: birinchi
qism ijtimoiy statikani, ya’ni ijtimoiy tizimlarning mavjudlik
shartlarini va ularning amal qilish qonunlarini, ikkinchi qism esa –
ijtimoiy dinamikani, ya’ni jamiyatning rivojlanish va o‘zgarish
qonunlarini o‘rganadi. Ijtimoiy statika – odam organizmining
tuzilishiga o‘xshab ketadigan jamiyat «anatomiyasi»dir. Kont
jamiyatda oila, din, davlat kabi muhim institutlarni farqlaydi. U
jamiyat rivojlanishining uch bosqichi qonunini ta’riflaydi. Mazkur
bosqichlar insoniyat aqliy rivojlanishining uch bosqichiga mos
keladi: teologik bosqich (u qadimgi davr va ilk O‘rta asrlarni qamrab
oladi va XIII asrda tugaydi), metafizik bosqich (XIV-XVIII asrlar) va
pozitiv bosqich (XIX asrda boshlanadi).
G.Spenser(1820-1903) jamiyatga individlar birlashmasi sifatida
yondashadi. Uning fikricha, mazkur individlarning rivojlanishidagi
farqlar jamiyat evolyutsiyasining dastlabki shartlari hisoblanadi.
Jumladan, ibtidoiy qabilalar rivojlanishda oqsaganini Spenser
ularning qobiliyatlari rivojlanish darajasining pastligi bilan
tushuntiradi. Eng moslashuvchan jamiyatlarning yashash uchun
kurashini ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni deb hisoblaydi. U
iqlim, tabiiy sharoitning ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini o‘rgangan.
Spenser yaratgan ta’limotni keyinchalik sotsiologiyadagi geografik
oqimlarning vakillari rivojlantirgan.
E.Dyugeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar
tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan tarixni uning o‘ziga xos
xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan.
E.Dyugeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim
omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u
strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat
borliqning alohida sohasi bo‘lib, u o‘z qonunlariga muvofiq
rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat
hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishga qodir emas. Jamiyat tuzilmasiga
Dyugeym o‘zaro ta’sirga kirishadigan va bir-birini vujudga
keltiradigan ijtimoiy dalillar majmui sifatida qaraydi. Ijtimoiy dalillar
sababini ongdan emas, balki bundan oldingi ijtimoiy dalillardan
qidirish lozim. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib
235
topadi: birinchidan, u moddiy va ma’naviy qadriyatlarni, ikkinchidan,
ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar
ekan, Dyugeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek
mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik
(axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Ijtimoiy
jarayonda sababiyat ijtimoiy muhitning yuqorida zikr etilgan
elementlarining u yoki bu hodisani vujudga keltiradigan o‘zaro
ta’siridir.
M.Veber (1864-1920) o‘z sotsiologik qarashlarida Rikkertning
borliq va ongning o‘zaro aloqasi zamirida subyektning qadriyatga
bo‘lgan muayyan munosabati yotadi, degan g‘oyasiga tayangan.
Shunga muvofiq Veber tahlil qilinayotgan materialning iqtisodiy,
diniy va axloqiy qadriyatlar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash lozim deb
hisoblagan. O‘zining «Protestantcha axloq va kapitalizm ruhi»
asarida Veber dastlab Niderlandiya, Angliya va AQShda vujudga
kelgan sanoat kapitalizmining qaror topishiga protestantcha axloq
qadriyatlarining ta’sirini tahlil qiladi. U hozirgi zamon xo‘jalik
hayotida hukm surayotgan kapitalizmning o‘ziga xos xususiyatiga
mos keladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar – tadbirkorlar va
ishchilar shakllanishi natijasida vujudga kelganini qayd etadi. Veber
tarixiy materializmning g‘oyalar iqtisodiy munosabatlar ustqurmasi
sifatida yuzaga kelgan, degan «sodda» tasavvurlariga to‘g‘ridan-
to‘g‘ri e’tiroz bildiradi va aksincha, kapitalizm «ruhi» uning vujudga
kelish omili bo‘lgan, deb hisoblaydi.
O‘zining boshqa bir qator asarlari, chunonchi: «Tushunuvchi
sotsiologiyaning ba’zi bir kategoriyalari haqida», «Jahon dinlarining
xo‘jalik axloqi», «Xo‘jalik va jamiyat», «Xo‘jalik tarixi»da Veber
ijtimoiy harakat va uning motivatsiyasi tushunchasini ta’riflab berdi.
Borliqni tushuntirish uchun u «ideal tiplar» metodologiyasini yaratdi
va undan foydalandi. Veber fikriga ko‘ra, ijtimoiy organizm hujayrasi
hisoblanadigan ijtimoiy harakat ikki omil: subyektiv motivatsiya va
boshqalarga qarab mo‘ljal olishni o‘z ichiga oladi. U ijtimoiy
harakatning oqilona maqsadli ijtimoiy harakat, oqilona qadriyatli
ijtimoiy harakat, affektli ijtimoiy harakat va an’anaviy ijtimoiy
harakat kabi tiplarini farqlaydi.
O‘zining ijtimoiy harakat konsepsiyasini Veber hokimiyatni
tushunishga nisbatan ham tatbiq etadi. O‘zgalarning umidlariga qarab
236
mo‘ljal olish ijtimoiy harakatning muqarrar belgisi bo‘lgani bois,
hokimiyat siyosiy munosabatlarda ishtirok etuvchi tomonlarning
o‘zaro umidlarini nazarda tutadi. Shu holdagina hokimiyat
qonuniylik kasb etadi: boshqarayotganlar o‘z buyruqlariga
bo‘ysunishlariga umid qiladilar; boshqarilayotganlar esa oqilona
buyruqlarni kutadilar. Veber qonuniy davlatlarning: ish vakolatlari
qonuniy belgilanishining majburiyligiga bo‘lgan ishonchga ko‘ra
hukmronlik; muayyan xulq-atvorga ko‘nikish bilan belgilangan
hukmronlik; xarizmatik hukmronlik kabi uch tipini farqlaydi.
Boshqaruvning oqilona-byurokratik tipi vujudga kelishi bilan bog‘liq
bo‘lgan hokimiyatning namunaviy-oqilona tipini Veber hokimiyat
ideali deb hisoblagan.
XX asrda M.Veber ilgari surgan tarixiy jarayonning teng
huquqli omillari ta’siri haqidagi g‘oyasi asoslab berildi. Ijtimoiy
rivojlanishning hozirgi bir qancha nazariyalari texnika, sanoat,
axborot tizimlari, kommunikatsiya, globallashuv kabi omillarni
birinchi o‘ringa qo‘yadilar.
N.Jo‘rayev (1952) fikricha,vaqt o‘tgan sari insoniyat tafakkuri
kengayib, ijtimoiy fanlar taraqqiy topib borishi natijasida tarix
falsafasi atrofidagi mulohazalar kengayadi. Uning predmeti va
obyektiga aniqlik kiritiladi. Shu ilmiy haqiqatdan kelib chiqib,
N.Jo‘rayev hozirgi zamon tarix falsafasining quyidagi vazifalarini
belgilaydi:
- insoniyat tarixi rivojlanish qonuniyatlarini, ularning manbalari
va mohiyatini o‘rganish;
- insoniyat tarixini, jumladan, milliy tarixni ham hozirgacha
ta’sirini o‘tkazib kelapyotgan kommunistik mafkura asosidagi ilmiy
metodologiyada mavjud bo‘lgan tamoyillardan voz kechib, milliy
istiqlol g‘oyasi asosida o‘rganish va davrlashtirish muammosini hal
etish;
- sivilizatsiyalar va madaniyatlar yuzaga kelishining yaxlit
tizimini ishlab chiqish, ular inqirozi sabablarini chuqur tahlil etish;
- tarixiy jarayonning umumiy shaklini tahlil etish, ularni o‘tmish,
bugun, kelajak tizimida mantiqan o‘rganish hamda insoniyat istiqboli
haqida tasavvurlarga aniqlik kiritish;
237
- tarixiy taraqqiyot omillarini diniy va dunyoviy qonunlar nuqtai
nazaridan o‘rganish, nazariy jihatdan baquvvat ilmiy va amaliy
asoslangan xulosalarni ishlab chiqish;
- qadriyatlar tizimini hozirgi zamon talablari nuqtai nazaridan
tadqiq etish va baholash;
- insoniyat tarixida to‘plangan moddiy, ma’naviy va madaniy
qadriyatlarning tarixiy tahlili orqali mantiqiy va falsafiy asoslarini
o‘rganish;
- tarixni anglashning yangi yo‘nalishlarini hozirgi zamon falsafiy
tafakkur mezonlari asosida belgilash hamda unga tayangan holda
ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini aniqlash orqali, tarixning
murabbiylik rolini oshirish;
- yaxlit insoniyat taraqqiyoti omillarini va manbalarini o‘rganish,
shu asosda jahon tarixiy taraqqiyot istiqbollarini belgilash;
- tarix fani predmeti va metodologiyasini hozirgi zamon talablari
asosida qayta ishlab chiqish hamda tarixni tadqiq etishning turli
yo‘nalishlarini, jumladan, siyosiy tarix, iqtisodiy tarix, din tarixi,
san’at tarixi, etnogenezis va boshqa yo‘nalishlar bilan mushtarak
holda kompleks tadqiqotlarni olib borish orqali, inson, insoniyat va
uning tarix yaxlit mohiyatini ochib berish
1
.
Ana shu vazifalarni hal etishda tarix falsafasi va tarix fanining
hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Uning fikricha, bir qarashda
tarix falsafasi va tarix fani bir-biridan ayri yo‘nalishdek ko‘rinadi.
Zotan, real jarayonga, real voqelikka, insoniyat tarixida qaysidir
hodisaga tarixchi tarix ko‘zi bilan qarasa, faylasuf faylasuf ko‘zi bilan
qaraydi. Aslida har ikki qarashlar zamirida inson taqdiri, tafakkur
tarzi va manfaatlar ustuvorligi yotadiki, bu inson fenomeni va hayot
falsafasining mantig‘idir.
Do'stlaringiz bilan baham: |