ILMIY AXBOROTNOMA
PEDAGOGIKA 2016-yil, 2-son
Bo‘lajak kasbga yo‘naltirilgan maqsad, qiziqish talabalarning mustaqil ta’lim faoliyatini
rag‘batlantiradi, zarur bo‘lgan kasbiy mahorat va ko‘nikmalarni tez shakllantirishga imkon yaratadi,
ijodiy qobiliyatlarni rivojlantiradi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, birinchi kurs talabalarining aksariyatida mutaxassislikka bo‘lgan
qiziqishi sust, shuning uchun ham ularning amaliyotga chiqishi tanlagan kasbiga bo‘lgan qiziqishini
orttirishga rag‘bat o‘yg‘otadi.
Talabalarni mustaqil ishning belgilangan turlariga ham ijodiy mustaqil faoliyatga tayyorlashning
samarali vositalaridan biri, har bir ma’ruza o‘qiyotgan o‘qituvchi tomonidan kursni tizimli, mantiqiy
sxemasini ishlab chiqish, kursning optimal o‘rganish modelini ishlab chiqishdir.
Talaba o‘quv adabiyoti bilan ishlash jarayonida nafaqat mustaqil fikrlashi lozim, balki
ma’ruzalarni tinglash va ularga tayyorgarlik jarayonida ham.
Darhaqiqat, talabalarning faolligi va mustaqilligini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar
ma’ruza darslarida namoyon bo‘ladi. Buning uchun eng muhimi, ma’ruza mazmuni, uni bayon qilish
uslubi talabalarda qiziqish uyg‘otishi kerak. Oliy o‘quv yurtlarining o‘ziga xos tomoni shundaki, talaba
har xil manbalardan olgan axborotni tushunib yetishi, bilimlarni qayta ishlab chiqishi va mustaqil
xulosa qila olishi lozim. Talabalarning ilmga bo‘lgan rag‘batini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish usuli
bilan ko‘zlangan maqsadga yetish mumkin.
Fan va texnika yuksak taraqqiyotlar bilan rivojlanayotgan bu davrda inson uchun zarur bo‘lgan
bilimlar hajmi tez va keskin oshib bormoqda. Ularga o‘z bilimlarini mustaqil to‘ldirib borish mahoratini
singdirish, ishlab chiqarishda jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan texnologiyalardan xabardor bo‘lish,
ilmiy-texnik axborotlar bilan to‘g‘ri ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish lozim. Oliy ta’limda ana
shunday vazifani mustaqil ish egallab, u fan, ta’lim va ishlab chiqarish orasidagi uzviylik rivojlanishiga
asos yaratadi [2].
O‘qituvchi ma’ruzasi va talabalarning mustaqil ishi bir-birining asosini tashkil qilib, o‘zaro
chambarchas bog‘liq. Ma’ruza mustaqil ishning samaradorligi va talaba faolligini oshirishga yordam
beradi. Talab darajasidagi ma’ruza talabani ilmiy-texnik va qo‘shimcha adabiyotlarga murojaat qilishga
undaydi hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatida mustaqil izlanishlar uchun asos yaratadi.
Ma’ruza darslarida talabalarning mustaqil bilim olishga bo‘lgan intilishini faollashtirish
masalasini muvaffaqiyatli yechishda yana bir muhim holatni ta’kidlash lozim. Ma’ruza tinglash – bu
faol jarayon bo‘lib, u keskin aql, kuch-g‘ayrat, o‘qituvchi aytayotgan gaplarni chuqur anglab olish,
mavjud bilim va tajribalarni dolzarblashtirishni, qabul qilayotgan axborotlarga tanqidiy yondashishni
talab qiladigan jarayon ekanligini talaba tushunishi kerak. Talabalarning mustaqil o‘zlashtirgan bilimini
namoyon qilish darajasi ularning o‘quv faoliyati qanday maqsadga yo‘naltirilganligiga bog‘liq. Shuning
uchun talabalarni axborotni o‘zlashtirib olishiga va ijodiy faoliyatga tayyorlashning muhim elementi –
bu ma’ruzachi tomonidan ma’ruza maqsadini to‘liq yetkazishdir. Ma’ruza darslarida mukammal
qo‘yilgan maqsad ta’lim jarayonida aniq bir yo‘nalishni ko‘rsatib, talabalarga mustaqil fikrlash
imkoniyatlari haqida yetarlicha aniq tasavvurga ega bo‘lishga ko‘mak beradi.
Ma’ruza maqsadi o‘z ichiga nafaqat o‘quv axborotini olishni, balki ma’ruzani qabul qilish va
kelgusida ularni kasbiy faoliyatida qo‘llash usullarini ham o‘rgatish kerakligini ta’minlaydi.
O‘qituvchining vazifasi o‘quv axborotini talabalarga yetkaza turib, tinglovchilarning faolligini mohirona
kuchaytirishdan iboratdir.
Talabalar mustaqil faoliyatining asosi - ma’ruzani munozarali qo‘yish. O‘qituvchi tomonidan
munozarali vaziyatni hosil qilish va talabalarning o‘z fikrlarini erkin bayon qilishi, turli xil nuqtayi
nazarlarni tahlil qilish shaklida kechadi va talabalar tomonidan mavzuga oid asosiy tushunchalar asoslab
beriladi. Bunday tashkil etilgan ma’ruzada yangi bilimlarni mustaqil o‘rganish hamda qo‘shimcha
adabiyotlar bilan ishlash malakasi oshirilib, talabalarda tanqidiy va ijodiy fikrlash ko‘nikmalari
rivojlantiriladi. Agar munozara mavzusi ma’ruzadan oldin berilib, talabaga mavzuga oid o‘quv
adabiyotlari tavsiya etilgan va u munozara bo‘yicha mavjud turli konsepsiyalar bilan tanish bo‘lsa
talabalarning mustaqilligi va faolligi ma’ruzalarda sezilarli darajada oshadi.
Ma’ruza davomida institutda olib borilayotgan tadqiqotlarning kelajakdagi istiqboli va bu
tadqiqotlarda talabalarning ishtirok etish imkoniyatini mohirona ko‘rsatilishi mustaqil ishga bo‘lgan faol
talabni hosil qilishning muhim vositasidir.
Ma’ruza so‘ngida mustaqil ishga bo‘lgan rag‘batni oshirish maqsadida o‘tilgan mavzuning
murakkab qismlari bo‘yicha test, blits-so‘rov, tayanch iboralarga asoslangan nazorat savollari beriladi.
Ixtisoslik hisobga olingan holda bayon etilayotgan mavzu bilan bog‘liq bo‘lgan savollar majmuasi
kiritiladi.
130
Do'stlaringiz bilan baham: |