ILMIY AXBOROTNOMA TARIX 2016-yil, 2-son qarori qabul qilindi. Qarorga binoan 2014-2015-o‘quv yilida xitoyshunoslik fakulteti bakalavriat
yo‘nalishi xitoy filologiyasi – 34 kishi, jahon siyosati – 25 kishi, mamlakatlar iqtisodiyoti va
mamlakatshunoslik – 25 kishi qabul qilindi. Barcha yo‘nalishlarda zamonaviy pedagogik va axborot
komunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ilg‘or o‘qitish usullarini joriy etish asosida Xitoy
tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti sohasida chuqur bilimlarga ega bo‘lgan va xitoy tilini erkin
biladigan yuqori malakali xitoyshunos mutaxassislarni tayyorlash boshlab yuborildi. Yuqori malakali
kadrlarni tayyorlashda fakultetning o‘quv jarayoni va ilmiy-metodik ishlarini tashkil qilish uning
moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar va talabalarning chet ellardagi oliy ta’lim
muassasalarida stajirovkadan o‘tishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablag‘
ajratish ko‘zda tutildi [8]. Ayni paytda fakultetda bakalavr yunalishi va magistratura mutaxassisligi
bo‘yicha 325 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 310 nafari bakalavr, yana 15 nafari magistrlar
hisoblanadi. Fakultetda xitoy tili va adabiyoti, xitoy iqtisodiyoti, xitoy siyosati va uning xalqaro
munosabatlardagi o‘rni kafedralari faoliyat ko‘rsatib kelyapti.
Talabalarga 60 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi xitoy adabiyoti, madaniyati, tarixi va
iqtisodiyoti bo‘yicha bilim bermoqda. Ularning 4 nafari xitoylik mutaxassislar bo‘lsa, aksariyat qismi
Xitoyda malakasini oshirib qaytgan o‘qituvchilar hisoblanadi [9].
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mamlakatni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustivor
yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ta’lim sohasidagi
2014-yilda amalga oshirilgan muhim ishlar qatorida Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti tarkibida
xitoyshunoslik fakultetining tashkil qilinganligini alohida ta’kidlab o‘tganligi ikki mamlakat
o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni katta ahamiyatga ega ko‘rsatadi [10].
Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirishdan Xitoy davlati ham
manfaatdor ekanligini va barcha sharoitlarni yaratib berayotganligini ta’kidlash kerak.
XXR hukumati 2014-2015-o‘quv yilida ikki yoqlama shartnoma asosida hamda ShHT doirasida
o‘zbekistonlik talaba va stajyorlarga 120 ta grant ajratdi. Shu bilan birga Konfutsiy instituti
tinglovchilalarining 50 tasi Lanchjou universitetida tahsil oldi. Shuni ta’kidlash joizki, XXRda
O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish yildan yilga ortib bormoqda. 2010-yilning iyun oyida Xitoy Millatlar
Markaziy universiteti rus tili va Markaziy Osiyo xalqlari tillari fakultetida o‘zbek tili bo‘limi ochildi.
2012-2013-o‘quv yilidan boshlab Pekin chet tillar universitetifda o‘zbek tilini o‘rganish yo‘lga
qo‘yildi. 2013-yil 15-may kuni Shanxay shahrida Xitoyda birinchi marta Shanxay universiteti
huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida O‘zbekiston tadqiqotlari va
ta’lim almashuvlari markazi ochildi. Ushbu markaz olimlari O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatini
chuqur o‘rganish bilan shug‘ullanadi [11].
Xullas, O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarida madaniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni o‘zaro
manfaatdorlik asosida va keng ko‘lamda rivojlanib borayotganini ta’kidlashimiz lozim. Albatta, ikki
davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy sohadagi aloqalarni yuksaltirish potensiali va imkoniyatlari to‘liq
foydalanilmoqda deyishga hali erta, ayniqsa ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida
hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Kelajakda barcha yo‘nalishlarda o‘zaro
manfaatli aloqalarni kengaytirish ikki davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy rivojlanishiga
ijobiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar.