ILMIY AXBOROTNOMA
TARIX
2017-yil, 4-son
12
2003-yilda AQSh va RF tomonidan “Strategik hujum toʻgʻrisidagi shartnoma” (SHTSh)
imzolandi. Shartnoma asosida bu davlatlarda yadroviy kallaklar sonining 3500 tadan 2000 tagacha
qisqartirilishiga muvaffaq boʻlindi.
Mutaхassislarning fikriga koʻra, yadro quroliga ega boʻlgan davlatlarda yadroviy qurollarning
katta miqdorda mavjudligi, oʻz navbatida, boshqa davlatlarda ham yadro quroliga ega boʻlish
xohishlarini orttiradi. Massachusets texnologiya instituti (MIT)ning professori Dj.Deytch AQShning
harbiy texnologiyalar borasidagi siyosatiga baho berar ekan, Vashington ega boʻlgan yadroviy
arsenalning boshqa davlatlar siyosatiga ta’sirini quyidagicha izohlaydi: ya’ni, Dj.Deytchning fikricha,
Pentagonning oddiy qurollar boʻyicha yuqori salohiyati hisobga olinsa, AQShda mavjud boʻlgan katta
miqdordagi yadroviy qurollar harbiy maqsadlar uchun ham, siyosiy maqsadlar uchun ham zarur emas.
[7]
Xalqaro miqyosda yadro texnologiyalaridan foydalanishning tinchlik yoʻlida va harbiy
maqsadlarda ishlatilishi oʻrtasidagi chegarani kuchaytirish hozirgi vaqtda xalqaro munosabatlarning
eng murakkab muammolaridan biriga aylandi. Bu muammoning yechimi sifatida qator mamlakatlar
oʻzlarining turli harakat va takliflari bilan chiqmoqdalar. Jumladan, AQSh va Rossiya davlatlarining
uranni qayta ishlash boʻyicha xalqaro markazlarni tashkil etish xususidagi takliflarida ham yadro
texnologiyalarni harbiy maqsadlarda ishlatishning oldini olish asosiy mezon sifatida ta’kidlanadi.
1950-yillarning oʻrtalarida dunyoning turli mintaqalarida yadro qurolidan xoli hududlar
(YaQHH)ni yaratish boʻyicha ilk qadamlar qoʻyila boshladi. Hozirgi kunda Janubiy va Lotin
Amerikalari, Tinch okeanning janubiy qismi, Afrika va Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqalarida shunday
hududlar mavjud boʻlib, ular dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarini oʻz ichiga oladi.
YaQHH yaratish toʻgʻrisidagi hujjatni imzolovchi a’zo davlatlar yadro quroli va uning tarkibiy
qismlarini ishlab chiqarmaslik, boshqalardan olmaslik va oʻzlarining hududlarida bunday qurollarni
joylashtirmaslik kabi majburiyatlarni oʻz zimmalariga oladilar. Shartnomaning bayonnoma qismi esa,
oʻz navbatida, yadro quroliga ega boʻlgan ‘yadroviy beshlik’ – AQSh, Angliya, Fransiya, Rossiya va
Xitoy davlatlari tomonidan ham imzolanib, ular uchun a’zo davlatlarga nisbatan yadro qurolidan
foydalanmaslik mas’uliyatini yuklaydi. Shartnomani imzolagan a’zo davlatlar uchun yadrodan tinchlik
yoʻlida foydalanish huquqi saqlanib qoladi.
Ta’kidlash joizki, koʻp hollarda shartnomani bayonnoma qismining toʻla imzolanishi nisbatan
uzoq muddatga choʻzilishi kuzatiladi. Masalan, Lotin Amerikasida YaQHH yaratish shartnomasi
1967-yilda imzolangan boʻlsa-da, Fransiya va Xitoy davlatlari ushbu shartnomani 1973-yilda, sobiq
Sovet Ittifoqi esa 1978-yilda imzolashgan. Xuddi shunday holatni Tinch okeanining janubiy qismida
YaQHHni tuzish shartnomasining imzolanishi tarixida ham kuzatish mumkin. Shartnoma 1985-yilda
a’zo davlatlar tomonidan imzolangan boʻlishiga qaramay, uning bayonnoma qismini sobiq Sovet
Ittifoqi 1986-yilda, Xitoy 1987-yilda, gʻarbiy “yadroviy uchlik” esa 1996-yilda imzolashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. Karimov 1993-yil 28-sentabrda Birlashgan
Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining yigʻilishida qilgan ma’ruzasida Markaziy Osiyoda
yadro qurolidan holi hudud yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Oʻzbekiston rahbari tomonidan Markaziy
Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning xalqaro xavfsizlikni va barqarorlikni
mustahkamlashdagi muhim oʻrni ta’kidlandi. Bu tashabbus Oʻzbekiston rahbariyatining mintaqaviy
xavfsizlikni ta’minlashning istiqbollarini oldindan baholab, oʻz vaqtida qilgan maqsadli qadami edi.
Oʻzbekiston rahbarining tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, qator yillar mobaynida BMT
ishtirokida koʻp tomonlama muzokaralar olib borildi. Jeneva, Ashhobod, Bishkek va Samarqand
shaharlarida oʻtkazilgan ekspertlar uchrashuvlarida Markaziy Osiyoda YaQHHni yaratish toʻgʻrisidagi
shartnoma har tomonlama tahlil qilindi. 2005-yilning fevral' oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan
uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlarining mazkur shartnoma boʻyicha umumiy kelishuviga erishildi.
2006-yilning sentyabr oyida Semipalatinsk shahrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston,
Tojikiston va Turkmaniston davlatlari tomonidan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud
yaratish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi.
Markaziy Osiyoda YaQHHni yaratish shartnomasi jahon hamjamiyati tomonidan qizgʻin
qoʻllab-quvvatlanmoqda. ‘Yadroviy beshlik’dan Rossiya va Xitoy davlatlari shartnomaning
bayonnoma qismiga imzo qoʻyishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Uzoq yillar davomida yadro
quroliga ega boʻlgan AQSh, Fransiya va Angliya davlatlari bilan shartnoma borasida muzokaralar olib
borildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |