ILMIY AXBOROTNOMA
SOTSIOLOGIYA
2017-yil, 4-son
43
Qayd etish kerakki, soʻnggi paytlarda ushbu ikki nufuzli tashkilotning rivojlanib borayotgan
izchil global hamkorligi kontekstida BMT faoliyatida parlament oʻlchamini yanada kengaytirish,
Parlamentlararo Ittifoqni BMT tarkibida “ikkinchi assambleyasi” sifatida qayta tuzish ehtimollari turli
darajalarda muhokama qilinmoqda. Garchi, hozirda ushbu gʻoyaning koʻplab tarafdorlari topilsa-da,
uni amalga oshirish vaqti hali kelmaganligi qayd etilmoqda.
Bugungi kunga kelib parlamentlararo assambleyalar xalqaro tashkilotlar institutsional
arxitekturasining muhim va ajralmas qismiga aylandi. NATO Parlament assambleyasi, Yevropada
Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi kabi parlamentlararo uyushmalar, hatto
hukumatlararo harbiy siyosiy va xavfsizlik masalalari bilan shugʻullanuvchi xalqaro institutlar
tarkibida ham faoliyat olib bormoqda. Garchi, NATOga a’zo davlatlar rasmiylari aksariyat hollarda
mudofaa va xavfsizlikka oid muzokara va kelishuvlar jarayoniga parlamentariylarning aralashuvini
unchalik istashmasa-da, mazkur institutlar qoshidagi parlament assambleyalari a’zo mamlakatlar
parlamentariylarini umumxavfsizlik borasidagi diqqatga sazovor masalalar bilan imkon qadar
yaqinroq tanishtirib, xabardor qilib bormoqda. Parlament assambleyalari, shuningdek, keng ommaning
taqdiriga daxldor boʻlgan xavfsizlik sohasidagi qarorlar qabul qilish jarayonlarini demokratiyaning
umume’tirof etilgan prinsiplariga tayangan holda ochiq va shaffof tarzda olib borishga da’vat etib
kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, parlamentariylar va xalqaro jamoatchilik harakatining NATO, YeXHT, Jahon
banki, Xalqaro valyuta fondi, Jahon savdo tashkiloti kabi xalqaro institutlarning faoliyatini demokratik
andozalar asosida muntazam tekshirib borishga boʻlgan intilishlari natijasida mazkur tashkilotlarning
global sa’y-harakatlarida parlament omili va oʻlchami tobora yuksalib bormoqda.
Ma’mumki, parlamentariylar oʻz faoliyati davomida keskin muammolarni bartaraf etish
maqsadida tamaddunlararo muloqot va diniy bagʻrikenglikni qoʻllab-quvvatlaydi. Ta’kidlash kerakki,
soʻnggi yillarda xalqaro parlament institutlarining ixtisoslashuv tendensiyalari kuchayib borishi
zamirida gumanizm gʻoyalari, diniy muloqot va bagʻrikenglikni ragʻbarlantiradigan hamda hozirgi
qarama-qarshiliklarga va ziddiyatlarga boy davrda dinlararo munosabatlarni mustahkamlashni oʻz
oldiga maqsad qilib olgan Pravoslav mamlakatlari parlamentlararo assambleyasi, Islom hamkorlik
tashkilotiga a’zo davlatlar Parlamentlararo Ittifoqi kabi diniy yoʻnalishdagi parlament assambleyalari
ham faoliyat yuritmoqda.
Shunday boʻlsa-da, xalqaro munosabatlarda parlamentlararo institutlar sonining ortib borishi va
faoliyat doirasining kengayishi mazkur tashkilotlarning tashqi siyosat va xalqaro masalalarda samarali
instrumentga aylanib ulgurdi, deb xulosa chiqarishga haligacha yetarli asoslar mavjud emas. Xalqaro
parlament institutlarining jahon siyosatidagi oʻrni va ahamiyati borasida qarama-qarshi fikrlar,
tanqidiy va ishonchsizlik ruhidagi qarashlar ancha keng tarqalgan ilmiy hodisadir. Fikrimizcha, ushbu
institutlarning faoliyatiga daxldor bu kabi munosabatlar va ilmiy tortishuvlarning xususiyatlari va
mohiyatini umumlashtirib, shartli ravishda ikki guruhga boʻlib oʻrganish maqsadga muvoqifdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |