ILMIY AXBOROTNOMA SOTSIOLOGIYA 2019-yil, 6-son 79
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev ta’kidlaganlaridek: «Insonlarning
nogironlarga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, atrofdagilarni ularning jamiyatda to‘liq va teng huquqli
ishtiroki haqida xabardor qilish nogironlarning dolzarb muammolarini hal etishda o‘ta muhim va birinchi
navbatdagi qadam hisoblanadi» [3, 21] . Bu esa O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslarni himoya
qilish siyosatini tarixiy nuqtai nazardan tadqiq qilish, sohada olib borilayotgan islohotlarning mohiyatini
ochib berish zaruratini taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi «Keksalar va nogironlarni davlat
tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g‘risida»gi PQ-2705-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi 4947-
sonli «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi
Farmoni, 2017 yil 1 avgustdagi F-5006-sonli «Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini
yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoyishi, 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi
bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida»gi qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlaridagi imkoniyati cheklangan shaxslarni himoya
qilishda davlat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirish, nodavlat tashkilotlarining rolini
kuchaytirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga oid fikrlari O‘zbekiston Respublikasini yanada
rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishga oid konseptual g‘oyalar
bugungi islohotlarning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda [4-6].
O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslarga majmuaviy yordamning samarali modeli –
ularning jamiyatga ijtimoiylashuvini ta’minlash ya’ni ta’lim sifatini oshirish, bandligini ta’minlash va
reabilitatsiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi takliflarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:
1. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun faoliyat ko‘rsatadigan reabilitatsiya markazlarida ijtimoiy
ish xodimlari va reabilitolog mutaxassislar etishmasligi kabi holatlar ushbu muassasalarda tegishli
mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish va reabilitatsiya markazlarining ilmiy bazasini
takomillashtirish zaruriyatini taqozo etadi.
2. Alohida ehtiyojli bolalar bilan inklyuziv ta’lim asosida ta’lim olayotgan sog‘lom bolalarda
ularga nisbatan bag‘rikenglik tamoyillari asosidagi munosabatlarni shakllantirish zarur. Chunki aksariyat
alohida ehtiyojli bolalar sog‘lom bolalar bilan ta’lim olishni hohlamasliklariga asosiy sabab ularning
sog‘lom bolalar tomonidan kamsitilishidir.
3. Imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta’lim maskanlarida tahsil olishini ta’minlash
maqsadida nogironlar jamiyatlari bilan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur.
4. Imkoniyati cheklangan shaxslarning transport vositalaridan foydalanishi va ishlayotgan joylarida
erkin harakatlana olishiga xalaqit beradigan to‘siqlarni bartaraf etish, ularni tegishli texnik vositalar bilan
ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish va bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish.
5. Ishsiz imkoniyati cheklangan shaxslarning aksariyati qishloq hududlarida istiqomat qiladi.
Chekka qishloqlarda istiqomat qiladigan nogironlarga qulay bo‘lgan ish o‘rinlarini yaratish.