X Bob. Quyosh issiqxonalari
Mavzuning tayanch iboralari: Quyosh issiqxonasi, konstruktiv yechim, shaffof, optik, issiqlik – texnikaviy, nurlanishi energiyasi, optimallashtirish, quyosh radiatsiyasi.
Ushbu mavzuda quyosh issiqxonalarning asosiy konsruktiv yechimlari, ilmiy tadqiqotlar holatiga tegishli tushuncha va ma’lumotlar keltirilgan. Quyosh issiqxonasining tuzilishiga tegishli bo’lgan ma’lumotlar, tushuncha, ta’riflar to’g’risida fikr yuritilgan.
10.1. Gelioissiqxonalarning asosiy konstruktiv yechimlari va ilmiy tadqiqotlar holati
Iqtisodiy shart-sharoitlarni tez o’zgarishi qishloq xo’jaligida fermer, shaxsiy, arenda, kichik tadbirkorlik xo’jaliklarining vujudga kelishi va tez sur’atlar bilan rivojlanishga sabab bo’lmoqda. Qishloq xo’jaligida quyosh issiqxonalari samaradorligini oshirish uchun ularning shaffof to’siqlarining optik va issiqlik – texnikaviy sifatlarini yaxshilash bilan bir qatorda mazkur turdagi issiqxonalar uchun asosiy bo’lgan quyosh nurlanishi energiyasi va atrof – muhit haroratining har qanday o’zgarishlari sharoitida ularning ichida o’simliklarning normal rivojlanishi uchun me’yoriy harorat rejimlarini ta’minlashga erishish zarur. Issiqxonalar dehqonchiligi amaliyotida bu masalani hal qilishda vaqtga bog’liq ravishda o’zgaruvchan tashqi meteorologik faktorlar ta’sirida shakllanadigan, ularning ichki real issiqlik rejimlarini hisoblash uchun ilmiy asoslangan uslublarni ishlab chiqish va uni tadbiq qilish hamda shu asosda ularning konstruktiv va issiqlik-texnikaviy parametrlarini optimallashtirish imkoniyatlari mavjud. Shu boisdan issiqxonalarda sodir bo’ladigan issiqlik jarayonlarining sutkaviy nobarqarorligini hisobga olgan holda ularning asosiy parametrlarini optimallashtirish orqali quyosh energiyasidan foydalanish samaradorligini oshirishga yo’naltirilgan ilmiy tadqiqotlar issiqxonalar dehqonchiligini rivojlantirish va mazkur sohadagi energiya resurslar tejamkorligini ta’minlash masalalari o’rganib chiqaylik. Fermer, shaxsiy, arenda va kichik tadbirkorlik xo’jaliklari tomonidan quriladigan issiqhonalarda, quyoshdan hosil bo’lgan kunlik ortiqcha issiqlikni jamlash, issiqxona ustiga qo’shimcha ikkinchi shaffof to’siq qoplamalarini yopish bilan issiqlik isrofini kamaytirish mumkin.
Issiqhonalarda o’simliklar rivojlanishining samaradorligini oshirish yordamida bir isitish mavsumida ikki va undan ortiq marta hosil yetishtirish mumkin. Issiqhonalarning samaradorligini oshirishda va undan amaliy maqsadlarda foydalanish uchun issiqxona tuzilishi ishonchli, sodda, arzon va o’simliklar rivojlanishi uchun yetarli haroratni hosil qilishi kerak. Respublikamiz iqlim sharoitida ishlayotgan issiqxonalarda umumiy issiqlik sarfining 25-30% quyosh energiyasi hisobiga qoplanadi.
Yoqilg’i sarfini kamaytirishning asosiy usullaridan biri issiqxonaning bir qoplamli shaffof polimer plyonkalarini xuddi shunday, ammo biri ikkinchisidan yupqa havo qatlami bilan ajratilgan ikki qoplamli polietilen plyonka to’siq bilan almashtirishdir. Bunday sharoitda ikki qoplamli shaffof polimer plyonkaning bir qoplamali plyonkaga nisbatan quyosh nurlarini o’tkazilish qobiliyati 20-30% ga kamayadi. Lekin, yupqa havo qatlamining issiqlik o’tkazuvchanligi nihoyatda kam bo’lgani uchun, ikki qoplamali polimer plyonkaning issiqlik yo’qotish koeffitsienti bir hil sharoitda bir qoplamali polimer plyonkali issiqxonalarning issiqlik yo’qotish koeffitsientidan ancha kam bo’ladi.
1980 - 1990 yillarda asosan issiqxonalar katta shaharlar atrofida ishlab chiqarish komplekslari sifatida qurildi. Issiqxona xo’jaliklarining tajribalarini tahlil qilish natijasi shuni ko’rstadiki, ekin maydoni 40-50 m2 bo’lgan (shaxsiy fermer, arenda, kichik tadbirkorlik)da etishtirilgan mahsulotlar (1 m2 ekin maydonida 25÷30 kg ) ni tashkil qilgan. Demak, katta issiqxona komplekslarida yetishtirilgan sabzavot mahsulotlari 2-3 marta kam va issiqlik sarfi 2 marta ortiq bo’lgan. Bu ikki solishtirilayotgan issiqxonalarning texnik-iqtisodiy ko’rsatigichlari keskin farqlanishi quyidagi faktorlar bilan tushintiriladi. Katta issiqxonalarda issiqxona uchun qurilgan qozondan olingan issiqlikdan ratsional foydalanilmaydi, chunki katta miqdorda infiltratsiya yo’qotish bo’ladi. Bundan tashqari quyosh radiatsiyasining kunduzgi ortiqcha issiqligini issiqxonada jamlash mumkin emas. Ochiq va issiq iqlimli kunlarda quyosh radiatsiyasidan kelayotgan kunduzgi issiqlik issiqxona isrofini to’liq qoplashi mumkin bo’lganda ham issiqxona isitish tizimi ulangan bo’ladi, chunki isitish tizimini davriy ravishda uzish va ulash maqsadga muvofiq emas. Natijada issiqxona ichida qizish vujudga keladi, bu esa o’simliklarni o’sishda va kompleksning texnikaviy – iqtisodiy ko’rsatkichlariga salbiy ta’sir qiladi. Fermer, arenda, shaxsiy, tadibrkorlik xo’jaliklarida quriladigan kichik o’lchamli issiqxonalar, issiqxona komplekslaridan farqlanib, quyoshdan hosil bo’lgan kunduzgi ortiqcha issiqlikni jamlash, issiqxona ustiga qo’shimcha qoplam yopish bilan issiqlik isrofining miqdorini kamaytirish mumkin. Bunday imkoniyatdan foydalanib issiqxonani isitish mavsumini 1/3 muddatga qisqartirish mumkin. Qolgan vaqtlarda (kechqurun) texnik isitish sistemasidan qisman foydalanish mumkin. Fermer, arenda, shaxsiy, tadbirkorlik xo’jaliklaridagi issiqxonalarda o’simlikning rivojlanish samaradorligini oshirish va optimal rivojlanishini amalga oshirish yordamida bir isitish mavsumi davomida 2 marta hosil yetishtirish mumkin.
Issiqxonalarning samaradorligini oshirishda ularning tuzilishi sodda, arzon, o’simliklar rivojlanishi uchun yetarli haroratni hosil qilishi kerak. Buning uchun real holdagi tashqi muhit harorati quyosh energiyasini o’zgarishi oldindan hisobga olinib, issiqxona tuzilishini tanlash va optimal parametrlarni hisobga olish kerak. Issiqxonalar qishloq xo’jaligidagi energiyani eng ko’p is’temol qiluvchi tarmoqlardan biri bo’lib hisoblanadi.
Energetika dasturida energiya yig’ish texnologiyasini halq xo’jaligida keng qo’llash ko’rsatib o’tilgan. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda yangi issiqxonalar konstruktsiyalari va ularning isitish sistemasida an’anaviy bo’lmagan issiqlik manbalaridan foydalanish ustida ish olib borish tez sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda.
Quyosh issiqxonalaridagi o’simliklarning yaxshi rivojlanishi uchun kerak bo’ladigan (kunduz kunlari 240C dan yuqori bo’lmagan, kechqurunlari 180C kam bo’lmagan) harorat jarayoni talab qilinadi, bunday issiqxonalarda mavsum davomida ikki marta hosil olishga imkoniyat yaratadi. Issiqxonani isitish uchun ketadigan yonilg’i harajatlari, hamma harajatlarning 50-60% ini tashkil qiladi. Bu masala respublikamizni energetikasini tejashdagi dolzarb muammolardan biridir.
Shu boisdan issiqxonalarda kechadigan issiqlik jarayonlarining sutkaviy nobaqarorligini hisobga olgan holda ularning asosiy parametrlarini optimallashtirish orqali quyosh energiyasidan foydalanish samaradorligini oshirishga yo’naltirilgan ilmiy tadqiqotlar issiqxonalar sabzavotchiligini rivojlantirish va mazkur sohadagi energiya tejamkorligini ta’minlashning dolzarb masalalaridan biridir. Ammo, yuqorida qayd etib o’tilgan masalalarini yechishga hozirgi vaqtgacha e’tibor berilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |