www.arxiv.uz
Islomning markaziy Osiyo mintaqasidagi o`rni va ahamiyati tarix va hozirgi zamon
Reja:
Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Movaraunnahrda dinlarning rivojlanishi va jamiyat ma`naviy hayotida tutgan o`rni. (islomgacha bo`lgan davr).
Hozirgi O`zbekiston hududida islom tarixi. Markaziy Osiyo mutafakkirlarining islom ilmlari va madaniyati rivojidagi o`rni.
Xanafiylik – islomdagi eng mu`tadil mazhab. Tasavvuf. Bag`rikenglik an`analari.
Hozirgi davrda mintaqa xalqlari hayoti va kishilarning ma`naviy-ahloqiy qarashlari shakllanishida islom dinining o`rni va ahamiyatining o`sishi: sabablar, omillar, istiqbollar.
Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan Movaraunnahrda islomgacha bo`lgan davrda ham turli dinlarning rivojlanishi va ularning jamiyat ma`naviy hayotida muhim ijobiy o`rin tutgan.
Qadimgi Turon zamin miloddan avvalgi 2000 yillardayoq diniy e`tiqodlari mustahkamligi o`zining davlatchiligiga ega bo`lganligi sababli yuksak ijtimoiy – ma`naviy taraqqiyotga erishgan. O`z urf-odatlarini, e`tiqodini saqab qolish va rivojlantirishga alohida e`tibor berganlar.
Markaziy Osiyo ko`pdan ko`p e`tiqodlar, diniy falsafiy ta`limotlar vatanidir. Qadimgi tarixdan ma`lumki, Movaraunnahrda turli diniy e`tiqodlar bo`lishiga qaramasdan, diniy bag`rikenglikka rioya qilib yashaganlar. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, Markaziy Osiyo nafaqat Sharqning, balki butun dunyo xalqlarining ham madaniy va diniy e`tiqod markazlaridan biri hisoblanadi. Tarixchi olim N.N.Kondratning «Markaziy Osiyo dunyo madaniyatining o`choqlaridan biri bo`lgan» degan fikrlarida jon bor. Darhaqiqat, insoniyat tarixi, madaniyati, falsafasi va ma`naviy hayoti taraqqiyotida Markaziy Osiyo madaniyati, diniy e`tiqodlari ta`siri beqiyosdir.
Haqiqatdan ham xalqimiz o`zining tarixda tutgan o`rnini aniqlash uchun qadimiy madaniyati, ma`naviy merosi, diniy e`tiqodi kabi tarixiy qadriyatlarini o`rganish lozim.
Markaziy Osiyo xalqlari ma`naviy takomillashuviga chuqur ta`sir etgan dinlardan zardo`shtiylik, moniylik, mazdakiylik, buddaviylik kabi dinlarni ko`rsatish mumkin. Markaziy Osiyoda hamisha diniy bag`rikenglik an`analariga asoslanib faoliyat olib borilgan.
Zardo`shtiylik dinini muqaddas kitobi «Avesto» haqida Prezident I.Karimov to`g`ri ta`kidlaganidek, «Bu nodir kitob bundan 30 asr avval ikki daryo (Amu va Sir) oralig`ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma`naviy, tarixiy merosidir... «Avesto» ayni zamonda bu qadim o`lkada buyuk davlat, buyuk madaniyat bo`lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdirki, uni hech kim inkor eta olmaydi». Bundan tashqari I.Karimov 2001 yil 3 noyabrda «Avesto» ning 2700 yillik yubileyiga bag`ishlangan tantanali yig`ilishida qilgan ma`ro`zasida ham uni «Hayot yo`riqnomasi» deb atagan edi.
Keyingi ko`pgina ilmiy izlanishlarda jumladan, olima Fozila Sulaymonovaning «Sharq va G`arb», «Nur Sharqdan taraladi» kabi asarlarida Markaziy Osiyo xalqlarini islomgacha bo`lgan dinlaridan zardo`shtiylik Ovrupani ko`hna yunon madaniyatiga ham sezilarli ta`sir ko`rsatganligi qayd etiladi.
«Avesto» da eng avvalo ma`naviy komil, adolatparvar, ezgulikni barqaror qiladigan insonni shakllantirish g`oyasi mavjud. Shu asosda insonni bunyodkorlik, yaratuvchilik mehnati ulug`langan tozalik, poklikka alohida e`tibor qaratilgan va inson naslining sog`lomligi, oila muqaddasligi madh etilgan.
Umumlashtirib aytganda zardo`shtiylik dini ajdodlarimizning bir necha ming yillik ma`naviy merosi bo`lishi bilan birga, umuminsoniy ma`naviyat taraqqiyotining ham tamal toshlaridan birini tashkil qiladi.
Markaziy Osiyoda, xususan, Movaraunnahr xalqlarining islomgacha bo`lgan diniy, ahloqiy, ma`naviy qadriyatlaridan «moniylik» diniy ta`limoti ham mavjud bo`lgan. Bu diniy ta`limotning mohiyatiga ko`ra dunyo ziyo (yorug`lik) va zulmat (qorong`ulik) ning abadiy kurash maydonidan iborat. Mana shu kurash maydonida insonning asosiy vazifasi yovuzlikni yo`q qilish uchun yaxshilikning o`zi ezgulikka ko`maklashishdan iborat degan ma`naviy ta`limot ilgari suriladi. Moniylik diniy ta`limotiga ko`ra, inson sof musaffolikka yoki gunohdan holis bo`lishlikka faqat tarkidunyo qilish, nafsini tiyib hayot kechirish orqali erishishi mumkin deb hisoblaganlar.
Eramizning VI asr boshlarida Eronda vujudga kelgan «mazdakizm» deb atalgan diniy ta`limot ham Markaziy Osiyoda keng tarqaladi. Bu dinda moniylik ta`limotini yanada to`ldirib, uning noumidlik, tarkidunyo qilish g`oyalarini inkor qilib, dunyoga yaratuvchilik va orzu-umid bilan qarash lozim degan g`oyani olga suradi. Unda yaxshilik va yomonlik yoki ziyo va zulmat kurashida ziyo albatta g`alaba qiladi deb ta`kidlanadi. Shunday qilib, moniylik va mazdakizm diniy ta`limotlari ham Markaziy Osiyo xalqlari ma`naviy yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Movaraunnahrda jamiyat ma`naviyati, madaniyati va ma`rifatining shakllanishi hamda rivojlanishida muhim hissa qo`shgan ta`limotlardan biri «Buddaviylik» dinidir. Hindistonda paydo bo`lgan ushbu din milodiy birinchi asrdan boshlab Movaraunnahr hududlariga kirib kelib, keng tarqalgan. Hatto Kushon va Eftalitlar imperiyasi davrida buddaviylik dini davlat himoyasiga olingan bo`lib, o`sha vaqtda zabt etilgan tangalarda buddaning turli ko`rinishdagi tasvirlari mavjudligi fanda isbotlangan.
Ayrim arxeologik manbalarga qaraganda Toshkent, Farg`ona, Samarqand, Termiz va Qarshida budda ibodatxonalari bo`lganligi aniqlangan. Ular nihoyatda nozik, go`zal, sermazmun devoriy tasvirlar bilan bezatilganligi qayd etilgan. Bu fikrlarni Surxondaryo viloyatidagi (Dalvarzintepa, Qoratepa, Fayoztepalardan Qoravul-tepadan topilgan buddaviylik ibodatxonalari qoldiqlari, haykalchalar, tanga pullar, devoriy suratlar, muqaddas daraxt tagida o`tirgan budda va undan pastroqda tik turgan o`quvchilari tasviri, shuningdek, Qarshi shahrining qadimiy markazlaridan biri bo`lgan Yerqo`rg`on yodgorliklaridan topilgan idish qopqog`ida tushirilgan bola ko`targan ayol tasvirlari kabi buddaviylikka xos ashyolarning mavjudligi eramizning I-IV asrlarida buddaviylikni san`at, madaniyatning yuksalishiga, Movaraunnahr xalqlari ma`naviy taraqqyotiga katta hissa qo`shganligini jonli dalilidir.
Yaponiyalik taniqli olim «Halqaro ipak yo`li» akademiyasining direktori Kato Kyuzo bu borada hayrat bilan qayd etadi: «Qoratepada topilgan buddaviy inshootlari Markaziy Osiyoda topilgan ana shu yodgorliklarning eng yirigidir. Barcha mas`uliyatni zimmamga olib aytamanki, bu obida jaxon arxeologiyasida noyob va nodir sahifadir».
Yuqorida keltirilgan faktlar zardo`shtiylik dinidan so`ng yuzaga kelgan buddaviylik dini ham Movaraunnahrda madaniyat, ma`naviyat, ma`rifat rivojiga o`lkan hissa qo`shgan dinlardan biri ekanligini isbotlab turibdi. Arablar Movaraunnahrga bostirib kirgach, buddaviylik davrida yaratilgan san`at asarlari yo`q qilindi.
Tarixchi Muhammad an-Narshaxiy o`zining «Buxoro tarixi» asarida buddaviylik bayramlarini Buxoroda nishonlanishi haqida ma`lumot beradi va buxoroliklarni islom diniga kiritishda juda qiyinchiliklarga uchraganligini qo`yidagicha qayd etadi: «Buxoro aholisini har safar islom lashkarlari kelganida musulmonlikni qabul qiladi, arablar qaytib ketganida esa ular yana islom dinidan qaytar edilar. Qutayba ibn Muslim to`rtinchi marta kelganida jang qilib Buxoro shahrini oldi va ko`p qiyinchiliklardan keyin bu yerda islom dinini yuzaga chiqardi va turli yo`llar bilan ularga qiyinchiliklar yaratib, dillariga musulmonchilikni o`rnashtirdi. Ular esa islom dinini yuzaki qabul qilib, haqiqatda budparastlik qilar edilar». Shu asarda yana davom etib, Qutayba Baykantdagi bir butxonadan og`irligi to`rt yuz dirham keladigan bitta kumush but topgan. U yana bir qancha kumush jomlar hamda kabutar tuxumidek keladigan ikkita marvarid ham topib olganligini ta`kidlaydi.
Tarixchi V.Litvinskiyning ta`kidlashicha ham Markaziy Osiyoda budda dini hukmron bo`lgan. Bundan tashqari, 10 dan ortiq dinlar mavjud bo`lgan. Shu keltirilgan misollardan xulosa chiqarib, aytish mumkinki, ota-bobolarimiz e`tiqod qilgan buddaviylik davrida ham Movaraunnaxr madaniy, ma`naviy va ma`rifiy jihatdan o`z davriga mos rivojlanishga ega bo`lganligini ko`rish mumkin.
Shunday qilib, islom dini kirib kelguncha ham Markaziy Osiyoda, jumladan, Movaraunnaxrda turli diniy e`tiqodlar ta`sirida shakllangan ma`naviyat va ma`rifat ko`p qirrali, bir necha xil diniy falsafiy qarashlar, rang-barang g`oyalardan iborat bo`lgan. Ular diniy bag`rikenglik tamoyili asosida munosabat olib borib, turli dinga e`tiqod qiluvchilar tinch-totuv yashab, jamiyatning ma`naviy hayoti rivojiga ijobiy hissa qo`shganligini ko`rish mumkin.
2.2. Islom dini Movaraunnaxrga VII asrning ikkinchi yarmida, aniqroq qilib aytganda, arab istilochilarining birinchi yurishi 651 yilda Ubaydulloh Ibn Ziyod boshchiligida amalga oshiriladi. 676 yilda esa Said Ibn Usmon rahbarligida Buxoro, Sug`diyona, Kesh, Nasaf shaharlariga hujum qilinadi. Ikkinchi yurish 705 yilda Qutayba Ibn Muslim tomonidan boshlandi va arablar istilolari natijasida kirib keladi. Islom lashkarlariga asosan sahobalar va tobe`inlar sarkardalik qilar edilar. Ular qaysi shaharni zabt etsalar, o`sha joyda darhol masjidlar qurar, aholisiga diniy ta`lim berish uchun sahobalardan maxsus vakillar qoldirib ketardilar. Shu tariqa Buxoro, Samarqand, Shosh, Termiz kabi ko`plab shaharlarda Qur`oni Karim va Payg`ambar Hadisi Shariflari o`qitilib, targ`ib qilinadi. Markaziy Osiyo aholisini islomga kiritish 715 yillargacha davom etadi. Islomlashtirish jarayoni juda qiyin va murakkab davr hisoblanadi. Bu jarayonda turli usullar qo`llaniladi. Islomni qabul qilganlarni rag`batlantirib pul-mablag` bilan ta`minlaganlar. Islom diniga kirmaganlarga esa turli choralar ko`rilib, jarimalar solganlar. Natijada, Qur`oni Karim va Hadislar xalq ommasi orasida keng tarqalib, ta`lim-tarbiya sohasida va ijtimoiy hayotda mustahkam o`rin egallab, islom diniy g`oyalari hukmron mafkuraga aylanadi va ijtimoiy hayotning barcha sohasini o`z nazoratiga oladi. Ana shu davrdan boshlab, hozirgi O`zbekiston hududida islom ma`naviyati va ma`rifati o`ziga xos ravishda shakllandi va taraqqiyot bosqichini boshidan kechirdi. Markaziy Osiyoda ilk islomlashtirish davridayoq mahalliy aholiga islom aqidalarini ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyati berilardi.
Islom falsafasida ma`naviy omil jamiyat rivojida yetakchi o`ringa qo`yiladi. Shu tariqa mintaqamizda yashaydigan turli xalqlarning dunyoqarashida, e`tiqodi va ma`naviy hayotida, ijtimoiy hamda insoniy munosabatlarida ijobiy inqilob yasadi va yangi sivilizatsiyani boshlab berdi. Ma`naviy, ahloqiy barkamollik hukmron bo`lgan jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta`minlash g`oyasi Qur`oni Karim va Hadisi Sharif mazmunida o`z yechimini topadi. Bu muqaddas kitoblar va shariat ko`rsatmalari inson ma`naviy – ma`rifiy kamolotining asosi bo`lgan ahloq-odob tarbiyasining barcha qirralarini o`z ichiga oladi.
Qiska qilib aytganda, Qur`oni Karim va Hadislar ma`naviy-ahloqiy tarbiyaga, shuningdek ma`rifiy ilmlarga oid bo`lgan fikrlarning mukammal to`plamidir. Prezident I.Karimov islom dinini xalq ma`naviyati va ma`rifatining yuksalishiga katta hissa qo`shib kelgan milliy va umuminsoniy qadriyatlar sifatida ta`riflab: «Islom dini ota-bobolarimiz dini, biz uchun ham iymon, ham ahloq, ham diyonat, ham ma`rifat ekanligini unutmaylik. U quruq aqidalar yig`indisi emas. Ana shu ma`rifatni kishilarimiz jon-jon deb qabul qiladilar va yaxshi o`gitlariga amal qiladilar. Mehr-oqibatli, nomusli, oriyatli bo`lishga, izzat-ehtirom tushunchalariga rioya etishga harakat qiladilar», - deb yozadi. Yurtboshimiz qayd qilganidek, hozirgi O`zbekiston hududida ilm-ma`rifat, madaniyat va ma`naviyat rivojlanishida islom ijobiy rol o`ynagan. Islom, ayrimlar tushunganidek, faqat aqida emas, avvalo ma`rifat ilmidir. Payg`ambarimiz Hadislari kishilarni donolik va ma`rifatga chaqirish, fahm-farosatga, o`tkir zehnlilikka o`rgatish, diniy ahloqiy dastur, shuningdek, huquqiy – diniy yo`l-yo`riqlar, asrlar davomida vujudga kelgan fan, adabiyot, madaniyat bo`sag`asidagi diniy va dunyoviy ilmlar majmuasidir. Hadislarda ilmsiz e`tiqod bo`lishi mumkin emasligini ko`zda tutib, ma`naviy barkamol inson, ilm sirlarini boshqalarga o`rgatib, jamiyat farovonligi uchun sarf qilsa, kelajak avlodga meros sifatida qoldirsa, bunday insonning borligi pokiza bo`ladi deb hisoblanadi. Islomda ilm-fanni egallab ma`rifatli bo`lish savobli ish deb qaraladi. Shu bois ham Hadisda «Beshikdan qabrgacha ilm izla» deb alohida ta`kidlanadi. Aks holda bilgan narsani hech kimga o`rgatmaslik ma`naviy qashshoqlashishga sabab bo`ladi. Bunday hasislik Hadisda qoralanadi. Umuman islom dinining tom ma`nodagi mohiyati, islomiy ta`lim-tarbiya, diniy va dunyoviy bilimlarni barobar o`rganish komil inson bo`lib yetishishga imkon beradi, deb hisoblanadi.
Markaziy Osiyo mutafakkirlarining islom ilmlari, madaniyati va ma`naviyatiga bo`lgan munosabatlari va ularning rivojidagi o`rniga e`tibor berilsa, ular dunyoviylik bilan ilohiylikni uyg`unlashtirganliklarini ko`rish mumkin. Masalan, Abu Nasr Farobiy «Baxt-saodatga erishuv haqida», «Falsafani o`rganishdan oldin nimani bilish kerakligi to`g`risida», «Ilmlar va san`atlar fazilati» kabi asarlarida insonning ma`naviy rivojlanishi ilm-ma`rifatga bog`liq deb ta`kidlaydi. Al-Xorazmiy esa, insonning hulq-atvori, hatti-harakati mantiqiy fikrlashga asoslangandagina maqsadga muvofiq rivojlanadi deb hisoblaydi.
Sa`diy SHeroziy ilmga amal qilmaganlarni nodondur, ilmsiz odam boylikka, mansabga, har xil tubanlikka mansubdir desa, Yusuf Xos Xojib ezgulikka ilm orqali erishiladi, deb fikr yuritadi.
A.Navoiy fikricha, odamgarchilikning eng yuksak belgisi islomdagi sahiylik va himmat hisoblanadi, «Sahiylik inson bog`ining hosildor daraxtidir, balki daraxtning mevasi shirin bo`lgan asl gavharidir. Sahovatsiz kishi bilan gavharsiz sadafni birday hisoblasa bo`ladi. Sahovatlilik va himmatlilik pokiza kishilarga xosdir» deb ta`kidlaydi.
Markaziy Osiyo mutafakkirlarining islom ilmlari va madaniyati rivojidagi qo`shgan hissalari to`g`risida fikr yuritsak, xijriy III asrlarda Movaraunnaxr va Xuroson zaminidan yetishib chiqqan At-Termiziy, An-Nisoriy, Imom al-Buxoriy kabi buyuk zotlar jahonga mashhur oltita xadislar to`plamini yaratib, islom ilmi va madaniyatiga buyuk hissa qo`shganlar.
Imom Al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan hajga borib, Haj amallarini bajargandan keyin ularni kaytarib yuboradi. O`zi qolib, Arab mamlakatlarining ko`plab shaharlarida hadis ilmini uzoq vaqt o`rganadi. Natijada 600000 dan ortiq hadis to`plab, shundan 7250 tasini «ishonarli» hadis deb topadi. Al-Buxoriy ijodi-faoliyati davomida 20 dan ortiq hadis to`plamlarini yaratgan. Shulardan «Al-Jome` as-sahih» (ishonchli hadislar) asarini yaratib, bashariyat tarixidagi buyuk siymo sifatida tanildi. Bunday ulug` zotning O`zbekistonning tabarruk zaminidan yetishib chiqqanligi tasodifiy hol emas edi. Bu ko`hna diyorimizda ilm-fan va madaniyatning ildizi chuqurligidan, o`lkamizda azal-azaldan an`anaviy madaniy-ma`naviy va diniy muhit mavjud bo`lganligidan, eng muhimi bu yurtda yashovchilarning jamiyat va insoniyat yo`lida har qanday ilmni tez va teran anglab, yuksak pog`onalarga ko`tarish layoqatiga qodir ekanligidan dalolat beradi.
Islom ilmlari va madaniyatini rivojlanishida buyuk hissa qo`shgan vatandoshimiz at-Termiziy o`zining «Al Jome` as-sahih», «Shamoili Nabaviya» (Payg`ambarning shakl va sifatlari), «Kitob o`z-zuxd» (zohidlik kitobi) kabi bir qator asarlari bilan islom dunyosiga ma`lum va mashhurdir. Bulardan tashqari ulug` o`zbek shoiri va mutafakkiri A. Navoiy o`z ijodi faoliyatida islom ma`naviyatini rivojlantirishda islom ta`lim-tarbiyasiga oid, «Arbain hadis» (qirq xadis) nomli asarida Muhammad alayhissalomning ko`rsatma va o`gitlari, fe`l-atvorlari, musulmonchilik ta`lim-tarbiya qoidalari to`g`risidagi qirq hadisni sharhlab targ`ib qiladi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyo, hozirgi O`zbekiston hududida yetishib chiqqan mutafakkirlar islom ma`naviyati, ma`rifati va madaniyatiga umuminsoniy qadriyat sifatida qarab, uning rivojiga munosib hissa qo`shganlar.
2.3. Jahon dinlari tarixiy taraqqiyoti tajribasidan ma`lumki, ular rivojining muayyan bir bosqichida turli yo`nalish va oqimlarga bo`lingan. Shuningdek, Islom dinida ham VII asrning ikkinchi yarmidayoq dastavval xorijiylar yo`nalishi shakllangan (hozir ular mavjud emas). Keyinchalik ikkita yo`nalish: sunniylik (ahli sunna val-jamoa-sunnat va jamoat ahli) va shialikka ajralib chiqqan. Bu yo`nalishlarning har birida turli masalalar bo`yicha, turli qarashlarga ega bo`lgan mazhablar kelib chiqqan. Mazhab so`zi arabcha «oqim, yo`l, ta`limot, yo`nalish» yoki biror diniy masala bo`yicha ma`lum bir olim-ulamolar yo`nalishidan borish mazmunini anglatadi. Ilk islomda mazhab tushunchasi asosan fikxiy (huquqiy) maktablarga nisbatan qo`llanilgan va hozir ham shunday tushunmoq lozim.
Islomning sunniylik yo`nalishi «Ahli sunna val-jamoa» deb atalib, undan 4 ta fiqxiy, ya`ni islom qonunchiligini o`zida aks ettirgan mazhablar mavjuddir. Ular xanafiylik, molikiylik, shofiylik va xanbaliylik mazhablaridir. Sunniylikda fikxiy maktablardan tashqari aqidaviy masalalarda bir-biridan farq qiladigan ikkita mazhab bor. Ular ash`ariy va motrudiy mazhablari nomi bilan yuritiladi. Aqidaviy mazhablar qo`yidagi masalalarda bir-biridan farq qiladi, ya`ni, ular birinchi-Oliy hokimiyat (imomat, xalifalik) masalasi, ikkinchisi - Imon masalasida, uchinchisi – Qazo va qadar masalasida, to`rtinchisi – Ollohning zoti va sifatlari masalasida beshinchisi-fikxiy (huquqiy) masalalardir.
Bugungi kunda dunyoda 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etib, ular mazhablar bo`yicha tahlil qilinganda: xanafiylar 47 %, shofiylar – 27 %, molikiylar – 17 %, xanbaliylar – 1,5 % dan iboratdir.
Islomning shialik yo`nalishida ham ayrim masalalarda bir-biridan farq qiladigan ismoiliy, ibodiy, ja`fariy, zaydiy kabi mazhablar mavjud bo`lib, u jahondagi musulmonlarning 7,5 % ini tashkil qiladi.
Fikxiy mazhab tushunchasi Olloh Taolo o`z Payg`ambari Muhammad s.a.v. orqali nozil qilgan shariat huquqshunosligida Qur`oni Karim va Payg`abarimizning sunnati bo`lgan Hadislarga tayanib hukm chiqarishni ko`zda tutadi. Fikxiy mazhab imomlari Qur`oni Karim va Sunnatni mazmunini kishilarga osonlik bilan tushuntirgan va ularga amal qilish yo`llarini musulmonlarga o`ziga xos oddiy usul bilan bayon qilib bergan buyuk olimlardir.
Sunniylikning molikiylik mazhabi asoschisi Molik ibn Anas al-Asbaxiy (713-795) bulib, uning «al-Muvatta» (Barchaga tushunarli) asarida bu mashabning qarashlarini asoslab beradi. Ular Afrika va Arab mamlakatlarida yashaydi.
Shofiylik mazhabining asoschisi Usmon ibn Shofiy (767-820) bo`lib, «al-Umm» nomli asarida o`z qarashlarini yoritib beradi. Shofiylar Misr, Falastin, Iordaniya, Suriya va Iroqda yashashadi.
Xanbaliylik mazxabining asoschisi Ahmad ibn Xanbal bo`lib, u «al-Musnad» nomli asarida huquqiy masalalarni yoritadi. Bu mazhabdagilar Saudiya Arabistonida, Qatarda, Suriya, Falastin va Iroq kabi mamlakatlarda undan amaldagi qonun sifatida foydalanadi.
Sunniylikning Xanafiylik mazhabi islomga e`tiqod qiluvchi mamlakatlarda, islom qonunchiligi sifatida juda keng tarqalgan. Jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari, O`zbekiston musulmonlari ham shu mazhab asosida shariat qonunlariga suyanadi. Xanafiylik mazhabini asoschisi Imom A`zam Abu Xanifa (699-767) dir. Sunniylik huquqshunosligida Imom A`zam maktabi hadislarga tayanganligi uchun «Ahl al-Xadis» nomini oladi. Umumiy tarzda Abu Xanifaning huquqiy nazariyasi «Ra`y» tushunchasi orqali shaxs erkinligini hurmatlagan, shariat masalalarida mustaqil fikr yuritishga ruxsat beradi va shu xususiyati bilan boshqa islom huquqshunoslaridan farq qiladi. Shu mazhab, birinchi bo`lib, savdo va iqtisodiy sohalardagi bitimlarga oid qoidalarni ishlab chiqqan. Shaxsiy huquq doirasida balog`at yoshiga yetgan inson mustaqil bo`lib, o`z mulki bilan o`zi hohlagan narsani qilishi mumkin.
Imom A`zam Abu Xanifaning shogirdlari bu mazhabni jamiyatning turli sohalariga tadbiq qilganlar. Masalan, Abu Yusuf Muhammad Ibn Xasan ash-Shayboniyning qator asarlarida soliqlar to`lash, merosxo`rlik, nomoz, tahorat, janoza, zakot, ro`za, haj, savdo, meros, nikoh, huquqbuzarlik kabi ko`plab hayotiy masalalarda fuqaro kodeksining asosini tashkil etib, huquqiy islohotlarning o`zviy qismini tashkil etgan.
Xanafiylik islom davlatlarida eng keng tarqalgan mazhab bo`lib, Abbosiylar davrida Abu Yusuf egallagan maqom «Qozilar qozisi» martabasi tufayli bu mazhab boshqalar oldida ustuvor, eng mu`tadillikka erishadi. Usmoniylar imperiyasi davrida va hatto hozirgi davrda ham Misr, Suriya, Livan, Irok, Iordaniya, Falastinda rasmiy mazhab sifatida fatvolar chiqarish huquqiga ega. Bolqon yarim orolida Kavkaz, Afg`oniston, Pokiston, Hindiston, Markaziy Osiyo Respublikalari, jumladan, O`zbekistonda, Xitoyda ham ustuvor mazhab hisoblanadi. Demak, xanafiy mazhabi musulmonlar dunyosining deyarli yarmiga yoyilgan.
Islom tarixida musulmonlar orasida bahsli masalalar shariatga binoan mahkama qozisi tomonidan hal etiladi.
Umumlashtirib aytganda, ilmda mazhabimiz Qur`oni Karim, amalda mazhabimiz Imomi A`zam, e`tiqodda mazhabimiz ahli sunnat va jamoatdaligini bildiradi.
O`zbek xalqi sunniylikning mo`tadil mazhabi xanafiylikning bag`rikengligi bilan siyosiy-iqtisodiy va ilmiy – madaniy hamda ma`naviy yuksalishga qo`lay sharoitlar yaratib kelgan. Xanafiylik o`z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida musulmonlarning hamjihatligi, o`zaro inoqligi va birligini ta`minlash uchun kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo`lib, qavmning diniy e`tiqod belgilari bo`yicha guruhlarga bo`linish g`oyasini hech qachon tan olmagan.
Xulosa qilib aytganda, xanafiylikning boshqa mazhablardan farq qilib turuvchi asosiy fazilati, uning mo`tadilligi va boshqa dinlar bilan ham munosabatida bag`rikengligi, hayotiy ehtiyojlar bilan hamnafasligi, tirikchilik va taraqqiyot zaruratini chuqur idrok etish bo`lib, O`zbekistonning bugungi demokratik taraqqiyoti yo`liga ham hamohangdir.
Islomda yirik diniy-mistik (sirli) falsafiy oqimlardan biri tasavvuf ta`limotidir. Tasavvuf islom dini doirasida ahloqiy-ma`naviy xususiyatlarni Ollohu Taologa bog`lab, unga e`tiqod qilib umid bog`lash, unga sodiq bo`lish, sabr-toqat, shukronalik va qanoat, aql-idrok bilan ish ko`rishni ko`zda tutadi. Boshqacha aytganda tasavvuf ta`limotining mazmunida odamlarni halollikka, poklikka, tinchlikka, inson qadrini yerga o`rmaslikka chorlab, har kim o`zining halol mehnati bilan ijtimoiy adolat qoidalariga rioya qilishni targ`ib etuvchi qoyadir. Unda hayotiy muammolar bilan bog`liq bo`lgan ilohiy haqiqatga yetishishi bosqichma-bosqich va asta-sekinlik bilan yaqinlashib boradi deb hisoblanadi. Boshqacha aytganda, «Tasavvuf» shaxsning komil inson darajasiga yetishish natijasida Olloh vasligi musharraf bo`lishi orqali Olloh bilan yaqinlashib ketishi haqidagi ta`limotdir. Insonning komillikka yetishishi uchun eng avvalo kishining diliga, ko`ngliga tayanib, qalbni tarbiyalashga intiladi.
Komil inson bo`lishi uchun nafs ehtiyojidan voz kechishni, nafs hamma gunoh va balo-qazolarga olib boruvchi, kishini tubanlikka yetaklovchi hodisa deb tushuniladi. Inson o`z nafsining qo`li bo`lishidan ochko`zlik, hasislik va ta`magirlik kabi salbiy illatlar kelib chiqadi deb hisoblanadi. Buning uchun insonni nafsini jilovlab, qanoat bilan halol yashashga chaqiradi. Demak, tasavvuflik ilmi umuman, inson haqidagi ilm bo`lib, kishi qalbiga ma`naviy saykal beruvchi ilmlardan hisoblanadi.
Tasavvuf sufiylik tushunchasini ham o`z ichiga oladi. Sufiy so`zi- sof bo`lmoq ma`nosida bo`lib, sufiylar Qur`oni Karim sura va oyatlari va Muhammad Payg`ambar sunnatlariga qat`iy amal qilish asosida o`zini pok, toat ibodat bilan kechalari nafl nomozlari o`qib bedor o`tkazuvchi, faqat ilohiy ruhga qo`shilishini maqsad qilib, Olloh diydoriga erishish yo`lida darveshlik, faqirlik asosida har qanday nafsdan voz kechib Ollohga intilishga ehtiyoj sezadigan kishilar bo`lgan. Lekin shuni ham alohida qayd etish lozimki, Markaziy Osiyodagi sufiylik, ayrimlar tushunganidek, faqat mistikaga o`ralib qolgan ta`limot emas, balki islomda tasavvuf shaklida hal qilinuvchi, mo`g`ullar bosqinidan ozod qilishda xalqni birlashtiruvchi g`oya rolini ham bajargan.
Tasavvuf ta`limoti taraqqiyoti bosqichlarida inson ma`naviyatini rivojlantirish va boyitishda o`ziga xos yo`nalish bo`lgan tariqatlar kelib chiqdi. «Tariqat» tushunchasi – komil inson darajasiga erishishni ko`rsatuvchi birdan bir to`g`ri yo`l demakdir. YA`ni ruhiy, ma`naviy va ahloqiy poklanishda qo`yidagi taraqqiyotning to`rtta bosqichi: shariat, tariqat, ma`rifat va haqiqat mavjud. Bu bosqichlarni bosib o`tilgandagina komilikka erishish mumkinligini ko`rsatuvchi to`g`ri yo`ldir.
Markaziy Osiyoda tasavvuf tariqati yo`llarini ishlab chiqqan ta`limotlarga Ahmad Yassaviyning «Yassaviya», Bahouddin Naqshbandiyning «Naqshbandiya», Najmiddiy Kubroning «Kubraviya» yo`nalishlari kiradi. Bundan tashqari Naqshbandiya tariqatini yanada boyitib mazmunan yangi bosqichga ko`targan Hoja Ahror Valiy qarashlaridan iborat sufiylik tariqati ham mavjud. Bu tariqatlar bir-biridan insonning yuksak ma`naviy kamolotga erishishdagi ahloqiy tamoyillar, talablar va usullari bilan o`zaro farq qiladi.
Ulug` bobomiz Ahmad Yassaviy asos solgan «Yassaviya» tariqatida (yo`lida) Olloh vasliga erishish yo`lida nafs-ehtiroslaridan voz kechib, «Tarkidunyochilik» targ`ib qilinadi. «Naqshbandiya» tariqati mazmunida inson halol mehnati va hunar bilan noz – ne`matlarni ishlab chiqarishga, mavjud hokimiyat bilan hamkorlik qilish hamda insonlar o`rtasida mehr-oqibat, do`stlik va tinchlikka da`vat etadi. Har bir insonni «Qo`li mehnatda, qalbi Olloh zikrida» bo`lishga undaydigan «Dil ba yoru dast bakor» nomli mashhur shiori bilan insonni ma`naviylik yo`li sari yetaklaydi. Umumlashtirib aytganda, Naqshbandiylik mazmunida ma`rifiy, hayriyatparvarlik, xalqparvarlik, adolat, kamtarlik, mehnatkashlik, vatanparvarlik, yaratuvchilik g`oyalari bilan sug`orilgan deyish mumkin.
Shunday qilib, islomning tasavvuf yo`nalishidagi ta`limoti mazmun-mohiyatida ma`naviy yetuk, komil inson – nafs ehtiyojlariga tobe bo`lmagan, aqlni ustun qo`yuvchi, fayzu karomatga boy, ezgulikka intiluvchi, rahmdil,
Hozirgi vaqtda mintaqa xalqlari hayoti va kishilarning ma`naviy – axloqiy qarashlari shakllanishida islom dinining o`rni va ahamiyatining o`sishi haqida fikr yuritilsa, islom falsafasida ma`naviy-ma`rifiy, ahloqiy omil jamiyat rivojida yetakchi o`ringa qo`yiladi. Shuning uchun mintaqamizda islom ma`naviyati va ma`rifati milliy qadriyatlarimiz bilan yashaydigan Turon zamin xalqlarining dunyoqarashi, e`tiqodi, ibodati, ma`naviy-ahloqiy hayoti, ijtimoiy va insoniy munosabatlarda islom tarbiyasi ijobiy inqilob yasab, yangi davrni boshlagan ma`naviy omil hisoblanadi. Bu g`oyalar Qur`oni Karim va Hadisi Sharifda yaqqol namoyon bo`ldi.
Mustaqillik tufayli o`zligimizni anglayotgan, an`anaviy qadriyatlarimizni qayta tiklayotgan hozirgi vaqtda g`urur bilan bemalol aytishimiz mumkinki, ota-bobolarimiz dini, imoni, e`tiqodi, vijdoni bo`lib kelgan islom dinimiz o`ziga xos o`zbekona urf-odatlar bilan o`yg`unlashib ketgandir.
Shu nuqtai nazardan Prezident I. Karimov islom dinini xalqimiz ma`naviyati va ma`rifatini yuksalishiga katta hissa qo`shib kelgan, milliy va umuminsoniy qadriyat sifatida ta`riflab, «O`zbekistonning siyosiy – ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari» nomli asarida islom dini ota-bobolarimiz dini, ahloqi, diyonati hamda ma`rifati ekanligini unutmaylik. U quruq aqidalar yig`indisi emas. Ana shu ma`rifatni kishilarimiz jon-jon deb qabul qiladilar va yaxshi o`gitlarga amal qiladilar. Mehr-oqibatli, nomusli, oriyatli bo`lishga, izzat-ehtirom tushunchalariga rioya etishga harakat qiladilar» deb yozadi. Prezidentimiz fikrlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, ilm-ma`rifat, madaniyat va ma`naviyat rivojida islom tarbiyasining katta rol o`ynaganligini, milliy iroda va ruhiyatimizga, turmush tarzimizga singib ketganligini ko`zda tutib, tarbiyaviy ishlarimizda islomiy ahloq odobdan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Yurtboshimiz yana ta`kidlab yozadiki, «Biz demokratik yangilanish pallasiga kirar ekanmiz, ruhiy poklanishni ham unutmaylik». Demak, ma`naviy merosimizning bir qismi bo`lgan islom dini yuksak madaniyat va ma`naviyat vositasi ekan, uni bugungi sharoitda ham odamlarni diniy bag`rikenglik asosida insofga, diyonatga, dinlararo va millatlararo hamjihatlilikka da`vat etuvchi ma`naviy-ma`rifiy g`oya sifatida tushunib, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, xalqimizdagi xush kayfiyat, porloq kelajakka ishonch kabi g`oyalarning zaminida xalqimizning shonli o`tmishi va islom dinini ham tarbiyaviy roli borligini e`tirof etmoq lozim.
Shu boisdan ham islom diniga xalqimizning ma`naviyati va madaniyati tarixining ajralmas tarkibiy qismi sifatida, unga umuminsoniy qadriyatlar nuqtai nazaridan qarab, uni umumma`naviy taraqqiyotimiz jarayonining ajralmas qismi deb hisoblash lozimdir. Islom dini kishilarda kamtarlik, ahloqiylik kabi insoniy fazilatlarni shakllantiradigan, kishilarni to`g`ri yo`lga boshqaradigan tarbiyaviy omil sifatida qarab, bugungi huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurilishi jarayonida keng foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib shuni aytish lozimki, islom yuksak umuminsoniy fazilatlarni shaklantirish – insonni diniy bag`rikenglik asosida yuksak ma`naviyatga chorlovchi Prezident Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatini qo`shma yig`ilishida qayd etganidek, bugun bag`ri keng, ma`rifatli islomni niqob qilib olgan ekstremistik g`oyalardan himoya qilish bilan birga, undan hozirgi istiqlol oldimizga qo`yayotgan dolzarb ma`naviy – ma`rifiy va tarbiyaviy muammolarni hal qilishda ustuvor omilardan biri sifatida foydalansak, maqsadga muvofiq bo`ladi. Zero, ming yillik ma`naviyatimiz tarixi ham shak-shubhasiz fikrimiz to`g`riligini tasdiqlaydi.
Adabiyotlar:
Do'stlaringiz bilan baham: |