IY
Xulosa
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, islomiy moliyaviy xizmatlar sohasi O’zbekistonning porloq kelajagi uchun muhim omil, poydevor va rivojlanish istiqboli bo’ladi, natijada o’z madaniyatida Islomning chuqur ildizlarini aks ettirgan mamlakatga xorijiy investorlarning qiziqishi ortadi va hukumat ushbu imkoniyatdan xalq farovonligi hamda mamlakatning barqaror rivojlanishida to’laqonli foydalanishga erishishi mumkin bo’ladi.
Eʼtirof etish joizki, islom moliyasini joriy qilish Oʻzbekiston moliya tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalaridan biri boʻlib turibdi. Bu esa, oʻz navbatida, ITB bilan islom moliyasining qonunchilik asoslarini yaratishda hamkorlik qilish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Ushbu hamkorlikni amalga oshirishda ITBning Islom biznesi va moliyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi muhim rol oʻynaydi. Mazkur Jamgʻarma 2010-yil 2-fevralda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi boʻlib, Rossiya Federatsiyasi va MDH (Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi) mamlakatlarida islom biznesi va moliyalarini rivojlanishi va takomillashishiga koʻmaklashish hisoblanadi.
Shu oʻrinda, ITBning 46-yillik yigʻilishida ITB tomonidan Oʻzbekistonda Islom banki va moliya sohasining huquqiy asoslarini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash uchun 265 ming AQSH dollari miqdorida texnik yordam granti ajratiladigan boʻldi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi uchun ITBning Islom tadqiqot va oʻquv instituti bilan hamkorlik qilish muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Buning sababi shundaki, islom moliyasini respublikamiz amaliyotiga joriy qilish aholining bu boradagi moliyaviy savodxonligini oshirish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Oʻzbekiston Respublikasi amaliyotiga islom moliyasini joriy etilishi islomiy moliyaviy vositalardan va islom sugʻurtasidan keng koʻlamda foydalanish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Buning natijasida, Islom investitsiyalarni sugʻurtalash va eksportni kreditlash korporatsiyasi bilan hamkorlik qilish imkonini yuzaga keladi. Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash korporatsiyasi ITBga aʼzo boʻlgan mamlakatlar oʻrtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va diversifikatsiya qilish maqsadida, 1994-yilda tashkil etilgan. Keyinchalik uning faoliyati yoʻnalishi eksportning oʻsishiga koʻmaklashish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro savdo va sugʻurtada islomiy prinsiplarni qoʻllanilishiga koʻmaklashish hisobidan kengaydi.
Hozirgi davrda Islom investitsiyalarni sugʻurtalash va eksportni kreditlash korporatsiyasi ITBga aʼzo mamlakatlarning ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan, shu jumlada, eksport agentliklari bilan faol hamkorlik qiladi, tadbirkorlik riskini nazorat qilish instrumentlarini taklif qiladi. Ammo, korporatsiya shariat qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan tijorat shartnomalarini sugʻurta qilmaydi.
Taʼkidlash joizki, ITB barqaror resurs bazasiga ega. Ustav kapitali ITBning barqaror resurs manbai boʻlgani holda, u investitsion faoliyatdan daromad oladi va jahon kapitallar bozoridan resurslar jalb qiladi. Bundan tashqari, ITB xalqaro moliya-kredit tashkilotlari bilan investitsion hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, ITB 2011-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan, 2018-yilda Jahon banki guruhi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan investitsion hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning zamonaviy bosqichida investitsiyalarni moliyalashtirishning istiqbolli shakli sifatida qaralmoqda. Shu sababli, 2019-yilda alohida qonun — Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-sheriklik toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonunga koʻra, davlat-sheriklik toʻgʻrisidadagi bitim doirasida xususiy sherikning va kreditorning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qoʻllab-quvvatlashning subsidiya, aktivlar va mol-mulk tarzidagi quyilmalar, byudjet ssudalari, byudjet grantlari kabi turlarini taqdim etadi.
Shu jihatdan olganda, ITBning davlat-sheriklik mexanizmi Oʻzbekiston uchun amaliy ahamiyat kasb etadi. Bunda ITB ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalar uchun davlat-sheriklik asosida moliyaviy resurslarini taqdim etadi.
Shunisi ahamiyatliki, ITB qisqa muddatli moliyalashtirishni amalga oshirishda Murabaxa shaklidan keng foydalanadi. Murabaxa sotib olish va qaytariladigan lizing boʻlib, ishlab chiqarish korxonalarining aylanma mablagʻlarga, shu jumladan, katta hajmdagi xom-ashyoga boʻlgan ehtiyojini 24 oygacha muddatga beriladigan moliyalashtirish asosida qondirish imkonini beradi.19
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʻishlangan marosimdagi nutqida eʼtirof etganlaridek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilayotganligining yorqin namoyondasi sifatida eʼtirof etish mumkin.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga asoslanib, O’zbekistonda islom moliya xizmatlari sanoatining keng qamrovli joriy etilishi mamlakat uchun quyidagi imkoniyatlarni ochishiga ishonamiz:
• xorijdan kelayotgan investisiyalar hajmini oshirish va diversifikatsiyalash;
• bank tarmog’ida halol va shaffof raqobat muhitini yaratish hamda bank tizimi aktivlarini diversifikatsiyalash imkoniyatini yaratish;
• aholi va biznes vakillari ixtiyorida bo’lgan bo’sh pul mablag’larining iqtisodiyot rivojlanishida maksimal ishtirokini ta’minlash;
• mamlakatda kapital bozorini rivojlantirish va diversifikatsiyalash;
• ko’plab yangi ish o’rinlari yaratish;
• aholining moliyaviy savodxonligini oshirish orqali, moliya bozoridagi faolligini ko’tarish;
• Islom moliya xizmatlari industriyasini rivojlantirish orqali mamlakatda infratuzilmani muvofiqlashtirish va yangilash;
• yangi moliyaviy muassasalar tashkil qilish;
• kambag’allikka qarshi kurashish davlat dasturini amalga oshirishga hissa qo’shish;
• yangi yo’nalishda kadrlar tayyorlash dasturini yaratish.
Kapitalga bo‘lgan ehtiyojni qoplashda sukuk islomiy instrumentlari ko‘pgina davlatlarda qiziqish uyg‘otmoqda va u keng yoyilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston ham bu bozorga kirishga intilar ekan, Qozog‘iston ikkinchi sukuk emissiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Sukuk- real iqtisodiyotni moliyalashtirish manbai sifatida, iqtisodiyotimiz uchun innovatsion moliyaviy instrument hisoblanadi. Sukuk emissiyasi bir qator tayyorgarlik bosqichlarini talab qiladi.
Shunday ekan, O‘zbekiston bu bozorga kirish uchun huquqiy asoslar ishlab chiqishi birinchi galdagi masalalardan biridir. Sukuk- islomiy moliyaviy instrument bo‘lishiga qaramay, nafaqat islomiy mamlakatlarga balki dunyoning turli davlatlariga keng yoyilgan. O‘zbekiston sukuk emissiyasini amalga oshirish uchun kerakli infratuzilmani shakllantirishi zarur. Bu o‘z navbatida iqtisodiyotga yana bir imkoniyat eshigini oshadi. Albatta, moliyaviy instrumentlarning xilma-xilligi bozor raqobatbardoshligi va investorlar uchun tanlovning kengayishiga xizmat qiladi.
Yana bir afzal tomoni sukuk qimmatli qog‘ozlarining majburiy sharti bor – pulni jalb qilayotganingizda qayerga yo‘naltirishingizni albatta aytishingiz kerak. Bu degani maqsadli yo‘naltiriladi. Qimmatli qog‘ozlarni olayotgan paytingizda, korporativ obligatsiyalarda bu doimiy holat emas. Lekin sukukda bu majburiy holat. Pulingiz qaysi shartlarda, qaysi holatda, qaysi maqsadda ishlatilishini albatta bilishingiz kerak.20
Do'stlaringiz bilan baham: |