SOG‘LOM AVLOD — MILLAT KELAJAGI
“Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tashkil etilganining 20-yilligiga
bag‘ishlangan “Sog‘lom avlod – millat kelajagi” mavzusidagi xalqaro
ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga tabrik
Qadrli do‘stlar!
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Avvalambor, siz, azizlarni – “Sog‘lom avlod uchun” xayriya
jamg‘armasi tashkil etilganining 20-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan
xalqaro anjuman qatnashchilarini, Jamg‘armaning barcha xodimlari va
faollarini bugungi qutlug‘ sana bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida hukumatga qarashli bo‘lmagan birinchi
jamg‘arma sifatida tashkil topgan, noyob va betakror xususiyatlari bilan
ajralib turadigan ushbu ijtimoiy tuzilma o‘tgan davr mobaynida, o‘ta
muhim va mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda ko‘pgina yutuq va
marralarga erishdi.
Ayniqsa, yurtimizda onalik va bolalikni himoya qilishdek ezgu
maqsadga qaratilgan, dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan “Sog‘lom
ona – sog‘lom bola” dasturini hayotga joriy etishda Jamg‘armaning
beqiyos o‘rni va mohiyatini o‘lchash va baholash qiyin.
Azal-azaldan o‘zining bolajonligi, oilaga mehri va sadoqati bilan
tanilgan el-yurtimizning, xalqimizning qalbida doim saqlanib kelayotgan
bunday olijanob intilishlar mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tom
ma’nodagi umummilliy harakatga aylandi, desak, ayni haqiqatni aytgan
bo‘lamiz.
Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida millat genofondini yaxshilash,
onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida Toshkent shahri
va barcha viloyatlar markazlarida zamonaviy perinatal va skrining
markazlari bunyod etilgani, birgina 2012-yilda tibbiyot muassasalarini
qurish va rekonstruksiya qilish, diagnostika va davolash uskunalari bilan
jihozlash uchun 263 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanganining o‘zi,
o‘ylaymanki, bu yo‘nalishdagi ishlarimizning ko‘lami va miqyosidan
dalolat beradi.
Yurtimizda shakllangan reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha
milliy model Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Sharqiy Yevropa,
www.ziyouz.com
kutubxonasi
147
Boltiqbo‘yi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari uchun eng
yaxshi mintaqaviy dastur sifatida tavsiya etilgani, hech shubhasiz, xalqaro
miqyosdagi yuksak e’tirofdir.
Bunday ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishda ko‘plab davlat va jamoat
tashkilotlari bilan birgalikda “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi ham
munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Buni Jamg‘arma tomonidan 1996-yildan
buyon mamlakatimizning chekka va olis tumanlarida yashayotgan 3
milliondan ziyod yurtdoshlarimizga malakali tibbiy-ijtimoiy patronaj
yordami ko‘rsatilgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Mazkur Jamg‘arma bilan deyarli bir vaqtda ta’sis etilgan, mustaqil
Vatanimizning birinchi ordeni bo‘lgan “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan
shu kunga qadar jami 850 dan ortiq yurtdoshimiz, jumladan, chet el
fuqarolari taqdirlangani va ularning safi tobora kengayib borayotgani
chuqur ramziy ma’noga ega.
Bu chiroyli nishon ko‘ksini bezab turgan insonlarni ko‘rganda, mening
nazarimda, mamlakatimizning bosh maydoni bo‘lmish Mustaqillik
maydonida o‘rnatilgan “Baxtiyor ona” haykali siymosida aynan ana shu
ordendagi ona va bola tasviri mujassam bo‘lgandek tuyuladi.
Mana shu quvonchli ayyomda “Sog‘lom avlod uchun” ordeni
sohiblarini va bugun davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan
vatandoshlarimizni chin qalbdan tabriklashni o‘zim uchun katta sharaf, deb
bilaman.
Fursatdan foydalanib, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishdek
mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan sizlar kabi fidoyi insonlarga,
Jamg‘armaning barcha xodimlari va faollariga, avvalo, uning joylardagi
bo‘limlarida, mahallalarimizda sidqidildan xizmat qilayotgan jonkuyar
opa-singillarimizga hurmat-ehtirom va minnatdorlik bildirishni o‘zimning
burchim, deb hisoblayman.
Shular qatorida mana shunday ezgu maqsad yo‘lida Jamg‘arma bilan
doimiy va samarali hamkorlik qilib kelayotgan yurtimizdagi va chet
ellardagi homiy tashkilotlarga, xalqaro institutlarga samimiy tashakkur
izhor etaman.
Qadrli do‘stlar!
Barchangizni
“Sog‘lom
avlod
uchun”
xalqaro
xayriya
jamg‘armasining 20-yilligi bilan yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-
salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, olijanob faoliyatingizda
yangi-yangi yutuqlar tilayman.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
148
Do'stlaringiz bilan baham: |