O‘ZBEKISTON O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun, mana shu qutlug‘ ayyomda barchamiz uchun eng aziz, eng
qadrli bo‘lgan farzandlarimizga bilim va tarbiya berishdek ulug‘ ishga
butun borlig‘ini bag‘ishlagan siz, hurmatli o‘qituvchi va murabbiylarni
chin qalbimdan tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.
Aziz do‘stlar!
Haqiqatan ham, dunyodagi ming-minglab kasblar orasida ikkita buyuk
kasb – shifokorlik va o‘qituvchilik kasbi borki, ular, toki hayot bor ekan,
o‘zining ma’no-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech
qachon yo‘qotmaydi.
Bugun biz O‘qituvchi va murabbiylar kuni deb nom olgan go‘zal
bayramimizni nishonlar ekanmiz, o‘zining iste’dodi va mahoratini, ko‘z
nuri va qalb qo‘rini baxsh etib, yosh avlodimizga bilim, ilmu fan sirlari va
odamiylik saboqlarini o‘rgatadigan sizdek mo‘tabar zotlarga har qancha
tahsin va tasannolar aytsak, arziydi, albatta.
Shu bois bugun sizlarning qo‘lingizda ta’lim va tarbiya, hayotga
yo‘llanma olgan, o‘zini sizlarning oldingizda umrbod qarzdor deb his
etadigan barcha insonlar nomidan, o‘quv maskanlarida ta’lim olayotgan
millionlab o‘quvchilar nomidan “Rahmat sizga, muallim, ta’zim sizga,
ustozlar!” deb minnatdorlik bildirishimiz har tomonlama o‘rinlidir.
O‘zbekistonimizning taraqqiyoti yo‘lida, biz o‘z oldimizga maqsad
qilib qo‘ygan rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarilishdek
ulug‘vor vazifani amalga oshirishda siz azizlarning qo‘shayotgan beqiyos
hissangizni baholash uchun yana bir fikrga alohida to‘xtalish zarur, deb
bilaman.
Hech kimga sir emas, bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy,
mustaqil fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va amaliy kasb-hunarlarga
ega bo‘lgan yoshlargina mamlakatning buyuk kelajagini ta’minlashi
mumkin.
Ana shunday o‘ta og‘ir va o‘ta dolzarb, istiqbolimizni hal qiladigan
maqsadga erishish uchun ta’lim sohasida chuqur va puxta o‘ylangan milliy
dasturlarimizni tayyorlash va amalga oshirishda bizning oxirgi 15-yil
davomida qilgan ishlarimizni butun dunyo tan olmoqda.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
23
Buning yaqqol tasdig‘ini shu yil fevral oyida Toshkent shahrida
“Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash –
mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng
muhim sharti” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya misolida
ko‘rish mumkin. Ana shu anjumanda BMT va boshqa nufuzli xalqaro
tashkilotlarning vakillari, dunyodagi eng dong‘i chiqqan universitetlarning
olim va professorlari tomonidan O‘zbekistonning bu sohada erishgan
yutuqlari, mamlakatimizning ta’lim modeli yuksak e’tirof etilgani
Vatanimizning jahondagi obro‘-e’tiborini yangi bosqichga ko‘tarishga
katta xizmat qildi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.
Yoshlarimizning ongu tafakkurini, butun hayotini tubdan o‘zgartirib
borayotgan, ilg‘or xorijiy tajribalarni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni
o‘zida mujassam etgan bunday dasturlarni amalga oshirish avvalo siz
azizlarning og‘ir va murakkab mehnatingiz evaziga bo‘layotganini hech
kim hech qachon inkor etolmaydi. Va sizlarning bu ezgu maqsadga
erishish yo‘lidagi olijanob xizmatlaringizni, yurtimizda erkin, obod va
farovon hayot qurish borasida ko‘rsatayotgan fidoyiligingizni jamiyatimiz,
xalqimiz doimo yuksak qadrlaydi.
Shu ma’noda, 1-oktabr sanasini bundan 16-yil oldin mamlakatimizda
O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami deb e’lon qilganimiz
siz, azizlarga, sizlarning mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli
mehnatingizga el-yurtimiz, shaxsan o‘zimning yuksak hurmat va
ehtiromimning yaqqol ifodasi, desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
O‘zbekistonning ta’lim sohasiga qaratayotgan ulkan e’tiborini tasavvur
qilish uchun quyidagi ba’zi bir raqamlarni keltirish o‘rinli, deb o‘ylayman.
Mamlakatimizda har yili davlat byudjeti xarajatlar qismining 35
foizdan ziyodi ta’lim sohasiga yo‘naltirilmoqda. Keyingi o‘n yilda
o‘qituvchi va murabbiylarning maoshi iqtisodiyotimizning real sohasidagi
ish haqi miqdoridan o‘rtacha 1,5 barobar ko‘p o‘sgani, pedagog xodimlar
mehnatini baholash va rag‘batlantirishning zamonaviy tizimi joriy
etilganini alohida qayd etish lozim.
Shu o‘rinda yana bir misolga e’tiboringizni jalb etmoqchiman.
O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirish va isloh etishga
yo‘naltirilayotgan yillik xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini
tashkil etmoqda. Vaholanki, dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda bu
ko‘rsatkich 2-5 foizdan oshmaydi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda 9763 ta umumta’lim maktabi, 300
www.ziyouz.com
kutubxonasi
24
dan ziyod musiqa va san’at maktabi, 143 ta akademik litsey, 1406 ta kasb-
hunar kolleji, 59 ta oliy o‘quv yurtida katta hajmdagi qurilish va
rekonstruksiya ishlari olib borilgani, ularning moddiy-texnik va o‘quv-
metodik bazasi mustahkamlanib borayotgani ta’lim tizimida biz amalga
oshirayotgan islohotlarning miqyosi va ko‘lami naqadar ulkan ekanidan
dalolat beradi.
Qadrli vatandoshlar!
Bugun dunyoda, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan notinchlik, qarama-
qarshilik va ziddiyatlar, hech shubhasiz, hammamizni o‘ylantirishi tabiiy.
Men siz, hurmatli o‘qituvchi va murabbiylarni bu muammolarning
barchasini qalbidan, yuragidan o‘tkazib, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarib
yashaydigan insonlar sifatida bilaman.
Ayrim qabih kuchlar tomonidan o‘zining strategik maqsadlarini
ko‘zlab, yovuz niyat bilan amalga oshirilayotgan bunday g‘arazli ishlardan
xalqimizni, ayniqsa yoshlarimizni ogoh etish, millat va elatlarni bir-biriga
qarama-qarshi qo‘yishga urinishlarning haqiqiy ma’nosini, ularning
qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ochib berishda,
odamlarni hushyor va sezgir bo‘lib yashashga, musaffo osmonimizni, tinch
hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrash va qadrlashga da’vat etishda men
birinchi navbatda sizlarga ishonaman va bundan buyon ham barchangizni
o‘zimning maslakdoshim, deb bilaman.
Men davlat rahbari sifatida siz jonkuyar muallim, murabbiy va
domlalarning, barcha ma’rifat ahlining o‘z tanlagan kasbingizdan rozi va
mamnun bo‘lib yashashingiz uchun, Vatan oldida, kelajak oldida
qilayotgan ulug‘ xizmatlaringizni munosib taqdirlash, hayotimizda yuksak
obro‘-e’tibor topishingiz uchun ham qonuniy, ham moddiy, ham amaliy
zamin tug‘dirib berishni o‘zimning nafaqat vazifam, balki sharafli
burchim, deb hisoblayman.
Aziz va muhtaram ustozlar!
Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami bilan
yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu
saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman.
Umringizdan baraka toping, hech qachon kam bo‘lmang, qadrli
ustozlar!
www.ziyouz.com
kutubxonasi
25
Do'stlaringiz bilan baham: |