Kimyo
1247 yil, may, Konya.
Qochoq Shams Tabriziy hayotimga qaytib
keldi. Lekin u juda o'zgarib ketipti va endi
mendan nari yurayapti. Konyaga qaytish unga
yoqmagan ko'rinadi. Shunga qaramay, u
yoshargan va chiroyliroq ko'rinadi, uzun
sochlari ko'ziga tushib turipti, Damashq
quyoshida toblanipti. Lekin yana allanima
borday ko'rinadi. Nima? Qanday tushunish
mumkin? Ko'zlari dadil chaqnayapti, lekin
qarashlari men odatda ko'rib yurganimday
emas. Va Shamsning qarashlari hamma narsa
haqida hammasini biladigan, lekin hech kim va
hech nima bilan kurashishni boshqa
istamaydigan odamning qarashlariga o'xshab
qolgani haqidagi fikr miyamdan chiqmay
qoldi.
Rumiyda sodir bo'lgan o'zgarish bundan ham
jid- diyroq edi. Men, Shams qaytib kelsa, bas -
ustozning azoblari o'tib ketadi, deb o'ylagan
edim, bunday bo'lmadi. Rumiy Shamsni shahar
devori tashqarisida gullar bilan kutib oldi.
Lekin birinchi quvonchli kunlar o'tib ketdi,
Rumiy yana o'z qobig'iga o'ralib oldi, yana
notanish bezovtalik qaytib keldi. Men buning
sababini bilaman, deb o'ylayman. U bir marta
Shamsni yo'qotdi, endi yana yo'qotish
mumkinligidan qo'rqayapti. Uni mendan
boshqa kim tushunardi, chunki men ham uni
yo'qotishdan qo'rqayotgan edim.
Mening o'z hissiyotlarim bilan bo'lishadigan
yagona insonim Rumiyning marhuma xotini
Gavhar edi. Uni inson deb bo'lmaydiku-ya,
lekin men uni arvoh degim ham kelmaydi.
Rumiylarnikiga kelgan birinchi kunimdan
buyon u hamisha men bilan birga. Avvallari u
bilan hamma narsalar haqida gaplashar edik,
endi esa faqat Shams haqida gaplashamiz.
- Rumiy juda qiynalayapti, men unga yordam
berishni istayman, - dedim bugun Gavharga o'z
tashvishlarim bilan bo'lishib.
- Balki, bu qo'lingdan kelar. Ertalab uning
miyasiga bir fikr keldi, hali buni hech kimga
aytgani yo'q, - gapimga jumboqli qilib javob
berdi Gavhar.
- Qanday fikr ekan?
- Rumiy, agar Shams uylansa, shaharliklar
unga nisbatan ancha xayrixohroq bo'lishlari
mumkin, deb hisoblayapti. G'iybatlar
kamayardi, Shams Konyadan boshqa qochib
ketmasligi ham mumkin bo'lardi.
Mening yuragim qinidan chiqay dedi. Shams
uylanadi! Kimga?
Gavhar menga ohista qarab ko'ydi va dedi:
- Rumiy seni Shamsga tegishga rozi
bo'larmikansan, deb o'ylayapti.
Men qattiq xayajonga tushdim. Va gap
turmushga chiqishim haqidagi fikr hozircha
miyamga kelmaganida emas edi. Men o'n
beshga to'lganman, demak, turmushga
chiqadigan yoshdaman, lekin, bilamanki, qizlar
turmushga chiqqanlaridan keyin hayotlari
o'zgaradi va o'zlari ham o'zgarishadi.
Atrofdagilar ularga boshqacha munosabatda
bo'lishadi, hatto bolalar ham turmushga
chiqqan ayol bilan qiz bolaning farqiga
borishadi.
Gavhar mehr bilan jilmaydi va qo'limni
ushladi. Meni Shams bilan birga bo'lishim
emas, faqat erga tegish fikrining o'zi bezovta
qilayotganini u yaxshi tushunardi, albatta.
Ertasi kuni tushga yaqin Rumiyni axtarib
topdim, u Ibn Rushdning «Taxofotut-Taxofut»
nomli kitobini o'qib o'tirgan ekan.
- Ha, Kimyo, - dedi u mehribonik bilan, -
mendan nima istaysan?
- Esingizdami, otam meni Konyaga olib
kelganlarida, siz qiz bola yaxshi o'quvchi bo'la
olmaydi, chunki u turmushga chiqib ketadi va
bolalarni parvarish qilishi kerak bo'ladi, degan
edingiz.
- Albatta, esimda, - javob berdi Rumiy va
ko'zlarida qiziqish alomati paydo bo'ldi.
- O'sha kuni men o'zimga hech qachon turmush
qurmayman va doimo o'quvchi bo'lib qolaman,
deb va'da bergan edim. - Shunday degach, jim
bo'lib qoldim, chunki aytmoqchi bo'lgan
gapimni aytishdan qo'rqayotgandim.
- Balki turmushga chiqsam ham, sizning
uyingizda qolishim mumkindir? Shu uyda
yashaydigan odamga turmushga chiqsam,
demoqchi edim.
- Sen Alovuddinga turmushga chiqishni
istaysanmi? - so'radi Rumiy.
- Alovuddinga? - so'radim men, nima uchun bu
suhbatga Alovuddin aralashib qolganini
tushunmay. Nima uchun u Alovuddin haqida
gap ketayapti deb o'yladi? Alovuddin o'z
tug'ishgan akamday-ku!
Chamasi, Rumiy hayron bo'lganimni payqadi.
- Yaqinda Alovuddin seni unga nikohlab
berishimni mendan so'ragan edi.
Men gung bo'lib qoldim. Yaxshiki, turmushga
chiqish masalasida qiz bola ortiqcha
gapirmasligi kerak degan qoida bor. Lekin men
ko'proq bilishim kerak edi.
- Siz unga nima deb javob berdingiz, ustoz?
- Men oldin sendan so'rashim kerakligini
aytdim.
- Ustoz... - Men jim bo'lib qoldim, chunki
ovozim chiqmay qoldi. - Men oldingizga
Shams Tabriziyga tur-mushga chiqishni
istashimni aytgani kelgan edim.
Rumiy ishonqiramay menga qaradi.
- Ishonching qat'iymi?
- Bu har tomonlama yaxshi bo'lardi, - qiynalib
dedim men. - Shams oilamiz a'zosiga
aylanardi, yana U yerdan qochib ketishiga ham
to'g'ri kelmasdi.
- Sen shuning uchun unga turmushga
chiqmoqchimisan? U Konyada qolsin
uchunmi?
- Yo'q, - javob berdim men. - Ya'ni, ha, lekin
faqat shu uchun emas... Shams - mening
taqdirim ekaniga ishonaman.
Aslida bu Shams Tabriziyni sevishimni
bo'ynimga olganim edi.
To'y haqida birinchi bo'lib Kira bildi. U
to'satdan paydo bo'lgan bu yangilikni hayrat
bilan, mutlaqo sukut saqlab eshitdi va faqat
taajjubda jilmayib qo'ydi. Keyin menga
savollar yog'dirdi:
- Shuni istayotganing aniqmi? Yoki shunchaki
Rumiyga yordam berging kelganidan shunday
deyapsanmi? Axir hali juda yoshsan!
Yoshingga yaqinroq odamga tegsang,
yaxshiroq bo'lishi haqida o'ylab ko'rdingmi?
- Shams ishqda har qanday chegara yo'qoladi
deydi.
Kira og'ir xo'rsindi.
- Oh, qizaloq, hammasi shunchalik oson bo'lsa
koshki edi, - dedi u o'zining oqargan soch
tolalarini ro'moli ostiga olarkan. - Shams -
darbadar darvish bo'lsa, u hech qanday
qonunga bo'ysunmasa. Bunday erkaklarga
oilaviy hayot to'g'ri kelmaydi, ular yaxshi er
bo'la olishmaydi.
- Hechqisi yo'q, u o'zgaradi, - dedim men
qat'iyat bilan. - Men unga shuncha ko'p
muhabbat va baxt berayki, albatta, o'zgaradi. U
yaxshi er va yaxshi ota bo'lishni o'rganadi.
Vassalom. U menga diqqat bilan qaradi va
boshqa e'tiroz bildirmadi.
O'sha tun men juda yaxshi uxladim. O'zimga
ishonchim qat'iy edi va g'alaba kayfini
surardim. Axir ayollarning azaldan soddadillik
bilan asrlar bo'yi, o'z muhabbatim bilan sevgan
insonimni o'zgartira olaman, deb yo'l qo'yib
keladigan eng oddiy va eng og'riqli xatoni
takrorlayotganimni qayoqdan bilibman?..
Kira
Do'stlaringiz bilan baham: |