Tilanchi Hasan
1244 yil, 17 oktyabr, Konya.
Arosat azobini «muqaddas azob» deb atash
telbalikdir. Men moxovman. Men o'liklarga
ham, tiriklarga ham begonaman. Onalar
to'polonchi bolalariga meni ko'rsatib
qo'rqitishadi, o'smirlar menga tosh otishadi.
Xunarmandlar balo chaqirmasin deb meni
haydab solishadi, homiladorlar homilaga zarari
etmasin deya mendan yuz burishadi. O'zim
ham ulardan nari yurishga harakat qilishimni
odamlar bilishmaydi.
Boshlanishida teri o'zgaradi, qalinlashadi va
qorayadi. Keyin tizza, elka, qo'llarda va yuz
terisida turli kattalikda va achigan tuxumning
rangida yamoqqa o'xshash shakllar paydo
bo'ladi. Ular achishadi va qichishadi, keyin
og'riqlar kamayadi, aniqrog'i, bunga ko'nikish
hosil bo'lsa kerak. «Yamoqlar» kattalashib
boradi, ularda jirkanch pufaklar paydo bo'ladi.
Muayyan vaqtdan keyin qo'llar changakka
o'xshab qoladi, yuz tanib bo'lmas darajada
o'zgarib ketadi. Endi yaqin qolgan chog'i,
ko'zlarim yumilib qolayapti. Ko'z yoshlarim va
so'lagim tinimsiz oqayapti. Ko'limdagi
tirnoqlarim to'kilib bo'lgan. Lekin sochlarim
to'kilmagani qiziq. Balki buning uchun o'zimni
baxtli hisoblasam ham bo'lar.
Aytishlariga qaraganda, Ovrupoda moxovlarni
shaharga kiritishmas ekan. Bu yerda bizlarni
shaharga kiritishadi, lekin qo'ng'iroq chalib,
odamlarni ogohdantirib yurishimiz kerak.
Bizga yana sadaqa so'rashga ruxsat berilgan,
bu yaxshi, aks holda ochlikdan o'lish mumkin.
Biz doimo yo sadaqa so'rab, yo duo o'qib
yuramiz. Xudo bizga e'tibor berishi dargumon,
lekin odamlar nimagadir e'tibor beradi deb
hisoblashadi. Shuning uchun bizdan jirkansalar
hamki, haqlariga duo qilishimizni so'rashadi.
Kasallar, nogironlar va qariyalar uchun duo
so'raydilar. Buning uchun ular yaxshi haq
to'lashadi va ko'p ovqat berishadi. Ko'cha-
ko'ylarda moxovlarga itdan badtar yomon
munosabatda bo'lishadi, lekin o'lim va
chorasizlik xukm surayotgan xonadonlarda
bizni xuddi sultonlarni kutganday kutishadi,
mehmon qilishadi.
Meni duo o'qib qo'yish uchun chaqirganlarida,
boshimni egaman-da, xuddi Xudoga iltijo
qilayotganday, bir nechta tushunarsiz arabcha
so'zlarni pichirlayman. Bilganim shu -
ko'rsatish xolos, shuning uchun Xudo meni
eshitmaydi deb o'ylayman.
Tilanchilikda daromad ko'p emas, lekin men
shunga qanoat qilishni ma'qul ko'raman.
Tilanchilik uchun eng yaxshi kun - juma; faqat
Ramazonda emas, chunki Ramazonda shundoq
ham butun bir oy betashvish yashash mumkin.
Arafa kuni ko'p pul ishlab olish mumkin. Bu
kuni, avval qilgan va keyin qilishi mumkin
bo'lgan gunohlariga tavba qilish uchun, qatto
eng ziqna kishilar ham saxovatli bo'lib
ketishadi. Yilda bir marta odamlar tilanchilarga
orqa o'girmaydilar. Aksincha ularni o'zlari
axtarib yurishadi, qancha baxtsiz bo'lsalar,
shuncha yaxshi. Bu kuni shaharliklarning
saxovatlari shunchalik oshib-toshib ketadiki,
ular nafaqat ko'p sadaqa berishadi, qatto
bizlarni deyarli samimiy yaxshi ko'rib ketishadi
ham.
Mana bugun ham serdaromad bo'ladigan
ko'rinadi, chunki Rumiy o'zining navbatdagi
xutbasini o'qishga keladi. Masjid ichiga odam
to'lib bo'lgan. Ichkariga sig'maganlar hovlida
turishipti. Biz va kissavurlarga pul topish
uchun juda qulay imkoniyat. Hammasi mana
shu yerda.
Men masjidning shundoqqina to'g'risida,
zarang daraxtiga suyanib o'tiribman. Havodan
yaqinlashib kelayotgan, uzoqdagi bog'larning
xush bo'ylari bilan aralashib ketgan yomg'ir isi
kelib turipti. Oldimda idishim turipti. Boshqa
birodarlarimdan farqli o'laroq, men hech
qachon hech nima so'ramayman. Moxov odam
nolimasligi va hayotining og'irligi yoki
sog'lig'ining yomonligini doston qilavermasligi
kerak. Odamlarga yuzini ko'rsatsa yetarli,
hamma so'zlardan yetib ortadi. Shuning uchun
men yuzimni ochaman va jim o'tiraveraman.
Bir soat o'tar-o'tmas idishda tanga turgan
bo'ladi. Hammasi mayda chaqalar. Men esa
quyosh, sher va yarim oy tasviri tushirilgan
oltin tangaga intizorman. Rahmatli Alovuddin
Kaykubod pullarning erkin aylanishiga ruxsat
bergandan beri, italiya florinlari u yoqda tursin,
hatto Qohira va Bag'dod xalifatlari
hukmdorlarining pullari ham bizda boshqa
pullar bilan birga aylanadigan bo'ldi.
Hokimiyat qabul qildi; shahar tilanchilari ham
shunday qilishdi.
Chaqalar bilan birga mening tizzalarimga
zarangning bir necha yaproqlari ham tushdi.
Zarang o'zining qizil va tillarang yaproqlarini
menga xuddi sadaqa tashlayotganday to'kardi.
Shunda nogahon men bilan daraxt orasida
qandaydir umumiyat borligini ravshan his
etdim. Daraxt kuzda yaproqlarini to'ka-to'ka
o'lar ekan, kasalining oxirgi bosqichida o'z
vujudi a'zolarini birin-sirin yo'qotib borayotgan
moxovga o'xshaydi.
Men misoli zarang daraxtiman. Terim, oyoq-
qo'llarim, yuzim - hammasi chirib tushayapti.
Har kuni vujudimdan bir qismini yo'qotib
borayapman. Lekin zarangdan farqli o'laroq,
men bahorda qayta jonlanmayman.
Yo'qotganlarim qayta tiklanmaydi. Odamlar
menga qaraganlarida, men ilgari qanday
bo'lganimni ko'rishmaydi, yo'qolganini
ko'rishadi, xolos. Idishimga tanga
tashlayotganlarida xuddi kasalim yuqib
qolayotganday, qurqib ko'zlarimga
qaramaslikka harakat qilishadi. Men ular uchun
o'g'ri va qotildan ham yomonroqman. Bu
jinoyatchilarning qilgan ishlari qanchalik
jirkanch bo'lmasin, ularga xuddi yo'q odamday
qaramaydilar. Vaqti kelib men buni tushundim:
menga qaraganlarida, ular o'limni ko'rardilar.
Ular o'limni ko'rishdan, uni juda yaqindan va
juda xunuk qiyofada ko'rishdan qo'rqadilar.
To'satdan olomon ichida g'ala-g'ovur
boshlandi. Kimdir: «U kelayapti! U kelayapti!»
deb qichqirayotganini eshitdim. Rumiy sutday
oppoq otda yaqinlashib kelardi. U kelishtirib
tikilgan, tillarang yaproqlar va javohirlar bilan
bejalgan kahrabo rangli chakmon kiyib olgan
edi. Uning qaddi tik va ko'rinishi mag'rur edi.
U donishmand va ulug'vor edi, ortidan bir tuda
muxlislari ergashib kelayotgan edilar. U
olimdan ko'ra ko'proq hukmdorga - shamol,
olov, suv va tuproqlar hukmdoriga o'xshardi.
Hatto oti ham baland edi va xuddi o'ziga noyob
insonni olib kelish nasib etganini tushunganday
mag'rur edi.
Idishdagi chaqalarimni yig'ishtirib olib,
yuzimni faqat yarmi ochiq qoladigan qilib
o'radim-da, masjidga kirdim. Ichkarida
odamlar tiqilib turardilar, o'tirish haqida esa
gap ham bo'lishi mumkin emas edi. Lekin
moxovlik holatining o'zicha bir «yaxshi»
tomoni ham bor: men hamisha o'zimga o'tirish
uchun joy topa olardim, chunki hech kimning
men bilan birga o'tirgisi kelmaydi.
- Og'a-inilarim, - gap boshladi Rumiy juda
yaxshi mashq qildirilgan ovoz bilan. - Bepoyon
osmon bizning naqadar kichikligimiz va
ahamiyatsizligimiz haqidagi o'y-xayollarga
olib keladi. Ichingizdan ba'zi birovlar: «Shu
ojizligim bilan Xudoning qoshida mening
ahamiyatim qancha bo'lishi mumkin?» deb
so'rashlari mumkin. Mening bilishimcha, bu
savol vaqti-vaqti bilan ko'pchilikni bezovta
qilib keladi. Bugungi ma'ruzamda men bu
savolga bir nechta javoblar bermoqchiman.
Men birinchi qatorda Rumiyning ikki o'g'li -
rahmatli chiroyli onasiga juda o'xshaydi
deyishadigan Sulton Valad va yuz ifodalari
serharakat hamda ajablanarli darajada ayyor
ko'zli kichik o'g'li Alovuddin - o'tirganlarini
ko'rdim. Ular o'z otalari bilan
faxrlanayotganlari shundoqqina bilinib turipti.
- Shuning uchun Qur'onda «Biz bu omonatni
osmonlarga, yerga va tog'u toshlarga
ko'ndalang qilgan edik, ular uni ko'tarishdan
bosh tortdilar va undan qo'rqdilar. Inson esa
uni o'z zimmasiga oldi» deyilgan. (33-«Ahzob»
surasining 72-oyatida)
Rumiy g'alati gapirardi, xuddi ilmli odamlarga
gapirayotganday. Keyin u Xudo haqida gapira
boshladi. U Xudoni uzoq osmonlarda emas,
balki hammamizning yonimizda, har birimiz
bilan birga deb aytdi. Bizni Xudoga
yaqinlashtiradigan narsa aynan bizlarning bu
dunyoda chekayotgan azobu uqubatlarimiz,
dedi Rumiy.
- Mana, qo'llaringiz, ular hamisha ochilib,
yopilib (harakatlanib) turadi. Bunday
bo'lmaganida, ular qotib qolgan bo'lar edi.
Ikkala qo'lingiz mukammal muvozanatda va
mutanosiblikda, xuddi qushning qanotlari kabi.
Eng ko'zga ko'rinmas harakatda ham Xudoning
ko'rinmas borligi mavjud.
Boshida uning gaplari menga yoqdi.
Yuragimga iliqlik yugurdi. Lekin ko'p o'tmay
yuragimda shunday g'azab to'lqini ko'tarildiki,
nafas ololmay qoldim. Azobu uqubatlar haqida
Rumiy nimani ham bilardi? Aslzoda bo'lib
tug'ilgan bo'lsa, katta merosga ega bo'lsa va
hayotning orqa tomonini sira ko'rmagan bo'lsa.
Uning birinchi xotini vafot etgani ma'lum,
lekin haqiqiy musibatni boshdan kechirganiga
menda ishonch yo'q edi. U kumush qoshiqlarda
ovqat eyish uchun tug'ilgan, izzatli odamlar
davrasida o'sib ulg'aygan, eng taniqli
ustozlardan ta'lim olgan, hamisha sevimli,
ardoqli, erkatoy bo'lgan - azobu uqubatlar
haqida gapirishiga yo'l bo'lsin?
Nimaga Xudo bunday adolatsiz? Menga
kambag'allik, kasallik, og'riqni berdi; Rumiyga
esa boylik, muvaffaqiyat va donishmandlikni.
U o'zidagi obro'- e'tibori va shohona viqori
bilan bu dunyoga, hech bo'lmasa, bu shaharga
taalluqli emasday edi. Men odamlarni
qo'rqitmaslik uchun yuzimni yashirib
yurishimga to'g'ri keladi, u esa xuddi olmosday
yaraqlaydi. Qiziq, u mening o'rnimda bo'lib
qolsa, qanday bo'lardi? Bir kun kelib o'zining
bu buyuk darajasidan tushib ketishi
mumkinligini hech xayoliga keltirganmikin?
Atagi bir kunga bo'lsa ham jamiyatdan mosuvo
bo'lib yashash qanday bo'lishini tasavvur
etganmikin? Agar Xudo unga mening hayotim
bilan yashashni buyurgan bo'lganida, u buyuk
Rumiy bo'la olarmidi? Shunda men
ikkalamizning oramizdagi farq unchalik katta
emasligini angladim.
Tobora o'sib va chuqurlashib borayotgan
norozilik mendagi dastlabki maftunlik hissini
haydab chiqardi. Qalbimda ranj-alam bilan
o'rnimdan turdim va chiqib ketdim. Odamlar
nima uchun ko'pchilik juda orzu qilgan bunday
xutbadan chiqib ketayotganimni tushunmay,
qiziqib menga qarashardi.
Shame
Do'stlaringiz bilan baham: |