Ichkilikboz Sulaymon
1244 yil, 17 oktyabr, Konya.
Qovoqxonada qattiq uxlab qolibman.
Ko'chadan quloqni qomatga keltirgudek qattiq
ovozlar kela boshlaganida uyg'onib ketdim.
- Nima bo'ldi? - so'radim ko'zimni ochib. -
Mo'g'ullar bostirib kelayaptimi?
Savolimga javoban kulgu eshitildi. O'girilib
qarab, qovoqxonaning kunda-shunda
mijozlaridan bir nechtasi meni masxaralab
ko'rsatayotganlarini ko'rdim. Iflos haromilar!
- Qo'rqma, qari piyonista! - qichqirdi
qovoqxona egasi Xristos. - Mo'g'ullarga sening
nima keraging bor? Rumiy o'tib ketayotipti
o'zining muxlislari qo'shini bilan.
Men deraza yoniga bordim va tashqariga
qaradim. Xristos to'g'ri aytgan ekan. Shogirdlar
va muxlislar his-hayajon ostida to'lqinlanib
«Alloh akbar! Alloh akbar!» deya
qichqirganlaricha Rumiyni tantanavor kuzatib
o'tayotgan edilar. Rumiy ulardan balandda, oq
otida savlat to'kib o'tirardi. Voizdan quvvat va
qat'iyat taralib turardi. Men derazani ochdim va
boshimni chiqarib, olomonni kuzata
boshladim. Nihoyat olomon shilliqqurt
tezligida harakat qilgancha, qovoqxonaga yetib
keldi. Ba'zi odamlar qo'l uzatsam etgudek juda
yaqin masofaga kelib qolishdi. Shu payt birdan
miyamga ajoyib fikr keldi. Birontasini
boshidan sallasini tortib olsa nima bo'larkin?
Men Xristos orqasini qashiganida
foydalanadigan tayoqni oldim va iloji boricha
qattiqroq cho'zilib, birontasining sallasini tortib
olishga urindim. Maqsadga etay deb
qolganimda, bir kishi tasodifan boshini ko'tardi
va meni ko'rib qoldi.
- Assalomu alaykum, - salomlashdim u bilan
og'zim quloqqa yetguday soxta tabassum bilan.
- Musulmon kishi qovoqxonada! Uyat! -
baqirdi u. - May ichish shayton vasvasasiga
quloq solish ekanini bilmaysanmi?
Men unga javob berish uchun endi og'iz
ochayotgan edim, lekin bir so'z aytishga ham
ulgurmadim, boshimga nimadir qattiq urildi.
Kimdir boshimga tosh otganini tushundim.
Agar oxirgi onda boshimni tortib olishga
ulgurmaganimda, bosh suyagim singan
bo'lardi. Tosh ochiq oynadan kirdi va mening
orqamda o'tirgan fors savdogari o'tirgan stol
ustiga tushdi. Qattiq mast bo'lgani uchun
savdogar hech nimani tushunmadi, toshni
qo'liga olib, xuddi u osmondan yuborilgan
xabarday kuzata boshladi.
- Sulaymon, derazani bekit va stolingga qayt! -
qattiq baqirdi Xristos va ovozi xirillab qoldi.
- Nima qilganlarini ko'rdingmi? - so'radim men
stolimga qaytayotib. - Kimdir tosh otdi. Meni
o'ldirib qo'yishlari mumkin edi!
Xristos bir qoshini ko'tardi.
- Kechirasan-u, lekin sen nimani kutgan eding?
Musulmon odamni qovoqxonada ko'rsa,
jirkanadigan
odamlar borligini bilmasmiding? Sen esa mast
holda, lavlagiday qip-qizil burning bilan, yana
oynaga bosh suqasan!
- Nima bo'pti? - tutilib dedim men. - Men odam
emasmanmi?
Xristos, qo'y, bunaqa arazchi bo'lma,
deganday, yelkamni qoqib qo'ydi.
- Bilasanmi, men dindan ayni shuning uchun
nafratlanaman. Har qandayidan ham! Dindorlar
Xudoni hamisha o'zlari bilan birga deb
bilishadi va shuning uchun o'zlarini hammadan
afzal hisoblashadi.
Xristos javob bermadi. U dindor edi, lekin shu
bilan birga u mijozlarini tinchlantirishni
biladigan uddaburon xo'jayin ham edi, shuning
uchun menga yana bir idishda qizil may olib
keldi va uni qanday tashnalik bilan
simirayotganimni ko'z uzmay kuzatib turdi.
- Nima uchun bu dunyoda may ichish
taqiqlangan-u, u dunyoda may va'da qilingan,
tushunmayman, - dedim men. - Agar shunaqa
yomon bo'lsa, nima uchun jannatda ichishga
ruxsat beriladi?
- Savollar, savollar... - qo'llarini tepaga ko'tarib
do'ng'illadi Xristos. - Qachon qarama, savol
berganing-bergan. Sen biron nimani shunchaki
ishonch bilan qabul qila olasanmi o'zi?
- Bo'lmasa-chi? Axir biz odammiz va bizga
miya shuning uchun berilganmi, shunday
emasmi?
- Sulaymon, seni anchadan beri bilaman. Sen
nafaqat ko'pdan beri qovoqxonamga keladigan
mijozimsan. Sen mening do'stimsan. Shuning
uchun sendan xavotir olaman.
- Mayli, hechqisi yo'q...
- Sen yaxshi odamsan, - gapimni bo'ldi Xristos.
- Lekin tiling bir kun emas, bir kuni seni
baloga giriftor qiladi. Men ana shundan
xavotirdaman. Konyada har xil odam yashaydi.
Va ulardan ba'zilari may ichadigan musulmon
haqida yaxshi fikrda bo'lmasliklari sir emas.
Sen ehtiyotkor bo'lishni o'rganishing kerak.
Odatingni yashirishni o'rgan va ortiqcha
gapirma.
Men kuldim:
- Balki sening gaplaringni Xayyomning
she'rlari bilan yakunlarmiz?
Xristos xo'rsindi, mening gapimni eshitgan fors
savdogari esa xushchaqchaqlik bilan xitob
qildi:
- To'ppa-to'g'ri! Biz Xayyom she'rlarini
istaymiz. Boshqa mijozlar ham unga
qo'shilishdi va hammalari menga chapak
chalishdi. Qizishib ketganimdan stol ustiga
sakrab chiqdim va she'r o'qiy boshladim:
Do'stlaringiz bilan baham: |