Ichkilikboz Sulaymon
1244 yil, 17 oktyabr, Konya.
Hazil-huzul va mayxo'rlik qila-qila
qovoqxonada yarim kechagacha o'tirdim, keyin
oxirgi qadahni ko’tardim va uyimga jo'nadim.
- Men nima deganim esingda tursin, - dedi
xayrlasha turib Xristos, ortimdan qo'l silkitib
qolarkan. - Tilingga ehtiyot bo'l.
Men haqimda qayg'uradigan do'stim borligidan
o'zimni baxtiyor his etib, unga bosh silkitdim.
Lekin qorong'u, bo'm-bo'sh ko'chaga chiqan
zahotim meni charchoq bosdi va yo'lga bir
ko'za may ola chiqmaganimga achindim.
Boshmoqlarimning tosh yo'lga urilishidan
eshitilayotgan ovozlar hamohangligida Rumiy
ortidan ergashgan odamlar haqida xayol
surardim. Ularning ko'zlarida yongan nafratni
eslab dahshatga tushardim. Men dunyoda
yomon ko'radigan faqat bir narsa bor, u ham
bo'lsa riyokorlik edi. Uzoq yillar mobaynida bu
odamlar meni shunchalik haqoratlab keldilarki,
buni eslashning o'zidayoq badanim jimirlab
ketadi.
Men buni eslamaslikka harakat qilib borardim
va tor ko'chaga burildim. Shox-butoqlari qalin
o'sgan daraxtlar tufayli bu yer yana ham
qorong'uroq edi. Boz ustiga oy ham to'satdan
bulutlar ortiga berkinib, meni zim-ziyo zulmat
ostida qoldirdi. Tasodifan men tomonga
kelayotgan ikki qorovulni ko'rib qoldim.
- Assalomu alaykum, - g'o'ldiradim men,
vujudimni chulg'ab olayotgan qo'rquvni
berkitish uchun me'yordan ortiqroq
xushchaqchaqlik bilan.
Qorovullar salomimga javob qaytarishmadi.
Buning o'rniga bemahalda qo'chada nima qilib
yurganimni so'rashdi.
- Ketayapman, - cho'zilib dedim men.
Biz uzoqlardan faqat itlarning vovullashlari
eshitilib turgan sokinlikda birga turardik.
Qorovullardan biri hidlab ko'rdi.
- Undan qo'lansa hid kelyapti, - dedi u nafrat
bilan.
- Ha, undan sharob hidi anqiyapti, - tasdiqladi
uning gapini ikkinchisi. Men agar biroz hazil
qilsam hech nima bo'lmas deb o'yladim.
- Xavotir olmang. Bu hid majoziy, xolos,
chunki musulmonlarga faqat majoziy mayni
ichishga ruxsat berilgan, shuning uchun bu hid
ham faqat majoziy.
- Bu nima deb valdirayapti? - to'ng'illadi
birinchi qorovul.
Shu payt atrofi nafis oq nuri bilan yoritib oy
bulut ortidan chiqdi. Endi uning yuzini
ko'rdim. Agar sovuq qarashi va yoqimsiz
irjayishi bo'lmaganida, uni xushro'y desa ham
bo'lar edi.
- Bemahalda ko'chada nima qilib yuribsan? -
savolini takrorladi qorovul. - Qayoqdan
kelayapsan va qayoqqa ketayapsan?
Bu yog'iga men chiday olmadim: - O'g'lim, sen
mendan haddan ziyod murakkab narsalarni
so'rayapsan. Javobini bilganimda edi, bu
olamda mavjudligimiz sirlarini ochgan
bo'lardim.
- Ustimdan kulyapsanmi, hayvon? - bo'kirdi
qorovul va men biron narsani fahmiga yetishga
ulgurmasimdan qamchisi bilan havoni savaladi.
Bu shunchaki xo'jako'rsinga qilingan harakat
edi, shuning uchun o'zimni tutib tura olmadim
va «hmm» deb yubordim. Shunda u qamchisi
bilan ko'kragimga tushirdi. Shunday kuchli,
dabdurustdan va og'ritib urdiki, natijada men
muvozanatni yo'qotdim va oyoqda tura olmay
qalqib ketdim.
- Bu senga odobdan saboq bo'ladi, - dedi
qorovul qamchisini bir qo'lidan ikkinchisiga
olib o'ynatarkan, - ichkilikbozlik musulmon
uchun eng katta gunoh ekanini bilmaysanmi?
Boshim og'riqdan yorilgudek og'riyotgan va
og'zimda o'z qonimning iliq ta'mini tuyib
turgan bo'lsam-da, o'g'lim tengi yosh yigit meni
ko'chaning qoq o'rtasida savalaganiga ishona
olmay turardim.
- Ur, uraqol meni, - baqirishga harakat qildim
men. - Agar Xudoning jannati sendaqalar
uchun bo'lsa, unda men do'zaxda yonganim
yaxshiroq! Qorovulning g'azabi qaynab meni
savalay ketdi. Men yuzimni qo'llarim bilan
to'sdim, lekin foydasi bo'lmadi. Bir eski ashula
esimga tushib qolib, yorilgan lablarim bilan
xirgoyi qila boshladim. Ahvolim qanchalar
og'irligini bildirmaslik uchun har safar qamchi
tushgan sari ovozimni yanada balandlatib
ashula aytardim.
Do'stlaringiz bilan baham: |