Muammoning o’rganilganlik darajasi. Badiiy adabiyot tilini o’rganish va tahlil qilishning ham nazariy, ham amaliy masalalari ko’pdan buyon filologlarni qiziqtirib keladi. Chunki muayyan til stilistikasining rivojlanishida milliy badiiy adabiyot tilining ahamiyati kattadir.
Badiiy asar tilida keng qamrovli til birliklari – fonetik, leksik, grammatik va majoziy vositalarni kuzatish mumkin. Shu bilan birga ijodkorning so’z boyligidan o’ziga xos tarzda foydalanishi, morfologik shakllar va sintaktik qurilmalarni tanlashi va boshqa jihatlarida yozuvchining individual uslubi ham yuzaga chiqadi.
Rus tilshunoslari V.Vinogradov, L.V.Shcherba, A.Peshkovskiy, A.I.Efimov, G.O.Vinokur, V.V.Timofeyeva, D.E.Rozental, V.M.Jirmunskiy, M.P.Brandes, N.M.Shanskiy, L.A.Novikov, M.I.Kojina va boshqalar o’z tadqiqotlarida badiiy asarlar tilini o’rganish masalasiga jiddiy e’tibor qaratdilar.
O’zbek filologiyasida ham o’tgan asrning 40-yillaridan boshlab yozuvchi tili uslubi, badiiy asar tili bo’yicha tilshunoslar ham, adabiyotshunoslar ham baravar tadqiqot olib bora boshladilar. Bunday ishlar, dastlab maqolalar tarzida, keyinroq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarida tadqiq etildi. Bu tadqiqot ishlarida badiiy adabiyot tili muammolari borasida turlicha qarashlar mavjud. Masalan, S.Mamajonov, O.Sharafutdinov, N.Karimov, N.Shukurov, M.Sultonova, J.Tursunov, Y.Solijonov, G.Imomova, A.Boboniyozovlar masalaga adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan yondashsalar, A.Shomaqsudov, Sh.Shoabdurahmonov, S.To’rabekova, B.Turdialiyev, Q.Samadov, A.Yu.Aliyev, S.A.Karimov, M.Yo’ldoshev, R.U.Normurodov kabi olimlar tilshunoslik aspektida tahlil qiladilar.
Mazkur dissertatsiyada badiiy nutq individualligining lingvistik xususiyatlarini ta’minlovchi omillar tilning barcha sathlari doirasida o’rganildi. SHu bilan birga Said Ahmadning ijodi, xususan, “Jimjitlik” romani ilk bor lisoniy tahlil ob’ekti qilib olindi.
Tadqiqotning maqsad va vazifalari. Badiiy asar nutqi individual xususiyatlarini o’zbek badiiy-adabiy tili materiallari, lisoniy dalillar asosida tahlil qilish ushbu tadqiqotning asosiy maqsadini tashkil etadi. Bu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilab olindi:
- badiiy ijodda til va uslub tushunchalari, individual uslubning o’ziga xos xususiyatlarining lisoniy asoslari muammosining o’zbek tilshunosligi va uslubshunosligida o’rganilish holatini ilmiy-tanqidiy tahlil qilish hamda baholash;
- Said Ahmadning “Jimjitlik” asari uslubini o’rganish asosida istiqlol davri adabiyotida real voqelikni aks ettirishda adib mahoratining lisoniy omillarini o’rganish;
- badiiy asar nutqi va adib uslubini shakllantirishda ishtirok etuvchi leksik, fonetik, grammatik vositalar, badiiy tasvir vositalari, paremalar, dialektizmlar va boshqalarning lisoniy omillari, voqelashuvi va nutq individualligini ta’minlashdagi o’rnini atroflicha tahlil qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |