O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun yer uchastkalari berish yoki sotish
Shaharlar va posyolkalarda, shuningdek qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining egaligidagi yerlar tarkibiga kirmagan qishloq aholi punktlarida doimiy yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha yer uchastkalari beriladi.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha doirada yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan tartibda kim oshdi savdosi asosida sotiladi.
Yer uchun haq to‘lash
O‘zbekiston Respublikasida yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lanadi.
O‘z egaligida va foydalanishida hamda mulkida yer uchastkalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchun haq to‘laydilar. Yer uchun haq har yili to‘lanadigan yer solig‘i shaklida olinadi, uning miqdori yer uchastkasining sifatiga, joylashishiga va suv bilan tahminlanish darajasiga qarab belgilanadi.
Yer solig‘ining stavkalari, uni hisoblash va to‘lash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Yer uchastkalari ijaraga berilganda yer uchun haq ijara haqi shaklida olinadi. Ijara haqi yer solig‘iga tenglashtiriladi. Yer uchastkalarini ijaraga olgan shaxslar yer uchun ijara haqini yer solig‘i to‘lovchilar uchun belgilangan tartibga muvofiq byudjetga to‘laydilar.
2. Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘i to‘lovchilari,
soliq obyekti va bazasi
Soliq kodeksiga ko‘ra, o‘z mulkida, egaligida, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida yer uchastkalarig a ega bo‘lgan jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklari yer solig‘ining to‘lovchilari bo‘lib hisoblanishadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun to‘lanadigan ijara haqi yer solig‘iga tenglashtiriladi. Yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy shaxslarga yer solig‘ini to‘lovchilar uchun belgilangan imtiyozlar, soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisob-kitoblarni taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi tatbiq etiladi.
Uy-joy, yashash uchun mo‘ljallanmagan imorat va inshootlar meros bo‘yicha o‘tishi bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish huquqi va foydalanish huquqi o‘tgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i meros qoldiruvchining soliq majburiyatlari hisobga olingan holda merosxo‘rlardan undiriladi.
Jismoniy shaxslarning quyidagi yer uchastkalari soliq solinadigan obyekt hisoblanadi:
Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari;
Yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari;
Jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun berilgan, shuningdek yakka tartibdagi garajlar egallagan yer uchastkalari;
Xizmat yuzasidan chek yerlar;
Meros bo‘yicha, hadya qilinishi yoki olinishi natijasida uy-joy va imoratlar bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish va foydalanish huquqi ham o‘tgan yer uchastkalari;
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulk qilib olingan yer uchastkalari;
Tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun doimiy foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari.
Ko‘p kvartirali uylar egallagan yer uchastkalari soliq solish obyekti bo‘lmaydi, biroq soliq kodeksining 288-moddasiga asosan tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun doimiy foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari bundan mustasno.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organning yer uchastkalarining maydoniga doir ma’lumotlari soliq solinadigan bazadir.
Jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun fuqarolarga berilgan, shuningdek yakka tartibdagi garajlar egallagan yer uchastkalarining maydonlari bo‘yicha soliq solinadigan baza ushbu yer uchastkalarini bergan tashkilotlar boshqaruv organlarining ma’lumotlari bo‘yicha aniqlanadi.
Xizmat yuzasidan berilgan chek yerlarning maydonlari bo‘yicha soliq solinadigan baza o‘z xodimlariga yer uchastkalari bergan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ma’lumotlari bo‘yicha aniqlanadi.
Soliq to‘lovchida u hisobga qo‘yilganidan keyin yer solig‘ini to‘lash bo‘icha majburiyati hisobga qo‘yilgan joydan tashqarida yuzaga kelgan taqdirda, soliq to‘lovchi soliq kodeksining 81-moddasiga muvofiq soliq solish oyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organida obyekt bo‘yicha hisobga qo‘yilishi kerak.
Hisobga qo‘yilmagan joydagi yer solig‘ini to‘lash majburiyati yuzaga kelgan soliq to‘lovchi tegishli yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran yoxud o‘n kun ichida soliq solish obyektlarini ular joylashgan yerda hisobga qo‘yish uchun davlat soliq xizmati organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat etishi kerak.
Davlat soliq xizmati organi soliq to‘lovchining ilgari berilgan identifikatsiya raqamiga muvofiq soliq to‘lovchi murojaat etgan kundan uch kundan kechiktirmay uni obyektlar bo‘yicha hisobga qo‘yadi.
Yer solig‘i solig‘i to‘lovchilari bo‘lgan jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida davlat soliq xizmati organiga hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizani taqdim etishi shart. Arizaga unda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |