6.Bozor infratuzilmasi va uning unsurlari
Birja – namuna (yoki standart)lar asosida ommaviy tovarlarning muntazam savdo-sotiq ishlarini o‘tkazuvchi tijorat muassasasi. Uning tovar birjasi, fond birjasi, valyuta birjasi, mehnat birjasi singari turlari keng tarqalgan.
Tovar birjasi – oldindan belgilangan qoidalar asosida ulgurji savdoni tashkil etish shakli.
Fond birjasi – qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiy jihatdan tashkil etilgan va muntazam amal qiluvchi bozor shakli.
Valyuta birjasi – milliy valyutalar kurslari bo‘yicha ularning erkin oldi- sotdisi amalga oshiriladigan, rasmiy jihatdan tashkil etilgan bozori shakli.
Mehnat birjasi – ishchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ishchi kuchini oldi- sotdi bitimini tuzishda vositachilikni amalga oshiruvchi va ishsizlarni ro‘yxatga oluvchi muassasa.
7.Raqobat kurashining shakllari va usullari
Narxning shakllanishiga bozorning holati bevosita ta’sir ko‘rsatadi, chunki narxning shakllanishida bozordagi talab va taklif nisbati asosiy omillardan biri hisoblanadi. Talab va taklif miqdoriga ta’sir ko‘rsata olish imkoniyatiga ko‘ra, bozordagi raqobatning turli ko‘rinishlari farqlanadi. Mukammal raqobat sharoitida ishlab chiqaruvchi (yoki sotuvchi) hamda iste’molchi (yoki xaridor)larning soni juda ko‘p bo‘lib, ularning ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirish orqali narx shakllanishiga ta’siri umuman sezilmaydi. Nomukammal raqobat sharoitida esa ishlab chiqaruvchilar (sotuvchilar) yoki iste’molchilar (xaridorlar)dan birining soni cheklangan bo‘lishi ularning bozordagi ishlab chiqarish hajmiga va, pirovardida, bozordagi narxning shakllanishiga sun’iy ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi. Bunday raqobatning turli darajalarida narxlarning shakllanish xususiyatlari bir-biridan farq qiladi. Shu sababli, biz quyida mukammal raqobat, sof monopoliya, oligopoliya va monopsoniya sharoitida narxlarning shakllanish xususiyatlarini ko‘rib chiqamiz.
8. Monopoliyalar, ularning amal qilish vatartibga solish xususiyatlari
Monopoliya sharoitida narxning shakllanishi. Monopoliya sharoitida narx shakllanishining o‘ziga xos jihati shundaki, agar mayda tovar ishlab chiqaruvchilar faqat o‘zlarining individual narxlarini o‘zgartira olsalar, ulardan farqli o‘laroq bozor ishtirokchilari sifatidagi monopoliyalar bozor narxlarini o‘zlari belgilay oladilar. Bunda monopoliyalar ommaviy talabning oshishi bilan narxning oshishi hamda ommaviy taklifning oshishi bilan narxning pasayib borishidan o‘ziga xos tarzda foydalanadilar. Ommaviy tartibda tovarlarni sotuvchi monopoliyalar o‘z manfaatlari yo‘lida taklif kam bo‘lganda narxning oshishi tendensiyasidan foydalanadilar.
Ommaviy taklif bo‘yicha narx o‘zgarishi quyidagi miqdoriy bog‘liqlikni aks ettiradi: talabga nisbatan tovarlar taklifi qanchalik yuqori bo‘lsa, bozor narxi darajasi shunchalik past bo‘ladi va aksincha, taklif kamayishi bilan narx oshib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |