O‘simliklarga elementlarning ta’siri va ahamiyati.
AZOT (N)
Azot – o‘simliklarning moddalar almashinuvida muhim o‘rin tutadigan modda deb hisoblanadi, shuningdek organik azotli birikmalar, oqsillar, fermentlar, nuklein kislotalar, xlorofillar, alkaloidlar, ko‘p turdagi vitaminlar va boshqa moddalar tarkibiga kiradi.
O‘simlik jadal o‘sish davrida, hamda vegetativ a’zolari (shox va barg) hosil bo‘lish jarayonida azotni ko‘p miqdorda qabul qiladi va o‘zlashtiradi.
O‘simliklarga ta’siri. Azot bilan ta’minlanganlik o‘sish jarayonini, o‘simlikdagi oqsil va boshqa azotli organik birikmalar sintezining hajmi va intensivligini belgilaydi. Azot yetishmovchiligi ayniqsa vegetativ a’zolarning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi. Fotosintezlovchi apparat - barg va shoxning azot yetishmovchiligi natijasida kuchsiz rivojlanishi, o‘z navbatida, hosil beruvchi organlarning shakllanishini cheklaydi va hosildorlikning pasayishi va mahsulotdagi oqsilning kamayishiga olib keladi.
Azot tanqisligi. Asosiy belgilari: xlorofillning hosil bo‘lishidagi buzilishlar natijasida vegetativ a’zolarning o‘sishi sustlashishi va och-yashil yoki sarg‘ish-yashil barglarning hosil bo‘lishi.
Azot ko‘pligi. Azot bilan ortiqcha ta’minlanish vegetativ massaning ortib ketishiga, hosilning kamayishi va sifatining yomonlashishiga olib keladi. Qand lavlagining tarkibida shakar konsentratsiyasi pasayib, shakar olish jarayonida “zararli” nooqsil azotning ko‘payishiga, kartoshkadagi kraxmalning kamayishiga, sabzavot va poliz ekinlarida inson va hayvonlar uchun zararli nitratlarning yig‘ilishiga olib keladi.
FOSFOR (F)
O‘simliklarga ta’siri. Fosforning organik birikmalari orasida murakkab, ko‘p molekulali, azotli asoslardan tashkil topgan, uglevodlar (riboza va dezoksiriboza) va fosforli kislotadan iborat - nuklein kislotalar o‘simliklar hayotida muhim o‘rin egallaydi. Fosfor oqsil-lipidli hujayralar hosil qiluvchi, hamda turli moddalar singishini nazorat qiluvchi fosfatidlar (fosfoglitseridlar) tarkibiga kiradi. O‘simlikdagi fosforning ko‘p qismi fitin, undan tashqari vitamin va turli fermentlar takribida bo‘ladi.
Fosfor o‘simlikdagi quvvat almashinuvi va boshqa turli modda almashinuvi jarayonlarida muhim ahamiyatga ega. U uglevod va azot almashinuvida, fotosintez, nafas olish,hamda organik moddalarning fermentlarga bo‘linish jarayonida ishtirok etadi.
Fosfor tanqisligi. O‘simliklar yosh davrida, ya’ni ularning ildiz tizimi yetarli darajada rivojlanmasdan, kam o‘zlashtirish xususiyatiga ega davrida fosfor tanqisligini sezadi. Ushbu davrdagi tanqislikning salbiy ta’siri, keyinchalik ko‘p miqdorda fosfor bilan oziqlantirish jarayonida ham to‘g‘rilanmaydigan vaziyatni keltirib chiqaradi. Shuningdek, reproduktiv a’zolarning shakllanishi davrida ham fosforli oziqlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu davrdagi fosfor tanqisligi rivojlanishni to‘xtatib, hosil yetilishini sekinlashtiradi, hosildorlikning kamayishiga va hosil sifatining yomonlashishiga olib keladi.
Fosfor tanqisligida o‘simliklar o‘sishi tezda qisqarib, ularning barglari (avval chetidan, so‘ngra butun yuzasi bo‘ylab) kulrang-yashil yoki qizg‘ish-binafsharang tus oladi. Donli ekinlarda to‘planish va don poyalarining hosil bo‘lishi kamayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |