117-modda. Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan muddati Ish vaqtining haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati mehnat jarayonida sog‘lig‘iga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari ta’sir etadigan xodimlar uchun belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Korxonadagi bunday ishlarning ro‘yxati va ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib, mehnat sharoitlariga baho berishning O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan uslubiyati asosida belgilanadi.
(117-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 3 yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018 y., 03/18/456/0512-son) LexUZ sharhi Qarang: «Mehnat sharoitlarini baholash va mehnat sharoitlariga ko‘ra ish joylarini attestatsiyalash metodikasi» (ro‘yxat № 247, 28.05.1996 y.). Mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining muddati chegarasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati» (8-ilova). [ОКОЗ: 1.05.00.00.00 Меҳнат ва аҳолининг бандлиги тўғрисидаги қонунчилик / 05.02.00.00 Меҳнат / 05.02.25.00 Иш вақти / 05.02.25.02 Иш вақтининг қисқартирилган муддати]
118-modda. Alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan muddati Yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo‘riqish, asab tangligi bilan bog‘liq, ya’ni alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi ayrim toifadagi xodimlar uchun (tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqalar) ish vaqtining muddati haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi. Bunday xodimlar ro‘yxati va ular ish vaqtining aniq muddati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan xodimlar ro‘yxati» (4-ilova). [ОКОЗ: 1.05.00.00.00 Меҳнат ва аҳолининг бандлиги тўғрисидаги қонунчилик / 05.02.00.00 Меҳнат / 05.02.25.00 Иш вақти / 05.02.25.03 Тўлиқсиз иш вақти]