(8-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-avgustdagi 275-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 34-son, 405-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-son qaroriga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM (2-ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis malaka sertifikatini (keyingi o‘rinlarda malaka sertifikati deb ataladi) berish, uning muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini to‘xtatish va uni bekor qilish tartibini belgilaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
2. Malaka sertifikati shaxsni maxsus tayyorgarlikka ega sifatida e’tirof etish hamda uning ushbu Nizomda belgilangan malaka talablariga muvofiqligini aniqlash, zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarishi uchun mas’uliyatini oshirish uchun asos hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Malaka sertifikati jismoniy shaxsga mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotning xodimi sifatida ishlash huquqini beradi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, unga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy mehnat organlari) tomonidan ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha malaka sertifikati beriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Malaka imtihoni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlashni xohlovchi shaxslarning (keyingi o‘rinlarda talabgor deb ataladi) bilimlarini tekshirish vositasi hisoblanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
6. Malaka imtihoni maxsus idoralararo imtihon komissiyasi (keyingi o‘rinlarda imtihon komissiyasi deb ataladi) tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Imtihon komissiyasi to‘g‘risidagi nizom, uning tarkibi va ish reglamenti O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Imtihon komissiyasi tarkibiga hududiy mehnat organlarining Davlat mehnat inspeksiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va O‘zbekston Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining hududiy birlashmalari rahbar va xodimlari, shuningdek, kelishilgan holda amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar kiritiladilar.
Hududiy mehnat organlarining Davlat mehnat inspeksiyasi imtihon komissiyasining faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha ishchi organ (keyingi o‘rinlarda — ishchi organ), hududiy mehnat organlarining boshliqlari — imtihon komissiyasining raisi, ishchi organ o‘rinbosari (mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha) — imtihon komissiyasi raisining o‘rinbosari, ishchi organining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat mehnat texnik inspektori — imtihon komissiyasining kotibi hisoblanadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
8. Malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish, shuningdek uning dublikatini berish uchun ushbu Nizomda belgilangan miqdorda yig‘im to‘lanadi.
9. Malaka imtihonini topshirishga ushbu Nizomda belgilangan malaka talablariga javob beradigan talabgorlar qo‘yiladi.
II. Malaka talablari
10. Talabgor malaka sertifikatini olish uchun quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida olingan oliy texnik ma’lumotning yoxud xorijiy davlatning ta’lim muassasasida olingan oliy texnik ma’lumotning (qonun hujjatlariga muvofiq nostrifikatsiyalashdan o‘tgan taqdirda) hamda oliy ta’lim muassasasini tamomlagandan keyin (shu jumladan o‘rindoshlik bo‘yicha) kamida 3 yil amaliy ish stajining mavjudligi;
yoxud oliy ta’lim muassasasini tamomlagandan keyin ishlab chiqarish yoki mehnatni muhofaza qilish xizmatining yoki mehnatni muhofaza qilish sohasidagi tashkilotning yoki sanitariya-gigiyena xizmatining xodimi (shu jumladan o‘rindoshlik bo‘yicha) sifatida yoki ishlab chiqarish uchastkasi (bo‘linmasi) rahbari, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida olingan oliy notexnik ma’lumot, yoxud xorijiy davlatning ta’lim muassasasida olingan oliy notexnik ma’lumot (qonun hujjatlariga muvofiq nostrifikatsiyadan o‘tgan taqdirda) bilan oxirgi o‘n yildan kamida 3 yil bosh muhandis, bosh mexanik yoki bosh energetik ish stajining mavjudligi;
yoxud O‘zbekiston Respublikasida yoki xorijiy davlatda (qonun hujjatlariga muvofiq nostrifikatsiyalashdan o‘tgan taqdirda) olingan texnika, fizika-matematika, kimyo, biologiya, geologiya-mineralogiya, iqtisodiyot, tibbiyot yoxud farmatsevtika fonlari doktori (nomzodi) ilmiy darajasining mavjudligi;
b) Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qish va malaka oshirish dasturi asosida ta’lim muassasalarida maxsus o‘qitishdan o‘tganlik.
III. Malaka sertifikati olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
11. Talabgor malaka sertifikati olish uchun ishchi organga ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha malaka imtihoni topshirishga kiritish to‘g‘risida ariza taqdim etadi.
Malaka imtihoni topshirishga kiritish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha to‘ldirilgan anketa;
Oldingi tahrirga qarang.
b) ma’lumoti to‘g‘risidagi diplom yoxud fanlar nomzodi yoki doktori ilmiy darajasini olganlik to‘g‘risidagi diplom yoxud hujjatni bergan muassasa tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
(11-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) yoxud xorijiy davlatning ta’lim muassasasida olingan ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning nusxasi yoxud fanlar nomzodi yoki doktori ilmiy darajasini olganlik to‘g‘risidagi diplomning nusxasi, shuningdek, ma’lumoti yoki ilmiy darajasi to‘g‘risidagi xorijiy hujjatning nostrifikatsiyalangani to‘g‘risida vakolatli davlat organi guvohnomasi;
(11-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
g) ikkita fotosurat (3x4 sm o‘lchamda);
Oldingi tahrirga qarang.
d) maxsus o‘quvdan va malaka oshirishdan o‘tganlik to‘g‘risidagi hujjat yoki uni bergan muassasa tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (o‘quv tugagan sanadan boshlab hujjatlarni topshirgungacha bo‘lgan sanagacha bir yildan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa hujjat haqiqiy hisoblanadi);
(10-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
Oldingi tahrirga qarang.
e) malaka sertifikati berilganligi uchun ariza berilgan vaqtda qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi bank to‘lov hujjati.
(11-bandning “e” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar bir nusxada taqdim etiladi. Ushbu bandning “b” va “d” kichik bandlarida nazarda tutilgan hujjatlardan nusxalar olinib, asli qaytarib beriladi hamda ushbu bandda nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarning talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(10-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
IV. Malaka imtihonini topshirishga kiritish yoki kiritishni rad etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish tartibi
12. Ishchi organ ariza tushgan kundan boshlab besh kun muddatda malaka imtihonini topshirishga kiritish yoki kiritishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda ishchi organ shu kunning o‘zidayoq talabgorni, rad etish uchun asoslarni ko‘rsatgan holda, qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi.
13. Ishchi organ zarur darajada rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganligi, shuningdek talabgorning ushbu Nizomda belgilangan malaka talablariga nomuvofiqligi sabablariga ko‘ra malaka imtihoni topshirishga kiritishni rad etadi.
Malaka imtihonini topshirishga kiritishni rad etish to‘g‘risidagi qaror asoslangan bo‘lishi kerak.
14. Malaka imtihonini topshirishga kiritilishi rad etilgan talabgor faqat ishchi organ ko‘rsatgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyingina ariza bilan takroriy murojaat qilishga haqlidir. Malaka imtihonini topshirishga kiritishni rad etish uchun asos bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun talabgorga ko‘pi bilan o‘n kalendar kun muddat beriladi.
Hujjatlarni takroriy ko‘rib chiqish uch kalendar kun mobaynida amalga oshiriladi. Talabgorning arizasi qayta ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Ishchi organning malaka imtihonini topshirishga kiritishni rad etish to‘g‘risidagi qarorida ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin talabgor tomonidan berilgan ariza yangidan berilgan hisoblanadi va ishchi organ tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
Talabgor malaka imtihonini topshirishga kiritishning rad etilishi, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat bildirish huquqiga ega.
15. Ishchi organ, malaka imtihonini topshirishga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, malaka imtihonini topshirishga kiritilganlar ro‘yxatini imtihon komissiyasiga beradi. Bunda malaka imtihoni, guruhlarning shakllantirilishiga ko‘ra, lekin har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Malaka imtihonini topshirishga kiritilgan talabgorlar malaka imtihonining o‘tkazilish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida u o‘tkazilgungacha o‘n kalendar kundan kechikmay yozma ravishda xabardor qilinadi.
V. Malaka imtihonini topshirish tartibi
16. Talabgorlar malaka imtihonini topshirishga pasportini yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat ko‘rsatilgan taqdirda kiritiladi. Yonida pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati bo‘lmagan, yoxud malaka imtihoniga kechikib kelgan talabgorlar malaka imtihonini topshirishga kiritilmaydi va malaka imtihonini navbatdagi topshirishga kiritilgan shaxslar ro‘yxatiga o‘tkaziladi.
Talabgor, ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq xabardor qilingani holda, ishchi organga hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab olti oy mobaynida malaka imtihonini topshirish uchun kelmagan taqdirda taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytarib beriladi. Hujjatlarni takroran taqdim etish ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Malaka imtihoni (3 kishidan kam va 6 kishidan ortiq bo‘lmagan) talabgorlar guruhlari uchun quyidagi ikki bosqichda o‘tkaziladi:
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
test sinovidan o‘tkazish (4 akademik soat mobaynida yozma shaklda), uning natijalari bo‘yicha talabgor yozma-og‘zaki imtihonga kiritiladi;
imtihon biletlari bo‘yicha yozma-og‘zaki imtihon topshirish (topshiriqlarni yechishga va og‘zaki javob berish uchun tayyorlanishga 3 akademik soat beriladi).
Malaka imtihonining ikkala bosqichini bir kun mobaynida o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
18. Test, imtihon biletlarining savollari va to‘g‘ri javoblarning variantlari imtihon komissiyasi tomonidan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish va malaka oshirish dasturi asosida ishlab chiqiladi. Test va imtihon biletlari savollarini ishlab chiqish uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi mutaxassislar va olimlarning pulli asosda jalb etilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Imtihon komissiyasi raisining imzosi qo‘yilmagan testlar va imtihon biletlarining blankalari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Testlar va imtihon biletlarining mazmuni qonun hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqiladi.
19. Test sinovi Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish va malaka oshirish dasturi bo‘limlarini aks ettiradigan 50 ta savoldan iborat bo‘ladi.
Test sinovi natijalarini ijobiy deb baholash uchun asos hisoblanadigan to‘g‘ri javoblarning soni test sinovidagi mavjud savollar sonining kamida 60 foizini tashkil etishi kerak.
20. Test sinovi natijalari salbiy deb e’tirof etilgan taqdirda talabgor yozma-og‘zaki imtihonni topshirishga kiritilmaydi, bu holda taqdim etilgan hujjatlar unga qaytarib berilmaydi.
21. Imtihon bileti beshta bo‘limdan iborat bo‘ladi, ulardan har biri quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy savollar va/yoki amaliy topshiriqlarni o‘z ichiga oladi:
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari;
texnologik jarayonlar va asbob-uskunalar xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar;
zararli ishlab chiqarish omillari va xodimlarni ularning ta’siridan muhofaza qilish;
jamoaviy va yakka tartibda himoya qilish vositalari va ularni qo‘llanish;
mehnat muhofazasini boshqarish.
Imtihon biletining beshta qismidan har biri bo‘yicha javoblar (shu jumladan topshiriqlarni bajarish) besh balli tizim bo‘yicha baholanadi.
Imtihon bileti bo‘yicha kamida 15 ball olgan talabgorlar imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
22. Malaka imtihoni o‘tkaziladigan xonaga telekommunikatsiya va texnika vositalarining olib kirilishi mumkin emas. Malaka imtihoni vaqtida boshqa talabgorlar bilan muloqotda bo‘lishga, malaka imtihoni jarayoniga xalaqit berishga ruxsat etilmaydi. Ushbu talablarni buzgan talabgor auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan o‘tmagan hisoblanadi. Auditoriyadan chiqarib yuborish ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
23. Chet shaxslarning malaka imtihonida qatnashishiga ruxsat etilmaydi.
24. Test sinovini o‘tkazishga ajratilgan vaqt tugagach, talabgorlar imtihon komissiyasiga test savollarini va ularga javoblarni topshirishi shart.
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar malaka imtihonini topshirmagan hisoblanadi.
25. Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasi tomonidan, u o‘tkazilgandan keyin uch kundan kechikmay e’lon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasining protokoli bilan rasmiylashtiriladi hamda malaka imtihoni o‘tkazilgan sanadan keyin besh kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga topshiriladi.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
26. Talabgorlarning malaka imtihonini topshirish bo‘yicha yozma ishlari (test, biletlar savollari va ularga javoblar), shuningdek imtihon komissiyalarining protokollari nusxalari belgilangan tartibda ishchi organda saqlanadi.
27. Malaka imtihonini topshirmagan talabgorlarga yig‘im qaytarib berilmaydi.
Malaka imtihonini topshirmagan talabgor, malaka sertifikati berish uchun yig‘imni takroran to‘lagan taqdirda, malaka sertifikati olish uchun hujjatlarni takroran, lekin malaka imtihonida qatnashgan sanasidan boshlab kamida bir oy muddat o‘tgach, belgilangan tartibda taqdim etishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
VI. Apellatsiyalarni ko‘rib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
29. Malaka imtihoni natijalaridan norozi bo‘lishgan talabgorlar malaka imtihoni natijalari e’lon qilingan sanadan boshlab o‘ttiz kalendar kun mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga apellatsiya berish huquqiga egadirlar. Apellatsiya yozma shaklda taqdim etiladi.
(29-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi berilgan apellatsiyani ikki hafta muddatda ko‘rib chiqadi va qabul qilingan qaror to‘g‘risida talabgorga yozma shaklda xabar qiladi.
(29-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Apellatsiyani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
imtihon komissiyasining qarorini o‘zgarishlarsiz qoldirish va apellatsiyani qondirishni rad etish;
imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va takroriy malaka imtihoni tayinlash.
30. Imtihon komissiyasining qarorini o‘zgarishlarsiz qoldirish va apellatsiyani qondirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror quyidagi holatlarda qabul qilinadi:
apellatsiya ushbu Nizom talablari buzilgan holda taqdim etilganda;
apellatsiyada keltirilgan dalillar tasdiqlanmaganda.
31. Imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va takroriy malaka imtihoni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror malaka imtihoni ushbu Nizom talablari buzilgan holda o‘tkazilgan taqdirda qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
32. Malaka imtihonini takroriy topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi malaka imtihonini topshirmagan deb e’tirof etilgan talabgor uchun takroriy imtihon kunini tayinlaydi.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
33. Takroran berilgan apellatsiya ko‘rib chiqilmaydi.
VII. Malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish va uning dublikatini berish tartibi
34. Malaka sertifikati uning bo‘yicha qat’iy hisobot beriladigan hujjat hisoblanadi, unda hisobga olish seriyasi, tartib raqami va himoyalanganlik darajasi bo‘ladi. Blankalar ishchi organning buyurtmasiga binoan “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Ishchi organ direktori sertifikat blankalarining zarur darajada hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan shaxsan javob beradi.
Malaka sertifikati egasining fotosurati yopishtirilgan holda rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida yuridik kuchga ega bo‘ladi.
35. Malaka sertifikati 5 yil muddatga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
36. Malaka sertifikati O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan, imtihon komissiyasining protokollari olingandan keyin o‘n kun muddatda rasmiylashtiriladi hamda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislarning reyestriga imzo qo‘yilgan holda malaka sertifikati egasiga yoxud notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida boshqa shaxsga beriladi.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Oldingi tahrirga qarang.
37. Talabgor malaka sertifikati rasmiylashtirilgan sanadan boshlab uch oy mobaynida uni olishdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
38. Malaka sertifikatining egasi malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin, lekin malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashigacha olti oydan erta bo‘lmagan muddatda ishchi organga malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha ariza beradi.
Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha to‘ldirilgan anketa;
b) malaka sertifikatining nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) maxsus o‘quvdan va malaka oshirishdan o‘tganlik to‘g‘risidagi hujjat (nusxasi olinib, asli qaytariladi) yoki uni bergan muassasa tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (u agar o‘qish tugagan sanadan boshlab hujjatlar topshirilgan sanagacha bir yildan ko‘p vaqt o‘tmagan taqdirda haqiqiy hisoblanadi);
(38-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun, ariza berilgan vaqtda qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im to‘langanini tasdiqlovchi bankning to‘lov hujjati.
(38-bandning “g” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
39. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish ushbu Nizomning 38-bandida ko‘rsatilgan talablarga rioya etilganda va malaka sertifikatining egasi malaka imtihonini muvaffaqiyatli ravishda takroran topshirganda amalga oshiriladi.
Malaka sertifikatining amal qilish muddati malaka sertifikatining blankasida ko‘rsatilgan amal qilish muddati tugagan sanadan boshlab uzaytiriladi.
40. Malaka sertifikatining amal qilish muddati 5 yilga uzaytiriladi.
41. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish ilgari berilgan malaka sertifikatining blankasiga maxsus belgi qo‘yish yo‘li bilan, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Malaka sertifikatining uning amal qilish muddatini uzaytirishga taalluqli bo‘lgan blankasi rekvizitlari to‘ldirilgan taqdirda malaka sertifikatining egasiga ilgari berilgan tartib raqami bilan yangi malaka sertifikati beriladi. Ilgari berilgan malaka sertifikatining blankasi yo‘q qilinadi.
42. Familiyasi (ismi, otasining ismi) yoki pasportining ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda malaka sertifikatining egasi tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar olingan kundan boshlab o‘n kalendar kundan kechikmay ishchi organga malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart, arizaga qayta rasmiylashtirilishi kerak bo‘lgan malaka sertifikati va tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari ilova qilinadi.
43. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish malaka sertifikatining egasi tomonidan tegishli ariza berilgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida amalga oshiriladi, bunda ilgari berilgan tartib raqami va ilgari belgilangan amal qilish muddati bilan malaka sertifikatining yangi blankasi beriladi. Ilgari berilgan malaka sertifikatining blankasi yo‘q qilinadi.
44. Yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati o‘rniga egasining arizasiga binoan dublikat beriladi.
Malaka sertifikatining egasi matbuotda malaka sertifikatining yo‘qolganligi to‘g‘risida e’lon berishi va uning tasdig‘ini ishchi organga taqdim etishi kerak.
Malaka sertifikatining dublikati aynan shu tartib raqami va uning amal qilishining ilgari belgilangan muddati bilan beriladi, malaka sertifikatining yangi blankasida “Dublikat” so‘zi majburiy ravishda qayd etiladi.
Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati ishchi organga qaytariladi va yo‘q qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
45. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirganlik, dublikat berganlik uchun ariza berilgan vaqtda qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
(45-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
VIII. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini to‘xtatish va uni bekor qilish tartibi
46. Quyidagilar malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish uchun asoslar hisoblanadi:
malaka sertifikati egasining arizasi;
o‘z faoliyatini amalga oshirish chog‘ida qonunchilik talablarining muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol buzilishi;
malaka sertifikati egasining og‘ir oqibatlarga (xodimning o‘limiga, uning og‘ir tan jarohatlari olishiga va shu kabilarga) sabab bo‘lgan beparvoligi, harakatsizligi;
muayyan lavozimlarni egallash yoki mehnat va mehnat munosabatlari sohasida muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan sud hukmining qonuniy kuchga kirishi;
fuqaroni muomalaga yoki cheklangan muomalaga belgilangan tartibda layoqatsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi sud qarori.
Shu bilan birga, quyidagilar faoliyatni amalga oshirishda qonunchilik talablarining malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish uchun asos hisoblanadigan bir marta qo‘pol buzilishi deb e’tirof etiladi:
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan talablarning buzilishi holatlarining malaka sertifikati egasi tomonidan yashirilganligi;
o‘z nomidan foydalanishi uchun malaka sertifikatini boshqa shaxsga berganlik faktining aniqlanganligi;
malaka sertifikati egasining o‘zi shtatida turgan tashkilot rahbarining tegishli ruxsatisiz (buyrug‘isiz), nazorat qilish yoki huquqni muhofaza qilish organlarining topshiriqlari bo‘yicha har xil tekshirishlarni o‘tkazish uchun mutaxassis sifatida ishtirok etganligi.
Malaka sertifikatining amal qilishi uni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan boshlab to‘xtaydi.
47. Malaka sertifikati quyidagi holatlarda bekor qilinadi:
malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qarorning noqonuniyligi;
malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti.
Malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror malaka sertifikati berilgan sanadan boshlab amal qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
48. Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish uchun asoslar aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tegishli qaror qabul qiladi.
(48-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror asoslangan bo‘lishi kerak. Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar reyestriga kiritiladi.
Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror besh kun muddatda malaka sertifikatining egasiga va u shtatida turgan tashkilotga yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassis tomonidan olingan kundan boshlab o‘n kun mobaynida sertifikat uni yo‘q qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga qaytarilishi kerak.
(48-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
49. Yo‘l qo‘yilgan buzilishlar uchun uning malaka sertifikatining amal qilishi to‘xtatilgan yoki u bekor qilingan ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassis malaka sertifikati bekor qilingan yoki uning amal qilish muddati to‘xtatilgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida malaka sertifikatini takroran olish uchun malaka imtihonini topshirishga kiritilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
IX. Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar reyestrini yuritish
(IX bo‘limning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Oldingi tahrirga qarang.
50. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar reyestrini yuritadi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
(50-bandning birinichi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
malaka sertifikati olingan sana, uni olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va imzosi;
pasportining ma’lumotlari va yashash joyi;
ish joyi;
malaka sertifikatining tartib raqami, berilgan sanasi;
malaka sertifikatining amal qilishini uzaytirish, to‘xtatish, uni bekor qilish, qayta rasmiylashtirish va uning dublikatini berish.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar reyestridan malaka sertifikatining tartib raqami, berilgan sanasi, uni qayta rasmiylashtirish va amal qilishini to‘xtatish, shuningdek uni bekor qilish va uning dublikatini berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar manfaatdor shaxslarga ko‘chirmalar tarzida berilishi mumkin.
(51-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
X. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
52. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har uch yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish va malaka oshirish dasturi bo‘yicha kamida davomiyligi 72 akademik soatdan kam bo‘lmagan hajmda malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari shart.
Malaka oshirish kurslari shtatida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha kamida uch nafar mutaxassisga ega bo‘lgan ta’lim muassasalari tomonidan, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi nazariy va amaliy bilimlarni chuqurlashtirish va yangilash ularning bajarilayotgan vazifalar va funksiyalarga professional tayyorligini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladi.
(52-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
53. Ushbu Nizomga muvofiq undiriladigan yig‘imlar ishchi organning maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘tkazilgan mablag‘lardan ishchi organning ta’minoti va uni moddiy-texnik jihatdan rivojlantirish, malaka imtihonlarini o‘tkazish, shu jumladan mehnatga haq to‘lash va xizmat safari xarajatlari, malaka sertifikatlarini hamda ish o‘rinlarini attestatsiyadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha davlat ekspertizasi xulosalari blankalarini tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shuningdek xalqaro xizmat safarlarini, ish bilan ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy, metodologik, amaliy va boshqa ishlanmalarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
(53-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
54. Malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini to‘xtatish va uni bekor qilish masalalari bo‘yicha qarorlar yuzasidan manfaatdor shaxslar tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat bildirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis malaka sertifikati berish to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA