5. Davlat soliq xizmati organlarining boshqa organlar bilan hamkorlikda soliq nazoratini amalga oshirilishi Davlat soliq xizmati organlari o’z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni davlatning boshqa boshqaruv organlari, davlat hokimiyati mahalliy organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, huquqni muhofaza qiluvchi, statistika va moliya organlari, banklar va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda bajaradilar. Mazkur organlar va tashkilotlar soliq haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va soliqlar bo’yicha huquqbuzarliklarga qarshi kurashda davlat soliq xizmati organlariga ko’maklashishlari shart. Davlat soliq xizmati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, moliya organlari, banklar o’zaro kelishib belgilangan tartibda soliqlar bo’yicha huquqbuzarliklarga oid mavjud materiallar va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan ko’rilgan chora-tadbirlar, o’tkazilayotgan tekshiruvlar to’g’risida bir-birlarini xabardor qiladilar, shuningdek zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida boshqa axborotlarni almashib turadilar. O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi o’z vakolatlari doirasida soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Soliq to’lovchilarning hisobga olinishini va soliq haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash maqsadida banklar: 1) xo’jalik yurituvchi sub’ektlar davlat soliq xizmati organlarida ro’yxatga olinganliklarini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgan taqdirdagina ular uchun hisob-kitob va boshqa hisobvaraqlar ochishlari mumkin va bu hisobvaraqlar ochilganligi haqida ular ochilgan kunning ertasidan kechiktirmay mazkur organga xabar beradilar; 2) xo’jalik yurituvchi sub’ektlar byudjet oldidagi o’z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bunday sub’ektlarning hisob-kitob raqamlari va boshqa hisobvaraqlarini sudning qaroriga binoan yopadilar; 3) davlat soliq xizmati organlarining soliq to’lovchi mijozlardan belgilangan muddatda to’lanmagan soliqlar va jarimalarni so’zsiz undirish to’g’risidagi farmoyishlarini (inkasso topshiriqlarini) mehnatga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, alimentlar undirish haqidagi, mualliflik shartnomalari bo’yicha haq to’lashga doir, shuningdek hayot va sog’liqqa yetkazilgan zararning o’rnini qoplash haqidagi talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul mablag’lari o’tkazilishi yoki berilishini nazarda tutadigan ijro hujjatlari bo’yicha mutanosib ravishda bajaradilar; 4) soliq to’lovchi mijozning mablag’lari bo’lsa, uning hisob-kitob yoki boshqa hisobvarag’idan mablag’larni hisobdan chiqarish operatsiyasi amalga oshirilgan kuni soliqlar va jarima summalarini byudjet daromadiga o’tkazadilar; 5) soliq to’lovchi - mijozlarning hisob-kitob yoki boshqa hisobvaraqlaridan pul mablag’lari berish, o’tkazish yoki ularni hisobdan chiqarishga doir operatsiyalarni davlat soliq xizmati organlarining yozma talabi bo’yicha to’xtatib qo’yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |