Mavzu 2: Soliq to’lovchilar tomonidan soliq qonunchiligiga rioya qilinish nazoratining huquqiy asoslari.
Reja:
1. O’zbekiston Respublikasida soliq tizimining qonun xujjatlari va ularning mohiyati.
2. O’zbekiston Respublikasida joriy etilgan soliqlar va yigimlar.
3. Soliq to’lovchilarning xuquqlari va majburiyatlari.
4. Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalari, xuquqlari va majburiyatlari.
5. Davlat soliq xizmati organlarining boshqa organlar bilan hamkorlikda soliq nazoratini amalga oshirilishi.
1. O’zbekiston Respublikasida soliq tizimining qonun xujjatlari va ularning mohiyati.
O’zbekiston Respublikasi soliq to’g’risidagi qonun xujjatlari O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksidan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar Soliq Kodeksi bilan belgilanadi, o’zgartiriladi yoki bekor qilinadi. Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar Soliq kodeksi qoidalariga muvofiq bo’lishi kerak. Normativ-huquqiy hujjatlar Soliq kodeksining qoidalariga muvofiq bo’lmagan taqdirda, Soliq kodeksi qoidalari qo’llaniladi. Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjat quyidagi hollarda Soliq kodeksiga muvofiq emas deb topiladi, agar hujjat: 1) Soliq kodeksiga muvofiq bunday hujjatni qabul qilish huquqiga ega bo’lmagan organ tomonidan qabul qilingan bo’lsa yoki normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan bo’lsa; 2) soliq munosabatlari sub’ektlarining huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa, soliq munosabatlari sub’ektlarining Soliq kodeksida belgilangan majburiyatlarining mazmunini, ular harakatlarining asoslari, shartlari, ketma-ketligi yoki tartibini o’zgartirsa; 3) Soliq kodeksida bilan taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yo’l qo’ysa; 4) Soliq kodeksida belgilangan tushunchalar mazmunini o’zgartirgan yoki bu tushunchalar Soliq kodeksida qo’llanilganidan boshqacha ma’noda qo’llanilgan bo’lsa. Soliq kodeksiga muvofiq bo’lmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari mazkur hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur o’zgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar Soliq kodeksiga muvofiq bo’lmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur o’zgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, bu hujjat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasida soliq tizimini tartibga soluvchi yagona xujjat bu O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksidir. O’zbekiston Respublikasining yangi Soliq kodeksi 2007 yil 23 noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 2007 yil 30 noyabrda Senat tomonidan ma’qullangan hamda 2007 yil 25 dekabrda O’zbekiston Respublikasining «O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksini tasdiqlash to’g’risida»gi №136-sonli qonuni bilan qabul qilingan va ushbu qonunga ko’ra O’zbekiston Respublikasining yangi Soliq kodeksi 2009 yil 1 yanvardan kuchga kirgan. O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish hamda O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg’armalariga to’lash bilan bog’liq munosabatlarni, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog’liq munosabatlarni tartibga soladi. O’zbekiston Respublikasining “Me’yoriy-huquqiy xujjatlar to’g’risida”gi qonuniga asosan amalda bo’lgan me’yoriy –huquqiy xujjatlar ketma–ketligi quyidagilardan iborat: