Birinchidan, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizmlari va usullarini joriy etish maqsadida 2017 yilning
II choragidayoq“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Ikkinchidan, 2017 yilning I choragida barcha huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalarini tashkil etish nazarda tutilgan. Xozirda ularning aksariyati virtual qabulxonalar tashkil etib, allaqachon o‘z faoliyatini boshlab yuborgan.
Uchinchidan,har bir davlat va xo‘jalik boshqaruvi organida hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha alohida bo‘lim (bo‘linma, guruh) tashkil etish va davlat organlari va muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutadigan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
To‘rtinchidan, murojaatlarning kelib tushish manzili, quyi tizimlarga yuborilganligi, ularning mazmuni, turi va ko‘tarilgan masalalar klassifikatsiyasi hamda takroriy va anonim murojaatlar hisobi, ko‘rib chiqish natijasi, belgilangan tartib va muddatlarga rioya qilinishi, intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalalari bo‘yicha tahlillar olib borish maqsadida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari mas’ul ijrochilar va sohalar bo‘yicha taqsimlanishi hamda tizimlashtirilishini nazarda tutuvchi murojaatlarning yagona klassifikatori”ni ishlab chiqish va tasdiqlash, murojaatlarni ro‘yxatga olish tizimi bo‘yicha yagona elektron dasturni tadbiq etish ko‘zda tutilgan.
Beshinchidan, aholiga huquqiy masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borishni faollashtirish, huquqiy maslahatlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida keng targ‘ib qilish maqsadida davlat organlari va jamoat tashkilotlari veb-saytlari orqali o‘z soha faoliyatining yo‘nalishlari bo‘yicha “Onlayn maslahat” ruknini tashkil etish belgilangan.
Oltinchidan, fuqarolarning murojaatlari eng ko‘p tushadigan sohalar, ulardagi to‘siqlar, fuqarolarni o‘ylantiradigan boshqa ehtiyojlarni aniqlash va bu boradagi muammolarni bartaraf etish maqsadida har bir davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida murojaatlar bilan ishlash ahvolini har chorakda umumlashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyati bo‘yicha aholining fikrini o‘rganish bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazish, shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali aniqlash va kamchiliklarni bartaraf etish tartibini kiritish nazarda tutilgan.
YUqoridagi chora-tadbirlar fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik, rasmiyatchilik va befarq munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, buzilgan huquqlarni tiklashning barcha zarur choralarini ko‘rish uchun zarur tashkiliy va huquqiy asoslarning yaratilishi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari kafolatlarini kuchaytiradi, aholining adolat qaror topishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, amaldagi qonunchilikka hurmati oshishiga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |