1.4 Qurilish sohasida tanlov savdolari
Respublikamizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari kabi kapital qurilish tarmogʻida ham amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, tarkibiy oʻzgartirish va modernizatsiyalash jarayonlari amalga oshirilayotgan hozirgi kunda sohada oʻz yechimini kutayotgan ustuvor vazifalardan biri kapital qurilish sohasida pudrat ishlarini va tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridini amalga oshiruvchi munosib nomzodlarni tanlash va ular bilan bozor qonuniyatlariga asoslangan, iqtisodiy boshqaruv motivatsiyasiga ega boʻlgan mexanizmni shakllantirish vazifasi turadi.
Aynan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 6 maydagi "Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida"gi PF-3240-son Farmoni bajarilishiga qaratilgan hamda kapital qurilish sohasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridining yagona tizimini yaratish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish mexanizmini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 3 iyuldagi 302-sonli “Kapital qurilishda tanlov savdolari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur Qarorga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlandi.
Qarorda qurilish sohasida erkin bozor munosabatlari va qonuniyatlarining amal qilishini ta’minlash maqsadida quyidagilar belgilab qoʻyildi:
markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan kapital qurilish bilan bogʻliq tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridi faqat tanlov savdolari natijalari boʻyicha amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
kapital qurilish bilan bogʻliq tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilishda tanlov savdolari majburiy oʻtkazilishi uchun buyurtmachilar, tanlov savdolarini oʻtkazishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi uchun esa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tanlov savdolari tashkilotchilari javob beradilar;
-sifatli bajarilgan ishlar va xizmatlarni oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirish yuzasidan shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun shartnoma shartlariga muvofiq buyurtmachi moddiy javob beradi, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan sabablar natijasida soliq organlari tomonidan hisoblangan, ularga toʻlangan jarimalar va penyani pudratchiga toʻliq toʻlab beradi;
tanlov savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan shartlarning oʻzgarishi, buyurtmachi bilan pudratchi oʻrtasida kelishuv mavjudligidan qat’i nazar, faqat ular belgilangan tartibda tanlov komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgandan va tasdiqlangandan keyin qabul qilingan deb hisoblanadi;
qurilishning amaldagi qiymatini tanlov savdolari natijalari boʻyicha shartnomada belgilangan shartnomaviy narxga nisbatan kamaytirish natijasida tejalgan mablagʻlar pudrat tashkilotining tasarrufida qoladi.
Tanlov savdosi tashkiliy bosqichlarining umumiy koʻrinishi 5.1-jadvalda keltirilgan.
huningdek, Qarorda xorijiy pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan va erkin muomaladagi valyutada haq toʻlanadigan xorijiy kreditlar va grantlar hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda, agar xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar bilan tuzilgan kredit shartnomalarida oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, tanlov hujjatlariga ishlar (xizmatlar) qiymatining kamida 50 foizi miqdorida ishlar (xizmatlar)ni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi sub’ektlari - rezidentlari ishtirok etishi shartlari kiritilishi belgilab qoʻyilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |