bosh maqsadi.
Iqtisodiy o‘sish deganda, kishilarning talab – ehtiyojini qondirish uchun zarur bo‘lgan moddiy mahsulot va xizmatlarni, ya’ni barcha noz – ne’matlarni ishlab chiqarishning ko‘payib borishi tushuniladi. Iqtisodiy o‘sish nafaqat iste’mol buyumlari, balki ishlab chiqarish vositalari, ya’ni resurslarni ham ko‘plab ishlab chiqarishini anglatadi, chunki o‘sish jamiyat a’zolarining joriy iste’molini qondirish bilan cheklanmay, kelajakda ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali bo‘lg‘usi iste’molni qondirishni ham mo‘ljallaydi. Ishlab chiqarish faoliyati jamiyat hayotining birlamchi asosi bo‘lganligi uchun iqtisodiy o‘sish ijtimoiy taraqqiyot uchun moddiy zamin yaratib beradi. Jamiyatdagi chuqur va sifatli o‘zgarishlar iqtisodiy o‘sish sur’atlariga qarab yuz beradi. Hozirgi bosqichda jamiyat hayotidagi shiddatli o‘zgarishlar barqaror o‘sish natijasidir. Iqtisodiy o‘sish jamiyatdagi ishlab chiqarish hajmini yoki aholi jon boshiga yaratilgan mahsulotlar va xizmatlar hajmini ortib borishi bilan o‘lchanadi. Uni albatta real yalpi milliy mahsulot yoki real milliy daromadning ko‘payishi ifoda etadi.
Iqtisodiy o‘sish to‘liq bandlilik sharoitiga mos keluvchi potensial ishlab chiqarish darajasini uzoq muddatli ko‘payishi tendensiyasini anglatadi. Iqtisodiy o‘sish jami taklifning o‘sishini yoki boshqacha aytganimizda, haqiqiy va potensial YaIM hajmining oshishini bildiradi. Iqtisodiy o‘sish muammosini o‘rganish natijasida real ishlab chiqarish tizimi duch keluvchi - cheklangan resurslardan samarali foydalanish muammosiga yechim topiladi.
Demak, iqtisodiy o‘sish omillari va ular samaradorligini o‘rganish hamda tahlil qilish jamiyat oldidagi eng dolzarb muammolardan biridir.
Iqtisodiy o‘sish nafaqat mamlakat real daromadlarining o‘sishi, shuningdek, jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlarning o‘sishini ham anglatadi.
Iqtisodiy o‘sish nazariyasi va modellarida YaIM o‘rniga SIM, YaMD, SMD ko‘rsatkichlaridan ham foydalanilishi mumkin. Iqtisodiy nazariyada iqtisodiy o‘sish daromadlarni qanday nisbatlarda iste’mol va investitsiyalarga bo‘linishiga bog‘liq deb qaraladi. Iqtisodiy o‘sish real kattaliklarda, qiyosiy baholarda o‘lchanadi.
Iste’mol hajmi dinamikasi iqtisodiyotning provard maqsadini va yashash darajasi oshishini bildirsa, investitsiyalar hajmining o‘zgarishi resurs imkoniyatlarining o‘sishi va texnik yangiliklarning moddiylashishini anglatadi. Iste’mol va investitsiya o‘rtasida yetarlicha muqobillik mavjud, chunki, joriy iste’mol miqdorining oshishi investitsiyalarning daromaddagi ulushini pasaytirish iqtisodiy o‘sish imkoniyatlarini qisqartiradi.
Xususan, bugungi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hamon davom etayotgan bir paytda, O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sish manbalari va shart-sharoitlari sifatida quyidagilarni keltirib o‘tish joizdir: tabiiy resurslar; jamg‘arilgan jismoniy kapital; ishlab chiqarish va ilmiy-texnik salohiyat; inson kapitalining rivojlanish darajasi; tashqi iqtisodiy aloqalarning o‘sish darajasi (jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi darajasi) va boshqalar.
Barqaror iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish salohiyati, zamonaviy xizmatlar turlari va qulay infratuzilmani, shuningdek qishloq xo‘jaligini optimal darajada o‘sishi hisoblanib, ularni mutanosib rivojlantirish pirovardida yashash sifatini doimiy oshirib borishga qaratilgan bo‘ladi.
Har bir mamlakat iqtisodiy o‘sishga intiladi, chunki iqtisodiy o‘sish, birinchidan, milliy mahsulot hajmi va daromadning ko‘payishiga, ikkinchidan, resurslardan samarali foydalanishga, uchinchidan, yangi-yangi ehtiyojlar va imkoniyatlarning paydo bo‘lishiga, to‘rtinchidan, xalqaro bozorlarda mamlakat obro‘sining oshishiga olib keladi.
Makroiqtisodiy barqarorlashtirish siyosati va uning turlari
Bozor iqtisodiyoti insoniyat jamiyati farovonligi yo‘lida doimo rivojlanib borar ekan, ijtimoiy ishlab chiqarish hajmlari o‘sib, iste’molga to‘g‘ri keladigan mahsulotlar hajmi ham oshib boraveradi. Bu jamiyatdagi o‘zgarib boruvchi iqtisodiy proporsiyalarning doimo bir-biriga mutanosibligini ta’minlagap holda rivojlanishi uchun davlat o‘zining doimo o‘zgarib, takomillashib, rivojlanib boruvchi makroiqtisodiy siyosatini olib borishini taqozo etadi.
Hozirgi kunda jahon miqyosida bozor iqtisodiyotiga asosangan davlatlar sonining ko‘payib borishi jamiyatda makroqtisodiy barqarorlikni vujudga kelish nazariyasining rivojlanib borishi uning umumjahon miqyosida dolzarbligini yanada oshirmoqda.
Har qanday mamlakat iqtisodiyotining samarali faoliyat ko‘rsatishi va makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishida davlat, uning institutlari va tarkibiy tuzilmalari muhim rol o‘ynaydi. Bunda, bir tomondan, bozor va ikkinchi tomondan, davlatning tartibga solish mexanizmlari o‘rtasidagi nisbat hal qiluvchi ahamiyatga egadir. XX asr davomida jahon iqtisodiyoti rivojlanishining turli bosqichlarida bozor va davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarida navbatma-navbat kuchayishlar va pasayishlar kuzatildi. Shunga mos ravishda, ayrim davrlarda iqtisodiy nazariya va siyosatda davlatning rolini kuchaytirish konsepsiyasi ustunlik qilib kelgan bo‘lsa (o‘tgan asrning 40-yillaridan to 70-yillargacha iqtisodiy nazariyada hukmronlik qilib kelgan keynscha ta’limot), keyingi davrlarda iqtisodiy rivojlanishda bozor tomonidan tartibga solish mexanizmining cheklanmagan imkoniyatlari konsepsiyasi (XX asrning 80-90-yillarida katta mavqega ega bo‘lgan monetarizm, neoliberalizm va boshqa iqtisodiy nazariyalar) hukmronlik qildi.
Iqtisodiyotni bozor munosabatlariga yoki ma’muriy-buyruqbozlikka asoslanishidan qat’iy nazar uni davlat tomonidan tartibga solish makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning muhim sharti sifatida har qanday hukumat uchun ob’ektiv zaruriyatdir.
Makroiqtisodiy siyosatning aniq yo‘nalishlari, shakllari va ko‘lamlari mamlakatning ma’lum davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bilan belgilanadi.
Jahon tajribasida barqarorlashtirish siyosatini amalga oshirishda bir necha xil yondoshuvlar tarkib topgan.
Bulardan birinchisi monetar yondoshuv deb ataladi. U pulning qadrsizlanish darajasini pasaytirib turishga, pul massasini hamda to‘lovga qodir bo‘lgan jami talabni keskin kamaytirish hisobiga pul muomalasini barqarorlashtirishga asoslanadi. Bu yondoshuvning kamchiligi shuki, u ishlab chiqarishning jismoniy hajmi kamayishiga va investitsiya faoliyatining to‘xtab qolishiga olib keladi.
Ikkinchisi – ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga, tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirishga yordamlashish, iqtisodiyotda nomutanosibliklarga barham berishga asoslangan yondoshuv. Bunda bir me’yordagi qattiq moliyaviy va pul-kredit siyosati tovar bilan qoplashning iloji bo‘lmagan ortiqcha talablarni cheklash bo‘yicha tadbirlar bilan uzviy bog‘lab olib boriladi.
Respublikada o‘tish davrida makroiqtisodiy barqarorlikka erishishda ikkinchi yondoshuvga ustunlik beriladi. Bu ishlab chiqarishning ilg‘or tuzilmasiga erishish uchun ustunlikka, istiqbolga ega bo‘lgan tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni har tomonlama rag‘batlantirish, eng muhim bo‘g‘inlarni aniqlash (neft, energetika, don, paxtani qayta ishlash sanoati va h.k.) va shu orqali iqtisodiyotni tarkiban qayta tashkil qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan yondoshuvdir. Boshqalardan ustun hisoblangan yetakchi tarmoqlar belgilab olinishi bilan birga, ularning ichki tuzilishini qayta o‘zgartirish ham hisobga olindi.
Uchinchisi – institutsional islohotlarni amalga oshirishga, iqtisodiyotni erkinlashtirishga va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga yo‘naltirilgan usul. Bu usulga makroiqtisodiy barqarorlikka erishilgandan so‘ng o‘tiladi, ya’ni barqarorlikni mustahkamlash maqsadida foydalaniladi. Uchinchi usul yangi usul bo‘lib, XX asr oxirlarida alohida yondashuga aylandi.
Jahon iqtisodiy amaliyotidan ma’lumki, ishlab chiqarishning pasayishini to‘xtatish, inflyasiya darajasini jilovlash va uni keskin pasaytirish, hamda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdek mas’uliyatli maqsadga qisqa vaqtda erishib bo‘lmaydi. Ushbu maqsadga bir necha yillar davomida kator islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish orqaligina erishilardi. Shuningdek, makroiqtisodiy barqarorlikka erishish uchun har doim ham qisman amalga oshiriladigan islohotlar yoki alohida olingan pul-kredit va fiskal siyosatning ta’siri etarli deb bo‘lmaydi albatta. Buning uchun hukumat tomonidan aniq maqsadga yo‘naltirilgan qator tuzilmaviy va iqtisodiy islohotlarni qamrab oluvchi makroiqtisodiy barqarorlashtirish dasturi majmuasi ishlab chiqilishi hamda uni muvaffaqiyatli amalga oshirilishi zarur.
Shuning uchun makroiqtisodiy barqarorlashtirish dasturi, o‘z navbatida, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etardi: institutsional islohotlar;
narxlarni erkinlashtirish; xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni isloh qilish; moliya tizimini isloh qilish; joriy operatsiyalar bo‘yicha milliy valyutaning konvertatsiyasini ta’minlash; zamonaviy to‘lov tizimini yaratish; qimmatli qog‘ozlar bozorini yaratish; iqtisodiy siyosatning va moliya tizimining ochiqligini ta’minlash; mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish; iqtisodiyot real sohasini tubdan o‘zgartirish; bozor infratuzilmasini to‘liq shakllantirish va boshqalar.
Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyotni erkinlashtirish va rivojlantirish jarayonlari tezlashdi hamda bozor mexanizmi to‘liq ishlaydigan iqtisodiyotga asos solindi.
Makroiqtisodiy barqarorlashtirish siyosatini amalga oshirishda xukumat Markaziy bankning va Moliya vazirligining faoliyatini mamlakatda amalga oshirilayotgan tuzilmaviy va iqtisodiy islohotlarning maqsadlariga mos holda muvofiqlashtirdi.
Barqarorlashtirish dasturini ishlab chiqishda, muvozanatga keltirilgan monetar siyosatni asosiy tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni tarkiban qayta tashkil qilishni qo‘llab-quvvatlash siyosati bilan birga qo‘shib olib borish zarurligi inobatga olindi.
Makroiqtisodiy siyosatning eng asosiy vazifasi aholi turmush darajasini yaxshilash va uning daromadlari ko‘payishini ta’minlash maqsadida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning eng maqbul strategiyasini tanlash va amalga oshirishdan iborat. Shunday ekan, makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirishda makroiqtisodiy barqarorlikning eng yuqori darajasiga erishishning samarali yo‘llarini to‘g‘ri tanlash va uni amalda qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi.
5. Makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda monetar siyosat instrumentlaridan foydalanish amaliyotini takomillashtirish masalalari
Monetar siyosat makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Avvalo, makroiqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, iqtisodiyotni retsessiya holatidan chiqarish maqsadida Markaziy bank ekspansionistik monetar siyosatni qo‘llaydi.
Ekspansionistik monetar siyosat mamlakat bank tizimining likvidliligini oshirish, ichki to‘lovga qobil talabni rag‘batlantirish va shuning asosida iqtisodiyotni turg‘unlik holatidan chiqarish imkonini beradi.
Respublikamiz Markaziy banki pul-kredit siyosatining instrumentlaridan foydalanish amaliyotiga xos bo‘lgan asosiy kamchiliklar quyidagilardan iborat:
Markaziy bank diskont siyosatining mavjud emasligi.
Markaziy bank diskont siyosatining mavjud emasligi uning qayta moliyalashtirish siyosatining samaradorlik darajasi past ekanligidan dalolat beradi. Milliy iqtisodiyot rivojlanishining hozirgi bosqichida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash dolzarb masala hisoblanadi. Ayniqsa, mamlakat yalpi ichki mahsulotining sezilarli qismini berayotgan va aholining asosiy qismi band bo‘lgan qishloq xo‘jaligini moliyaviy jihatdan qo‘llab- quvvatlash hukumat iqtisodiy siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib turibdi. Mana shunday sharoitda diskont siyosati qishloq xo‘jalik korxonalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning samarali vositasi bo‘lishi mumkin edi.
Bundan tashqari, diskont siyosati respublikamiz tijorat banklariga likvidlilikni oshirish imkonini berar edi. Chunki Markaziy bank moliyaviy yil davomida diskont stavkasini o‘zgartirmaydi. Bu esa tijorat banklariga, foiz stavkalarining bozor darajasini o‘zgarishidan qat’iy nazar, belgilangan foiz stavkasida kredit olish imkonini beradi. Bundan tashqari, moliyaviy jihatdan qiynalib qolgan tijorat banklariga boshqa tijorat banklari, odatda, kredit bermaydi. Markaziy bank esa trattalarni qayta hisobga olish yo‘li bilan moliyaviy nochor banklarga ham kredit olish imkonini beradi.
Respublika Markaziy banki lombard operatsiyalarining rivojlanmaganligi.
Markaziy bank, odatda, lombard operatsiyalari orqali yuqori rentabelli loyihalarni kreditlayotgan tijorat banklariga kreditlar beradi. Ikkinchi tomondan esa, lombard kreditlari Markaziy bank daromadlarini oshirish imkonini beradi. Chunki, lombard stavkalari odatda diskont stavkalariga nisbatan sezilarli darajada yuqoridir.
v) Markaziy bank kreditlaridan tijorat banklari faoliyatida doimiy moliyalashtirish manbai sifatida foydalanish amaliyotining yuzaga kelganligi.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, Markaziy bankdan olingan kreditlar respublikamizning yirik tijorat banklarining resurslari tarkibida asosiy o‘rinni egallaydi. Holbuki, mo‘’tadil bozor iqtisodiyoti sharoitida Markaziy bank kreditlarining asosiy qismi tijorat banklariga vaqtinchalik likvidli mablag‘larning yetishmasligini qoplash maqsadiga beriladi.
g) Markaziy bankning ochiq bozor siyosatini takomillashmaganligi.
Tahlil natijalari ko‘rsatishicha, tijorat banklarining balansida qimmatli qog‘ozlar miqdorining kichik ekanligi, hukumatning qisqa muddatli obligatsiyalari emissiyasining cheklanganligi va, umuman, milliy iqtisodiyotda yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarning yetishmasligi Markaziy bankning ochiq bozor operatsiyalarini rivojlantirish imkonini bermaydi.
Markaziy bankning valyuta siyosatidagi kamchiliklarning mavjudligi.
Milliy valyutaning birja kursi bilan naqd valyutalar savdosi bo‘yicha belgilangan tijorat kursi o‘rtasida sezilarli farqning mavjudligi, milliy spot kursining likvidlilik darajasining nisbatan pastligi, tijorat banklarining valyuta zahiralarini diversifikatsiya darajasining past ekanligi, rasmiy oltin-valyuta zahiralarining sezilarli qismining Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining balansida ekanligi Markaziy bankning valyuta siyosatini takomillashtirish yo‘lidagi asosiy muammolar hisoblanadi.
Respublikamizda bitim valyutasi sifatida yetakchi xorijiy valyutalar - AQSh dollari, yevro, Yaponiya ieni va Buyuk Britaniyaning funt sterlingidan foydalanilmoqda. So‘m baholovchi valyuta bo‘lmaganligi sababli, biz, baholovchi valyuta sifatida ikkinchi bir xorijiy valyutadan foydalanamiz. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston tijorat banklarini, Markaziy bankini hamda korxonalarini “spot” operatsiyalari ko‘lamini jiddiy tarzda jilovlab turadi.
Spot operatsiyalarini amalga oshirish natijasida O‘zbekiston tijorat banklarining oladigan foydasi va ko‘radigan zararlarining real darajasini aks ettirish imkonining mavjud emasligi tijorat banklarini spot operatsiyalari ko‘lamiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Markaziy bank depozit siyosatining takomillashmaganligi.
Respublikamiz Markaziy banki depozit siyosatidan pul-kredit siyosatining instrumenti sifatida foydalanish amaliyoti takomillashmagan. Bu holat, avvalo,
Davlat budjeti kassa ijrosining asosiy qismini tijorat banklari tomonidan bajarilishida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi majburiy zahira siyosatining so‘mning almashuv kursiga nisbatan salbiy ta’sirining ikki jihati mavjud:
Majburiy zahira stavkalarini so‘mdagi depozitlarning har bir turi bo‘yicha (transaksion depozitlar, jamg‘arma depozitlari, muddatli depozitlar), ularning summasi va muddatiga bog‘liq ravishda tabaqalashtirilmaganligi natijasida transaksion depozitlarning so‘mning almashuv kursiga nisbatan salbiy ta’siri yuzaga kelmoqda. Muddatli depozitlarga nisbatan past darajadagi zahira stavkalarining qo‘llanilmasligi tijorat banklariga mazkur depozitlarga to‘lanadigan foiz stavkalarini oshirish imkonini bermaydi. Natijada, joriy depozit hisobraqamlaridagi mablag‘larning miqdori yirikligicha qolaveradi. Bu esa, xorijiy valyutalarga nisbatan yuqori darajadagi talabni yuzaga keltiradi.
Transaksion depozitlarning tijorat banklari depozitlarining umumiy hajmidagi salmog‘ining yuqori darajada saqlanib qolishi mamlakatdagi iqtisodiy faollikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning sababi shundaki, transaksion depozitlarning salmog‘ini yuqori ekanligi banklarning depozit bazasining zaif ekanligidan dalolat beradi. Bu esa, o‘z navbatida, tijorat banklarining kreditlash imkoniyatini pasaytiradi. Chunki tijorat banklarida depozitlar bank passivlarining asosiy qismini tashkil etadi.
Tijorat banklarining xorijiy valyutadagi depozitlariga nisbatan majburiy zahira talabnomalarining joriy etilganligi ularning xorijiy valyutadagi mablag‘larni muddatli va jamg‘arma depozit hisobraqamlariga jalb etish imkoniyatini yanada pasaytiradi. “Yanada” deyishimizning sababi shundaki, hozirgi davrda respublikamiz tijorat banklari tomonidan jalb etilgan xorijiy valyutadagi muddatli depozitlarning asosiy qismi xorijiy banklarga depozit sifatida joylashtirilmoqda. Xorijiy banklar esa, bu depozitlarga bozor stavkalari (LIBOR, FIBOR)da foiz to‘laydi. Depozlarning bozor stavkalari esa sezilarli darajada past bo‘lib, O‘zbekiston ichki bozorida xorijiy valyutalardagi depozitlarga bo‘lgan talabni ifoda etmaydi. 2012-yilning 1-yanvar holatiga, respublikamiz tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutalardagi depozit hisobraqamlariga jalb etilgan mablag‘larning 90 foizdan ortiq qismi xorijiy banklarga LIBOR bo‘yicha joylashtirildi. Demak, respublikamiz tijorat banklarining xorijiy valyutalardagi valyutalardagi depozitlarga foiz to‘lash imkoniyati xalqaro ssuda kapitallari bozori stavkalarining darajasi bilan chegaralangan.
Ayni vaqtda, xalqaro zahiralar hajmida AQSh dollarida shakllantirilgan zahiralarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. Fikrimizcha, buning asosiy sabablari sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin: birinchidan, AQSh dollarining boshqa yetakchi valyutalarga nisbatan nominal almashuv kursining tebranish diapazoni katta emas; ikkinchidan, AQSh dollarida emissiya qilingan AQSh hukumatining va Federal fondlarining qimmatli qog‘ozlari yuqori likvidli va ishonchli investitsiyalash ob’ektlari hisoblanadi; uchinchidan, hozirga qadar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, shu jumladan, MDH davlatlarida valyuta interventsiyasi vositasi bo‘lib AQSh dollari hisoblanadi; to‘rtinchidan, ko‘plab mamlakatlar hukumatlari tashqi qarzining asosiy qismi AQSh dollarida shakllangan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining kafolati asosida mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilgan xalqaro kreditlarning umumiy hajmida AQSh dollarida jalb etilgan kreditlarning salmog‘i 70 foizdan yuqoridir22. Shunisi xarakterliki, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida xorijiy valyutadagi zahiralarning tarkibini tashqi qarzning tarkibiga mos ravishda shakllantirish tendentsiyasi kuzatilmoqda. Chunonchi, Braziliyada xalqaro zahiralar uchta valyutada – AQSh dollari, yevro va Yaponiya ienida shakllantirilgan. Chunki mamlakatning tashqi qarzi mazkur uch valyutadagi qarzdan iborat. Janubiy Koreyada xalqaro zahiralarning investitsion tarkibi tashqi qarzning valyutaviy tarkibiga va joriy valyuta operatsiyalari bo‘yicha to‘lovlarni qaysi valyutalarda amalga oshirilayotganligiga mos ravishda shakllantirilmoqda. Chexiyada esa rasmiy valyuta zahiralari AQSh dollari va yevroda shakllantirilgan. Uni shakllantirishda e’tiborga olinadigan asosiy omillardan biri tashqi qarzning valyutaviy tarkibi hisoblanadi.
Xulosa
Makroiqtisodiy barqarorlik, ya’ni iqtisodiyotning barcha sohalarini resurslar bilan ta’minlash, Monetar siyosat makroiqtisodiy barqarorlikni to‘la bandlik va narxlarning barqaror darajasiga erishishda yordam berish hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish davlatning eng muhim vazifasi hisoblanadi. Iqtisodiyotni barqarorlashtirish – tanglik holatlariga barham berish asosida makroiqtisodiy muvozanatni saqlash va ishlab chiqarishni yuksaltirish uchun shart-sharoitlarni vujudga keltirishdir. Makroiqtisodiy barqarorlashtirish chora- tadbirlari tizimiga pul emissiyasini cheklash, davlat budjeti taqchilligini qisqartirish, ijobiy foiz stavkasini ta’minlash va boshqalar kiradi.
Inflatsiya ma’lum davr mobaynida mamlakatda baholar o‘rtacha (umumiy) darajasining barqaror o‘sishi va pulning xarid qobiliyatini uzoq muddatli pasayishini anglatadi. Inflatsiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’siri normal iqtisodiy munosabatlarni izdan chiqarishida namoyon bo‘ladi.
Inflatsiya darajasi baho indekslari vositasida o‘lchanadi.
Kelib chiqish sabablariga kqra talab inflatsiyasi va taklif inflatsiyasi o‘zaro farqlanadi. Inflatsiyaning bu ikki turi ko‘pincha aralash holda yuzaga keladi. Kutilmagan inflatsiya daromadlarni debitorlar va kreditorlar, aholining turli qatlamlari hamda davlat va aholi o‘rtasida qayta taqsimlaydi.
Ishsizlik va inflatsiya sur’atlari o‘rtasidagi teskari bog‘liqlik Fillips egri chizig‘ida aks etadi.
Hukumat Fillips egri chizig‘iga asoslanib qisqa davr uchun ishsizlik va inflatsiya darajalarining istalgan kombinatsiyasini tanlashi mumkin.
Iqtisodiyotni barqarorlashtirish bozor munosabatlarini shakllantirish yo‘lidagi muqarrar jarayondir. U eng avvalo tanglik holatlariga barham berishga qaratiladi. Tanglik holati inqirozga uchrashning oldini olish uchun ishlab chiqarish, chiqarilayotgan tovar va xizmatlarning sifati va turini o‘zgartirish yuzasidan chora- tadbirlar ko‘rishga undaydi, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga, mahsulotning sifati va iste’mol xossalarini yaxshilashga, uning raqobatga bardoshligini oshirishga majbur qiladi. Bularning barchasi pirovard natijada bozorda talab va taklif o‘rtasida qulay muvozanatni ta’minlashga olib keladi. Kengroq ma’noda barqarorlashtirish – bu eng avvalo makroiqtisodiyotda muvozanatni saqlash, ishlab chiqarishning keskin pasayishiga va ommaviy ishsizlikka yo‘l qo‘ymaslikdir. Shuningdek, u pul qadrsizlanishining oldini olish, to‘lov balansini bir me’yorda saqlash sohasida aniq maqsadni ko‘zlab olib boriladigan davlat siyosatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |