2.2.2.Klassik iqtisodiy maktab vujudga kelishi va U.Petti, A.Smit iqtisodiy talimotlari
XV-XVII asr oralig`ida Yevropadagi asosiy mamlakatlar merkantilizm iqtisodiy nazaryasining tasirida edilar. XVII asrga kelib vaziyat bir muncha o`zgardi. Merkantilizm o'rniga klassik (lot. namunali, haqiqiy) iqtisodiy maktab vujudga keldi.
“Chunki avvalgi ta'limot sanoatlashayotgan sohibkorlar talablariga javob bermay qo'ydi («Klassik maktab» atamasi K.Marks tomonidan berilgan). Klassik maktab ishlab chiqarishning yangi usuli shakllanayotgan va mustahkamlanayotgan davrda vujudga keldi. Kapitalizm ayrim mamlakatlarda tarixiy shart-sharoitlarga mos ravishda feodal munosabatlarning saqlanganlik darajasiga qarab turlicha rivojlandi. Bu jarayonlar dastlab XVI asrda Angliyada ro'y bera boshladi. Feodalizm emirilib, uning zaminida kapitalistik, ya'ni bozor munosabatlar shakllana bordi. Uy hunarmandchiligi o'rniga manufakturaning kirib kelishi katta ijobiy voqea bo'ldi.
Xalq xo'jaligining yuksak rivoji ilmiy kashfiyotlarni taqozo etdi. Shu davrda Angliyada tabiiy fanlar, ayniqsa mexanika, astronomiya va fizika tez rivoj topdi. Bu davrning eng buyuk vakili Isaak Nyutondir (1643-1727yy.), Tomas Gobs (1588-1679yy.) ingliz faylasufi, mexanistik materializm sistemasining asoschisi sifatida katta ahamiyatga ega. Uning fikricha, jamiyat mexanizmga o'xshash narsa, uning oddiy elementi inson degan g'oya yotadi. «Inson insonga bo'ri» iborasi shu olimga tegishli, uningcha egoizm insonni harakatlantiruvchi kuchdir. Bu olimda tarixga zid fikrlar mavjud bo'lishiga qaramay, uning fikricha, ijtimoiy hayotda ham xuddi tabiatdagi kabi ob'ektiv qonuniyatlar mavjuddir. Ana shunday sharoitda klassik iqtisodiy maktab shakllandi va rivojlandi. Bu davrda merkantilizm ta'limoti talabga javob bermay qo'ydi va uning buzilishi ro'y berdi”29.
Merkantilistlardan farqli ravishda (ular iqtisodiyotning faqat muomala sohasinigina tahlil etganlar), klassik maktab namoyandalari feodalizm o'rniga kelgan nisbatan progressiv kapitalistik munosabatlarning ichki iqtisodiy aloqalarini o'rgandilar va o'z tadqiqotlarini asosan ishlab chiqarish sohasiga ko'chirdilar. Klassik iqtisodiy maktab deganda V.Pettidan boshlanadigan iqtisodiy tadqiqotlar tan olinadi, bu ta'limot ishlab chiqarishdagi bozor munosabatlarining ichki aloqadorligini o'rganadi va tahlil etadi. V.Petti klassik maktab otasi va statistikaning kashfiyotchisidir. Angliyada V.Petti, Fransiyada P.Buagilber shu maktabning boshlovchilari bo'lsa, Fransiyada shu maktabning bir yo'nalishi bo'lgan fiziokratlar vujudga keldi (F.Kene, A.Tyurgo) va u A.Smit, D.Rikardolar bilan yakunlanadi. Bu davr kapitalistik munosabatlar rivojiga yo'l ochib berdi. R.Xeylbroner va L.Turoularning fikricha («Ekonomika dlya vsex»), ishlab chiqarish omillari vujudga keldi: mehnat, er va kapital tovarga aylantirildi, bungacha ular tovar bo'lmagan. Hozirgi davr tili bilan aytganda, bozor tizimi, bozor jamiyati barpo etila boshlandi.
“Yangi ta'limotning klassik (mumtoz) deb atalishiga sabab avvalo shuki, hozirgi iqtisodiyotning asosida yotuvchi ko'pgina nazariya va metodologik qoidalarning haqiqiy ilmiy xarakteri bilan izohlanadi. Mana shu maktab namoyondalarining xizmatlari tufayli iqtisodiy nazariya ilmiy fan darajasiga ko'tarildi. Erkin xususiy tadbirkorlikning ahamiyati isbotlab berildi. P.Samuelson fikricha, yangi ta'limot to'la laisser faire (ya'ni tadbirkorlik faoliyatiga davlatning mutlaq aralashmasligi) sharoitiga o'tishga va voqealarning boshqacha rivojiga olib keladi va faqat XIX asrning oxirlarida deyarli barcha mamlakatlarda davlat iqtisodiy funksiyalarining doimiy kengayishi ro'y berdi. Bu ta'limot namoyondalari Angliyada V.Pettidan to D.Rikardogacha, Fransiyada P.Buagilberdan S.Sismondigacha (XIX asrning o'rtalarigacha) yangi jamiyatning haqiqiy ishlab chiqarish munosabatlarini tadqiq etdilar”30.
Umumiy bahoga ko'ra, klassik maktab XVII asr oxiri - XVIII asr boshlarida V.Petti (Angliya) va P.Buagilber (Fransiya) asarlarida yaratildi.
U XVII asrdagi Angliya burjuaziya inqiloblaridan keyin kuchaygan ingliz tadbirkorlar mafkurachisi sifatida tanildi. U tadbirkorlar mulkini, ya'ni xususiy mulkni «muqaddas» va «dahlsiz» deb bildi va uni turlicha yo'llar bilan himoya qildi. Ish haqini cheklash tarafdori sifatida ishchilarga fizik jihatdan minimum haq to'lash va shu bilan birga yangi sinfning boyishiga yordam berishni qo'lladi. U mehnatning kapital tomonidan ekspluatasiyasini yoqlab chiqdi.
Xuddi shuningdek, Angliyaning mustamlakachilik siyosatini ham qonuniy deb hisobladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |